Ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand shahridagi mashhur “Bulvar” maydonidagi chinor daraxtlari kesilgani va mutasaddi tashkilotlar bu voqeaga befarq qarayotgani haqida turli xabarlar tarqaldi, deb xabar berildi.
Biroq Samarqand viloyati Ekologiya boshqarmasi bu masala bo‘yicha 2-sentyabr kuni rasmiy ma’lumot berdi. Ma’lumotlarga ko‘ra, yaroqsiz holga kelgan va atrofdagilar uchun xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan chinor daraxtlari kesilishi oldindan rejalashtirilgan va tegishli qonunchilik asosida amalga oshirilgan.
Xabarda ta’kidlanishicha, “Samarqand viloyati Ekologiya boshqarmasi, viloyat Favqulotda vaziyatlar boshqarmasi hamda O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi Samarqand viloyat boshqarmasi xodimlari ishtirokida tuzilgan maxsus ishchi guruh tomonidan Samarqand shahar Universitet xiyoboni Oqsaroy ko‘chasidan “Go‘ri Amir” maqbarasiga qarab kirish yo‘lining o‘ng tomonida ekilgan chinor daraxtlarining holati o‘rganildi. Tekshirish jarayonida uch tup chinor daraxti ko‘p yillar davomida turgani sababli tashqi ta’sirlar oqibatida o‘zining mustahkamlik xususiyatini yo‘qotgani, tanasida g‘ovaklar paydo bo‘lgani va yo‘l tomonga 40 darajaga og‘ib qolishi aniqlandi. Bu esa insonlar hayoti uchun xavf darajasini yuqoriga ko‘targani ma’lum qilindi”.
Shuningdek, mas’ullar qaydicha, daraxtlarni kesish amali ehtiyotkorlik bilan va atrof muhitni himoya qilishni hisobga olgan holda amalga oshirilgan. Mazkur choralar shahar aholisi va sayyohlar uchun xavfsizlikni ta’minlash, yo‘llarning erkin va barqaror holda saqlanishi maqsadida amalga oshirilgan.
Ekologiya boshqarmasi vakillari aholi va ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilariga shunday vaziyatlarda xabarli bo‘lish va ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lish lozimligini ta’kidlab, atrof muhit va daraxtlarga hurmat bilan qarashni so‘ramoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!