22:12 / 28.06.2017
7 272

Chiroy ortidagi sinoat

Chiroy ortidagi sinoat
Tumanli ob-havo to shomgacha davom etdi. Atrof g‘ira-shira, deyarli hech kim ko‘rinmaydigan ko‘chada faqat birgina qiz poshnali tuflisini taqillatgancha yurib kelyapti. Bu Anora edi. Anoraning ota-onasi farzandi balog‘at yoshiga etganida ajralib ketishgandi. Onasi bilan qolgan qiz bir muddatdan so‘ng volidasidan ayrilib qoldi. Otasi esa hali-hamon dom-daraksiz. Anoraning qarindoshlari yo‘q emas, lekin u, baribir, yolg‘iz yashashni yoqtirardi.

— Qiz bolaning bir o‘zi yashashi yaxshi emas, qo‘rqmaysanmi? — derdi xolasi kuyunib.
— O‘ttiz uchga kirib, nimadan qo‘rqay?! — derdi Anora uzun tirnoqlariga ma’nosiz termulib.
— Eh! Naqadar chiroylisan, lekin baxting…

Anora bu gaplarni juda ko‘p eshitgan. Hamma qizning go‘zalligu latofati haqida tinimsiz so‘zlar, shu bilan birga oila qurish masalasini ham, albatta, qo‘shib qo‘yardi. Etimlikni erta his etgani uchunmi yoki qaysarligi sababmi, Anoraning o‘ziga ishonchi kuchli, ishlarini ham g‘ayrat bilan yo‘lga qo‘yib, yolg‘iz yashashga qaror qilgandi. Qadamlarida shijoat sezilib turadigan Anora mana, hozir ham qorong‘ulik va tuman qaridan tap tortmay chiqib kelyapti. U sochlarini beliga qadar yoyib olgan, dona xol yarashgan dahani doimgiday baland ko‘tarilgan. Yuzida esa zarracha qo‘rquv aks etmasdi.

— Voy, Xudoyim-ey!
Ko‘ksiga tuflab olgan qo‘shni ayol da’fatan qarshisida paydo bo‘lgan qizni ko‘rib, cho‘chib ketdi.
— Nega qo‘rqasiz? — dedi Anora bamaylixotir. Uning ko‘zlari doimgiday sovuq, lekin qat’iy tikilib turardi.
— O‘zi vahimali havoda dag‘-dag‘ titrab, bazo‘r ko‘chaga chiqqandim. Seni ko‘rib… — dedi ayol va uning gapini parvoyiga ham ilmay, eshigini ochayotgan Anoraga burnini jiyirdi. — Shom mahali juda ko‘p ko‘chada yurasan, bu qiz bola uchun yaxshi emas.

— Xavotir olmang, — dedi Anora uyiga kirarkan, — men o‘rganib ketganman.
Ensasi qotgan qo‘shni ayolning bu qizga gapirmasligi mumkinmasdi.
— Balki, shuning uchun ham haligacha baxting ochilmayotgandir?!
Anora qo‘shni ayolning zaharxanda gapini eshigini yopgan bo‘lsa ham, eshitdi va chuqur «uh» tortib qo‘ydi-da, marhuma onasining xonasiga kirib ketdi. Anoraga bu xonada ko‘p o‘tirmaslikni xolasi tayinlar, lekin qiz nima uchundir qorong‘u xonada bir nuqtaga qaragancha uzoq qolib ketardi.
* * *
Musiqa, idishlarning taraqlagan ovozi biroz tindi. Ziyofatning ayni avj pallasi. Ancha paytdan buyon uchrasholmayotgan dugonalarning og‘zi tinmas, goh bolalari, goh erlari haqida javrashdan charchashmasdi. Faqat Anoragina jim. U qoshlarini xiyla uchirib, qo‘lidagi ichimlik to‘la qadahga termulgancha o‘tirardi. Anoraning bu beparvoligi, hech kimga aralashmasligini qarshisidagi kursdosh qiz xushlamas, qizning manmanligi haqida yonidagilar bilan g‘iybatlashardi. So‘ng u dugonalariga «hozir boplayman» degandek ko‘z qisdi.
— Anora! Qachon erga tegasan? O‘ttiz uchga kirding-ku axir!

Anora ovoz sohibasi uni hech yoqtirmasligini va hatto hozir ochiqdan-ochiq jangga chorlanayotganini ham bilardi. Qizning chaqnab turadigan go‘zal, lekin sovuq nigohi qadahdan ko‘chdi va boshini baland ko‘tardi.
— Yaqinda, — dedi qiz biroz jilmayib, so‘ng ayyorlik bilan ko‘z qisib qo‘ydi. — Sening ering eng yaxshi nomzod deb o‘ylayapman!
Stol atrofidagi qizlar endi urish boshlagan dugonalariga qarashar, o‘zaro pichirlashishardi. O‘rtaga noqulay sukunat cho‘kdi. Ammo Anora shu payt o‘rnidan turdi-da, yaqin dugonasi Sakina bilan raqsga tushish uchun keng davraga yo‘l oldi. Anoraga deyarli barcha dugonalari eb qo‘ygudek nafrat bilan tikilishayotgani, ular uni nima uchun yomon ko‘rishi ham ayon edi.

— Hammasining senda qasdi bor! — dedi yo‘lda ketisharkan Sakina asabiylashib. — Hammasi senga hasad qiladi.
Anora indamadi, shunchaki, kuyunchak dugonasining elkasidan quchib, jilmaydi.
— Lekin sen ham boplading-da! — Sakina qah-qah urib kuldi. — Bilishadiki, istasang, hammasining oilasini buzishing mumkin. Sendan, chiroyingdan o‘lguday qo‘rqishadi.
— Qo‘ysang-chi, — dedi Anora.

Anora husniga ishonib, ko‘p gapirmasa-da, ammo u ich-ichidan bu haqiqatni allaqachon kashf etgan. Sakina bilan ham bu haqda gaplashishni istamadi. Lekin dugonasi o‘tmishni esga olganida o‘ylanib qoldi. Chindan ham Anora bilan uchrashgan yigitlar uni bir ko‘rishdayoq sevib qolishar, muhabbat izhor etishardi-yu, lekin aynan to‘y masalasiga kelganda, bu muhim qarorni qabul qilishmasdi. Qizning yonida ketayotgan dugonasi ham bir qancha yigitlarni Anora bilan tanishtirgan, ne ajabki ular ham to‘y oldi aynib qolaverishgan.
* * *
Bu o‘y-xayollarning tagiga etishni istagan Sakina ertasi kuniyoq amakivachchasi Murod bilan uchrashdi. Bir paytlar Sakinaning aynan shu amakivachchasi Anorani o‘lguday yoqtirib, sovchi qo‘ygandi.
— O‘sha damlar Anoradan nega ayniganding?
Sakinaning dabdurustdan bu mavzuni ochishi yigitni shoshirib qo‘ydi.
— Ajoyib savol bo‘ldi-ku, — dedi Murod kichik o‘g‘ilchasini tizzasiga o‘tqizgancha atrofga o‘g‘rincha qarab. — Sekinroq gapir, xotinim eshitsa, tamom bo‘laman. O‘zi hali-hamon tushlarimda «Anora» deb chiqar emishman.

— Shuni aytaman-da! — baqirguday bo‘lib dedi Sakina baland ovozda va amakivachchasining ishorasidan keyin tezda tovushini pasaytirdi. — Axir sen unga oshiq eding, keyin birdan ayniding. Sababini so‘rasam, o‘sha kezlar mujmal javob berganing, bu haqda gaplashishni istamaganing yodimda.
Murod yana bir karra atrofga alangladi-da, sekin gap boshladi.

— Ochig‘i, — dedi u pichirlab, — dugonangni chindan juda yoqtirardim. U nafaqat sohibjamol, balki farosatli, dono, xullas, bir yigit istagan barcha xususiyatga ega qiz edi. Biroq to‘y arafasida, negadir og‘irlashib ketaverganman. Erta tongdan boshimda og‘riq bilan uyg‘onib, to kechgacha og‘ir yuk ortgan odamday yurardim. Anora bilan ko‘rishsam, gaplashsam va hatto uni o‘ylasam ham, o‘sha og‘riq miyamni shu qadar siqardiki… Avvaliga bu oddiy tasodif deb o‘yladim, ammo har safar u bilan janjallashib qolsamgina og‘riq o‘tib ketardi!
— Tavba, bu nimasi bo‘ldi?! — dedi Sakina yoqasini ushlab. — Shuncha gapni nega aytmagansan? Balki, bu shunchaki tasodifdir?

— Aynan shu gumonim sabab bu haqda hech kimga aytmaganman. Ammo shunday qizning haligacha erga tegmagani juda sirli-da, to‘g‘rimi? Kim bilsin, unga jin-pin kirib olgandir.
— Esing joyidami, qanaqa jin, yosh bola bo‘lmagin! — ensasi qotdi Sakinaning.
— Ie, men hazillashmayapman! — dedi Murod ranjibroq. So‘ng pichirlagancha qo‘shib qo‘ydi. — Aytishadi-ku, juda chiroyli qizlarning erkak jinlari unga hech kimni yaqinlashtirmaydi deb!

Sakina indamadi. U bu holatga shunchaki «sirli» degan ta’rif berishni istardi-yu, biroq chigallik ortayotgandi. Amakivachchasi bilan xayr-xo‘shni ham nasiya qilgancha o‘qday otilib ketgan ayol endi kim bilan uchrashishni o‘ylardi. Shu tob maktab davrlarida Anoraga telbalarcha oshiq bo‘lgan
sinfdosh yigitni esladi va unga qo‘ng‘iroq qildi. Ular yaqin oradagi kafeda uchrashishga kelishishdi. Shuncha payt yo‘qlamay, birdan paydo bo‘lib qolgan sinfdoshining avzoyidan Sardor hayratda edi.

— Tinchlikmi, birdan yo‘qlab qolibsan? — dedi gap nimadaligini tushunolmagan yigit.
— Tinchlik. Bolalaring, rafiqang yaxshimi? — dedi gapni uzoqdan boshlagan Sakina necha yillar apvalgi xotiralar bilan sinfdoshiga ozor berib qo‘yishdan qo‘rqib.
Shunga qaramay obdan so‘rashib bo‘lgach, ichidagi savolini bermay iloji yo‘q edi. Sakinani diqqat bilan eshitgan Sardor biroz o‘ylandi-da, qoshlarini chimirdi.

— O‘sha paytlar aytgandim, shekilli, uni sevmay qo‘yganman, tamom-vassalom! — yigitning ovozida achchiqlanish va allaqanday hayajon ham yaqqol sezilardi. — Umuman, bu haqda nega so‘rayapsan?
— Jahling chiqmasin, — dedi Sakina xijolatli alfozda. — Men shunchaki ba’zi narsalarga oydinlik kiritmoqchiman, xolos. Xabaring bor, Anora haligacha turmush qurmadi! U tarbiyali, aqlli, hatto o‘z biznesini yo‘lga qo‘yib olgan, husn-jamoli haqida-ku gapirishning hojati yo‘q. Lekin nima uchun?..

— Menga qara, Sakina, — dedi Sardor «to‘xta» deganday qo‘lini ko‘tararkan. — Meni nima uchun chaqirding o‘zi? Anora haqida gaplashishni istamayman!
— Haqiqatni ayt, iltimos!
Sakina sinfdoshining asabiy qiyofasiga qarab, iltimosi rad etilishiga ishonchi komil edi. Shu sabab:
— Ha, mayli, bezovta qilganim uchun uzr, — dedi-yu, ketishga chog‘landi.

— To‘xta! — kutilmaganda Sardor Sakinaning ketishini istamadi. — Modomiki shu qadar qiziqayotgan ekansan, bilib qo‘y, Anoraga hamon mehrim bor.
— Demak, sen uni haligacha…
— Iltimos, gapimni bo‘lmay, jimgina tingla, bu haqda gapirishim oson emas. Xullas, o‘n yillar avval Anoraga sovchi qo‘ygandim. Hammasi bir maromda ketayotgandi. Lekin, lekin…

Sakina jim bo‘lib qolgan sinfdoshining holatida o‘zgarish sezdi-yu, indamadi. Garchi, qiziqish ustunlik qilayotgan bo‘lsa ham, o‘zini bosdi. Ammo Sardor hadeganda gapiravermas, aksincha, tez-tez yutinardi.
— Lekin, — dedi Sardor suvdan ho‘plab qo‘ygach. — O‘zim ham tushunmayman, negadir u bilan birga bo‘lgan kezlarim ahvolim og‘irlashaverardi.
— Tushunaman, uni juda rashk qilarding…

— Yo‘q, yo‘q! — keskin bosh chayqadi yigit Sakinaning ko‘zlaridan ko‘zini uzmay. — Meni tushunmading, bu ruhiy holat emas, Anora bilan uchrashsam, boshimda kuchli og‘riq sezadigan bo‘ldim. Avvaliga bu og‘riqlar odatdagi bosh og‘riqlariday tuyuldi, e’tibor qilmadim. To‘y kunimiz yaqinlashgani sari esa og‘riqlar nihoyatda zo‘raydi. Doktorlarga ham, tabiblarga ham murojaat etib ko‘rdim, bari befoyda edi. Oxiri bir ayol bularning bari bo‘lajak kelin, ya’ni Anora sabab yuz berayotgan bo‘lishi mumkinligi haqida aytdi.
Yigit chuqur «uh» tortdi va atrofidagi juftliklarga qarab, o‘ylanib qoldi.

— Ich-ichimdan haligi ayolning gaplariga ishonsam-da, besh-olti marotaba Anoraning huzurida hushdan ayrilganimga ham qaramay bariga ko‘z yumdim. Lekin sog‘lig‘im ko‘tarmagach… Eh, bu sinoatli ishlarni kimgadir aytishga ham uyalasan, baribir, hech kim ishonmaydi…
Sakina jim qoldi. Axir amakivachchasining gaplari bilan hozirgi eshitganlari deyarli bir xil va bu haqiqatni inkor etish noo‘rin edi.
Sakina bir oy davomida yana bir qancha yigitlar bilan ko‘rishdi. Ularni topish, eski voqealarni qayta qo‘zg‘ash oson bo‘lmasa-da, dugonasining baxti, qolaversa, kuchli qiziqish sabab ham ishni oxiriga etkazish uchun jon kuydirdi. Ammo kutilmaganda Anora uni qidirib, ishxonasiga keldi va taklifnoma uzatdi. Sakina titrabgina dugonasini tabriklarkan:
— Bo‘lajak eringning ahvoli yaxshimi? — dedi ehtiyotkorlik bilan Anoradan gap olishga urinib.

— Ahvoli?! — hayron bo‘ldi Anora, — Juda yaxshi, nega so‘rab qolding?
— H-ha, shunchaki! — Sakina ko‘ngli xotirjam tortganidan jilmayib qo‘ydi.
— Hammasi joyida, lekin hadeb boshi og‘riyveradi, to‘ygacha o‘tib ketar…
Anora to‘y tadorigi, yangi rejalari haqida jo‘shib gapirar, Sakinaning yuragini esa tanish g‘ashlik qoplardi. U dugonasiga nimalarnidir aytmoqchi edi-yu, «O‘tgan ishlar o‘tdi, bari safsata bo‘lgan», deya qo‘l siltadi.

Erining ishi sabab uzoqroq safarga chiqqan Sakina Anoraning to‘yiga bora olmadi, to‘y tafsilotlarini bilish uchun dugonasiga qo‘ng‘iroq qilganida esa telefoni o‘chiq ekan.
— To‘yga borolmaganimdan juda afsuslandim. Anora ham erli to‘kis, bir zumda telefonini ham o‘chirib, asal oyini boshlab yuborishgan chog‘i! — dedi Sakina yana bir dugonasi bilan bog‘langach, qotib-qotib kularkan.
— E-e, qanaqa asal oyi? Hali xabaring yo‘q, shekilli, Anoraning peshonasi qursin, kuyov bola to‘yning ertasigayoq vafot etdi-ku. Kasalmand ekan-da!
Sakinaning telefoni o‘zi bilmagan holda qo‘lidan tushib ketdi…


Manba: Hordiq.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Chiroy ortidagi sinoat