date

Putin va Suriyaning muvaqqat rahbari Moskvada muhim muzokara o‘tkazdi

Putin va Suriyaning muvaqqat rahbari Moskvada muhim muzokara o‘tkazdi

Suriyadagi siyosiy o‘zgarishlar fonida mamlakatning muvaqqat prezidenti Ahmad ash-Shar’a ilk bor rasmiy ravishda Moskvaga tashrif buyurdi. Kreml’da uni Rossiya prezidenti Vladimir Putin shaxsan kutib oldi, deb xabar berdi TASS.

Uchrashuv ikki davlat o‘rtasidagi tarixiy hamkorlikka bag‘ishlandi. Putin so‘zlariga ko‘ra, Rossiya va Suriya o‘rtasidagi munosabatlar ko‘p yillik ishonch va xalqlar o‘rtasidagi chuqur rishtalarga asoslangan.

— Mamlakatlarimiz o‘rtasida alohida, do‘stona munosabatlar shakllangan. Rossiya har doim Suriya bilan munosabatlarda faqat sizning xalqingiz manfaatlaridan kelib chiqqan, — dedi Putin.

Kreml rahbari ta’kidlaganidek, ikki xalqni nafaqat siyosiy, balki insonparvarlik rishtalari bog‘lab turadi. — Yuzlab, balki minglab odamlar orasida nikoh va do‘stlik aloqalari mavjud. Bu munosabatlar tarixiy ildizlarga ega, — dedi u.

Putin Suriyadagi so‘nggi parlament saylovlarini ham muhokama qilib, bu jarayon mamlakatdagi siyosiy kuchlarni yaqinlashtirishga xizmat qilishini qayd etdi:
— Saylov natijalari jamiyatni birlashtirish va siyosiy barqarorlik sari muhim qadam, — dedi Rossiya rahbari.

Ahmad ash-Shar’a esa Rossiyani “yangi Suriyani tiklashda asosiy hamkor” deb atadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Moskva Suriyani qayta qurish va tinchlikni mustahkamlashda hal qiluvchi rol o‘ynaydi.

Reuters ma’lumotiga ko‘ra, Suriya prezidenti Moskvadagi muzokaralarda Rossiyada panoh topgan sobiq prezident Bashar Asadning taqdiri haqida ham so‘z ochgan. Manbalar ta’kidlashicha, Shar’a Asadni suriyaliklarga qarshi jinoyatlar uchun sudga topshirish masalasini ko‘targan. Shu bilan birga, u Tartusdagi Rossiya harbiy-dengiz bazasi va Xmeymim aviabazasi faoliyatini davom ettirish bo‘yicha ham muzokaralar o‘tkazmoqda.

Uchrashuv yopiq eshiklar ortida bo‘lib o‘tdi. Rossiya TIV vakili Mariya Zaxarova ta’kidlaganidek, muzokaralarda Rossiyaning Suriyadagi harbiy ishtiroki va harbiy obyektlarning kelgusi maqomi yuzasidan fikr almashilgan.

Ma’lumot uchun, uzoq yillar Suriyani boshqargan Bashar Asad rejimi 2024 yil 8 dekabr kuni qurollangan muxolifatning Damashqqa kirishi bilan qulagan edi. Asad va uning oilasi Rossiyaga qochgan, Moskva esa unga “insonparvarlik asosida” boshpana berganini e’lon qilgan.

Ahmad ash-Shar’a va Vladimir Putinning bu uchrashuvi Rossiya–Suriya munosabatlarining yangi bosqichini boshlab berishi kutilmoqda. Ekspertlar fikricha, Moskva Suriyaning yangi siyosiy tuzilishida ham hal qiluvchi o‘rinni saqlab qolishni maqsad qilgan.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Putin va Suriyaning muvaqqat rahbari Moskvada muhim muzokara o‘tkazdi