Tushlikdan qaytsam kotibam: «Sizni bir ayol so‘rab keldi. Uzoq qarindoshingiz ekan. Hozirgina shu yerda edi. Yana kelsa, yoningizga kiraversinmi?» dedi. Kotibadan kelgan ayolning ismini so‘radim. Qizgina ayolning ismini so‘ramaganini aytdi. Men qaysi qarindoshim yo‘qlab kelgan bo‘lishi mumkinligini o‘ylab, endi ishga uringandim, tag‘in eshikdan kotiba ko‘rinib, haligi ayol kelganini aytdi. U gapini tugatmasidan ortidan kimdir salom berdi. Ayolning ovozi tanish edi. Sirli mehmonning kimligini bilib, hali o‘zi ko‘rinmasidan o‘rnimdan turdim. Ayni paytda tilimni yeb qo‘yganday jim edim. Bir lahza «Endi nima qilaman?» degan savol xayolimni band etdi. Ayol tag‘in salom berdi. Kotiba esa indamay ortiga qaytdi. Men ro‘paramda turgan Sanamni xonamga taklif qildim. Mehmon meni ko‘rib qanchalik quvongan bo‘lsa, men shunchalik hadik bilan yurak hovuchlab turardim. Sanam esa quvnoqlik bilan qo‘l uzatdi va taklifni ham kutmay ro‘paramga joylashdi-da, yuzimga tik boqib:
— Odam ko‘rmaganday buncha dovdiraysiz? — dedi. Keyin jilmayib qo‘shimcha qildi. — Yoki meni ko‘rib sevinchdan yuragingiz to‘xtab qoldimi?
Ayol o‘zi aytgan gapdan zavqlanib kulardi. Men esa hadik bilan eshikka qarab, «Tss!» dedim.
— Nega buncha qo‘rqasiz? Bemalol o‘tiravering, kotibangizga qarindoshi bo‘laman, deb aytdim. Xo‘sh, ishlaringiz yaxshimi? Mansabingiz oshibdimi? Xursandman! — deya Sanam gaplarni qalashtirib tashladi.
Bir muddat o‘tib, o‘zimga keldim va Sanamdan hol-ahvol so‘ragan bo‘lib:
— Xo‘sh, nima gaplar? — dedim.
Bu paytda Sanamning yuzidagi boyagi quvnoqlik o‘rnini allanechuk mahzunlik egallagandi. Ayolning porlab turgan ko‘zlari xona bo‘ylab savolchan kezar, har bir narsaga diqqat bilan termulardi. Ko‘zining tub-tubida iztirob, horg‘inlikning aksi ko‘rinib turar, og‘ir-og‘ir nafas olishi, labida qotib qolgan nim tabassum… Bularning barchasi Sanam bilan tanishgan kunimizni, undan keyingi suhbatlarimizni yodimga soldi. Ayni chog‘da uni samimiy suhbatdosh, ming yillik do‘stu qadrdon kabi sog‘inganimni his etdim.
Biz bundan besh yil muqaddam tasodifan tanishib qolgandik. O‘sha kuni negadir kayfiyatim yomon edi. Kimdir har daqiqada qo‘ng‘iroq qilar, men qizil tugmani bosib qo‘ysam ham, foydasi yo‘q edi. Asabiylashib o‘tirganim sababli qo‘ng‘iroqqa javob berishni istamayotgandim. Bir mahal o‘sha raqamdan xabar keldi. Unda «Xafaxonlikdan o‘lib qolgan bo‘lsang ham, javob ber», deb yozilgandi. Xabarni o‘qib tugatmasimdan yana qo‘ng‘iroq bo‘ldi. «Bu kim ekan?» degan qiziqish bilan javob berish tugmasini bosdim va gapirib ulgurmasimdan ayol kishining ovozi eshitildi:
— Xudoga shukr, tirik ekansan! O‘lib-netib qolgan bo‘lsang, nima qilaman, deb turgandim. Odam degani ham shunday bo‘ladimi? Senga necha marta aytdim, oilada sabr qilmasang, sal narsaga arazlab kelaversang, ersiz qolib ketasan. Keyin yurasan menga o‘xshab, bir o‘zing so‘ppayib…
U bir lahza ham to‘xtamay kimgadir maslahat berardi. Ayolning gaplaridan dugonasi eri bilan arazlashib qolgani, endi ota uyida dunyodan xafa bo‘lib o‘tirganini angladim. Maslahatgo‘y dugonaning esa allaqachon oilasi buzilgandi. Men endi gapirmoqchi bo‘lsam, «Nima deyishingni yaxshi bilaman, avval meni eshit», deb to‘xtatib qo‘yardi. Go‘shakdagi ayol shu qadar berilib, jon koyitib gapirardiki, hatto mening erkak kishi ekanimni ham fahmlamadi. Bir mahal:
— Mana endi gapir, nima deysan? — dedi.
Juda noqulay vaziyatda qolgandim. Shu sabab bir lahza jim turdim. So‘ng bazo‘r:
— Kechirasiz, adashib tushdingiz, — deya oldim.
U tomondan boyagi ayolning:
— Shuncha gapni jimgina eshitib o‘tiribsanmi? Hey, erkak bo‘lmay ket! — degan ovozi keldi-yu aloqa uzildi.
Ayol qanchalik qo‘pol muomala qilgan va meni nohaq ayblagan bo‘lmasin, negadir gapi dilimni og‘ritmadi. Notanish ayolning ovozidagi qandaydir samimiyat o‘zgacha ta’sir qildi. Beixtiyor kulib yubordim. Zum o‘tmay uzr so‘ralgan SMS keldi. Unga kinoya aralash javob yozdim. Shu tariqa biz tez-tez telefonlashib turadigan bo‘ldik. Sanam turmush qilib, bor-yo‘g‘i bir yarim yil yashagan, besabr qaynonasi kelinini tug‘maslikda ayblab, javobini berib yuborgan ekan. Sanam bilan yoshimiz teng bo‘lgani bois uni «Sinfdosh» deb atardim. U bilan kunora qo‘ng‘iroqlashib turardik. Vaqt o‘tgani sari Sanamga bog‘lanib qolayotganimni his etardim. Sanam esa mutlaqo beparvo edi. U doim o‘g‘il bola tengdoshim kabi hazil qilar, ustimdan kulishni xush ko‘rardi. Sanam uylanmaganimni va o‘zining turmushi buzilib kelganini nazarda tutib, o‘zini katta hisoblardi. Sirtdan qaragan odam bizni opa-uka deb o‘ylashi ham mumkin edi. Sanamning bu darajada befarqligi menga battar azob berardi. Oxiri unga dilimdagini aytdim.
— Rostdanmi? — dedi Sanam so‘zlarimni diqqat bilan eshitgach. — Haliyam boladaysiz, sinfdosh. Avval ulg‘aying, taklifingizni keyin o‘ylab ko‘raman.
Bu gapdan jahlim chiqdi. Baribir, uydagilarni sovchilikka yuborishimni aytdim. Shundan so‘ng ming bir azob bilan ota-onamni Sanamga sovchi bo‘lib borishga rozi qildim. Ammo sovchilarni Sanamning o‘zi kutib olib, rad javobini berib qaytaribdi. Shundan so‘ng aloqamiz uzildi. Sanamni unutish uchun qaytib izlamadim. U «Albatta, to‘yga ayting, boraman», degandi. Ammo xabar bermadim. Sanamni ham deyarli unutib yuborgandim. Har zamonda yodimga tushib, ko‘nglimni ajib hislar chulg‘ab olishini hisobga olmasa, uni eslamay qo‘ygandim. Bugun Sanam ishxonamga kelganida negadir qo‘rqib ketdim.
— Ha, nega indamay o‘tiribsiz?
Ayolning gapi xayolimni bo‘ldi. Yutinib:
— Qanday shamollar uchirdi? Bormisiz? — dedim.
— Ha, yuribman. Sinfdoshga o‘xshab bir izlayin ham demaysiz?
— Ish ko‘p… Odam tashvishi ko‘paysa, shunday bo‘lib qolarkan. Xo‘sh, o‘zingizda nima yangiliklar? — dedim gap daromadini burish uchun.
— Ishning ko‘p bo‘lgani yaxshi. Bolalardan nechta?
— Ikkita: o‘g‘il va qiz, — qisqa javob berdim.
— Xursandman. Shu bolalaringizga enaga kerakmasmi? Agar kerak bo‘lsa, mana men bekorchiman. Ko‘p pul ham so‘ramayman, — dedi Sanam jilmayib.
Ayolning bu jilmayishida qandaydir makr, hiyla bordek ko‘rindi. Bundan yuragim orqaga tortib ketdi. Xuddi Sanam uyimga borib, oilamning tinchini buzadigandek. Uning gap-so‘zlari va o‘zini erkin tutishidan, «Shu vaqtgacha oilali bo‘lolmay, endi meni izlab kelgan», degan xayolga bordim. Shu sabab qanday bo‘lmasin, ayolni tezroq bu yerdan ketkizish payiga tushdim. Ammo Sanam o‘zini hech narsa bo‘lmaganday tutayotgandi. Nihoyat, ishim ko‘pligini aytib, eshikni ko‘rsatib qo‘yish kerak, degan qarorga keldim va:
— Sanam, ozgina ishlarim bor edi. Bir joyga ketishim kerak. Agar vaqt bo‘lsa kutib tursangiz, kelganimdan so‘ng suhbatni davom ettiramiz, — dedim.
— Uzr, ko‘p vaqtingizni oldim. Sizdan bitta iltimosim bor. Mana, katta korxonaga rahbar ekansiz. Ish topib bersangiz. Nima ish bo‘lsayam, mayli, — dedi u.
Endi boyagi taxminlarim o‘z isbotini topayotgandi. Demak, Sanam qanday bo‘lmasin menga yaqinlashishni istayapti. Mana shu o‘y xayolimdan o‘tgach, battar jahlim chiqdi. Bir vaqtlar Sanamga ko‘ngil berganim rost. Ammo hozir oilamning tinchi men uchun muhim edi. Shu sabab unga keksin javob berdim:
— Bizda ish yo‘q, boshqa joydan izlab ko‘ring!
* * *
Ishxonaga qaytib kelsam, Sanam allaqachon ketgan ekan. Ammo ketishdan oldin bir enlik xat qoldiribdi. Xat qisqa, ammo aniq-tiniq qilib yozilgandi. Bu maktub uning butun hayotini ochib bergandi. Xatda: «Siz mendan qo‘rqdingiz. Lekin men siz o‘ylaganday kalta fikrlaydiganlar toifasidan emasman. Bu gaplarni aytmasligim kerak. Ammo meni eslaganda ko‘nglingizga dog‘ tushmasligi uchun aytaman. Hozir bu shaharga kelin bo‘lib tushganman. Erim nogiron. Nima qilay, ko‘ngil ekan?! Shuni tanladim. U ham ishlaydi, lekin kam topadi. Oilamiz qiynalib qolmasin, deb o‘zimga ish axtargandim. Siz esa… Mayli, xafa emasman. Sog‘ bo‘ling!» deb yozilgandi.
Xatni o‘qishim bilan o‘zimdan uyalib ketdim. Birov haqida noto‘g‘ri fikrga borib, uning diliga qanchalik aziyat berganimdan xijolat bo‘ldim. Hali bunisi holva ekan. Uni izlab ko‘chaga chiqdim. Shoshib ketayotgandim chorrahada odamlar to‘planib turganini ko‘rdim. Ular «Tez yordam» kelishini kutar, rangi dokaday oqarib ketgan yigit nuqul: «Jonida qasdi borga o‘xshaydi, qizil chiroqni ko‘rib, yo‘limga chiqdi», derdi. Yerda yotgan ayol esa hushsiz edi. Odamlar orasidan bosh suqib, jabrdiyda ayolga qaradimu, ko‘z o‘ngim qorong‘ilashdi. U Sanam edi. Shu payt unga yordam berishga urinayotgan amaki bosh chayqadiyu, «tamom» deganday yuziga fotiha tortdi.
To‘g‘ri, Sanamning butun umri achchiq sinovda o‘tdi. Ammo nima bo‘lganda ham u g‘amni kulib yengishga qodir edi. Shu sabab bu ayolning joniga qasd qilishiga sira ishonmasdim. Lekin qizil chiroqda o‘tganiga ham shubha qilmasdim. Sanam ishxonamdan qayg‘uga botib chiqqan va bu g‘am uning aql-hushini o‘g‘irlagan. Shu sabab u svetoforga qaramasdan yurgan.
Bu taxmin xayolimga keldiyu, barchasida o‘zimni aybdor sanay boshladim. Bundan vijdonim so‘ngsiz azobda qolgandi. Ehtimol, haydovchi jazo olib, bu voqeani unutar. Lekin men Sanamning qalbiga so‘z bilan jarohat berganim uchun vijdon azobi, degan jazodan umr bo‘yi qutula olmasligim tayin. Buni o‘ylaganim sari so‘z jarohati oldida tig‘ jarohati hech narsa emasligini his etaman.
Quvonchbek XUDOYShUKUR
Manba: Hordiq.uz “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Ukraina Kursk oblastida egallab olgan hududlarining 40 foizdan ortig‘ini yo‘qotdi
Medvedev: Maxsus harbiy operatsiya uchun qurollarning aksariyati Rossiyada ishlab chiqariladi
BAAda isroillik ravvin o‘ldirib ketildi
Superligani qaysi klub tark etadi? Kumush medal kimga nasib qiladi?
O‘zbekistonda tadbirkorlar uchun ayrim ma’muriy javobgarliklar bekor qilinadi
Xitoylik hakerlar AQSHdagi 150 nafar siyosatchi ortidan josuslik qilgan bo‘lishi mumkin
Germaniyalik fermerning sigiri to‘rtta buzoq tug‘di
Rossiya Buyuk Britaniya diplomatiga qarshi keskin chora qo‘lladi