P2P o‘tkazmalari savdodagi yashirin aylanmalarni fosh qilmoqda

O‘zbekistonda yashirin iqtisodiyotni qisqartirish, soliq tizimida ochiqlikni kuchaytirish va savdo sohasida haqqoniy hisob-kitobni ta’minlash maqsadida ayrim P2P, ya’ni plastik kartadan plastik kartaga pul o‘tkazmalari tahlil qilinmoqda.
Soliq qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, ushbu jarayon tadbirkorlarga bosim o‘tkazish yoki ularni jazolash uchun emas, balki iqtisodiy adolatni ta’minlash, yashirin pul aylanmalarini kamaytirish va qonun doirasida ishlayotgan tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.
Qayd etilishicha, ayrim savdo faoliyati bilan shug‘ullanuvchi xo‘jalik subyektlarida to‘lovlar rasmiy kassa yoki hisob raqam orqali emas, balki P2P o‘tkazmalari orqali qabul qilinayotgani o‘rganilmoqda. Ba’zi holatlarda esa ushbu mablag‘lar soliq hisobotlarida aks ettirilmayotgani tahlil qilingan.
Bu esa davlat budjetiga tushishi lozim bo‘lgan ayrim soliq tushumlari to‘liq shakllanmay qolishiga sabab bo‘lishi mumkin. Oddiy aytganda, savdo amalga oshadi, pul kelib tushadi, ammo rasmiy hisobotda bu daromad ko‘rinmasa, bozorda teng raqobat buziladi.
Shu munosabat bilan yuridik shaxslarda ishlovchi rahbar xodimlarning bank kartalariga kelib tushgan mablag‘lar bo‘yicha ham tahliliy o‘rganishlar olib borilmoqda. Bunda asosiy e’tibor savdo tushumlari shaxsiy kartalar orqali qabul qilingan- qilinmagani va ular soliq hisobotlarida qay tarzda aks etganiga qaratilmoqda.
Aniqlangan holatlar yuzasidan soliq hisobotlarida ko‘rsatilmagan daromadlar bo‘yicha tegishli choralar ko‘riladi. Shuningdek, soliq to‘lovchilarga xabarnomalar yuborilib, ulardan tushumlarni qonun talablariga muvofiq rasmiylashtirish so‘ralmoqda.
Soliq organlari ta’kidlashicha, bu jarayonning asosiy maqsadi tadbirkorlik muhitini sog‘lomlashtirishdir. Chunki kimdir barcha tushumni rasmiy ko‘rsatib, soliq to‘lasa, boshqa birov tushumni shaxsiy karta orqali yashirsa, bu halol raqobatga salbiy ta’sir qiladi.
Shu bois tadbirkorlik subyektlari savdo tushumlarini to‘liq rasmiylashtirish, har bir daromadni soliq hisobotlarida haqqoniy aks ettirish va moliyaviy operatsiyalarda shaffoflikka amal qilishga chaqirilmoqda.
Qisqasi, P2P o‘tkazmalari endi oddiy pul ko‘chirish vositasi sifatida emas, balki savdo aylanmalaridagi ochiqlik nuqtayi nazaridan ham jiddiy e’tibor markaziga chiqmoqda. Davr o‘zgaryapti: biznesda “ko‘rinmas tushum” davri sekin-asta yopilyapti, shaffof ishlagan tadbirkor esa ertaga ko‘proq ishonch va barqarorlikka ega bo‘ladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!