Qozog‘iston osmonidagi noma’lum jism haqida AQSH ma’lum qildi

AQSH tomonidan maxfiy hujjatlarning ochiqlanishi natijasida 1994 yil 27 yanvar kuni Qozog‘iston osmonida noma’lum uchuvchi jism (NUJ) kuzatilgani haqidagi ma’lumotlar yana bir bor jamoatchilik e’tiboriga tushdi.
Bu haqda AQSH Urush vazirligi tomonidan rasmiy sahifada e’lon qilingan hujjatlarda qayd etilgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, Tojikistondagi AQSH elchixonasidan Davlat kotibiga yuborilgan diplomatik telegrammada noodatiy hodisa tafsilotlari keltirilgan.
Hujjatda aytilishicha, Boeing 747 samolyoti ekipaji hamda AQSHning bir nechta fuqarolari Qozog‘iston hududi ustida, taxminan 41 ming fut balandlikda harakatlanayotgan noma’lum obyektni kuzatgan.
Guvohlarning ta’rifiga ko‘ra, jism juda kuchli yorug‘lik taratgan va sharq tomondan katta tezlikda yaqinlashgan. U havoda g‘ayrioddiy manevrlar bajarib, keskin burilishlar qilgani ham qayd etilgan.
Shuningdek, suratlarda jismning 90 darajali burilishlar amalga oshirgani, aylana shaklida yuqori tezlikda harakatlangani va odatiy aerodinamik qonunlarga zid bo‘lgan harakatlar qilgani ko‘rsatilgan.
Hujjatda yana ta’kidlanishicha, kuzatilgan izlar taxminan 100 ming fut balandlikda qayd etilgan bo‘lib, bu oddiy samolyotlar uchadigan chegaradan ancha yuqoridir.
Mutaxassislar bunday ma’lumotlarni turlicha talqin qilmoqda — ayrimlar bu texnik eksperiment bo‘lishi mumkin desa, boshqalar noma’lum tabiiy yoki ilmiy hodisa ehtimolini ham inkor etmaydi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!