Ukrainada namoyishlar, 2014 yil
Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi ehtimoliy urushni ko‘pchilik muhokama qilmoqda. Tarixiy ildizi bir bo‘lgan bu ikki davlat 2014 yildan buyon o‘zaro kelisha olmayapti. Rossiyada ba’zilar ukrainlarni «millatchi banderachilar» deb atashsa, ayrim ukrainlar ruslarni bosqinchi deb biladi.
2013 yil 28 noyabrda Litva poytaxti Vilnyusda Ukraina va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida o‘zaro integratsiya haqidagi kelishuv imzolanishi kerak edi. Ukraina prezidenti Viktor Yanukovich barchani ajablantirgan holda o‘sha shartnomani imzolamadi. Bu esa Yevropa Ittifoqiga vizasiz kirishni umid qilib yurgan ukrainaliklarning sabr kosasini to‘ldirdi.
Shu tariqa «Maydan» voqealari boshlanib ketdi, Yanukovich Rossiyaga qochdi. Kiyevdagi markaziy maydonni namoyishchilar to‘ldirdi va ular Yevropa Ittifoqi bilan integratsiya kelishuvi imzolash lozimligini talab qila boshladi. Ukraina Rossiyaga orqa o‘girdi va bu davlat tepasiga Yevropa Ittifoqi bilan yaqin munosabatlar o‘rnatishni va’da qilgan odamlar kelishdi.
Rossiya esa Ukraina o‘z ta’sir doirasidan chiqib ketayotganini hazm qila olmay, mamlakat sharqida yashovchi ruslarni qurollantirdi. Kamiga u yerga ko‘p sonli harbiylarini jo‘natdi. Oqibatda qurolli mojaro yuzaga keldi.
Hodisalar davomida Qrim Rossiyaga qo‘shib olindi. Ukraina va G‘arb olami buni bosqin deb hisobladi. Ukraina sharqidagi Donetsk va Lugansk oblastlarining bir qismi Rossiya ta’sir doirasiga o‘tib, Donetsk xalq respublikasi va Lugansk xalq respublikasi nomlari bilan o‘zini mustaqil deb e’lon qildi. O‘shandan buyon ikki davlat o‘rtasidagi keskinlik davom etyapti va hanuz urush xavfi saqlanib turibdi.
Agar ruslar va ukrainlar o‘rtasidagi keskinlik tarixiga nazar tashlansa, o‘rta asrlarda ular o‘rtasida jiddiy kelishmovchilik bo‘lmagan. Ukrainlar uchun polyak panlari yoki Usmoniylar imperiyasi qo‘l ostida yashashdan ko‘ra o‘zlariga yaqin ruslar panohida yashash afzalroq bo‘lgan bo‘lishi mumkin.
O‘rta asrlardan 1991 yil SSSR tarqab ketgungacha ukrainlar ruslar mustamlakasi bo‘lgan, Chor Rossiyasi va sovetlarga qarshi chiqa olmagan. Boshqa tomondan, ukrainlarga yaqin qarindoshlari bo‘lgan ruslarga qarshi chiqishning keragi ham bo‘lmagan.
1939 yildan munosabatlar o‘zgara boshlagan. O‘shanda Hitler Germaniyasi bilan ittifoqchilik shartnomasini imzolagan SSSR harbiylari fashistlar bilan birga Polsha, Chexoslovakiya kabi Sharqiy Yevropada joylashgan davlatlarga bostirib kiradi. Molotov – Ribbentrop paktiga ko‘ra yuqoridagi davlatlar hududining ma’lum bir qismi SSSR tarkibiga o‘tadi.
G‘arbiy Ukraina va Bandera
1939–40 yillarda SSSR G‘arbiy Ukrainaning bir qismini Chexoslovakiyadan, yana bir qismini Polsha, Ruminiya va Vengriyadan tortib olar ekan, eng avvalo o‘sha hududlarda tozalash ishlarini olib boradi. 1928–32 yillarda SSSRda amalga oshirilgan kollektivlashtirish ishlari G‘arbiy Ukrainada ham boshlanadi. Sovetlar eng avval boylarning mol-mulkini tortib oladi. So‘ng kolxozlar tashkil etilib, o‘rtahollardan chorvalarini davlatga topshirish talab qilinadi. Asrlar davomida Yevropa xalqlari bilan sotsialistlar «kapitalizm» deb atagan normal jamiyatda yashagan g‘arbdagi ukrainlarga sovetlarning bu siyosati to‘g‘ri kelmaydi.
Shundan so‘ng, g‘arbiy ukrainlar otryadlar tashkil etib, sovet hukumatiga qarshi partizanlik urushi boshlab yuboradi. Stepan Bandera ularga boshchilik qiladi. Partizanlarning maqsadi G‘arbiy Ukrainani sovetlar changalidan ozod qilish edi.
Stepan Bandera yoshligida. Illyustratsiya: Yandeks. Foto.
Rossiya propagandachilari Banderani fashistlar bilan hamkorlik qilganlikda ayblaydi va unga ergashgan ukrainlarni fashistlar deb ataydi. Ammo tarixni har doim g‘oliblar o‘zi xohlaganday yozishini unutmaslik kerak. Bandera va uning tarafdorlarini fashist bilan hamkorlikda ayblagan ruslar SSSRning o‘zi ham 1941 yil 22 iyungacha fashistlar Germaniyasi bilan ittifoqdosh bo‘lgani va 1939–40 yillarda Sharqiy Yevropani fashistlar bilan birgalikda bosib olgani haqida lom-mim deyishmaydi.
Shu o‘rinda birgina misol: 1939 yil hitlerchilar Germaniyasi va SSSR Polshani birgalikda bosib olgach, Buyuk Britaniya va Fransiya Germaniyaga qarshi urush e’lon qiladi. SSSR esa aynan shu vaqtda polyaklarga tegishli bo‘lgan va sovetlar tomonidan bosib olingan Brest qal’asida (hozirda Belarus tarkibida) fashistlar armiyasi bilan birgalikda harbiy parad o‘tkazadi.
Shu o‘rinda yana bir mulohaza. SSSR tarkibidan chiqish harakati eng birinchi Boltiqbo‘yi respublikalarida boshlangandi. SSSR ularni ham 1940 yilda bosib olgan. 1941–1945 yillar barcha urush bilan ovora bo‘ldi va SSSR Boltiqbo‘yi respublikalariga tom ma’noda 1945 yildan hukmronlik qila boshladi.
Latishlar, litvaliklar va estonlar sovet davlati tarkibida amalda 45 yil yashadi va bu davlatning g‘ayriinsoniy qonunlari, mafkurasini umuman qabul qila olishmadi. G‘arbiy Ukraina haqida ham shunday deyish mumkin. Bu o‘lka ham sovetlar qo‘l ostida shuncha yil yashadi.
SSSR 1939 yildan boshlab G‘arbiy Ukrainani tozalash vaqtida ko‘pchilikni o‘ldirgan, surgun qilgan. 1944 yil urush SSSR chegaralaridan chiqqanidan so‘ng, sovetlar G‘arbiy Ukrainada yana tozalash ishlari olib borishadi. Endi begunoh odamlar Bandera bilan hamkorlik qilganlikda ayblanadi. O‘shanda G‘arbiy Ukrainada ko‘plab oilalar jazolanadi. Bugun Ukrainada Rossiyani yomon ko‘rayotganlarning aksariyati o‘sha jabrdiydalarning avlodlari hisoblanadi.
Urushdan keyin G‘arbiy Ukrainada sovet tuzumi o‘rnatilgan bo‘lsa-da, u yerda yashovchi ukrainlarning ruslar va SSSRga qarshi nafrati so‘nmagan edi. Bundan tashqari, g‘arbiy ukrainaliklar ozodlik yo‘lida o‘zlariga boshchilik qilgan Stepan Banderani unutmagandi.
Shu sababli SSSR nima qilib bo‘lsa ham urushdan so‘ng G‘arbiy Germaniyada yashab qolgan Banderani yo‘q qilishga urinadi. U sovet josuslari tomonidan o‘ziga suiqasd uyushtirishlari mumkinligi uchun familiyasini o‘zgartirgan. Lekin KGB agenti Bogdan Stashinskiy 1959 yil 15 oktabr kuni Banderani Myunxenda o‘ldirib ketadi.
SSSRda Stepan Bandera barchaga fashistlar bilan hamkorlik qilgan deb o‘qitilgan. Ukraina mustaqil bo‘lgach, Bandera milliy qahramon deb e’lon qilindi, joylarga uning nomi berildi. Ana shu ishlar Ukrainada yashovchi aksariyat ruslarning g‘ashiga tega boshladi va jamiyatda qisman bo‘linish sodir bo‘ldi.
G‘arbiy Ukraina tarixi
G‘arbiy Ukraina tarixda uzoq yillar Avstriya–Vengriya imperiyasining bir qismi hisoblangan Vengriya qirolligi tarkibida bo‘lgan. Karpat tog‘lari ortida joylashgan bu hududga ukrainlar, Ukraina Rossiya imperiyasi tarkibida bo‘lgan paytda, krepostnoylik hukm surgan davrlarda ko‘chib o‘tgan. Rossiya imperiyasi askarlari qalin o‘rmon bilan qoplangan Karpat tog‘larini oshib bu hududga kira olmagan. Shu sabab ular ko‘p asrlar mobaynida Vengriya qirolligi tarkibida yashaydi. XX asr boshlarida bu o‘lkada asosan ukrainlar, ozroq mojarlar, yahudiylar va polyaklar istiqomat qilgan.
Birinchi jahon urushida Germaniya mag‘lub bo‘lgach, uning tarafida turib urishgan Avstriya-Vengriya imperiyasi parchalanib ketadi. Uning tarkibida bo‘lgan chexlar va slovaklar Chexoslovakiya davlatiga birlashadi. Vengriya, Serbiya va Ruminiya mustaqil davlatlarga aylanadi.
Urushdan keyin tashkil etilgan Millatlar Ligasi G‘arbiy Ukrainaning asosiy qismini Vengriya tarkibidan chiqarib, til jihatdan yaqin bo‘lgan Chexoslovakiya tarkibiga kiritadi. Shu tariqa, SSSR Sharqiy Yevropani bosib olguncha G‘arbiy Ukrainaning asosiy qismi «Podkarpat muxtor o‘lkasi» nomi bilan Chexoslovakiya tarkibida, yana bir qismi esa Polsha, Vengriya va Ruminiya qo‘l ostida edi.
Ikkinchi jahon urushidan oldingi vaziyat
Birinchi jahon urushi tufayli dunyoning eng yirik to‘rt imperiyasi: Germaniya, Avstriya-Vengriya, Rossiya va Usmoniylar davlati parchalanib ketadi. 1917 yilda Rossiyada davlat to‘ntarishi amalga oshiriladi va hokimiyat tepasiga bolsheviklar keladi. Ular Germaniya bilan sulh tuzib, urushdan chiqadi.
Shundan so‘ng, Rossiya imperiyasi tarkibida bo‘lgan turli hududlar o‘z mustaqilligini e’lon qila boshlaydi. Shu jumladan, Ukraina ham. Oradan biroz o‘tib Germaniyaning ittifoqchisi bo‘lgan Avstriya-Vengriya imperiyasi ham parchalanadi. Uning tarkibida bo‘lgan G‘arbiy Ukraina bilan Rossiya tarkibidagi Ukrainani birlashtirib, yaxlit davlat tuzish uchun harakatlar boshlanadi.
Ammo bolsheviklar bunga imkon bermaydi va tezda Sharqiy Ukraina hududida sovetlar hukumati o‘rnatiladi. G‘arbiy Ukraina esa Chexoslovakiya va Polsha tarkibida qoladi.
G‘arbiy Ukraina SSSR davrida
1939–40 yillarda SSSR Germaniya bilan birga Polsha, Vengriya, Ruminiya va Chexoslovakiyaga bostirib kirib, G‘arbiy Ukrainani egallab olar ekan, odamlarning qattiq qarshiligiga duch keladi. G‘arbiy Ukraina aholisi SSSRning boylarni yo‘qotish va kolxoz tuzib, hammani bir xil qilish yo‘lidagi ayovsiz siyosatini hazm qila olmay, sovetlarga jiddiy qarshilik ko‘rsatadi.
SSSR esa urushdan avval va asosan urushdan keyin zo‘rlik bilan bu yerda yashaydigan aholining katta qismini qatag‘on qilib, G‘arbiy Ukrainada sovet hukumatini o‘rnatadi.
G‘arbiy Ukraina aholisi o‘sha paytda bu yerda amalga oshirilgan qirg‘inlar va zo‘ravonliklarga ko‘z yumib keta olmadi. Sovetlar davrida G‘arbiy Ukrainadan chiqqan ukrain SSSRning qay burchagida yashamasin, qayerda ishlamasin, ruslarga bo‘lgan nafratini yashirmagan.
Taniqli yozuvchi Tohir Malik o‘zining «Po‘rtanali ummonda suzar hayot qayig‘i» asarida armiyada xizmat qilgan davrida G‘arbiy Ukrainadan kelgan yigitlar rus yigitlariga nisbatan bo‘lgan nafratini yashirmaganini yozadi.
«SSSR Germaniyaga ittifoqdosh o‘laroq G‘arbiy Ukrainaning bir qismini Chexoslovakiyadan, yana bir qismini Polshadan bosib olish yo‘li bilan tortib olib, u yerda kommunistik rejim o‘rnata boshlaganda, o‘ziga qattiq qarshilik ko‘rsatgan, o‘z yurtini sovetlardan himoya qilgan g‘arbiy ukrainalik qasoskor Bandera bilan birga uning izdoshlarini urushdan oldin va urushdan keyin go‘yo batamom qirib bitirgan edi. To‘g‘ri, Bandera va uning minglab izdoshlari qamalgan, otilgan, lekin uning g‘oyasi tirik edi. Men buni harbiy xizmatdaligimda sezganman. Tarix darslarida 1939 yilda SSSRning G‘arbiy Ukraina va G‘arbiy Belarusga harbiy yurishlari shu xalqlarning iltimosiga ko‘ra amalga oshirilgan deb o‘qitilardi. Ukrain xalqining ozodlik yo‘lidagi yo‘lboshchisi Banderani esa xoin deb o‘qitishgan.
Harbiy xizmatdaligimda karpatlik (g‘arbiy ukrainalik) yigitlar bilan do‘stlashdim. Ularning fe’li, milliy g‘ururi kavkazlik yigitlarnikiday edi. Ular harbiy qismda Sharqiy Ukrainaning turli shaharlaridan bo‘lgan ukrainlarni yoki rus bilan aralashgan ukrainlarni o‘zlariga millatdosh hisoblamas edilar. Ular ruslar bilan ochiq ziddiyatga bormasalar ham, «istilochi» deb ulardan nafratlanar va bu nafratlarini ko‘pincha bekitmay oshkora ifodalar edilar. Ularning dovyurakligi va keskinligi tufayli ruslar ulardan hayiqibroq yurishar edi», deb yozgan Tohir Malik o‘z asarida.
Shuningdek, yozuvchi keyinchalik Ukrainaga borganida G‘arbiy Ukrainadan chiqqan ukrainlarning ruslarga nisbatan bo‘lgan nafratlariga duch kelganini yozgan.
«1971 yilda charm to‘p musobaqasi bahonasida bekobodlik yosh futbolchilar bilan birga Donetsk shahriga borgan edim. Musobaqaning tantanali ochilish marosimidan keyin Donetskning «Shaxtyor» jamoasi va Moskvaning «Spartak» jamoasi o‘ynadi. Stadion tomoshabinlarga liq to‘la. Bir tarafda tomoshabinlar «Davi xoxlov!» (xoxollarni yanchib tashla) deb qichqirsa, ikkinchi tarafda boshqa bir guruh «Davi katsapov!» (katsaplarni yanchib tashla) deb baralla qichqirar edi. Har ikki hayqiriqda millatchilik ufurib turgan bo‘lsa-da, ularga hech kim indamaydi. U paytlarda stadionda mushtlashib ketish holatlari umuman uchramas edi. Agar bu baqiriqlar hozir yangrasa, katta janjal boshlanishi aniq.
Men nima uchun ruslarni «katsap», ukrainlarni «xoxol» deb atashlarini bilmasdim. Lekin taxmin qilib bu so‘zlarda kamsitish borligini sezar edim. Uyga qaytgach, bu so‘zlarning ma’nosi bilan qiziqdim. Sezgim aldamagan ekan. Qadimda Ukrainada yashovchilar «maloros» (kichik Rossiya) deb atalgan, Rossiyadagilar esa «velikoros» (buyuk Rossiya) deb atalgan. Ukrainada Donetsk va Lugansk oblastlari o‘zini mustaqil deb e’lon qilgach, Rossiya matbuotida «Malorossiya» atamasi yana qo‘llana boshlandi.
Velikoroslar istilochi sifatida azaldan doim maloroslarga zulm o‘tkazib kelishgan. «Katsap» atamasi o‘sha zamonlarda tarqalgan. So‘zma-so‘z tarjima qilganda, lug‘aviy ma’nosi «moskvalik harbiy odam» degani, ammo ukrain xalqi bu so‘zni «laycha» ma’nosida qo‘llagan. «Xoxol» atamasida kamsitish kamroq. Bu so‘zning ma’nosi Zaparoje kazaklarining kokil qo‘yib yurishidan kelib chiqqan. «Xoxol» so‘zi o‘sha kokilga ishora sifatida qo‘llangan. «Katsap», «xoxol» so‘zlari qanday ma’no anglatsa ham baribir kamsitish ma’nolarida qo‘llangan. Shu uchun ham o‘shanda stadionda har ikki taraf muxlislari bu so‘zlarni bir-birlariga qarshi ishlatishar edi», deb yozadi adib.
Shu tariqa, sovetlar tomonidan G‘arbiy Ukrainada 1939–40 yillarda va urushdan keyin uyushtirilgan qatag‘onlar bu yerda yashovchilar qalbida chuqur og‘riq qoldiradi va u hanuz saqlanib qolmoqda.
SSSR tarqab ketgandan so‘ng Rossiya – Ukraina munosabatlari
SSSR tarqab ketgach, Rossiya ayrim sobiq sovet respublikalarida qolgan yadro qurollarini qaytarib olish uchun harakat boshladi. Yadro qurollarining ancha qismi Ukrainada edi. Ukraina avvaliga o‘z xavfsizligini ta’minlash uchun ularni Rossiyaga qaytarib bermaydi. Bunda Ukraina rasmiylari Rossiyaning talabini rad etmaydi, shunchaki bu masalani ko‘rib chiqishni ortga suraverishadi.
Ukrainada o‘sha paytlardayoq Rossiya kelajakda hududiy mojarolar keltirib chiqarishi mumkinligini anglashardi. Shu sababli ularga kafolat kerak edi. Tabiiyki, Rossiyaning kafolatiga boshdanoq ishonishmagani sabab ukrainaliklarga xalqaro kafolat kerak edi.
1994 yil 5 dekabr kuni Vengriya poytaxti Budapesht shahrida AQSH prezidenti Bill Klinton, Buyuk Britaniya bosh vaziri Jon Meyjor, Rossiya prezidenti Boris Yelsin va Ukraina prezidenti Leonid Kuchma ishtirokida xalqaro memorandum imzolanadi. Memorandumda Ukraina sobiq ittifoqdan qolgan yadro qurollarini Rossiyaga qaytarishi evaziga Rossiya hech qachon Ukraina hududiy yaxlitligiga daxl qilmasligi belgilangan.
Shundan so‘ng, Ukrainadagi barcha yadro qurollari Rossiyaga olib chiqib ketiladi. 2014 yilda Rossiya Qrimni egallab olib, Ukraina sharqidagi rus ayirmachilariga harbiy yordam ko‘rsatishi ortidan aksariyat ekspertlar Putin 1994 yilgi kelishuv shartlarini buzganini aytib chiqishdi. Boshqalar esa o‘shanda Ukraina o‘z hududidagi yadro qurollarini Rossiyaga topshirishi o‘z xavfsizligini zaiflashtirganini ta’kidlaydi. Ammo Rossiya bu ayblovlarni rad etadi.
Rossiya – Ukraina mojarolari
SSSR tarqalishi arafasida Ukrainaning iqtisodiy holati, yalpi ichki mahsulot hajmi Sharqiy Yevropadagi qo‘shnilari Polsha, Vengriya, Ruminiya kabi davlatlarnikidan oshiq edi. Oradan o‘tgan 30 yilda Ukraina iqtisodiyoti Rossiyaga bog‘lanib qolib, faqat ortga ketdi. Shuningdek, iqtisodiy ko‘rsatkichlar pasayishi ortidan aholi soni ham sezilarli kamaydi.
Sharqiy Yevropa davlatlari esa Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlar bilan o‘zaro hamkorlikni kengaytirish ortidan rivojlanib ketdi. Ana shunday holatda oddiy ukrainaliklar Yevropa Ittifoqi bilan vizasiz aloqalar o‘rnatilishini xohlardi. Yevropa Ittifoqi esa qisman Rossiya ta’siri ostida bo‘lgan Ukrainaga bunday imkoniyatni bermay kelayotgandi.
Nihoyat, 2013 yilga kelib Viktor Yanukovich prezidentligi davrida Yevropa Ittifoqi bilan o‘zaro integratsiya bitimini imzolash imkoniyati paydo bo‘ldi. Bitimga ko‘ra, ukrainaliklarga Yevropa Ittifoqi mamlakatlariga vizasiz kira olish imkoniyati ham taqdim etilishi ko‘zda tutilgandi.
Foto: Sefa Karacan/Anadolu Agency/Getty Images
2013 yil 28 noyabr kuni Viktor Yanukovich Vilnyus sammitida Yevropa Ittifoqining Sharqiy hamkorlik doirasida Ukraina bilan integratsiya haqidagi kelishuvini imzolamaydi. Uning bu ishi o‘shanda barchani hayron qoldiradi, axir Yanukovich Vilnyusga aynan shu kelishuvni imzolash uchungina borgandi. O‘shanda unga kelishuvni imzolashni Putin taqiqlagani haqida gaplar ham tarqaldi.
Shundan so‘ng, Yevropa Ittifoqiga vizasiz kirishni orzu qilib turgan ukrainaliklarning umidi puchga chiqib, Yanukovich Ukrainaga qaytmasidanoq Kiyevda namoyishlar boshlanib ketadi. Tarixda «Maydan» nomi bilan atalgan mazkur namoyishlar Yanukovichning qochishi, Rossiya tomonidan Qrim egallab olinishi va Ukraina sharqidagi ruslarning ayirmachilik harakatlari boshlanishiga sabab bo‘ldi.
O‘sha voqealardan buyon oradan 8 yil vaqt o‘tdi va Rossiya hamda Ukraina o‘rtasidagi munosabatlar hanuz keskinligicha qolyapti. 2014 yilda paydo bo‘lgan Lugansk xalq respublikasi va Donetsk xalq respublikasi aholisiga Rossiya pasporti berilmoqda. Bundan tashqari, Rossiya har ikki tan olinmagan respublikaga moliyaviy va harbiy yordam ko‘rsatib, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlaydi.
Yanukovich qochib ketganidan so‘ng Ukrainada Petr Poroshenko bir muddat prezidentlik qildi. 2019 yil 20 mayda kutilmaganda komik aktyor Vladimir Zelenskiy Ukraina prezidentiga aylandi. Rossiya bilan munosabatlar aynan Zelenskiy davrida keskinlashdi. Bugun Ukraina chegarasi bo‘ylab Rossiya armiyasining 100 ming askari joylashtirilgani aytilmoqda. NATO va G‘arb davlatlari Ukrainaga harbiy yordam yuborishni boshlab yuborgan. Bir so‘z bilan aytganda, ikki mamlakat o‘rtasida urush xavfi tobora oshib boryapti...
G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
NATO bosh kotibi Ukrainaning frontdagi ahvoli yomonlashganini tan oldi
Har qanday katta yoshdagi kishi yetuk emas
Erdo‘g‘on Turkiya Isroil bilan aloqalarini uzganini ma’lum qildi
Shavkat Mirziyoyev: “Falastinlik bolalar va ayollarni beg‘araz davolashga tayyormiz”
Raqobat qo‘mitasi birjada Ai-80 benzini boshlang‘ich narxiga cheklov o‘rnatdi
Blinken Isroildan uchta muammoni hal etishni talab qildi
Borrel YEIning Isroil bilan muloqotini to‘xtatishni taklif qildi
Google'ning Gemini chatboti foydalanuvchiga o‘lim tiladi