01:16 / 08.01.2022
2 692

Muvozanatni yo‘qotgan Qozog‘iston

Muvozanatni yo‘qotgan Qozog‘iston
Jamiyatning hatti-harakatini oldindan, aniq ta’bir qilish – juda mushkul ish. Lekin, har bir jamiyatning ijtimoiy psixologiyasini, ijtimoiy kayfiyatini, umidlari va zo‘riqishlarini kuzatib, o‘rganib borish mumkin. Erkin va farovon davlatlarda, ommaviy namoyishlar davlat uchun katta fojea hisoblanmaydi. Chunki, namoyishlarning cheklangan funksiyalari bo‘ladi, namoyishchilar mana shu doiradan chiqib keta olmaydi. Qolaversa, demokratik davlatlarda, namoyishchilar hech qachon hukumatni yiqitishni talab qilib chiqishmaydi, balki hukumatning u-bu qaroriga, loyihasiga qarshi chiqishadi.

Bugun ijtimoiy fanlar ancha rivojlangan. Sotsiologiya, jamiyatning kayfiyatini, moyilliklarini ancha yaxshi tushunish va tushuntirish qobiliyatiga ega. Agarki, davlatlar muttasil islohotlar o‘tkazishdan to‘xtamasa, jamiyatning ra’yiga quloq solsa, davlat institutlari samarali ishlasa, davlat o‘zining legitimligini parvarishlab borsa – hech qanday xavotirga o‘rin qolmaydi.

Keyingi kunlarda qo‘shni Qozog‘istonda bo‘layotgan voqealar natijasida bu yirik qo‘shnimiz ichki va tashqi siyosatda o‘zining muvozanatini jiddiy bir shaklda yo‘qotdi.

Birinchidan, Qozog‘iston ham, boshqa avtoritar davlatlar qatori, o‘zining muxolifatini mensimadi, u bilan dialog yo‘llarini izlamadi. Aksincha, muxolifatga muttasil bosimlar qildi, uni marginallashtirish yo‘lidan bordi. O‘z o‘rnida muxolifat ham keyingi o‘n yil davomida murosasiz axborot siyosati olib bordi. Hokimiyatning legitimligini jiddiy bir shaklda qadrsizlashga erishdi.

Globallashgan davrda, ijtimoiy tarmoqlar rivojlangan bugungi kunda, bu qiyin ish bo‘lmadi. Masofadan turib, ya’ni, o‘zlarining xavfsizligini ta’minlagan holda, yillar davomida ijtimoiy fikrda ommaviy va murosasiz namoyishlar uchun chuqur zamin yaratishdi.

Lekin muxolifat va fuqarolik jamiyati ham, o‘zining qadamlarini real oqibatlari haqida aniq tasavvurga ega emasdi. “Rangli inqilob”dan qo‘rqib ketgan hokimiyat muxolifat bilan kelishish imkonsiz degan qarashdan kelib chiqib, avtomatik ravishda tashqi dunyodan, aniqrog‘i, qo‘shni Rossiya Federatsiyasi va uning harbiy bloki bo‘lmish KXSHTdan yordam so‘radi.

Qozog‘iston jamiyati tezkor shaklda avtoritarizmdan demokratiyaga o‘tishni orzu qilib, ommaviy namoyishlar boshladi. Jamiyat, hokimiyatda 30 yildan beri qolayotgan va de-fakto davlatni boshqarayotgan Nazarboyev rejimidan zerikkan edi. Lekin, o‘zgarishlardan qo‘rqib ketgan oliy hokimiyat, kutilmaganda, tashabbusni qo‘shni davlatga topshirdi. Qozog‘iston KXSHTga murojaat qilib, “bizni terroristlardan qutqaring” dedi. Qozog‘iston hokimiyati, aksariyat avtoritar hukumatlari qatori, o‘z xalqini “terrorist” deb nomladi. Shu yo‘l bilan o‘zining siyosiy istiqbolini qutqarishdan boshqa reja topa olmadi.

Keyingi uch yilda Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev Rossiya Federatsiyasi va uning iqtisodiy hamda harbiy-siyosiy loyihalariga ishonchsizlik bildirib kelayotgan edi. Nazarboyevdan farqli o‘laroq, To‘qayev ochiq-oydin YEOIIga shubha bildirdi, o‘tgan yilning aprel oyida, YEOII onlayn uchrashuvi chog‘ida Putinga ohista shaklda o‘z noroziligini ham bildirgan edi. Lekin, mana, Qozog‘istonda ommaviy namoyishlar fonida, To‘qayev o‘zining xaloskori sifatida KXSHT va rasmiy Moskvani ko‘rmoqda.

Margarita Simonyan – Rossiya propagandasining yirik namoyondalaridan. U Russia Today xalqaro telekanallar tarmog‘i direktori. Qozog‘istonning KXSHTga murojati fonida, Simonyan «Albatta yordam berishimiz kerak, lekin, shartlarimiz bor!» deya, bir qancha tahqirlovchi shartlarni e’lon qildi. Jumladan, g‘arb bilan aloqalarni pasaytirish, lotin alifbosidan voz kechib kirill alifbosiga qaytish, ruslashtirish siyosatiga qaytish va h.k. Bu talablar, mustaqil Qozog‘iston davlatchiligi uchun, ancha tahqirlovchi va davlat suverenitetini jiddiy cheklovchi hisoblanadi. Lekin, bugungi kunda Qozog‘iston hokimiyatining Kreml bilan o‘z suvereniteti borasida tortishish imkoniyati mavjud emas.

Rossiya Federatsiyasi – o‘ziga xos sivilizatsiya. U o‘zini g‘arbga ham, sharqqa ham mansub emas deydi. Rossiya – mahrum qilish, majburlash orqali o‘z niyatlariga yetishni ko‘zlovchi davlat. U demokratik davlatlar kabi, ishontirish, qadriyatlar orqali o‘ziga og‘dirishga layoqatsiz. Qolaversa, Qozog‘istondagi namoyishlar bugungi Kreml loyihalari uchun juda qulay imkoniyat bo‘ldi.

V.Putinning tarixiy orzusi – kollektiv g‘arbga qarshi sobiq SSSR kabi yirik geosiyosiy qutb yaratish, shu yo‘l bilan rasmiy Moskvaning geosiyosiy salohiyatini tiklash hisoblanadi. Shuning uchun, postsovet hududidagi har qanday siyosiy inqirozdan Kreml imkon qadar unumli foydalanishga harakat qiladi.

Qozog‘iston jamiyati uzoq muddatli avtoritarizmdan zerikib, demokratiyaga tezkor o‘tishni orzu qilgan edi. Lekin, avtoritarizmdan demokratiyaga “sakrash” jarayonida, jarlikka, Rossiya Federatsiyasining geosiyosiy botqog‘iga qulab tushdi. Endi Qozog‘iston bu botqoqlikdan qachon, qanday va qay talofatlar bilan chiqib oladi – vaqt ko‘rsatadi.

Kamoliddin Rabbimov,
Azon.uz portalining siyosiy eksperti.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Muvozanatni yo‘qotgan Qozog‘iston