Karim Benzema rasman "Al Hilol" futbolchisi: u uchun yangi sahifa ochildi

Saudiya futbolida yana bir katta yangilik: «Al Hilol» Karim Benzema transferini rasman e’lon qildi. Bungacha ham bu kelishuv haqida turli xabarlar tarqalgan edi, ammo endilikda barchasi rasmiy tus oldi — fransiyalik yulduz Riyod klubi bilan 2027-yil yozigacha mo‘ljallangan shartnomaga qo‘l qo‘ydi.
Bu transferning “ta’mi” yanada qiziq: chunki avvalroq 38 yoshli hujumchi «Al Ittihod» taklif etgan shartnoma shartlaridan ko‘ngli to‘lmay, jiddaliklar safida maydonga tushishdan bosh tortgani haqida ma’lumotlar chiqqandi. Ya’ni, Benzema vaziyatni o‘ziga ma’qul yo‘l bilan hal qildi — klub almashdi, ammo ligada qoldi.
Hozirgi raqamlarga qarasak, Karimning formasi hali ham yomon emas. U joriy mavsum Saudiya Proligasida 14 ta o‘yinda 8 ta gol urgan. Bu — katta futboldan kelgan yulduz uchun “faqat nom” bilan yuribdi, degan gaplarni rad qiladigan ko‘rsatkich. Endi esa u bu statistikani chempionat peshqadami safida davom ettiradi.
Chunki «Al Hilol» ayni paytda 47 ochko bilan birinchi o‘rinda turibdi. Demak, Benzema tayyor jamoaga, shakllangan tizimga va oltin medallar uchun qattiq kurashayotgan kollektivga kelyapti. Bunday vaziyatda undan kutilgani bitta: hujumda hal qiluvchi vaziyatlarda o‘z so‘zini aytish, katta o‘yinlarda tajribasini ko‘rsatish va gollari bilan jamoani yanada oldinga tortish.
Benzemaning futbolchilik biografiyasi ham alohida tarix. «Oltin to‘p» sohibi hisoblangan hujumchi «Lion» tarbiyalanuvchisi sifatida katta sahnaga chiqqan. Keyin esa faoliyatining eng katta qismini «Real»da o‘tkazib, Yevropa futbolida eng yuqori darajada o‘z nomini mustahkamlab qo‘ygan. Endi shu katta tajriba va xarakter Riyodda yana bir yangi missiyaga aylanyapti.
Eng qiziq savol esa shu: Benzema «Al Hilol»da kim bilan qanday “kimyo” topadi? Chunki peshqadam jamoada ham raqobat qattiq bo‘ladi — har bir pozitsiya, har bir daqiqa uchun kurash bor. Lekin Karim aynan shunday bosimni yaxshi ko‘radi: u katta sahnada, katta maqsadlar uchun o‘ynaganda yanada ochiladi.
Qisqasi, Saudiya ligasi muxlislari uchun oldinda yanada qiziqarli o‘yinlar turibdi. Benzema «Al Hilol»ga kelishi bilan chempionlik poygasi yanada qiziydi — endi har bir tur “serial”ga aylanishi mumkin.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!