14:48 / 26.12.2017
9 164

«Sizga o‘xshagan olifta, o‘zini osmondagi oy deb biladiganlarni ko‘p ko‘rganman!»

«Sizga o‘xshagan olifta, o‘zini osmondagi oy deb biladiganlarni ko‘p ko‘rganman!»
Kumushning qovog‘i soliq, lablari do‘rdayib, qoshlari ham tobora chimirilishni boshlagan. U qarshisida turgan ayol va uning o‘g‘liga boshdan-oyoq qarab oldi-da, bu yerdan qochib ketgisi keldi. Onasi esa hadeb qizini niqtab qo‘yar, «Kulsang-chi, biroz jilmaysang-chi, bola bilan yaxshi gaplash, osmondan kelaverma», deya nasihat berishdan to‘xtamasdi.
— Assalomu alaykum, yaxshi keldinglarmi? Qiynalmay topdingizmi bu yerni?
Kumush bilan onasiga peshvoz chiqqan ayol astoydil kuyib-pishar, qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib jilmayardi. Obdan ko‘rishishni boshlagan ikki ayol gapga berilib ketishdi. Kumush boyagina asabdan qizini koyiyotgan onasining doimgiday tezda o‘zgarib olishiga yana bir marta qoyil qoldi. Qizning bu holatdan ham kulgisi, ham yig‘lagisi kelar, o‘zidan ko‘z uzmay turgan yigitga esa nafratli nigohi bilan qarab qo‘yayotgandi.
— Uzr, biz sizlarni ancha kuttirib qo‘ydik, — dedi Kumushning onasi va kuyovlikka nomzod yigitga nazarini tashladi.
— Iya, hech unday emas, kutsak kutibmiz-da, — qo‘lini ko‘ksidan tushirmayotgan ayol o‘g‘liga qarab, nozik ishora qildi.
— Assalomu alaykum, yaxshimisizlar! — ishorani tushungan Aziz qarshisidagi ayolga yaqinroq kelib, yelkasini tutdi. Ammo uning ko‘zlari Kumushdan uzilmasdi.
— Endi sizlar aylanib kela qolinglar, biz ham gaplashib olamiz, — dedi Azizning onasi.
Kumush bu uchrashuvdan hech hayajonlanmas, yonida yurgan yigit esa ko‘zlariga biroz beso‘naqay, hatto ko‘rimsiz ham bo‘lib ko‘rindi.
«Nima qilib yuribman o‘zi bu ahmoq bilan gadoytopmas joylarda. Eh, uchrashuvga chaqirgan yerini qaranglar, bir tupkanning tagi. Didsiz, farosatsiz! Kiyinishi ham rasvo-ku. Oyog‘iga nima kiyib olgan, oq krossovkami, mana shunaqa shim bilan-a? Tavba!»
Qiz o‘zi bilan o‘zi gaplashib ketardi. Xayoliga kelayotgan bu fikrlarni haydash o‘rniga, aksincha, tezroq bu yigitdan qutulish payida. Ammo qanday qilib? Axir onasi bu yigit va uning oilasini rosa maqtagan-ku. Dadasini ishga solsinmikin? E, yo‘q, endi dadasi ham qizining erkaliklarini ko‘tarishdan to‘ygan.
— Ahvollaringiz qalay, Kumush, charchamayapsizmi?! — dedi, nihoyat, Aziz.
Yigitning ovozi titrab chiqdi. Yonginasida yurgan bu qizning beparvoligi-yu, mensimay boqishlarini Aziz allaqachon sezgandi. Ammo ne qilsinki, dilida uyg‘ongan ajib hislar ta’siridan chiqolmas, qizning ham ko‘nglini bir amallab olish niyatida edi.
— Charchayapman, — dedi Kumush sochlarini qo‘li bilan tarab. — Nima edi?
— Shunchaki… — Aziz qo‘pol muomaladan biroz shoshib qoldi. — Kayfiyatingiz yo‘qroqdek ko‘rinadi.
— Menga qarang, — dedi Kumush dabdurustdan to‘xtab. Qiz asabiylashgani sari tez-tez uh tortardi. — Bu yurishimizdan bir naf yo‘q. Dangal gaplashib olaylik.
— Xo‘p, yaxshi, gaplashib olamiz, tinchlikmi?!
— Men bilan nega yana uchrashuvga chiqdingiz o‘zi, uyda ko‘rishgan kunimizoq burnimni jiyirgandim-ku, tushunmaganmidingiz? — Kumush gap orasida onasi tarafga ham bir qayrilib qaradi, ular sezib qolmasligi uchun daraxtlar ortiga Azizni atayin boshlab kelgandi.
— Sezgandim, ammo…
— Ammo?! Ammosiga nima bor ekan, hech tushunmayman, — qizning ko‘zlari katta-katta ochildi. — Yoki sizga farqi yo‘qmi, sevmasam ham uylanaverasizmi menga?
— Axir bor-yo‘g‘i ikki marta ko‘rishdik, — dedi Aziz xotirjam ohangda biroz jilmayib. — Ko‘nglingiz tushib…
— Ko‘nglim tushmaydi sizga! — keskin rad etdi qiz.
— Tushunmadim?! — Azizning endi qovoqlari uyildi.
— Men sizga tegmoqchi emasman!
— Kumush, — dedi Aziz qizning gaplarini erkalikka yo‘yib. — Siz menga…
— E, bo‘ldi-da endi, buncha yopishib oldingiz menga! Aytdim-ku, bir-birimizga to‘g‘ri kelmaymiz, deb!
Aziz gapini hadeganda bo‘layotgan bu qizning tantiqliklariga uzoq chidashi mumkin edi-yu, biroq jim turishi ham g‘ashiga tegishi aniqligini payqadi va taqdirga tan berganday ikki qo‘lini ikki tarafga yoydi.
— Zorimiz bor, zo‘rimiz yo‘q, Kumushxon.
Kumush yigitga o‘g‘rincha qarab biroz jim turdi-da, boshini baland ko‘tardi.
— Shunisi ikkalamiz uchun ham yaxshi.
— Xo‘p, xayr bo‘lmasa, omad sizga, — Aziz gapni qisqa qilib, qiz bilan xayrlashdi va ortiga o‘girilib ketishga chog‘landi.
— Iya, shoshmang, — dedi Kumush Azizning bilagiga jon holatda yopishib. Yigitning ajablanishini ko‘rgach, darrov qo‘lini tortib oldi-da, bir yutinib oldi. — Haligi, oyingizga nima deysiz?
— Nima derdim, qiz meni yoqtirmadi, deyman.
Ma’yus tortgan Aziz Kumushga tikilib qoldi. Yigit bu qaysar, erka, ammo go‘zal qizni yoqtirib qolgandi. Hech kechgisi kelmayotgandi undan.
— Yo‘q, — dedi qiz norozi qiyofada, — bunaqasi ketmaydi. Siz o‘zingiz meni rad etishingiz kerak. Oyingizga «Qiz yoqmadi», deb ayting.
Kumush hatto «iltimos» so‘zini ham qo‘shmay gapirdi. Qizning ko‘zlarida zohir bo‘lgan ushbu manmanlikni Aziz yosh bolaning erkaligi singari tabiiy qabul qilardi.
— Chiroyli yuzingizga qarab, birorta nuqson topolmadim, qaysi vijdon bilan yoqmadi, deyishim mumkin?
— Feli yoqmadi deng, yana biror bahona o‘ylab toparsiz! — yer depsindi Kumush. — Bo‘ldi endi, ketdik.
—…
* * *
Qiz Azizni badavlat bo‘lmagani, didli kiyinmagani uchun yoqtirmagandi, ammo bu haqda oyisiga aytolmadi. Gap eshitishi turgan gap. U ota-onasinig gaplarini narigi xonada eshitib o‘tirar, ular allaqachon to‘y tadorigiga tushib ketishgani qizning g‘ashini keltirayotgandi.
— Juda ma’nili yigit, dadasi, ikkinchi marotaba ko‘rib, takror guvoh bo‘ldim, — dedi ayol eriga boshi ko‘kka yetgan ko‘yi. — Siz ham gaplashgansiz-ku, nihoyatda tarbiyali, to‘g‘rimi?
— Men odamni ko‘ziga qarab bilaman, xotin, — dedi erkak chuqur tin olib. — Bu bolaning ko‘zlari ba’zi yigitlarnikiga o‘xshagan surbetmas, ishonaver. Bizning davrlarda edi, uchrashuvga chiqib, qiz bolaga tik boqolmaydigan nomuslilar. Bugunning yoshlari ancha bezbet.
— Dadasi, Kumushni ham ko‘ndirish kerak.
— Ko‘nmay qayoqqa boradi! — stolga bir musht urgan erkakning ko‘zlari kosasidan chiqqudak chaqchaydi. — Bo‘ldi-da endi, hadeb erkalik qilishni yig‘ishtirsin.
Kumush titrab ketdi. «Tamom, yetib kelibman», — dedi qiz labini tishlab. «Mudom ko‘nglimga qaraydigan dadamni ham mana shu bola jodulab olibdi-ya, tavba». Kumushning birdan-bir umidi Azizdan. Qiz goh uy, goh onasining qo‘l telefoni jiringlashidan bir sakrab tushar, Azizning onasi emasmikin, deya qulog‘i ding bo‘lardi. Ammo bir hafta o‘tsa hamki, ular tomondan qo‘ng‘iroq bo‘lmadi. Kumush bundan xursand edi-yu, lekin rad javobi kelmagunicha xotirjam bo‘lolmasdi. Agar sovchi begona bo‘lganida ham, qiz ular yo‘qolib ketishgan, deya xayol qilar, lekin Azizning oilasi ko‘p yillik tanish ekani uchun ular, albatta, aniq bir sabab bilan tayinli javob keltirishi turgan gap edi.
— Nega yo‘q bo‘lib ketishdi ekan, Kumush, shunday yaxshi joy edi-ya.
— Yo‘q bo‘lib, yuzko‘rmasga aylanib ketaylik! — dedi qiz burnini jiyirib. — Buncha shularga yopishib oldingiz, oyi?
— Unday dema, ahmoq! — qizining yelkasiga beozor urib qo‘ydi ayol. — Yaxshi oila, yigit ham yaxshi, tarbiyali, toparmon-tutarmon, qolaversa, seni yaxshi ko‘radi.
— Voy-voy, o‘rgildim, — dedi Kumush qalin, qora qoshlarini doimgiday chimirib. — Bor-yo‘g‘i ikki marotaba ko‘rishib, sevishga ham ulguribdimi bu yuzsiz. Aytib qo‘yay, oyi, mana shu ahmoqni o‘lguday yomon ko‘rib qoldim!
— Yomon ko‘rganing oldingga keladi. Shunday gap bor, — dedi onasi xayollarga berilib. — Hechqisi yo‘q, yaxshi ko‘rib ham ketasan…
Kumush g‘azabdan qizarib, xonasiga chiqib ketdi. Qiz qo‘rqayotgandi. Nima uchundir taqdirning o‘zi bu bolaga ro‘para qilib qo‘yadiganday hadiksirayotgandi. Birozdan so‘ng yoniga kirgan onasi ertaga boshqa yigit bilan uchrashuv belgilanganini va bu yigit Kumush istaganday boy oiladan ekanini aytdi.
Onasi rost aytgan ekan. Yigit so‘nggi rusumdagi mashinada savlat to‘kib keldi. Qizga avval ham ancha-muncha badavlat yigitlardan sovchi kelgan, biroq bunisi xuddi Kumush istaganday edi. Qora mashinaning oynasi filmlardagi kabi sekin pastga tushdi.
— Salom, siz Kumushmisiz? — dedi mashinani boshqarib kelgan yigit Kumushga boshdan-oyoq qarab olarkan.
— H-ha, — deya oldi «Ehtimol, bu uning haydovchisidir», deya o‘ylab qolgan qiz.
— Men Azamatman, o‘tiring!
Kumush bu buyruqli ohangdan dovdirab qoldi. Buyruqli ohangga ko‘z yumish mumkin, ammo yigitning mashinadan tushmasligi hurmatsizlikning o‘zginasi. Qiz oldiniga nima qilarini bilmay turdi, so‘ng «O‘ziga ishongan, manaman degan yigit-da, tabiiy hol» degan o‘yda o‘zini ovutib, mashinaga o‘tirdi. Ular yo‘l bo‘yi gaplashishmadi. Qiz yigit uni ko‘rib hayajonlanib ketishini, savollarga ko‘mib tashlashini kutgandi, lekin umuman kutilmagan vaziyat yuzaga keldi. Kumushning dili siyoh, ammo hech yomon xulosa chiqargisi yo‘q. Shu payt mashina Kumush kinolarda ko‘radigan restoranlardan birining yonida to‘xtadi. Qiz atrofga alanglab ulgurmasidan Azamat oldinga yurib ketdi, qiz esa unga yetib olish uchun tez yuraman dedi-yu, oyog‘ini qayirib oldi.
— Tuzukmisiz? — yugurib kelgan restoran xizmatchisi Kumushga yordam berish uchun qo‘lini cho‘zdi.
Kumush oqsoqlanib qadam tashlarkan, Azamat laoqal xizmatchi yigitchalik e’tibor qaratmaganidan g‘alati bo‘lib ketdi.
— Qayerda qolib ketdingiz? — dedi yigit hech narsadan bexabardek qizga beparvo qarab. — Iya, oyog‘ingizga nima qildi? Yoki o‘zi shunaqamisiz?
«Tavba, xuddi men bilan kelganini unutganday chopib ketdi-ya. «Shunaqamisiz?» Bu bilan nima demoqchi? Aslida, cho‘loqmisiz demoqchimi?! Mashina eshigini ochmagani, yo‘l bo‘yi indamay kelgani, endi esa bu gapi… Qiziq, uchrashuv so‘nggigacha yana qanaqa qiliqlar ko‘rsatarkin?».
Kumush shunday xayollar bilan Azamatning qarshisiga o‘tirdi.
— Oyog‘im qayrilib ketdi, — dedi u eshitilar-eshitilmas.
— Nima, eshitmadim?
Kumush yigitning tovushidan beparvolik va yaxshigina mensimaslikni ham sezdi.
— Sizga yetib olaman, deb shoshilgandim, oyog‘im qayrildi, deyman.
— Hmm…
«Hmm». Birgina shu so‘z Kumushning ich-ichidan nimanidir uzib yubordi. Qiziq, shu kungacha u ayni mana shu so‘zni necha bor ishlatgan. Yigitlar uning bu «hmm» deyishlariga xuddi mana shunday ayanchli hissiyotni tuyishganmikin? Kumush o‘zini chalg‘itishga urinib, atrofga razm soldi. Chiroyli, shinam, yorug‘ restoranning sahnasida jonli musiqa yangrayapti. Hamma, hatto xizmatchilar ham xotirjam va nozik harakatlanishyapti. Sal o‘tmay, ofitsiant stolni noz-nematlar bilan to‘ldirib tashladi. Bir qarashda hammasi maromida, hatto zo‘r. Lekin…
Hayotimizni mana shu lekinlar buzib yuborgani chatoq. Kumush Azamatga tikilib qoldi. Darhaqiqat, u unchalik xushsurat emas, ammo ustidagi qimmat kostyum, qo‘lidagi soat va telefoni ajoyib. Uning o‘sha qimmat soat taqqan qo‘li esa telefoniga yopishib qolgan. Azamat Kumushga qarab ham qo‘ymas, mitti qutichasiga termilish bilan ovora. Faqat ora-orada «Gapingiz bo‘lsa, gapiravering», deb qo‘yadi. Kumush tishini-tishiga bosib chidadi. Yo‘q, u boya Azamat mashinadan tushmay, «o‘tiring», deganidayoq chidashni boshlagandi.
— Siz, — dedi qiz oxiri sabri tugab, qo‘llarini stol ustiga qo‘ygach. Qizning qo‘pol harakatidan idishlar ham bir-biriga urilib ketdi. — Uchrashuvga chiqdingizmi o‘zi?
— Sekin, — dedi yigit faqat ko‘zlarining harakatini o‘zgartirib. — Nima demoqchisiz?
— Kechirasiz-u, biz uchrashuvga chiqqanmiz, — dedi qiz muloyimligini yig‘ishtirib, — yodingizdami?
— Yaxshi qiz, nima istayapsiz o‘zi, mana ovqat olib kelishdi, marhamat yeng, iching, maza qilib qo‘shiq eshiting, — dedi yigit va o‘ziga-o‘zi gapirganday pichirladi. — Zero, umringizda ko‘rmagan joyda o‘tiribsiz.
Yo‘q, Kumush endi jim turolmaydi. U bu bolaga erga tegish u yoqda tursin, hatto bu yerda u bilan bir daqiqa ham o‘tirolmaydi.
— Adashasiz, — dedi qiz o‘rnidan turib. — Ko‘rganman, kinolarda ko‘rganman. Yaxshi qoling, biz bir-birimizga umuman to‘g‘ri kelmas ekanmiz!
Kumush sumkasini oldi va yana bir qo‘pol harakati bilan stoldagi allambalolarni yerga tushirib yubordi. So‘ngra boshini baland ko‘targan ko‘yi ortiga o‘girildi. Xuddi nimanidir unutganday yana Azamat tomon burilib, hayratdan qotib qolgan yigitga yaqinlashdi.
— Aytgancha, o‘sha kinolarda sizga o‘xshagan olifta, o‘zini osmondagi oy deb biladigan befarosatlarni ham ko‘rganman! — dedi Kumush va atayin yana bir qo‘pol harakat bilan stoldagi finjonni ham tushirib yubordi. — Agar ustingizdagi qimmat kostyum, soat va allambalo soch turmagingiz unda bo‘lsa, u ham shahzodaga aylanardi-qolardi. Hammasi juda oson ekan-ku! O‘rgildim!
Azamat Kumushning oxirgi gaplariga tushunolmay, dovdiragancha lom-mim deyolmay qoldi. Qiz esa chuqur chuqur nafas olib, «Xudoga shukr, endi yaxshiman», deya pichirlar va negadir Aziz xayoliga kelib qolganidan ham hayratda edi. Ha, uning Azamatga aytgan so‘nggi gaplari Aziz haqida edi. Qiz boyagi oyoq og‘rig‘ini ham unutib, shahdam qadamlar tashlab, katta yo‘lga chiqib olgandi hamki, oldiga mashina zuv etgancha kelib to‘xtadi.
— Sizga taksi kerak emasmi, mabodo?!
Hayajon va biroz hadik bilan berilgan bu savol egasini ko‘rgan Kumush entikib ketdi.
— Aziz aka?!
— Kechirasiz, yana g‘ashingizga tegdim chog‘i! — dedi yigit darhol mashinadan tushib. U jilmayarkan, o‘zini oqlashga urinardi:
— Shunchaki men shu yerdan o‘tib ketayotib…
— Juda yaxshi-da, meni uyimga tashlab qo‘yasiz! — Kumush mashina eshigini ochdi-da, shartta o‘tirib oldi.
Aziz esa birozgina shoshib qoldi, nima qilarini bilmay, «H-ha, ha, albatta», degancha mashinasini yurg‘azdi. Ular yo‘l bo‘yi tinmay gaplashib ketishdi. Aziz onasiga «Biroz shoshmay turing», deb o‘zi ham bilmaydigan taqdir yordamini kutganini va umidi uzilmaganini…
Qiz bu safar indamadi, kulib qo‘yaqoldi, xolos.

Mohigul DIYoRXO‘JAYeVA

Manba: Hordiq.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » «Sizga o‘xshagan olifta, o‘zini osmondagi oy deb biladiganlarni ko‘p ko‘rganman!»