16:06 / 18.06.2017
7 484

Taqdirni o‘zgartirgan taklif

Taqdirni o‘zgartirgan taklif
Ishdan ta’tilga chiqib, qishloqqa yo‘l oldim. Tug‘ilib o‘sgan yurtimga kelmaganimga ham ancha bo‘lgandi. Biroz dam olib, yo‘lning charchog‘i chiqqach, yangam bilan u yoq-bu yoqdan gurunglasha boshladik. Negadir ko‘nglimda hadik bilan yangamning og‘zini poylardim. «Bu… Arofat deganingiz juda bo‘lmag‘ur chiqdi-da», deb qolarmikan?» degan xavotir bor edi ko‘nglimda. Dunyoda o‘zing yaxshi bilmaydigan odamga kafolat berishdan ham qiyini yo‘q ekan. Shu besh-olti oy xayolimning bir chetida doim Arofat turdi. «Ishqilib, uni shayton adashtirmasin», deya tilak tilamagan kunim bo‘lmadi. Yangam nuqul menga u qadar qiziq bo‘lmagan yangiliklar haqida gapirardi. Axiyri sabrim chidamadi:
— Yanga, Arofat tinchmi? — deb so‘radim.
— Qaysi Arofat? — dedi yangam.
— Arofat-da, Sultonxon opaning kelini…
— Ha, umi? Yuribdi…
* * *
Darsim juda ko‘p edi o‘sha kuni. Sakkiz soat tik oyoqda turib javrashning o‘zi bo‘lmaydi.
Uyga kelib, echingani ham holim bo‘lmay, divanga yastanib, mudrayotgan edim, eshik qo‘ng‘irog‘i jiringladi. Ochsam, Arofat bilan uyimizga bir-ikki marta kelgan talaba qiz Shirinoy ekan. Yonida men tengi bir ayol ham bor. Uyga taklif qildim.
— Arofatning hamqishlog‘i ekansiz, — deya gap boshladi o‘zini institut xotin-qizlar kengashi raisi deb tanishtirgan ayol.
— Ha, shunday-shunday, — dedim hech nimaga tushunmay.
— Shu… Otasiga qo‘ng‘iroq qilib chaqirtirmoqchi bo‘ldik. Keyin Shirinoy qizimiz sizni aytib qoldi, pedagog, dedi. Shuning uchun siz bilan maslahatlashgani keldik.
— Tinchlikmi? Arofatga nima bo‘ldi?
Ayol biroz qizishib gapirib bergan voqeadan bildimki, Arofat noqulay ahvolda qolibdi.
Yotoqxonaning kirxonasidan avval ham qizlarning kiyimi yo‘qolar ekan. Kimningdir yuvib qo‘ygan koftasi g‘oyib bo‘lsa, boshqa birovning sharfi. Axiyri toqati toq bo‘lgan qizlar o‘g‘rini poylashibdi. Bir kuni Arofatni o‘g‘rilik ustida ushlab olishibdi. Xonasiga kirib, sumka va jomadonlarini titkilashsa, o‘g‘irlangan buyumlar chiqibdi.
— O‘zi salga asabiylashib, lovullab ketadigan qiz. Hozir yotog‘ida qizlar poylab o‘tiribdi. Kechasi o‘zini derazadan tashlayotganida, o‘rtoqlari zo‘rg‘a ushlab qolishibdi. Boshimiz qotib qoldi. Otasini chaqirtirib, uyiga jo‘natib yuboramiz, degandim. Shirinoy aytdi. O‘gay onaning qo‘lida qiynalib katta bo‘lgan ekan. Ikki yil o‘qishga kirolmay, uchinchi yili kirgan, dedi. Odamning ichi achiydi. Ammo bu ahvolda uni ushlab turib bo‘lmaydi…
Ayolning gapidan boshim qotdi. Unga nima deyishni bilmasdim. Arofatning otasi qizini o‘qishga olib kelganida meni qora tortib kelib: «Onasi… Ikkinchi ayolim yomon emas, uyim-joyim deydigan xotin. Shu… Arofat uni qabul qila olmadi… Ikkovi hech chiqisholmaydi. Yo‘lini topib ketar, deb o‘qishga olib keldim. Avvalgi yillari kirolmadi. Siznikida turib tursa. Keyin o‘qishga kirsayam, ko‘z-quloq bo‘lib tursangiz», degandi. «Uyimda qancha qizlar turib, o‘qib, bitirib ketishgan. Arofat ham shularning biri-da», degan xayolda rozi bo‘lgandim. Ammo bu qiz jizzaki, sirkasi suv ko‘tarmaydiganlardan ekan. Etim o‘sgani, ikki yil o‘qishga kirolmagani uchun boshqalar aybdorday edi go‘yo. Bolalarimga ham Arofat uncha yoqmadi. O‘qishga kirgach, yotoqxonaga joylashdi. Mana endi uni «o‘g‘ri» deb kelib turishibdi…
Nima qilishni bilmay, mendan maslahat so‘rab kelgan ustoziga: «O‘zi shunaqaroq qiz, uyiga jo‘natib yuboravering», deyish oson. Ammo keyin u nima qiladi? Qanday yashaydi?
— Hozir birga olib kelavermabsizlar-da, — dedim jo‘yaliroq gap topolmay.
— Uyingizga olib kelsak bo‘ladimi? Qizlar juda qiynalib ketdi, — dedi raisa ayol.
— Sayyora opa, Arofat o‘zi unaqa yomon qiz emas. Kimning narsasini olgan bo‘lsayam, o‘shalar uning g‘ashini keltirgani uchun shunday qilgan. «Kampirsho» deyishadimi-ey, bizdan katta-ku, shunga. Keyin yig‘di-yig‘dilarga qiynaladi, «qurumsoq», deyishadi…
Shirinning shu tarzdagi gaplaridan so‘ng nima bo‘lsayam, Arofatni uyga olib kelmoqchi bo‘ldim.
— Shirinoy, siz uning o‘rtog‘isiz. Hozir men yoniga borsam, bu voqeadan xabardorligim sezilib qoladi. O‘zingiz olib kelasizmi?
— Qo‘rqaman, Sayyora opa, yo‘lda o‘zini bir narsa qilib qo‘ysa-chi?
— Siz «Sayyora opani ko‘chada ko‘rgandim, kelinglar, deb rosa tayinladi», deng.
Xullas, ular bilan maslahatni bir joyga qo‘yib, Arofatni uyimga ko‘chirib olib keldim. Ammo u: «O‘qishga bormayman», deb turib oldi.
* * *
Ba’zan o‘z bolangning tashvishi o‘zingga ortiqchalik qiladi. Shunday kezlarda ko‘chaga chiqib ketgim keladi. Endi bu tashvishlarga Arofat ham qo‘shildi. U institutga borishga bordi-yu, lekin «Ichimdagini top» bo‘lib qolgandi. Ko‘pincha nonushta qilmay, institutga ketib qolardi.
— Oyi, u ba’zan bir piyola qatiq ichib, uzzukun och yuradi. «Sizlarning ovqatlaringga sherik bo‘lyapman, tekin tomoq, deb yomon ko‘rasizlar», deydi, — derdi bolalarim sababini so‘raganimda.
— Voy, odamning qorni bir burda non, yarim piyola suvga ham to‘yadi. Hech qachon unaqa emas, demadinglarmi?! — urishardim bolalarimni.
— E, o‘zi uningiz g‘alati.
Bolalarimning bunday gaplaridan boshim garang bo‘lib yurgan paytlari bir kuni ko‘chada Firdavsni ko‘rib qoldim.
Xayolimga bir fikr keldi.
— Firdavs, o‘g‘lim, yur, anavi kafeda bir piyola choy ichaylik, — dedim uni yo‘l chetidagi emakxonalardan biriga boshlab.
Firdavs hamqishlog‘imizning o‘g‘li. Huquqshunoslik fakultetini bitiryapti. Yana qayerdadir ishlaydi. Yaxshi oilaning farzandi. Choy ichish bahonasida unga Arofat haqida gapirib berdim.
— Odamlar etimlar uchun imorat qurib, ularga to‘ylar qilib berishadi. Bu juda katta savob. Ammo bir etim qiz taqdiriga yorug‘lik olib kirish, uni o‘z kuchiga ishontirish, hayotga bog‘lash ikki hissa savob bo‘lsa kerak. Firdavsjon, shu qiz bilan do‘stlashsang, — dedim so‘ng gapimni yakunlab.
— Do‘stlik degani ham ilohiy bir tuyg‘u. Sayyora opa, non-tuzingizni eganman, «yo‘q» desam, g‘alati bo‘ladi. Lekin u qiz menga yoqmasa-chi?
— Avvalo, yoqsin. Agar yoqmasa ham, unga do‘stona munosabatda bo‘lsang, o‘zingga yaqin olsang, qalbida bir iliqlik paydo bo‘larmidi?
O‘zim ham bu taklifimning g‘ayrioddiyligini bilib turardim. Lekin o‘ylab topgan yagona yo‘lim hozircha shu edi.
— Firdavs, yaxshi yigitsan, bir urinib ko‘r, balki…
Firdavsni rostdan ko‘ra hazilga o‘xshab ko‘ringan bu taklif biroz qiziqtirib qo‘ydi. Men u keladigan kunga Arofatni tayyorladim, kiyintirdim. «Hamqishloqlarimiz kelishadi. Arofat bir ahvolda yurgan ekan, degan gap qishloqqa etmasin, ochilib o‘tir», dedim. Firdavs bir-ikkita o‘rtog‘i bilan keldi. Chiroyini ochsa, binoyiday ko‘rinadigan Arofat ham shu oqshom har kungi tundligini qilmadi. Aslida, bitta odamning baxti ming-minglab kishilarning orasida hech gap emas, Firdavsni uyga boshlab kelganim ham oddiy bir voqeadir. Ammo o‘sha paytda ularning bir-biriga sirli qarab qo‘yishlaridan terimga sig‘may quvonardim.
Ular uchrasha boshlashdi. Tund, odamovi qiz o‘zgardi-qoldi. Oyna oldidan ketmaydigan, kundalik ishlarga jon-jahdi bilan qarashadigan, qizlarimdan pishiriqlarni o‘rganadigan bo‘ldi. Hatto kechalari yarim tungacha dars qilsa-da, ko‘zlari porlab turardi. Uning baxtiyorligini ko‘rib, ba’zan ko‘nglimda: «Shu ishni to‘g‘ri qildimmikan o‘zi? Firdavs uni oxirigacha himoya qila oladimi? Ota-onalarining yashash tarzi orasida ham katta farq bor», degan shubhalar uyg‘onar, o‘zimni o‘zim eb qo‘yay derdim.
— Sayyora opa, o‘z onasining tarbiyasini olmagan qizda nuqson ko‘proq bo‘ladi. Arofat o‘zgardi, odamlarga ishona boshladi. «Dunyo faqat yomonlikdan iborat emas», deb o‘ylaydigan bo‘ldi. Ammo ko‘nglida: «Biz teng emasmiz», degan og‘rig‘i bor, — deb qoldi bir kuni Firdavs.
— Firdavs, unga uylanish niyating jiddiymi o‘zi? Agar uni tashlab ketsang…
— Hali bir qarorga kelolganim yo‘q. Men unga sevgi izhor qilmaganman, va’da ham bermaganman. Ammo Arofatni juda ehtiyot qilaman, xafa bo‘lib qolmasin, deyman. Boshqalar ham bizni do‘st deb o‘ylashadi…
— Firdavs, ba’zan muhabbat deb o‘ylaganing sarob bo‘lib chiqadi. Ba’zan bu his chimildiqda uyg‘onadi. Dunyoda hamma ham bir-birini Layli-Majnun bo‘lib sevib, turmush qurmaydi-ku. Agar ko‘nglingda shu qizga nisbatan ozgina mehring bo‘lsa, uylan!
Men bu gaplarni aytar edim-u, ammo o‘zim ikkilanardim. «Agar bir narsa bo‘lsa, Firdavsning ikki qo‘li yoqamda ketadi», deb o‘ylardim…
Kutganimday, bor mashmasha Firdavs Arofatga uylanishga qaror qilgan kundan boshlandi…
* * *
— Sayyora, Sultonxon opa odam jo‘natibdi, — deb qoldi bir kuni yangam supadagi yostiqqa yonboshlab, o‘tgan voqealarni eslab yotganimda.
Sakrab o‘rnimdan turib ketdim.
— Qani?! — dedim esankirab.
— Ularnikiga borarkansiz…
— Nimaga?
— Mehmondorchilikka-da, nimaga bo‘lardi? Axir to‘yboshi o‘zingiz-ku!
Oqshom tushib, yo‘lga otlangunimcha ming xayolga bordim. O‘shanda Firdavs onasiga: «Sovchi yuboring», deganida, Sultonxon opa sapchigan ekan. «Nima, kelib-kelib shu qizga ishqing tushdimi?! Uyida bir etak bola, eyish-ichishining tayini yo‘q! Qudam deb, nimasiga odam etaklab boraman ularning?!» deya rozi bo‘lmabdi. Firdavs u-bu deb ko‘ribdi, ammo onasiga bas kela olmabdi. So‘ng onasiga meni ro‘para qildi.
— Besh yildan buyon uyimda yashaydi, aqlli, farosatli qiz, — dedim gapni uzoqdan boshlab. — Muhimi, o‘g‘lingizni desa, jonini beradi. Ayol kishi erini sevsa, albatta, baxtli qiladi. «Yigit moli erda», degan gap bor. Hozirgi zamonda bir yigitning topgan-tutgani bilan ikki-uchta oila to‘kis yashayapti. O‘g‘lingizga Alloh beryapti, qudalaringiz ham yaxshi bo‘lib qolishar, — dedim.
Sultonxon opa o‘ylanib qoldi. Uyga kelgach, Arofatdan eshitgan gaplarni eslasam, hali-hanuz ko‘zimga yosh keladi.
— Sayyora opa, bilaman, siz Firdavsning oyisi bilan uchrashib keldingiz. U bizning turmushimizga rozi bo‘lmasa ham, «Endi Arofat qizimga qiyin bo‘ladi», deb o‘ylamang. Men… Men sevdim, ko‘nglim yorug‘ tuyg‘ularga to‘ldi. Hozir bahorni, odamlarni, hamma-hammani yaxshi ko‘raman. Agar Firdavsning oyisi rozi bo‘lmasa ham, men o‘zimni g‘arib, zabun hisoblamayman. Endi yashashga kuchim etadi, — dedi.
Nihoyat, to‘y ham bo‘ldi. Hamma rasm-rusumlarning boshida turib, shaharga qaytganimdan buyon bu xonadonga qadam bosmagandim. Mana, oradan shuncha suvlar oqib o‘tgach, ularnikiga yana boryapman…
Eshikni Firdavsga o‘xshab ketadigan bo‘ychangina bola ochdi. Gulzorlari yashnab turgan kenggina hovli ekan. Darvozadan kirishing bilan rayhon isi gurkiraydi.
— Qani, qudajon, bormisiz? To‘yni o‘tkazdingiz-u qochdingiz… Shunaqayam bo‘ladimi? Kelmasangiz, endi bolalarni olib, o‘zim yo‘lga chiqay deb turgandim, — deya qarshi oldi meni Sultonxon opa.
Uning suyungani shundoq yuz-ko‘zidan sezilib turardi.
— Ha, endi, «quda bo‘lib eshigim tagida yotib oldi», degan gapdan ko‘ra, sog‘inib ko‘rishgan yaxshi-da, — dedim men ham unga quchoq ochib.
Hazil-huzul bilan so‘rashdik. Arofat ko‘rindi. Bag‘rimga bosib ko‘rishar ekanman, negadir yig‘lagim keldi.
— Kelin emas, tilla bergan ekansiz, shunaqa fidojon, ziyrak, sergak. Xudoyimga shukr, deyman, qudalarim ham er olib, bag‘riga shamol tegib qoldi.
Sulton opa har gapida kelinini alqar, «Qizim yo‘q, deb o‘ksimayman», der, men esa Firdavsni kutardim. «U nima derkan? Uning ko‘ngli qanday ekan?» degan xayollar miyamda charx urardi. Suyuq-quyuq taomlar tortilgach, Firdavs ko‘rindi. Ko‘rishish uchun menga egilib, elkasini tutdi.
— Ishqilib, noqis kallasida har xil xayollar ko‘tarib yuradigan opangizdan xafa emasmisiz? — dedim Firdavsga sirli ohangda.
— O‘sha kuni boshqa yo‘ldan yurganimda, Surayyo opam meni emas, o‘rtoqlarim Mirzanimi, Ziyodnimi uchratib qolganida nima bo‘lardi, deyman. Arofatni ularga ro‘para qilarmidi, deyman. Shu o‘ylashimning o‘zidayoq rashkim keladi, — dedi Firdavs.
Bu gaplarga Sultonxon opa tushunmadi. U goh o‘g‘liga, goh menga hayron bo‘lib qaradi.
— Qanaqa Ziyod, qaysi Mirzo? — dedi so‘ng ichi qizib.
— Ha, bir gap esimga tushib ketdi-da, — dedi Firdavs.
So‘ng hovli adog‘iga qarab:
— Aro, yashirganlaringni ham olib chiq, bir bayram qilaylik, bugun boshqacharoq kun, — deya qichqirdi.
Uning ovozida baxtning jarangi bor edi…

Manba: Hordiq.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Taqdirni o‘zgartirgan taklif