14:10 / 16.05.2017
16 921

Issiqqina nonni eyishga shoshilmang, ie, qaymoqqa botirmay turing!

Issiqqina nonni eyishga shoshilmang, ie, qaymoqqa botirmay turing!
Nima emish, issiqqina nonni uzilgan zahoti eyish zararli emish. Bo‘lmagan gap, deysizmi? Men ham shunday deb o‘ylardim. Qanday qilib tandirdan endigina uzilgan issiqqina, bo‘rsildoqqina nonlar ishtahangizni ochib, “Meni e” deb tursa-yu, bu yoqda sen uning zarari haqida o‘ylab, “Esammi-emasammi” deb asabiylashib o‘tirsang, insofdanmi? Ayniqsa, issiq nonning yonida bir piyola qaymoq o‘zini ko‘z-ko‘zlab turganda… Ammo… Bir kattaning, bir kichikning gapiga quloq sol, deganlaridek, “Qani, nimasi zarar ekan?” degan maqsadda bu haqdagi ma’lumotlarni bir varaqlab ko‘rishga ahd qildim. Yo tavba… Nima ekan, deysizmi? Siz ham bir o‘qib ko‘ring-a, balki shunda issiq nonning oldida menga o‘xshab nafsingizni tiyishni biroz o‘rganarsiz.

Non: Foydalimi? Zararlimi?
Hech qachon me’daga tegmaydigan taom nondir, u hamma ovqatlarga qo‘shib ham, alohida ham iste’mol qilinadi. Bug‘doy insonning fikrlashiga ijobiy ta’sir etadigan asosiy ozuqalardan hisoblanadi. O‘tmishda ulug‘lar go‘sht-yog‘dan o‘zlarini tiygan bo‘lsalar ham, nondan yuz o‘girmaganlar. Ammo gap uni qanday eyishda.

Xo‘sh, nonni qanday eyish kerak?
Tabobat doim nonni suvi qochgan, hatto qotgan holatda iste’mol etishni targ‘ib qilib keldi. Nima uchun? Chunki suvi qochgan, qotgan non yoki non talqoni oshqozon-ichak yo‘llarini yallig‘lanishdan saqlaydi, ularni tozalaydi va hazm a’zolaridagi shilliq ajratuvchi bezlarga ijobiy ta’sir o‘tkazadi. Qattiq yoki suvi qochgan nonda, ayniqsa, non talqonida xamirturush achitmalari qolmaydi. Aksincha, yumshoq nonda, ayniqsa, issiq nonda xamirturush achitmasi kuchli bo‘lib, u oshqozon-hazm yo‘llaridagi shilliq bezlariga o‘ta salbiy ta’sir qiladi, turli kasalliklarni keltirib chiqaradi, ichaklar yallig‘lanishiga olib keladi.

Bundan, ba’zi xorijiy jurnallarda yozilayotganidek, xamirturush zararli, degan xulosa chiqmaydi. Xamirturush solinmasa, xamir oshmaydi, etilib chiqmaydi. U nonning asosidir. Nonga nonlik ko‘rinishini beradi, uzoq turadigan qiladi, rang, maza-matra kirgizadi va ovqatlarning hazm bo‘lishida faol qatnashadi, odamning ortiqcha ozib ketishiga yo‘l qo‘ymaydi, qonni ko‘paytiradi va tozalaydi. Xamirturushli nonning yana bir qancha ijobiy tomonlari bor-ki, ular boshqa ne’matlarda yo‘q. U faqat, yuqorida aytganimizdek, issiq nondagina zararli bo‘ladi.

Xullas, shunaqa gaplar! Labbay?! Sovigan nonda maza bo‘larkanmi, deysizmi? Bunisi endi sizning qanaqa ishtaha bilan eyishingizga bog‘liq. Nachora, sog‘liq hamma narsadan ustun. Hatto issiqqina, bo‘rsildoqqina nondan ham. Xo‘sh, fikrimga qo‘shilasizmi? Qarang. issiq nonning zarari haqida gaplashib, dasturxondagi nonim ham sovib qolibdi. Endi, esam ham bo‘lar. Sizga ham yoqimli tongda yoqimli ishtaha!

Abdulaziz SAIDNURIDDIN o‘g‘li

Manba: hordiq.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Issiqqina nonni eyishga shoshilmang, ie, qaymoqqa botirmay turing!