
Foto: Freepik
Ideal vazn va qomatga intiladigan ayollar oʻz maqsadiga etishish uchun ba'zan radikal metodga oʻtishga qaror qiladi va jiddiy parhez turlarini sinab koʻradi. Biroq bir haftada 3 kilogramm yoʻqotish haqidagi tavsiyalarga amal qilish sogʻliq uchun jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkin.
1. Immunitetning pasayishi va holsizlik
Oqsillar tanamizning asosiy qurilish materialidir. Ular hujayralar oʻsishi va tiklanishi, fermentlar va gormonlarning ishlashi, mushak massasi va immunitetni me'yorda ushlash uchun javobgardir. Ratsiondan oqsillarni chiqarib tashlash temir tanqisligi, kamqonlik, zaif immunitet va turli shishlar paydo boʻlishiga olib keladi.
Yoki aksincha, ortiqcha oqsil buyrakda tosh hosil boʻlishiga, suyak toʻqimalarining zaiflashishiga sabab boʻladi. Demak, har qanday parhezda me'yor muhim.
2. Gormonlar va reproduktiv tizim bilan bogʻliq muammolar
Foydali yogʻlar bosh miya faoliyati, asab tizimi hamda barcha gormonlarni tartibga solish uchun zarurdir. Ular A, D, E va K vitaminlarini oʻzlashtirishga yordam beradi, metabolizmni va reproduktiv salomatlikni qoʻllab-quvvatlaydi. Ratsiondan foydali yogʻlarni olib tashlash ayollarda hayz davri bilan bogʻliq muammolarni, vitaminlar etishmasligini va asabiylikni keltirib chiqaradi.
3. Asab tizimining toliqishi
Uglevodlarni cheklash eng mashhur parhez amaliyotlaridan biri, ammo ayni paytda eng zararli ham hisoblanadi. Uglevodlar miya uchun asosiy energiya manbai hisoblanadi. Ularning etishmasligi organizmda quvvatning yoʻqolishiga, xotiraning buzilishiga, diqqatning pasayishiga va hatto depressiv holatlarga olib keladi.
4. Qisqa muddatli natijalar — uzoq muddatli muammolar

Foto: Freepik
Har qanday parhez kaloriya tanqisligi orqali ozishga olib keladi. Parhezni tugatgach, inson avvalgi ovqatlanish tartibiga qaytishi bilanoq, uning vazni ham yana eski holatga keladi. Tana vaznidagi bunday keskin oʻzgarishlarning doimiy davom etishi metabolizm, yurak va jigar faoliyatiga salbiy ta'sir koʻrsatadi.
5. Yurak-qon tomir kasalliklari xavfining ortishi
Keto parhezi kabi yuqori diyetalar toʻyingan yogʻlar iste'molining keskin ortishini anglatadi. Bu esa xolesterin darajasining oshishiga olib keladi. Natijada ateroskleroz va yurak-qon tomir kasalliklari rivojlanish xavfi ortadi.
Keto yoki ketogenik diyetasi — bu yuqori yogʻli, past uglevodli va oʻrtacha miqdorda oqsilli parhez turidir. Uning asosiy maqsadi, organizmni “ketoz” holatiga oʻtkazishdir. Ketoz — bu tananing uglevodlar oʻrniga yogʻlardan energiya manbai sifatida ishlatish holatidir.
6. Surunkali xastaliklarning kuchayishi

Foto: Freepik
Ortiqcha vazndan xalos boʻlishning eng mashhur, ammo oʻta xavfli usullaridan biri bu sharbatli detoksdir. Bir haftada 5 kilogrammga ozishni va'da beradigan bunday sharbatlar albatta koʻpchilikning e'tiborini tortadi va hatto natija ham koʻrsatadi. Biroq bunday parhez gastrit, oshqozon yarasi, pankreatit va yurak-qon tomir kasalliklarining kuchayishiga olib keladi.
7. Suyak moʻrtlashishi
Ratsiondagi yogʻlar va oqsillarni cheklash suyak salomatligiga jiddiy zarar etkazadi, chunki oqsillar suyak toʻqimasining asosiy qismini tashkil qiladi. Ularning mustahkamligi uchun foydali yogʻlar hamda D va K kabi yogʻda eriydigan vitaminlarni javob beradi. Tana ushbu muhim elementlarni etarli darajada qabul qilmaganda, u suyak toʻqimasidan kaltsiy va fosforni ola boshlaydi. Bu esa suyaklarning zaiflashishiga va hatto osteoporozga olib keladi.
8. Kuchli stress
Qat'iy cheklovlarga toʻla har qanday parhez stressga olib kelishi muqarrar. Parhez tutayotgan tana kaloriya va ozuqa moddalarining etishmasligini organizm faoliyatiga tahdid sifatida qabul qiladi va bu haqda bosh miyaga signal berishni boshlaydi. Natijada odam tushkunlikka tushib qoladi.
9. Quruq teri, sinuvchan sochlar va tirnoqlar

Foto: Freepik
Tana ovqat orqali etarli vitamin va minerallarni olmaganida, bu tashqi koʻrinishimizda aks etadi. Teri oqaradi va quruqlashadi, sochlar moʻrt va sinuvchan boʻlib qoladi, tirnoqlar holati ham yomonlashadi.
10. Ovqat hazm qilish tizimida buzilishlar
Keto parhezi va boshqa kam uglevodli diyetalar oʻsimlik tolasiga boy mahsulotlarni cheklashga chaqiradi. Bunday usullar qabziyat, qorin dam boʻlishi kabi turli noqulayliklarni tugʻdiradi. Oʻsimlik tolasi ichaklar salomatligi uchun zarurdir va ularning tanqisligi ichak mikroflorasiga shikast etkazadi.
Xulosa qilib aytganda, har qanday parhezga amal qilishda me'yorga amal qilish turli xil nojoʻya ta'sirlarning oldini oladi. Masalan, Garvard olimlari kosadagi bir portsiya taomni quyidagicha taqsimlashni tavsiya qiladi: uning tarkibida 50% sabzavotlar, 25% oqsillar, 25% murakkab uglevodlar boʻlishi lozim. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar