
Ertalab ishga shoshilayotgan Shodivoyning kayfiyati pastroq edi. U oynaga qarab, to‘zg‘igan sochlarini tartibga keltiryapti. Shu payt xotini dazmollangan bo‘yinbog‘ini olib kelarkan, eri unga qarab, chuqur uf tortdi.
Ayol: (xavotir olgandek) Nima bo‘ldi? Buncha uf tortmasangiz?
Er: (nochor ahvolda sekingina) Tug‘ilgan kun…
Ayol: Qanaqa tug‘ilgan kun? Oilamizda bu oyda tug‘ilgan kishi yo‘q-ku…
Er: Boshliqniki.
Ayol: Tushunarli, sovg‘a olish kerak, deng?
Er: Ha…
Ayol: Necha yoshga chiqdi?
Er: Ellikka, bu yubiley degani, sovg‘a ham dumaloqqina bo‘lishi kerak. Bir narsa o‘ylab top, xotinjon.
Ayol: Uydagi yangi changyutgichni sovg‘a qiling.
Er: U ishlamaydi-ku.
Ayol: Shuncha sovg‘aning ichida changyutgichni ishlash-ishlamasligini tekshirib ko‘rarmikan. Balki, u ham boshqasiga sovg‘a qilib yuborar.
Er: Yuq, to‘g‘ri kelmaydi, u ataylab tekshirib ko‘rishi mumkin, yana shu bahona bo‘lib ishdan haydab yubormasin.
Ayol: Topdim, dadasi, qadog‘i buzilmagan erkaklar atiri bor, fransuzlarniki, shuni sovg‘a qiling, baribir foydalanmayapsiz.
Er: Hidi qadog‘idan ham chiqib turibdi, qo‘lansa. Sepib ko‘rsa, baloga qolaman.
Ayol: Unda taxi buzilmagan yangi ko‘ylakni bering.
Er: To‘g‘ri kelmaydi-da…
Ayol: Nega to‘g‘ri kelmas ekan? U ham chet elniki…
Er: Gavdasini aytyapman, boshlig‘imizning hozirgi ahvolini ko‘rmagansan, bu kuylak uning qorniga yopinch bo‘lolmaydi. Mukofot pulidan mosuvo bo‘lmayin yana…
Ayol: Unda anavi guldonni sovg‘a qiling, hali yangidek turibdi.
Er: Ma’qul bo‘larmikan?..
Ayol: Sovg‘aning zo‘ri — guldon!.. Doim sizni eslatib turadi.
Er: To‘g‘ri, malades xotinsan-da! Ammo guldon to‘g‘ri kelmaydi.
Ayol: Nega?
Er: Xo‘jayinning xotinini bilmaysan-da, jahli yomon, er-xotinning orasidan gap o‘tsa, shu guldon bilan xo‘jayinning boshini yorib qo‘ysa-ya, yo‘q, to‘g‘ri kelmaydi.
Ayol: U desam, yoqmasa, bu desam, yoqmasa, unda o‘zingiz toping. Meni ishdan qoldiryapsiz. Bo‘lmasa, ana, shkafda turgan billur guldonni sovg‘a qiling.
Er: O‘rtasidan darz ketgan guldonni aytyapsanmi?
Ayol: Bilinar-bilinmas yorilgan, bilinmaydi.
Er: Yo‘q, bo‘lmaydi, sen uni bilmaysan, u juda sinchkov, mehmonlar ketganidan keyin lupa bilan tekshirib ko‘rsa, holimga voy.
Ayol: Shu oxirgisi, boshqa so‘ramang…
Er: Nima ekan? Aytaqol….
Ayol: Besh yildan beri turgan tuflini sovg‘a qiling. Hali qutisidan olinmagan.
Er: Ma’qul, ishqilib, nuqsoni yo‘qmi?
Ayol: Poyma-poyligini aytmasa, boshqa aybi yo‘q, lekin importniy, oyoqda bilinmaydi…
Er: To‘xta, xotin, bu… shuncha uvol — chiqindi narsalar qayerdan yig‘ilgan?
Ayol: Hammasi tug‘ilgan kuningizga kelgan sovg‘alar-ku!
Er: Yaramaslar! Bunaqa sovg‘alarni kimlar olib kelgan?
Ayol: Kimlar emas, kim deng?
Er: Kim ekan u past?
Ayol: Kim bo‘lardi!?. O‘sha boshlig‘ingiz Norim To‘rayevich-da.
Er: Voy, nomard, men unga sovg‘a tanlab o‘tiribman-a. Bo‘ldi, xotin, topdim, o‘sha poyma-poy tuflini sovg‘a qilaman.
Ayol: O‘zi sovg‘a qilgan narsani o‘ziga qaytarsangiz, qandoq bo‘larkan?
Er: Zo‘r bo‘ladi, ja joyiga tushadi.
Ayol: Yana ishdan bo‘shatib yubormasin.
Er: Bo‘shatib yuborsa ham mayli, endi bildim, xotinjon, uning kimligini…
Umid IKROM
Manba: Hordiq.uz “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar