07:06 / 25.09.2017
6 511

Omonat g‘or siri (26-qism)

Omonat g‘or siri (26-qism)
Berdimurod yana bir-ikki iliq gap aytib, Doniyorning ko‘nglini ko‘targan bo‘ldi-da, ayolning yoniga borib, u bilan yaxshiroq tanishib oldi. Hatto: “Uyingga biron marta ham chaqirmading, oilang, oying Salimaxon bilan tanishtirmading”, deb bemordan o‘pka-gina ham qildi. So‘ng bozorligini qoldirib, azbaroyi Salimaxon sabab, o‘zi yo‘lakka chiqdi. Chiqayotib:

— Narigi kaskadyorniyam ko‘rib qo‘yaylik, keyin, mabodo ketmoqchi bo‘lsangiz, o‘zim oborib qo‘yaman, — dedi ayolga sirli jilmayib.

Shiftga termilib xayol og‘ushida yotgan Bobur eshikning g‘iyqillab ochilganiga e’tibor qilmadi. Berdimurod tutqichdan ushlab, unga biroz termilib turdi. “Doniyorning o‘rniga sen o‘lib ketsang yaxshiroq bo‘lardi… Nega xo‘jayinga kerak bo‘lib qolding, hayronman”, xayolidan o‘tdi uning. Keyin yo‘talib qo‘ydi. Bobur bo‘ynini burib qaradi. Biroq u Doniyordek tirjaymadi, “Keldingmi, xumpar?” degandek boshini qimirlatib qo‘ydi.

— Oshna, nima yotish bu? — dedi Berdimurod soxta kulimsirab. — Tog‘ni tolqon qiladigan yigit burga tepganiga ham ko‘rpa-yostiq qilib yotarkan-da.

— Shunday bo‘p qoldi, oka.

— Nichevo, erkak kishining boshida bo‘p turadi. Xafa bo‘lma… Yaxshi bo‘p qoldingmi, o‘zi?

— Chidasa bo‘ladi.

— Oldinroq kemoqchiydim, xo‘jayin komandirovkaga jo‘natib qoldi. Shuning uchun xafa bo‘lmaysan, uka, ozroq kechikdim… O‘zi nima bo‘ldi? — dedi Berdimurod o‘zini go‘llikka solib.

— Avariya-da, — gapni qisqa qildi Bobur.

Shu bilan gap uzilib qoldi. Berdimurod g‘alati ahvolga tushdi. Ilgari Boburni bir-ikki marta so‘kkandi, nazar-pisand qilmay, qora ishlarni ham uning yelkasiga yuklab yuboraverardi. Endi uning oldida tili aylanmay turibdi. Biroz shu alpozda turganidan keyin o‘zining kalovlanayotganidan jahli chiqib ketdi: “Qayerdagi mishiqining oldida boshimni egib turamanmi?..”

— Oshna, o‘tib ketayotib bir ko‘rib qo‘yay degandim. Shundoq kelaverdim, bunisidan xafa bo‘lmaysan. Bo‘pti, men boray, senlar bu yerga kelib, hamma ish o‘zimga qoldi.

U eshikdan chiqayotganida, Bobur ortidan ko‘zlarida g‘azab bilan qarab qoldi. Berdimurodning miyasi esa boshqa o‘y — Boburni tezroq “tinchitish” xayoli bilan band edi.

* * *

Bobur onasining o‘lganini oradan bir hafta o‘tib eshitdi: bosh vrach Mirkomil bilan birga kirib aytishdi. O‘rnidan turib o‘tirishga endi qurbi yetib qolgan yigit muk tushganicha toshdek qotdi, ko‘zlariga to‘lgan yosh yonoqlaridan jildirab oqib tushdi.

— Birodar, — uning yelkasiga qo‘lini qo‘ydi Mirkomil, — peshonaga yozilgani shu ekan, nachora. Bardam bo‘l.

Bobur o‘zini ilkis orqaga tashladi, yumshoq par yostiqqa tushgan boshi yengilgina siltandi.

Xonaga og‘ir jimlik cho‘kdi. Ko‘zidan yoshi unsiz oqayotgan Boburga do‘xtir tasalli berishga ojiz edi. Oradan biroz vaqt o‘tib, bosh vrach uni, bosh tomonidan egilib, yupatgan bo‘ldi:

— Ko‘p qayg‘uraverma, uka, ertami-kech hammamiz ham bu dunyodan o‘tamiz, hech kimni bog‘lab qo‘ygani yo‘q.

— Oyim hali yashashi kerak edi-ku. Nega endi, birdaniga?.. Adamni topshirganimiz kammidi? Balki opam ham allaqachon… Hammasiga men… men aybdorman. Ketinglar! — baqirib yuborib Bobur sakrab o‘rnidan turdi. Uning singan oyoqlari hali to‘la bitmagandi. Biroq u tik turardi. Bosh vrach bilan Mirkomil dong qotishdi. Bobur ularning ko‘kragidan itarib yuborib, eshikkacha ildam yurib bordi-yu, oyoqlari mayishib, yonboshiga quladi. Alam va iztirob bilan yerni mushtlab baqira boshladi. Shundan keyingina xonadagilar shoshilib Boburni qo‘ltig‘idan olib ko‘tarmoqchi bo‘lishdi. Biroq bemor yotgan joyida bo‘yin bermay tipirchilar, ularni o‘ziga yaqinlashtirmay qo‘llarini musht qilib siltanardi.

— Qo‘yvoringlar, hammasiga senlar aybdorsan! Men iltimos qiluvdim-ku, Nargizani o‘g‘irlab ketganini aytmanglar deb! Hammangni o‘ldiraman! Urug‘ing bilan quritaman! — Bobur bo‘yin tomirlari bo‘rtib baqirardi.

Yo‘lakdagi hamshiralaru do‘xtirlar chopqillashib palataga kirib kelishdi. Ko‘pchilik bo‘lishib Boburni karavotiga yotqizishib, qo‘l-oyog‘ini bog‘lab qo‘yishdi. Kamiga uxlatadigan ukol ham qilishdi. Bunga hojat qolmagan, Bobur hushini yo‘qotgandi.

U ko‘zini ochganida hamma yoqni zulmat qoplagan, chigirtkalarning chirillashigina eshitilib turardi. Bobur talay vaqt shiftga tikilib yotdi. Oyisini eslab, birga o‘tgan kunlarini xotirlab yuragi ezildi. Tuyqusdan yuragi shitob bilan ura boshladi, havo yetishmayotganday yutoqib nafas oldi. Shu payt eshik ochilib, Mirkomil kirib keldi. Yoshligidan: “Eng zo‘r prokuror bo‘laman, jinoyatchilarni Sherlok Xolmsday ushlab, qo‘liga kishan solaman, dastimdan biror o‘g‘ri yoki qallob qutulib ketolmaydi”, degan orzular bilan o‘zicha mag‘rurlanib yurgan yigit zimmasiga yuklatilgan dastlabki ishdan dovdirab qolgandi. Aslida, bu ish unga to‘laligicha berilmagan, u ham bir ishtirokchi edi, xolos. Biroq shuning o‘zi ancha mashaqqat chekishga majbur etdi.

Boshlig‘i Mirkomilning dastlabki tadbirini — uning vrach kiyimida Boburning yoniga kirganini maqtagandi. Biroq o‘tgan ikki hafta mobaynida biror yangilik ololmagach, dakki eshitdi. Shu bois, o‘ychan, ko‘rinishi o‘ta jiddiy. U har galgiday Boburdan hol so‘ramadi, kelib to‘g‘ri peshonasiga kaftini qo‘ydi, keyin bemorning qo‘l tomiriga barmog‘ini bosib yurak urishini aniqlagan bo‘ldi. Garchi bu amallardan bir nimani aniqlashga qurbi yetmasa-da, Boburning tez-tez nafas olayotganidan bezovtalandi. Biroq o‘zini oshkor qilib qo‘ymaslik uchun do‘xtir chaqirmadi.

— Bunaqa emas-da endi, — dedi u Boburning yonidagi stolga o‘tirib, — shunaqayam to‘polon ko‘taradimi odam?

Mirkomilning o‘ylamay aytib yuborgan gapiga Bobur yig‘lashiniyam, kulishiniyam bilmay qoldi.

— Onang o‘lganda bilarding sen ham, — Bobur o‘zini zo‘rg‘a bosib qoldi.

— Bobur, og‘ayni, siqilaverma, o‘rtoqlaring ko‘p ekan, hozir yana bittasi so‘rab keldi…

— Qaysi o‘rtoq ota-onaning o‘rnini bosgan?

Boburning qayg‘urib aytgan bu gapidan so‘ng Mirkomilning nafasi yana ichiga tushdi. U boshini qashladi. Doniyordan amallab olgan ba’zi ma’lumotlardan ularning Berdimurod bilan birgalikda nimalardir sotishganlarini bilgandi. Biroq harchand urinmasin, qarmog‘iga qoradori bo‘yicha, Nargizaning o‘g‘irlanishi bilan bog‘liq hech vaqo ilinmadi. «Bobur — beton, sog‘ bo‘lganida-ku ichidagini sug‘urib olardim-u, lekin… Mayli, ozgina sabr qilay. Biror gap isi chiqib qolar», deya o‘yladi u. Keyin o‘rnidan turib ketmoqchi bo‘lganida Bobur to‘xtatdi:

— Oyim qazo qilgan bo‘lsa… uni nima qildinglar?.. — deb so‘radi.

Mirkomil bir muddat kalovlandi, qanday javob qilishni bilmadi. Ko‘z oldiga beixtiyor har kuni ishga kuzatib: “Ehtiyot bo‘lib yur”, deb tayinlaydigan onasi kelib, yuragi orziqib ketdi.

— Hozircha… Morgda.

Bobur “qult” etib yutinib qo‘ydi. Ko‘zidan ikki tomchi yosh yonog‘iga oqib tushdi.

— Dafn qilmadinglarmi?.. — dedi xo‘rsinib.

— Seni kutib…

Bobur ko‘zini yumib chuqur nafas oldi va sekin o‘rnidan turdi.

— Senga hali mumkinmas. To‘la sog‘ayganing yo‘q, — dedi shosha-pisha Mirkomil.

— Men bilan ishlaring bo‘lmasin. Hozir uyga ketaman. Mahalla bilan gaplashishim kerak. Oyimni “morg”da yotqizib qo‘ymoqchi emasman!

— Unda shoshma. Hozir men bosh vrachdan so‘rab kelay. Ruxsat bersa chiqasan.

Mirkomil yugurib palatadan chiqib ketdi.

— Baribir ketaman, — dedi Bobur uning ortidan. — Birontang yo‘limga g‘ov bo‘lib ko‘r-chi…

U kasalxona kiyimida eshikkacha oqsoqlanib bordi. O‘rnidan turib qadam bosganida oyog‘ida ozgina og‘riq sezgandi. Ikki-uch qadam tashlagandan so‘ng og‘riq yo‘qoldi, biroq oqsoqlanib keta boshladi. Yuragi qayg‘u-alamga shu qadar to‘lib-toshgandiki, endi uni to‘xtatib qolish amrimahol edi.

Nuriddin ISMOILOV


(Keyingi qismlarni yaqin soatlarda o‘qiysiz)

Manba: hordiq.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Omonat g‘or siri (26-qism)