Dunyo siyosiy sahnasida yana shov-shuvli bayonot. AQSh prezidenti Donald Trampning so‘zlariga ko‘ra, BRICS tashkilotiga a’zo davlatlar Vashingtonning iqtisodiy tahdidlaridan so‘ng birlashmadan chiqishni boshlagan. Bu haqda u Oq uyda Argentina prezidenti Xaviyer Mileyning ishtirokida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ma’lum qildi.
Trampning aytishicha, u BRICS’ga qo‘shilishni rejalashtirayotgan davlatlarga aniq ogohlantirish bergan:
— Men ularga shunday dedim: “Xohlasangiz, BRICS’ga qo‘shiling, lekin shunda sizlarga boj joriy qilamiz.” Shundan keyin hamma chiqib keta boshladi. Ular BRICS dollaraga qarshi tashkilot ekanini bilardi. Men aytdim: “Agar bu o‘yinni o‘ynamoqchi bo‘lsangiz, men barcha mahsulotlaringizga boj qo‘yaman.” Ular esa javob berdi: “Yo‘q, biz BRICS’dan chiqamiz.” Endi ular bu haqda gap ham ochmayapti, — dedi Tramp.
Prezidentning bu bayonoti AQSh tashqi savdo siyosatidagi navbatdagi bosim usuli sifatida baholanmoqda. Uning fikricha, BRICS jahon iqtisodiyotida dollar mavqeini zaiflashtirishga intilayotgan platformaga aylangan.
Eslatib o‘tamiz, BRICS dastlab Braziliya, Rossiya, Hindiston, Xitoy va Janubiy Afrikadan iborat bo‘lgan. Keyinchalik Misr, BAA, Efiopiya va Eron ham qo‘shilgan. 2025 yildan boshlab esa Indoneziya a’zo bo‘lishi rejalashtirilgan.
Shu bilan birga, Belarus, Boliviya, Kuba, Qozog‘iston, Malayziya, Nigeriya, Tailand, Uganda, O‘zbekiston va Vetnam BRICS bilan sheriklik maqomida hamkorlik qilib kelmoqda.
Tramp iyul oyida BRICS’ni “Amerikaga qarshi siyosiy blok” deb atagan va bu tashkilotni qo‘llab-quvvatlovchi har qanday davlatga nisbatan 10 foizlik qo‘shimcha boj joriy etilishini bildirgan edi.
Shu paytgacha BRICS yoki uning a’zolari birlashmani tark etayotgani haqida rasmiy bayonot bermagan. Biroq siyosiy tahlilchilar Trampning bosimi jahon iqtisodiyotida yangi geosiyosiy qutblar o‘rtasidagi kurashni yanada kuchaytiradi, degan fikrda.
Shunday qilib, Trampning bayonoti BRICS atrofidagi siyosiy holatni yana bir bor qizdirdi — uning tahdidi haqiqatga aylanadimi, yo‘qmi, yaqin oylar ichida aniqlanadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!