2 046
«Ukrainaning «boshiga to‘pponcha tirab» kelishib bo‘lmaydi» – Rossiya va AQSH NATO bo‘yicha yana kelisholmadi
© Denis Balibouse/Pool via AP
Shveysariyaning Jeneva shahrida AQSH hamda Rossiya diplomatlarining Moskva talab qilayotgan xavfsizlik kafolati borasidagi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Yopiq eshiklar ostida o‘tgan uchrashuv 8 soat davom etib, aniq kelishuvga erishilmadi. Tomonlar uchrashuvdan keyin ehtiyotkorona bayonot berib, muloqot davomiy bo‘lishiga umid bildirishdi.
Rossiya delegatsiyasiga tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Sergey Ryabkov hamda mudofaa vaziri o‘rinbosari Aleksandr Fomin yetakchilik qildi. Amerikalik diplomatlarga esa Davlat kotibining birinchi o‘rinbosari Uendi Sherman hamda Davlat kotibining qurollanishni nazorat qilish bo‘yicha o‘rinbosari Bonni Jenkins bosh bo‘ldi.
Rossiya tomoni ushbu uchrashuvni muzokara deb atab, u dangal o‘tganini ta’kidlagan bo‘lsa, Amerika diplomatiyasi buni «tomonlarning nuqtayi nazarlarini bilib olishga imkon beruvchi muloqot» deb atadi. O‘z navbatida, Sergey Ryabkov Rossiya talab qilayotgan shartlar bajarilishi imkonsiz emasligi va muloqot «umidbaxsh» tarzda o‘tganini ta’kidladi.
Rossiya hamon NATO kengaymasligi bo‘yicha shoshilinch kafolat istamoqda
Rossiya delegatsiyasi rahbari Sergey Ryabkov mamlakat hamon NATO kengaymasligi, Ukraina hech qachon unga kiritilmasligi bo‘yicha kafolat talab qilayotganini takrorladi.
«Biz uchun Ukraina hech qachon NATOga kirmasligi bo‘yicha kafolat berilishi talabining qanoatlantirilishi shart ekanini ta’kidlamoqchiman. NATOning Madridda o‘tajak navbatdagi sammitida 2008 yil Buxarestdagi sammitda qabul qilingan formulasi quyidagicha o‘zgartirilishini xohlaymiz: «Ukraina va Gruziya hech qachon NATO a’zosiga aylanmaydi». Bu Rossiya milliy xavfsizligi masalasi.
Biz quruq gapdan iborat muloqotlardan charchadik. Yopiq eshiklar ostida o‘tadigan muzokaralarda ko‘p uchraydigan yarim va’da va noto‘g‘ri talqin qilinadigan so‘zlardan ham. Biz boshqa taraflarga ishonmaymiz. Bizga quruq va’da emas, aynan kafolat kerak: «majbur», «shart», «NATO a’zosiga aylanmaydi» so‘zlari bitilgan kafolat», dedi Rossiya tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari.
AQSH diplomatlari rahbari bo‘lgan Uendi Sherman esa qisqa qilib, bu talab qanoatlantirilmasligini ma’lum qildi.
«Biz hech kimga biror davlat uchun NATO eshiklarini yopishga yo‘l qo‘ymaymiz. Biz ittifoqchilarimiz va hamkorlarimiz bilan ikki tomonlama muloqotni davom ettirish tarafdorimiz», dedi amerikalik diplomat.
© EPA-EFE/DENIS BALIBOUSE/POOL
Ukrainaga bostirib kirish masalasi
AQSH tomoni muloqotdan keyin o‘tkazilgan brifingda Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirish masalasini ham ko‘tardi. Rus delegatsiyasi rahbari Rossiyaning bunday maqsadi yo‘qligini aytdi.
«Rossiya Ukrainaga bostirib kirmoqchi emas, bu masalada gaplashadigan gapning o‘zi yo‘q. Aksincha, biz Ukraina yoki umuman G‘arb tomonidan bizga nisbatan uyushtirilishi mumkin bo‘lgan provokatsiyadan xavotirdamiz», dedi Ryabkov.
Amerika diplomatlari yetakchisi esa Rossiya Ukraina chegarasidagi askarlarini ortga qaytarish orqali aytgan gaplarini isbotlashi mumkinligini bildirdi. «Rossiya bizga ham xuddi ommaviy tarzda e’lon qilgani kabi Ukrainaga bostirib kirmoqchi emasligi, bu shunchaki manyovr va mashg‘ulotlar ekanini aytgan. Rossiyada bu aytganlarini isbotlash uchun yaxshi imkoniyat bor: vaziyatni yumshatish va askarlarni kazarmasiga qaytarish orqali», dedi Sherman xonim.
Yana ikkita uchrashuv bo‘ladi
Rossiya va G‘arb o‘rtasida Moskvaning iddaolarini aniqlashtirish maqsadida yana ikkita muzokaralar o‘tkaziladi. 12 yanvar kuni Bryusselda NATO – Rossiya formatida muzokaralar o‘tkaziladi. Ertasiga esa Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti doirasida Venada muloqot bo‘lib o‘tadi.
NATO bosh kotibi Yens Stoltenbergning aytishicha, NATO – Rossiya formatidagi uchrashuvda Yevropadagi harbiy faollashuv hamda qurollanish ustidan nazorat bo‘yicha muzokaralar o‘tkaziladi.
Stoltenberg Rossiya xavfsizlik masalasida muloqotga tayyorligini olqishladi. «Rossiya bilan ancha avval – Norvegiya bosh vaziri bo‘lganimda ham muzokara o‘tkazgan inson sifatida aytishim mumkinki, ular bilan kelishish mumkin. NATO kontekstida ham Rossiya bilan kelishish mumkinligini ko‘rganmiz. Xususan, qurollanish ustidan nazorat yoki boshqa keng doiradagi masalalarda ham», dedi NATO bosh kotibi.
«To‘pponcha Ukrainaning boshida»
Muzokaralarda Rossiya vakili sifatida ishtirok etgan Ryabkovning aytishicha, NATO Rossiyadan ortga chekinishni kutmasligi kerak. «NATO «etagini yig‘ishtirib» 1997 yilgi holatiga qaytishi kerak», dedi diplomat.
KEYSTONE/REUTERS POOL
Rossiya TIV dekabrda ham NATOdan alyansga Ukraina va Gruziyani kiritmaslik bo‘yicha kafolat talab qilgan, ammo tashkilot bosh kotibi bu talabni keskin rad etib, Rossiyani «o‘z ta’sir doirasidagi hudud yaratishga harakat qilish»da ayblagandi.
AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken AVS nashriga intervyu berar ekan, Rossiya va AQSH o‘rta va yaqin masofalarda qo‘llaniluvchi raketalardan voz kechish bo‘yicha kelishuvni tiklashi mumkinligini aytdi. AQSH bu kelishuvdan Tramp vaqtida chiqib ketgan. O‘z navbatida, Blinken Rossiya Ukrainaning boshiga 100 ming askar ko‘rinishida to‘pponcha tirab turgani holatida hech qanday kelishuvga erishib bo‘lmasligini ta’kidlagandi.
Turlicha yondashuv
AQSH tomoni Jenevada o‘tgan muzokaralarga ikki mamlakat prezidentlari o‘rtasidagi kelishuvga asosan strategik barqarorlik muzokaralari doirasidagi navbatdan tashqari sessiya sifatida qaramoqda. Bu doirada hozirgacha ikki uchrashuv o‘tkazildi. Aynan shu sabab uchrashuvlar neytral hududda emas, BMT qoshidagi Amerikaning Jenevadagi vakolatxonasida o‘tkazilmoqda.
Kreml esa Jenevadagi muzokaralar Rossiya talab qilayotgan xavfsizlik kafolati doirasidagi muzokara ekaniga urg‘u beryapti. Rossiya bu borada AQSH va NATO vakillariga taqdim etgan talablarini hatto TIV orqali ommaga e’lon qilgandi ham.
VVS bilan suhbatda bo‘lgan AQSH Davlat departamentining ikki vakili o‘z ismi sir qolishi sharti bilan muzokaralar doirasidagi fikrlarini bildirgan. Ularning aytishicha, muzokaralardan keyin Rossiya tomonidan axborot muhitidagi provokatsiyani kutishgan. «Rossiya tomonining bayonoti samimiy va xolis bo‘lmaydi deb o‘ylaymiz. Ittifoqchilarimizga ham Rossiya tomonining bayonotiga sovuqqon yondashishni tavsiya qilamiz», degan Davlat departamenti vakili.
Britaniyaning Times nashri esa muzokaralardan avval ba’zi insayd ma’lumotlar bilan bo‘lishgandi. Xususan, nashr AQSH Rossiyaning Ukrainaga ehtimoliy bostirib kirishi sabab sanksiyalar tayyorlab qo‘ygani, agar bu ish sodir bo‘lsa, qator sanksiyalar qatorida Rossiya xalqaro bank to‘lovlari bo‘lmish SWIFT tizimidan uzib qo‘yilishi rejalanayotgani haqida yozgandi.
Ekspertlar nima demoqda?
Rossiya bo‘yicha taniqli ekspert amerikalik Maykl Koffmanning fikricha, Vashington Rossiya istayotgan formatda muzokara o‘tkazmoqchi emas. Ekspertga ko‘ra, AQSH vaziyatni qurollanishni va harbiy mashg‘ulotlarni nazoratga olish orqali yumshatmoqchi, lekin Rossiya faqat va faqat yuridik kafolat talab qilish bilan band.
AQSH Davlat departamentining sobiq xodimi Samyuel Sharapning fikricha, faqat ikki holatda muzokaralar samarali bo‘lishi mumkin: yoki Rossiya maksimal talablarining ba’zilaridan voz kechadi yoki AQSH Rossiyaning ba’zi talablarini ruslar so‘rayotgan formatda bo‘lmasa ham qanoatlantiradi.
«To‘g‘ri, muzokaralarda qandaydir natija bo‘lmadi, ammo bundan badtar bo‘lishi ham mumkin edi. Tomonlar muzokaradan uyga qaytib, urushga tayyorgarlik ko‘rishmayapti, muloqot davom etishini aytishdi. Biroq hech qanday oldinga siljish bo‘lmagani ham yaxshi emas», deydi Sharap. Uning taxminicha, tomonlarning fikri bir tomondan chiqishi qiyin masala. Ammo Amerika keskinlikni o‘zining ustunligi bo‘lmish diplomatiya orqali hal qilishi kerak, aks holda oqibat hech kim uchun yoqimli bo‘lmaydi.
AQSHdagi Jons Hopkins universiteti professori Sergey Radchenko tarixdan bitta pozitiv, bitta negativ misol keltirdi. Uning fikricha, masalani diplomatik yo‘l bilan hal qilmoqchi bo‘lishsa, Blinken aytganidek yaqin va o‘rta masofadagi raketalar nazorati bo‘yicha muzokara o‘tkazishdan boshqa yo‘l yo‘q. Professor Rossiya va AQSH munosabatlarida ultimatum samara bermaganini aytar ekan, 1958 yildan misol keltirgan. O‘shanda SSSR kompartiyasi bosh kotibi Nikita Xrushchyov AQSHga Germaniyadagi urushdan keyingi tuzilma bo‘yicha talab qo‘yib, hech narsaga erisha olmagan.
Radchenko pozitiv misol sifatida Reygan va Gorbachyov vaqtidagi holatni keltirgan. 1987 yil AQSH prezidenti Ronald Reygan hamda SSSR rahbari Mixail Gorbachyov yaqin va o‘rta masofadagi raketalarni yo‘q qilish bo‘yicha kelishuvga erishgandi. «Ochiqchasiga bosim va ultimatum – muzokaralar uchun yaxshi vosita emas», degan professor.
Ronald Reygan va Mixail Gorbachyov / TASS
Rus ekspertlar nima fikrda?
Rossiyalik ekspertlar ham Jenevadagi muzokaralardan hech narsa kutmaganini aytmoqda. Moskva xalqaro munosabatlar institutining xalqaro tadqiqotlar instituti ilmiy xodimi Andrey Baklitskiy AQSH delegatsiyasini boshqargan Sherman qandaydir qaror chiqarish vakolatiga ega bo‘lmagan shaxs ekaniga urg‘u qaratgan. Ayniqsa NATO masalasida.
Baklitskiyning fikricha, Rossiya uchun Vashington o‘z talablarini jiddiy qabul qilishi muhim bo‘lgan.
«Moskva talablari bajarilishi shart va hatto shoshilinch bajarilishi kerakligini aytmoqda. Shu sababli, talablarni e’tiborsiz qoldirishning imkoni yo‘q. AQSH vaziyat ortiq bunday keskin bo‘lib qololmaydi deb o‘ylasa, demak, muloqot orqali muammoni hal qilish imkoni bor», degan u.
Baklitskiy keyingi muzokaralar NATO – Rossiya formatida o‘tishi ruslar uchun noqulaylik tug‘dirishini aytdi. Chunki yaqinda rossiyalik diplomatlar Bryusceldan chiqarib yuborilgan, aynan shu shahardagi NATO qoshidagi Rossiya vakolatxonasi yopilgandi. Britaniyalik siyosiy tarixchi ser Lourens Fridman ham shunday fikrda.
Rossiya xalqaro aloqalar kengashi bosh direktori Andrey Kortunovning fikricha, AQSH eng asosiy muzokaralarni NATOga tashlab qo‘yib, tashkilot ishiga aralasha olmasligini shunchaki bahona qilmoqda.
«Yana bir masala shundaki, Rossiya aslo orqaga qadam tashlashni istamayotgan ekan, muzokara o‘tkazishdan nima ma’ni bor? Bunaqada taslim bo‘lishni talab qilaqolish kerak», degan ekspert.
Ukraina va Sharqiy Yevropaga oid talablar
Rossiya AQSHdan nafaqat NATO sharqqa qarab kengaymasligi bo‘yicha kafolat, balki 1997 yildan keyin alyansga kirgan a’zolarga qo‘shimcha askar yubormaslikni talab qilmoqda. Gap Sharqiy Yevropaning 14 davlati, xususan, Boltiqbo‘yi davlatlari haqida ketmoqda. Vashington esa Ukraina yoki boshqa davlatlar taqdirini ularning o‘zisiz hal qila olmasligini aytadi.
Shuningdek, Rossiya AQSHdan Sharqiy Yevropadan raketa hujumidan himoya vositalarini olib chiqib ketishni ham talab qilyapti. Entoni Blinken hamda boshqa diplomatlar ham bu borada yaqin va o‘rta masofadagi raketalarni cheklash kelishuviga qaytishdan boshqa diplomatik yo‘l ko‘rmayotganini aytgan. “Zamin” yangiliklarini “Youtube”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Nima uchun badavlat insonlar doim oddiy kiyinadi?
Vengriya hukumati Ukrainaga noqonuniy qurol yetkazib berishning oldini olganini ma’lum qildi
Yuk mashinalari haydovchilari uchun yangi tartib kuchga kirdi
Leonid Kuchma: Rossiya bilan urushmaslik uchun Ukraina oldida ikki yo‘l bor edi
O‘t qopidagi toshlar qanday va qayerdan paydo bo‘ladi?
Hande Erchel turk madaniyatini rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun mukofotlandi
Toshkentning uch tumanida elektr ta’minoti vaqtincha o‘chiriladi
“Oltin to‘p” tashkilotchilari nima uchun mukofot Vinisiusga emas, Rodriga berilganini tushuntirdi