Foto: Getty Images
Ekvadorning Litoral qamoqxonasida ro‘y bergan navbatdagi shafqatsiz to‘qnashuvlar oqibatida kamida 68 nafar mahbus halok bo‘lib, o‘nlab kishilar jarohatlangan. Sentabr oyi oxirida ham mahbuslar bilan to‘lib-toshgan ushbu qamoqxonada ikki raqobatchi guruh o‘rtasida qonli to‘qnashuvlar ro‘y berishi oqibatida 119 kishi qurbon bo‘lgandi.
Bu hodisalar mamlakatning yangi tarixida qamoqxonalardagi zo‘ravonliklar bilan bog‘liq eng og‘ir holatlar bo‘lmoqda. Yangi tartibsizliklar juma kuni boshlangan va hozirda hukumat yana bir bor bu to‘qnashuvlarga narkotik savdosi bilan shug‘ullanuvchi guruhlar o‘rtasida qamoqxonadagi ustunlik bo‘yicha raqobat sabab bo‘lganini aytmoqda.
Xabar qilinishicha, janubdagi Guayakil shahridagi qamoqxona hududiga kirgan politsiya bo‘linmalari o‘qotar qurollar, portlovchi moddalar va kesuvchi buyumlarga duch kelgan. Boshqa bir xabarlarga ko‘ra tartibsizliklarni butunlay to‘xtatishga erishilmagan.
Shanba kuni Litoral qamoqxonasi binosi atrofida mahbuslarning qarindoshlari bo‘lgan o‘nlab kishilar to‘plangan, ular juma kunidan buyon o‘z yaqinlari haqida hech qanday ma’lumot ololmagan.
«Ichkarida ro‘y berayotgan voqealar qattiq qoralanishi kerak. Odamlar bir-birini o‘ldirishmoqda, eng yomoni ularda hech qanday vijdon yo‘q. Mening ukam tirik, buni yuragimdan his qilib turibman», deya 58 yoshli Kristina Monserratning so‘zlarini keltiradi Reuters agentligi.
«Men hech narsa bilmayman. Men u tirikligi yoki halok bo‘lganidan bexabarman», deydi o‘z familiyasini istamagan Estefaniya. Uning turmush o‘rtog‘i o‘g‘rilikda ayblanib qamalgan.
Qamoqxona inqirozi
Ekvadordagi qamoqxonalar mahbuslar bilan sig‘imidan ortiq to‘lgan. Mahbuslar saqlash sharoitlaridan shikoyat bildirib kelishadi.
Sentabr oyida mamlakat prezidenti Gilermo Lasso mahbuslarni saqlash muassasalarida 60 kunlik favqulodda holat e’lon qilgandi, bu birinchidan, davlat tomonidan qo‘shimcha moliyalashtirishni ko‘zda tutardi, ikkinchidan, harbiylar qamoqxona ustidan nazorat qilishiga imkon berardi.
Shanba kuni prezident Lasso mamlakat konstitutsion sudini harbiylar qamoqxona ichiga kirishiga ruxsat berishiga chaqirdi - hozirgacha ular faqat tashqaridan turib xavfsizlikni ta’minlashi mumkin. Sud bunga javoban vaqtinchalik favqulodda holat rejimini joriy etish bilan qamoqxona inqirozini hal qilib bo‘lmasligini bildirgan.
Hukuma shanba kuni kechga kelib vaziyat nazoratga olinganini, hozirda BMT vakillari va huquq himoyachilari bilan vaziyatni izga solish masalasi muhokama etilayotganini ma’lum qilgan.
Guayas provinsiyasi gubernatori Pablo Arosemenaning matbuot anjumanida xabar qilishicha, so‘nggi tartibsizliklar jinoyatchi to‘dalardan birining yetakchisi ozod etilishi tufayli qamoqxona ichki hokimiyatida yuzaga kelgan bo‘shliq tufayli kelib chiqqan.
«Gap shundaki, ushbu qamoqxona bo‘lmasini boshqargan banda yetakchisi yo‘q bo‘lgan, chunki bir necha kun oldin bu mahbus ozodlikka chiqarilgandi. Boshqa bloklardagi guruhlar bu blokni o‘z nazoratiga olishni istagan va u yerga bostirib kirib, qirg‘in uyushtirgan», deydi gubernator.
Uning so‘zlariga ko‘ra, qonli tartibsizlik ro‘y bergan blokda 700 nafarga yaqin mahbus saqlangan.
Mahbuslardan biri tomonidan olinib, ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilgan videoda blokdagi mahbuslar zo‘ravonlikni bas qilishni so‘rayotgani, ortdan esa o‘q va portlash ovozlari eshitilayotganini ko‘rish mumkin.
Prezident Lasso tvitterda yaqinlarini yo‘qotgan oilalarga hamdardlik bildirgan va yana bir bor «xaos yuzaga kelishidan manfaatdor mafiyaga qarshi kurash»ning yangi choralari zarurligi haqida gapirgan. Avvalroq Ekvador prezidenti BBC bilan suhbatda hukumat nafaqat qamoqxonalarda, balki narkofurushlar o‘rnashib olgan hududlarda ham nazoratni tiklashi haqida gapirgan hamda yuzaga kelgan vaziyat uchun avvalgi hukumatni «passivlik»da ayblagandi.
Ekvador qamoqxonalarida jami 40 mingga yaqin mahbus saqlanadi. Sentabr oyida ro‘y bergan qirg‘in (o‘shanda ayrim mahbuslarning boshi kesib olingandi)dan keyin ushbu mamlakatda transmilliy jinoiy guruhlar ta’siri kengayib borayotgani bilan bog‘liq muammoga e’tibor qaratilgandi. O‘shanda qamoqxonaning bir qanotidagi mahbuslar boshqa blokka kirishga muvaffaq bo‘lib, dushman guruh a’zolariga hujum qilgandi.
O‘tgan yilning dekabrida bandalardan birining rahbari qamoqxonadan ozod etilishidan bir necha oy o‘tib o‘ldirilishi ortidan qamoqxonada tartibsizliklar yuzaga kelgandi. Rasmiylarning ma’lumotiga ko‘ra, uning o‘limi kichikroq guruhlar qamoqxonada nazoratni egallash uchun kurash boshlashiga turtki bo‘lgan. Bundan tashqari, bandalar o‘rtasidagi raqobat xalqaro kartellar bilan kim ittifoq tuzishi borasida kechayotgan kurash bilan ham bog‘lanadi. “Zamin” yangiliklarini “Odnoklassniki”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
AQSH harbiylari orasida o‘z joniga qasd qilish ko‘paydi
Donald Tramp 27 yoshli Karolin Levittni Oq uy matbuot kotibi etib tayinlamoqchi
Endi operatsiyadan so‘ng kesmalar o‘rni ikki barobar tezroq bitishi mumkin
KXDR Rossiyaga 100 minggacha harbiy yuborishi mumkin
Organizm o‘zini toksinlardan qanday tozalaydi?
Apple dongdor ikki ayfonini rasman eskirgan deb e’lon qildi
Buyrak salomatligi uchun eng foydali sabzavot...
Ijtimoiy tarmoqlar davrida ruhiy salomatlikni qanday saqlash mumkin?