
Ilm-fan ushbu fakt haqiqat ekanligini qayta va qayta tasdiqlab kelmoqda: jismoniy faollik nafaqat tananing sogʻlom va mustahkam boʻlishi, balki bosh miya uchun ham zarurdir.

Foto: Getty Images
Missuri universitetining 81 yoshli professori Frenk Butni oʻzining 27 yoshli hamkasbi Nataniel Kerr bilan birgalikda tadqiqot olib bordi. Unda kamharakat hayot tarzining miyaga ta'sirini oʻrganildi. Ularning tajribasiga koʻra, atigi oʻn kunlik jismoniy harakatsizlik insulinga rezistentlikni keltirib chiqarish va miyaning xotira va idrok uchun mas'ul gipokampda kislorodning aktiv turlarini ishlab chiqarishni koʻpaytirish uchun etarlidir.
Insulinga rezistentlik — bu organizm hujayralarining insulin gormoniga sezgirligining pasayishi bilan bogʻliq holatdir. Insulin qondagi qand miqdorini nazorat qiluvchi asosiy gormon boʻlib, u glyukozani (qandni) qon oqimidan hujayralarga energiya sifatida foydalanish uchun etkazib beradi.
10 kunlik harakatsiz hayot Alsgeymer kasalligiga sabab boʻladigan oqsillarning koʻpayishini ham koʻrsatdi, bu esa tadqiqot bugungi davr insoniyati uchun qanchalik muhim va dolzarb ekanligini namoyon qiladi.

Foto: Alamy
Shunday qilib, mushaklarning harakatsizligi neyrodegenerativ kasalliklarning rivojlanishiga olib kelishi mumkin boʻlgan mexanizmlarga bevosita ta'sir qilishi isbotlandi.
Frenk Butning soʻzlariga koʻra, oʻtgan asrning oʻrtalaridan boshlab oʻrtacha umr koʻrish 60 yoshdan 70 yoshgacha oshgan, ammo 2-toifa qand kasalligi bilan kasallanganlar soni bir necha barobar oshgan. Bu “oʻrtacha umr koʻrish davomiyligi” va “salomat yashagan yillar davomiyligi” (jiddiy kasalliksiz oʻtkazadigan vaqt) oʻrtasida katta tafovut borligini anglatadi.
Professor hozirda jismonan faol boʻlmaslik miyaga yana qanday ta'sir qilishiga oid dalillar izlamoqda. Ushbu tadqiqot esa insoniyat uzoq yil yashashga va keksalikda faol hayot kechirishga chaqirishni maqsad qilgan. Asosiy qadam shunchaki harakatni boshlashdir.
Bundan tashqari, olimlar Alsgeymer kasalligi kabi neyrodegenerativ xastaliklarning dastlabki belgilari tashxis qoʻyilishdan oʻnlab yillar avval paydo boʻlishi mumkinligini tasdiqlashdi. Shu sababli, 40-50 yoshda shakllangan odatlar keksalikda kognitiv funktsiyani saqlab qolishda asosiy rol oʻynaydi.

Foto: Getty Images
Frenk But va uning jamoasi mazkur tadqiqot natijalari insonlarni yanada jismonan faol boʻlishiga turtki berishiga umid qiladi.
Manba: Daryo.uz “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar