1 643
Avstraliyadan siyosiy boshpana so‘ragan KGB josusi: Bunga Stalinning o‘limi sabab bo‘lgan edimi?
Vladimir Petrov / Foto: en.wikipedia.org
1954 yil 3 aprel kuni SSSRning Kanberradagi elchixonasi xodimi, KGB josusi Vladimir Petrov Avstraliya hukumatidan siyosiy boshpana so‘raydi. Petrovning so‘rovi qondiriladi va u juda ko‘p ma’lumotlarni Avstraliya maxfiy xizmatlariga oshkor qiladi. Oxir-oqibat SSSR Kanberradagi elchixonani yopadi va Avstraliya bilan barcha aloqalarni uzadi.
Tarix sahnasida bor yo‘g‘i 69 yil yashagan sovet ittifoqidan juda ko‘pchilik qochib ketgan. Erkinlikning yo‘qligi, ma’muriy-buyruqbozlik asosidagi boshqaruv, haddan ortiq nazorat tufayli olimlar, adiblar, san’atkorlar, siyosatchilar boshqa mamlakatlardan siyosiy boshpana so‘rashgan.
Ularning ayrimlari mamlakatni oshkora isyon bilan tark etgan bo‘lsa, boshqalari turli ishlar bahonasida xorijga chiqib, so‘ng SSSRga qaytmagan. Ba’zilar esa xorijga ishga yuborilganda o‘sha yoqdan qaytishni xohlamagan va o‘zi ishlayotgan davlatdan siyosiy boshpana so‘ragan.
Ana shulardan biri SSSRning Avstraliyadagi elchixonasida elchining uchinchi yordamchisi sifati faoliyat yuritgan KGB josusi Vladimir Petrov edi.
Vladimir Petrovning 1954 yilda Avstraliya hukumatidan boshpana so‘rashi o‘z davrida juda katta shov-shuvlarni keltirib chiqargan va xalqaro darajada siyosiy nizolarga sabab bo‘lgandi.
Bu shaxs Kanberraga elchixona xodimi sifatida yuborilgan bo‘lsa-da, Avstraliyada asosan josuslik bilan shug‘ullanadi. Petrovda ko‘plab maxfiy ma’lumotlar bor edi. Shu sababli SSSR rahbariyati uni nima qilib bo‘lsa ham Moskvaga qaytarish harakatini qiladi, ammo buning uddasidan chiqisholmaydi.
Ismini bir necha marta o‘zgartirgan josus
Vladimir Petrovning asl ism-sharifi Afanasiy Shoroxov bo‘lgan. Vladimir avvaliga komsomol tashkilotida ishlaydi, so‘ng NKVDga ishga kiradi. 1929 yilda u ism-sharifini Vladimir Proletarskiy deb o‘zgartiradi.
1933 yilda Birlashgan davlat xavfsizligi boshqarmasi (KGB o‘sha paytlarda NKVD tarkibida shunday deb atalgan) safiga kiradi va uning xorijiy bo‘limida ishlaydi. 1938-1939 yillarda ayg‘oqchi sifatida Xitoyda faoliyat olib boradi. 1942 yilda ism-sharifi Vladimir Petrovga o‘zgartirilib Shvetsiyaga jo‘natiladi.
1951 yilda Vladimir Petrov va uning xotinini SSSRning Kanberradagi elchixonasi xodimlari niqobi ostida josuslik qilish uchun Avstraliyaga yuborishadi.
Vladimir Petrov va uning rafiqasi / Foto: moadoph.gov.au
Siyosiy boshpana so‘rash
1954 yili, Kanberrada ish boshlaganiga 3 yil bo‘lganda Vladimir Petrov Avstraliyadan siyosiy boshpana so‘rashni rejalashtiradi. U Avstraliya maxfiy xizmatida ishlaydigan Mayk (Mixail) Byalogurskiy bilan aloqa bog‘laydi. Mayk Byalogurskiyning kelib chiqishi polyak bo‘lib, u Petrovning josus ekanini avvaldan bilardi. Petrov unga Avstraliyadan siyosiy boshpana so‘rash rejasini aytib, yordam so‘raydi. Mayk rozi bo‘ladi.
Vladimirning arizasi xotini va uning xavfsizligini ta’minlash uchun Avstraliya hukumatiga yashirincha topshiriladi. Ish juda muhim bo‘lgani uchun uni mamlakat xavfsizlik xizmati o‘z nazoratiga oladi. Garchi Petrov Avstraliyadan siyosiy boshpana so‘rashi haqida xotiniga indamagan bo‘lsa-da, arizada xotinini ham tilga olgan edi. Ammo bu mamlakat qonunlarga ko‘ra Yevdokiyaning o‘zi siyosiy boshpana so‘rasagina uning so‘rovi qanoatlantirilishi mumkin edi.
1954 yil 3 aprel kuni Petrovning Avstraliyadan siyosiy boshpana so‘ragani va u qanoatlantirilgani ommaga xabar qilinadi. Tabiiyki, rasmiy Moskva voqealarning bu taxlitda rivojlanishini kutmagandi. Axir kimsan, KGBning eng yaxshi josusi «dushman» davlatlarning biridan siyosiy boshpana so‘rasa?! Yevdokiya Petrovna ham erining Avstraliyadan siyosiy boshpana so‘raganini ana shunda eshitadi.
KGB rahbariyati Avstraliyadagi sovet josulariga qanday qilib bo‘lsa ham Petrov hamda uning xotinini bu mamlakatdan olib chiqish va Moskvaga keltirish topshirig‘i beriladi. Ammo bu ish oson emasdi.
Petrov qo‘ldan chiqib ketganidan so‘ng KGBning elchixona xodimi sifatida faoliyat ko‘rsatadigan ikki josusi boshqa shaharda bo‘lgan Yevdokiya Petrovani ushlab, Kanberraga olib kelishadi. So‘ng ko‘plab muxbirlar ko‘z o‘ngida uni majburiy tarzda Moskvaga uchadigan samolyotga olib chiqishadi. O‘sha zahoti bu ish OAV orqali butun dunyoga tarqaladi.
KGB agentlari Yevdokiya Petrovani Moskvaga uchadigan samolyotga olib chiqmoqda
Foto: www.readingavidly.com
Moskvaga uchayotgan samolyot yonilg‘i quyish uchun Avstraliya shimolidagi Darvin shahriga qo‘nib o‘tishi kerak edi. Hodisadan xabar topgan Avstraliya bosh vaziri Robert Menzis Darvinda samolyotdan Yevdokiya Petrovnani tushirib qoldirish haqida buyruq beradi.
Darvinda Avstraliya politsiyachilari samolyotga ko‘tarilib Yevdokiyani KGB josuslari qo‘lidan qutqarib pastga olib tushishadi. Yevdokiya eri bilan telefonda so‘zlashadi va u bilan birga Avstraliyada qolish istagini bildiradi.
Kanberra-Darvin yo‘nalishi / Foto: www.shutterstock.com
Avstraliya maxsus xizmatlari uchun Vladimir Petrov kutganlaridan ham ko‘proq ma’lumotga ega shaxs bo‘lib chiqadi. U nafaqat Avstraliyada ishlab turgan, balki Yevropaning ko‘pgina mamlakatlarida faoliyat ko‘rsatayotgan sovet josuslari haqidagi barcha maxfiy ma’lumotlarni ularga beradi.
Siyosiy boshpana so‘rashning ehtimoliy sabablari
1953 yil 5 mart kuni Stalin vafot etadi. Oradan 80 kun o‘tib, 1953 yil 26 iyun kuni uning «ishongan tog‘i» NKVD rahbari Lavrentiy Beriya ham qo‘lga olinadi va o‘sha yili 23 dekabrda o‘lim jazosiga hukm qilinadi.
Shundan so‘ng Beriyaning qo‘l ostida ishlagan aksariyat xodimlar hibsga olinadi. Qolganlari ham so‘roq qilinadi. Shu jumladan, Beriya davrida xorijga jo‘natilgan josuslarni ham birin-ketin mamlakatga chaqirib qamoqqa olishadi.
Lavrentiy Beriya va Stalin / Foto: 24tv.ua
Petrov va uning xotini ham Beriyaning ishongan odamlaridan bo‘lishgan. 1951 yilda Yevdokiya va Vladimirni Avstraliyaga jo‘natish haqidagi buyruqqa ham aynan Beriyaning o‘zi imzo chekkan edi.
Petrov va uning xotini Beriya otilgandan so‘ng uning qo‘l ostida ishlagan josuslarning aksariyati hech bir aybi bo‘lmasa ham jazoga tortilayotganidan yaxshi xabardor edi. Vladimir «navbati yetganda» xotini bilan uni ham SSSRga chaqirib olib Beriyaning odami sifatida jazolashlarini bilib turardi. Shu sababli u Moskvaga qaytib umrini qamoqda o‘tkazmaslik uchun Avstraliyadan siyosiy boshpana so‘rashga qaror qiladi.
Petrov taqdim etgan qimmatli ma’lumotlar
Petrov va uning ayoliga siyosiy boshpana berilgandan so‘ng ular o‘zlaridagi bor ma’lumotlarni Avstraliya maxsus xizmatlariga taqdim etishadi. Ammo Petrov va uning rafiqasi bu xatti-harakatni Avstraliya maxsus xizmatlari orasiga kirish maqsadida amalga oshirmayotganiga ishonch hosil qilish uchun ularni bir yil davomida so‘roq qilishadi.
So‘roqda hatto Buyuk Britaniya razvedka xizmati MI-6 xodimlari ham qatnashadi. Petrov o‘zi ega bo‘lgan barcha ma’lumotlarni ularga taqdim etadi. Jumladan, sovet ittifoqi uzoq yillar mobaynida Avstraliyadagi sovet josuslarini Kanberradagi elchixona orqali boshqarib kelgani haqidagi ma’lumotlarni sizdiradi. Shuningdek, bu davlatdagi barcha josuslarning ism-shariflari va yashash manzillarini beradi.
Bundan tashqari, Petrov SSSRning G‘arb davlatlaridagi josuslari haqidagi barcha maxfiy ma’lumotlarni MI-6 xodimlariga topshiradi. Aynan u bergan ma’lumotlar asosida MI-6 sovet ittifoqi foydasiga josuslik qilgan ko‘plab shaxslarni fosh etadi. Shu jumladan, 1951 yilda SSSRga qochgan Britaniya maxsus xizmat zobiti Kim Filbi «Kembrij beshligi» nomi bilan atalgan maxfiy josuslik tashkilotning uchinchi a’zosi ekani ma’lum bo‘ladi.
KGB josusi Kim Filbi / Foto: pobeda.tv
Petrov Avstraliyadan boshpana olgandan biroz o‘tib, superayg‘oqchi Jeyms Bond haqidagi detektiv asarlar muallifi, Yan Fleming undan intervyu oladi. Ammo Britaniya razvedka xizmati Yan Flemingga intervyuning maxfiy ma’lumotlarga doir qismini chop etishga ruxsat bermaydi.
Jeyms Bond haqidagi asarlar muallifi Yan Fleming / Foto: www.elmundo.es
Petrov taqdim etgan ma’lumotlar Avstraliyada juda katta mojarolarni keltirib chiqaradi. Vladimir oshkor qilgan josuslarning aksariyati Avstraliyada siyosiy doiralar bilan yaqin aloqada edi. Shuningdek, bu davlatda turli yuqori lavozimlarda ishlagan shaxslar ham sovet maxsus xizmatlari foydasiga ishlashi oshkor bo‘ladi.
Shundan so‘ng Avstraliyada faoliyat olib borgan ko‘plab sovet josuslari va ularning hammaslaklari fosh etiladi. Jumladan, avstraliyalik sovet josuslarini birlashtirgan va maxfiy nomi KLOD bo‘lgan josuslar tarmog‘i ham.
Bu tarmoq tepasida SSSR foydasiga ishlagan kommunist Uolter Kleyton turgandi. Tarmoq a’zolari orasida turli vazirliklar xodimlari, xususan Avstraliya tashqi ishlar vazirligi xodimi Rik Trossel ham bor edi. Bundan tashqari, ular safida avstraliyalik dunyoga mashhur yozuvchi Katerin Prichardning o‘g‘li ham bo‘lgan.
Petrov ma’lumotlariga ko‘ra Avstraliyadagi leyboristlar va kommunistik partiya rahnamolari ham SSSR foydasiga josuslik qilganlikda gumon qilinadi. O‘shanda leyboristlar partiyasi rahbari bo‘lgan Gerbert Evatt Avstraliya bosh vaziri Robert Menzisni «Petrov ishi»dan saylovoldi tashviqotlarda o‘z reytingini oshirish uchun foydalanganlikda ayblaydi.
Avstraliya sobiq bosh vaziri Robert Menzis / Foto: inavukic.com
Petrov bergan ma’lumotlar juda ham qimmatli bo‘lgani uchun Avstraliya kontrrazvedka va xavfsizlik xizmati g‘arblik ittifoqchilari oldida o‘z mavqeini oshirib oladi.
SSSR va Avstraliya o‘rtasidagi aloqalarning uzilishi
KGB agenti bo‘lgan Petrov va uning xotini Avstraliyadan siyosiy boshpana so‘rar ekan, bu SSSR uchun sharmandali holat edi. Moskvadagilar tajribali josus, polkovnik unvoniga ega bo‘lgan Petrovdan bu ishni kutmaganlari aniq edi.
SSSR Petrov va uning xotini Avstraliyadan siyosiy boshpana so‘ragani oshkor bo‘lgan paytdan boshlab bu mamlakatdan ularni topshirishni so‘raydi. Ammo rad javobini oladi.
Shundan so‘ng Petrov o‘zidagi ma’lumotlarni Avstraliya maxsus xizmatiga bermasidan uni yo‘q qilish rejasi tuziladi. Ammo Avvstraliya maxsus xizmati xodimlari Petrovni qattiq qo‘riqlagani uchun buning iloji bo‘lmaydi. Petrov bergan ma’lumotlar asosida Avstraliyadagi josuslar birin-ketin qo‘lga olina boshlangach, sovet ittifoqi Kanberradagi o‘z elchixonasini yopadi va xodimlarni Moskvaga chaqirib oladi.
Ikki davlat o‘rtasidagi aloqalar eng yomon ko‘rinishga keladi. Diplomatik aloqalar uziladi, iqtisodiy hamkorlik to‘xtatiladi, turli savdo bitimlari bekor qilinadi. Faqat, oradan 5 yil o‘tib, 1959 yil 16 mart kuni SSSRning Avstraliyadagi elchixonasi qayta ochiladi.
Foto: www.abc.net.au
Petrovning keyingi hayoti
Bir yil davom etgan so‘roqlar tugagach Petrov va uning xotinini yashirincha boshqa shaharga o‘tkazishadi.
1956 yilda Avstraliya Petrov va uning xotiniga fuqarolik beradi. Ular sovet josuslaridan yashirinish uchun shetsiyalik muhojirlar niqobi ostida Ellison familiyasini olishadi. Bundan tashqari, Petrov va uning xotini har doim Avstraliya maxsus xizmatlari xodimlari qo‘riqlab yurishadi.
Keyinchalik, 1956 yilda Avstraliya maxsus xizmatlarining zobiti Maykl Tveytes bilan hamkorlikda yozilgan Vladimir Petrov va Yevdokiya Petrovaning hayoti tasvirlangan «Qo‘rquv saltanati» kitobi chop etiladi. Mazkur kitob o‘z davrida SSSRda NKVD va KGB tomonidan odamlarga qarshi qilingan ishlarni yoritgani uchun juda katta shov-shuv bo‘ladi.
Vladimir va Yevdokiya uzoq yillar ommaning ko‘zidan panada, Melburn yaqinidagi Bentli shaharchasida istiqomat qilishadi. SSSRda Petrovni Avstraliyadan o‘g‘irlab kelib, Moskvada sud qilish yoki buning iloji bo‘lmasa unga suiqasd qilish rejasi ancha yil kun tartibida turadi. Shu sababli Petrov va uning xotini uzoq yillar davomida KGB xodimlari o‘g‘irlab yoki o‘ldirib ketishidan qo‘rqib yashashadi.
1970-yillarda Petrov bir necha marta insult bo‘ladi va shundan so‘ng umrining qolgan qismini yotoqda o‘tkazadi. U 1991 yilda 84 yoshida vafot etadi. Xotini esa 2002 yilda vafot etadi.
«Petrov ishi» haqida ko‘plab asarlar yaratilgan. Badiiy va hujjatli filmlar suratga olingan.
G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.
“Zamin” yangiliklarini “Facebook”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
NATO bosh kotibi Ukrainaning frontdagi ahvoli yomonlashganini tan oldi
Har qanday katta yoshdagi kishi yetuk emas
Erdo‘g‘on Turkiya Isroil bilan aloqalarini uzganini ma’lum qildi
Shavkat Mirziyoyev: “Falastinlik bolalar va ayollarni beg‘araz davolashga tayyormiz”
Raqobat qo‘mitasi birjada Ai-80 benzini boshlang‘ich narxiga cheklov o‘rnatdi
Blinken Isroildan uchta muammoni hal etishni talab qildi
Borrel YEIning Isroil bilan muloqotini to‘xtatishni taklif qildi
Google'ning Gemini chatboti foydalanuvchiga o‘lim tiladi