Vaqt o‘tib boryapti. Yoshimiz ulg‘aymoqda. Qarashlarimiz o‘zgargan. O‘TMIShdan xulosa chiqarish, BUGUNni munosib yashab o‘tish, KELAJAK uchun rejalar qurishni o‘rgandik, o‘rganyapmiz va o‘rganishda davom etaveramiz...
Hayot falsafasi
Falsafa fanidan dars o‘tayotgan professor auditoriyaga qo‘lida stakan ko‘tarib kirib keldi. U hamma ko‘rishi uchun stakanni balandroq ko‘tardi.
— Buning og‘irligini biladiganlar bormi? — so‘radi.
«50 mg!..» «100 mg!..» «125 mg!..» degan javoblar yangradi.
— O‘lchamasdan turib, buni aniq aytish qiyin. Lekin mening savolim shunday: agar buni bir daqiqa ko‘tarib tursam, nima bo‘ladi?
— Hech nima! — talabalardan biri javob berdi.
— Yaxshi. Agar bir soat ko‘tarib tursam-chi? — yana so‘radi professor.
— Qo‘lingiz og‘riydi, dedi bir talaba.
— To‘ppa-to‘g‘ri! Agar bir kun shu ko‘yi tursam nima bo‘ladi?
— Qo‘lingiz uvushib, hech narsani sezmaydi, muskullaringiz toliqib, joningizni azoblaydi. Keyin sizni shifoxonaga olib ketishadi.
Talaba qizning kuyinchaklik bilan qaytargan javobi auditoriyaning kulgisiga sabab bo‘ldi.
— To‘g‘ri, ayting-chi, bu stakanni uzoq ko‘tarib turganimda uning vazni ortadimi? Tanim shuning uchun azoblanadimi?
Auditoriya bir ovozda «yo‘q» deya javob qaytardi.
— Bu azobdan xalos bo‘lishim uchun nima qilishim lozim?
— Idishni yerga qo‘ying!
— To‘ppa-to‘g‘ri! Unutmang, hayotdagi muammo, tashvishlar ham shunga o‘xshaydi: qancha uzoq ko‘tarib yursang, ular seni shunchalar ko‘p qiynoqqa soladi, — fikrini yakunladi professor.
Vaqt qadri
Ancha yillar ilgari, bolaligimda otam nimadir ish qilayotganida uning yonida o‘tirishni yaxshi ko‘rardim. Ayniqsa, otamning biror nimani ushlab turishimni so‘ragani men uchun sharafli yumush edi. Shu taxlit ota-qiz miriqib suhbatlashardik, otam uchun qiziqishlarim, fikrlarim juda qiziq edi. U otalar berishi mumkin bo‘lgan eng katta sovg‘a — e’tiborni farzandlariga sovg‘a qilardi. Otam ishdan keyingi vaqtini ham oilasiga bag‘ishlar, dam olish kunlari tengqurlari bilan ulfatchiliklarga bormasdan vaqtini biz bilan o‘tkazardi.
Vaqt shamolday yelib o‘tib, birzumda o‘sib-ulg‘aydim va o‘qish istagida boshqa shaharga ketdim. Otam doimo biror bahona topib dam olish kunlari meni uyga chaqirish, soatlab suhbatlashish payida bo‘lar edi.
Turmush o‘rtog‘im bilan uy-joy sotib olgan yilimiz otam uyni o‘zi bo‘yab berishini aytib, biznikiga mehmonga keldi. U yoz oftobining jazirama tig‘i ostida uch kun mehnat qildi. Har zamonda mendan bo‘yoq yoki cho‘tkani ushlab turishimni so‘rardi. Uning men bilan juda-juda gaplashgisi kelayotganini his qilardim, ammo uy-ro‘zg‘or, bola-chaqa, boshqa tashvishlar bilan band bo‘lib, otam uchun vaqt ajrata olmaganman.
Bundan to‘rt yil ilgari mehmonga kelgan otam qizim uchun arg‘imchoq yasayotganida ham sayohatga ketishga chog‘lanayotganim uchun, bemalol o‘tirib gaplasha olganim yo‘q.
Ha, yoshi o‘tib borayotgan ota uchun qizidan bo‘lak azizroq inson yo‘qligini anglamagan ekanman!
Otamning tavallud kunida unga qo‘ng‘iroq qilganimda esa uning so‘nggi suhbatlarimizni eslay olmayotgani ma’lum bo‘ldi. To‘satdan ko‘z oldim qorong‘ilashdi, shundagina qadrdonimning keksayib qolgani, bizni bog‘lab turgan vaqt poyoniga yetib borayotganini his qildim. Ko‘p o‘tmasdan shifoxonadan qo‘ng‘iroq bo‘ldi. Anchadan buyon bosh qon tomir kengayishidan azob chekib yurgan otamning ahvoli og‘irlashib qolganini aytishdi. Parvoz mahali otam bilan suhbatlashishim mumkin bo‘lgan baxtli damlarni o‘tkazib yuborganim uchun ich-ichimdan o‘zimni ayblar edim.
Shifoxonaga kelganimda otam hushsiz yotardi. Shunday bo‘lsa ham, uning mehr to‘la yuzida dilbandiga bo‘lgan sog‘inch zohir edi. Mehribonim bilan uzoq-uzoq gaplashgim kelardi. Biroq, bu gal otamning vaqti yo‘q…
Otam olamdan o‘tgach uni yaxshiroq tushuna boshladim. U mendan so‘ragan bor-yo‘q narsa, bu mening vaqtim edi. Ha, azizlarim, toki vaqtingiz bor ekan, toki imkon bor ekan, mehribonlaringizdan xabar oling!
Ingliz tilidan Shuhrat SATTOROV tarjimasi
Manba: Darakchi.uz “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Borrel YEIning Isroil bilan muloqotini to‘xtatishni taklif qildi
AQSH Isroilning ikki vaziriga sanksiya qo‘llamoqchi
Pashinyan Armanistonning Mustaqillik deklaratsiyani eng katta muammo va fojia deb atadi
Erdo‘g‘on Turkiya Isroil bilan aloqalarini uzganini ma’lum qildi
Yaxshi pishgan va mazali anor tanlashga yordam beradigan tavsiyalar
Har qanday katta yoshdagi kishi yetuk emas
Blinken Isroildan uchta muammoni hal etishni talab qildi
AQSH harbiylari orasida o‘z joniga qasd qilish ko‘paydi