21:50 / 08.03.2018
14 112

Poyabzal tanlashda adashmang!

Poyabzal tanlashda adashmang!
Bugungi kunda savdo rastalarida har birimiz o‘z didimiz va imkoniyatlarimizga qarab, turli-tuman poyabzallarni uchratishimiz mumkin. Ammo ko‘pchilik o‘ziga qulaylikdan ko‘ra, oyoqlarida chiroyli ko‘rinishga ega bo‘lib turadigan poyabzal tanlashga urinadi. Aslida poyabzal tanlashda nimalarga e’tibor berish lozim? Hozirgi dunyo “poyabzal bozori”da qanday jarayonlar kechmoqda? Quyida shular haqida so‘z yuritamiz.

O‘ziga yarasha tarixi bor
Ibtidoiy odamlar ham tabiat noqulayliklaridan oyoqlarini himoya qilishga majbur bo‘lgan. Ular qayerda (issiq yoki sovuq o‘lka-larda, seryog‘in yoki qurg‘oqchil joylarda, pasttekisliklar va tog‘li joylarda) yashashlariga qarab, yalang oyoq yurishgan, chipta kavush, choriq, yog‘och, kigiz, charm yoki mo‘yna poyabzal kiyishgan. Ularni to‘qish, yo‘nish va tikish usullari esa asta-sekin takomillashtirilib borilgan. O‘rta Osiyo xalqlari asosan etik, maxsi, kavush kiyganlar. Poyabzal asosan qo‘lda tikilgan. Keyinchalik XIX asr o‘rtalaridan botinka, tufli, sandal, shippak, piyma, kalish, sport poyabzali, tibbiy, harbiy va maxsus ish poyabzallarini kiyish odat bo‘ldi. Erkaklar poyabzali — mardona, ayollar poyabzali — zaifona, bolalar poyabzali —bachkana deb atalgan.

Toshkentda birinchi poyabzal fabrikasi 1927 yilda ish boshlagan. 1940 yilga kelib respublikada keng tarmoqli poyabzal sanoati shakllangan.

Qay biri yetakchi o‘rinda?
Ma’lumotlarga ko‘ra, hozir jahon charm-poyabzal mahsulotlari ishlab chiqarilishning asosiy hududi Osiyo va Lotin Amerikasi mamlakatlari sanaladi. Mamlakatlararo poyabzal ishlab chiqarishda Janubi-Sharqiy Osiyo, birinchi navbatda, Xitoy yetakchilik qilmoqda. Poyabzal sanoatining har ikkinchi jufti Xitoyda ishlab chiqariladi. Jahon poyabzal ishlab chiqarish umumiy hajmining (yiliga 13,5 mlrd juft) taxminan yarmi Xitoyga to‘g‘ri keladi.

Vazifasiga ko‘ra, bozor tarkibida poyabzalning yarmidan ortig‘ini (55 foiz) kundalik poyabzal tashkil etadi. Ikkinchi o‘rinni sport poyabzali egallaydi (13 foiz), u yoshlar o‘rtasida kundalik poyabzal sifatida ham ommalashgan. Modabop poyabzal ulushi ham taxminan shunchaga teng (12 foiz). Bu, asosan, ayollar va qizlar poyabzali hisoblanadi. Maxsus poyabzallar ulushi — 8 foiz, xonaki — 7 foizga teng. Safar poyabzali ulushi eng kam bo‘lib, 5 foizni tashkil etadi.

O‘zbekistonda
Hukumatimiz tomonidan charm poyabzal sohasini rivojlantirishga qaratilayotgan e’tibor natijasida so‘nggi yillarda respublikamiz bo‘yicha yangi korxonalar tashkil etilib, mavjud ishlab chiqarish korxonalarida modernizatsiya ishlari amalga oshirildi. Ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning asosiy qismi mamlakatimiz aholisining talabini qondirish bilan birga, mahsulotlarning eksport hajmi ham yildan yilga oshib bormoqda. Chunki bizda ishlab chiqarilayotgan poyabzallar ham dunyoning shu turdagi hech bir mahsulotidan qolishmaydi.

Avvalo, yurishga qulay bo‘lsin
Mutaxassislarning fikricha, chiroyli va erkin, yengil yurishga odatlanishda poyabzalning oyoqqa, ob-havoga va mavsumga mosligi muhim ahamiyatga ega. Poyabzal avvalo yurish uchun qulay bo‘lishi kerak. Sifatli oyoq kiyimlarda maxsus ko‘tarib turuvchi yumshoq matodan tayyorlangan patak bo‘ladi. Baland poshnali oyoq kiyimlarni tanlamang. Poshna qancha baland bo‘lsa, boldir mushaklariga tushadigan zo‘riqish shuncha yuqori bo‘ladi. Amerikalik olimlar baland poshnali oyoq kiyimida umurtqa pog‘onasiga og‘irlik bir tekis tushmasligini va bu tana harakatining buzilishi(degenerativ)ga olib kelishini isbotlagan.

Chiroyli qadam tashlay, desangiz…
Tadqiqotlarda aniqlanishicha, ko‘pincha ayollar kichkina poyabzal kiyishadi. Bu holda oyoq siqilib, yurganda azob beradi. Turli dardlarga chalinish ham mumkin. Tanada qon aylanishi murakkablashadi. Oyoq kafti ham xunuklashadi. Biroq muntazam juda yassi, poshnasiz poyabzalda ham odam chiroyli yurmaydi. Oyoq suyaklari ham yassi bo‘lib o‘sadi yoki muntazam baland poshna kiyish oqibatida siljib, qiyshiq joylashib qolishi mumkin.

Poyabzal poshnasining balandligi o‘rtacha bo‘lgani ma’qul. Bunday tuflida odam yengil, mayin qadam tashlaydi. Uyda kiyadigan poyabzallar ham iloji boricha bir oz poshnali bo‘lishi lozim. Eng baland poshna kamida uch santimetr bo‘lsa, maqsadga muvofiq. Shunda oyoqlaringiz unchalik charchamaydi va yassioyoqlikning ham oldi olinadi. Oyoq yuzasi 28ta suyak, 33ta bo‘g‘in va 3ta katta biriktiruvchi bo‘g‘indan iborat. Ularning vazifasi: yumshoq harakatlanishni ta’minlash va zarbani yumshatish. Aks holda, oddiygina yugurish yoki sakrash ham miya chayqalishiga olib kelgan bo‘lardi.

O‘lchami kattarog‘ini olgan to‘g‘rimi?
Mustaqil yura boshlagan bola uchun oyoq kiyim xarid qilishda avvalo uni bolaning o‘ziga kiydirib ko‘ring. Oyoq kiyimning tashqi ko‘rinishiga emas, bola oyog‘iga qulayligiga e’tibor qarating. Unutmang, birinchi o‘rinda poyabzal yengil bo‘lishi zarur.

Mutaxassislarning fikricha, poyabzalning tagligi egiluvchan bo‘lgani yaxshi. Egiluvchan taglik oyoq harakatiga xalal bermaydi. Oyoq kiyimni bukib ko‘ring, tagi yumshoq bo‘lsa, oson bukiladi. Ammo ba’zi shifokorlar oyoq kiyim tagligi qattiq bo‘lishi kerak, degan fikrni bildiradilar. Bu haqda shifokoringiz fikrini ham e’tiborga oling. Shifokor bolaning jismoniy xususiyatlaridan kelib chiqib maslahat beradi. Shuningdek, oyoq kiyim katta ham, kichik ham bo‘lmasin. Ko‘pincha, ota-onalar keyingi yil ham kiyadi, degan fikrda oyoq kiyimni o‘z o‘lchamidan kattarog‘ini olishadi. Kattasi esa oyoqning shakllanishiga ta’sir ko‘rsatadi.

Qanday tozalaymiz?
Oyoq kiyimning tozaligiga ham doim e’tibor bering. Ko‘chaga kiyiladigan oyoq kiyimini chang va kirdan tozalash uchun ko‘chadan kelgan zahoti avval nam, so‘ng quruq latta bilan artish kerak. Butunlay ivigan oyoq kiyimi ichiga qog‘oz (eski gazetani solish mumkin) solib quritgan ma’qul. Qog‘oz namlikni yaxshi shimib oladi va quritishning bu usuli bir necha bor takrorlansa, oyoq kiyimi tezda quriydi. Oyoq kiyimini hech qachon olov, pechka yoki radiator yonida quritmang. Yuqori harorat unga salbiy ta’sir etadi: charm shaklini o‘zgartiradi, egiluvchanligini yo‘qotadi.

Vaqti-vaqti bilan tuflini issiq suvda yuvish tavsiya etiladi. Shunda krem va chang qoldiklari ketadi. Tor oyoq kiyimini kengaytirish uchun odekolon quyiladi, darhol kiyiladi va tashqi tomoniga ham odekolon sepiladi. Natijada charm yumshaydi, kengayadi va oyoqqa loyiq bo‘ladi.

* Baland poshnali oyoq kiyim kiyish qadimda mo‘g‘ul erkaklari orasida odat bo‘lgan. Ular ot minganda uzangidan oyoqlari chiqib ketmasligi uchun shunday poshnali kiyim kiyishgan.

* Ilgari konki kamar va arqonlar bilan oyoq kiyimga bog‘lanar edi. Poyabzalning tagiga o‘rnatilgan sirg‘aluvchi go‘la konkisini Gollandiyaga kemasozlik ishlari bilan borgan davrda yax ustida uchishga qiziqqan Pyotr I ixtiro kilgan.

* Eng qimmat poyabzal zargar Styuart Vaysman tomonidan ishlangan. Unga 642ta yoqut donachalari qadalgan bo‘lib, 1,6 millionga baholangan.

* London shahrining sharqidagi Xokston maydonida antiqa oyoq kiyim namoyishi bo‘lib o‘tdi. Mazkur oyoq kiyim nafaqat chiroyli tashqi ko‘rinishga, balki egasini qayerda bo‘lmasin, uyiga yo‘naltirish xususiyatiga ham ega. Uning chap poyiga chiroqli indikator o‘rnatilgan bo‘lib, har qanday joyda mo‘ljal olish imkonini beradi. O‘ngi esa uydan qanchalik uzoqlikdaligini ko‘rsatib turadi. “Sehrli” poyabzal dizayner Dominik Uilkoks tomonidan yaratilgan. Uning aytishicha, uning oyoq kiyimi hech qanday sehrga emas, shunchaki unga GPS-navigator o‘rnatilgan, uni kompyuter yoki noutbukka USB orqali o‘rnatib, kerakli manzilni kiritib qo‘yish kerak, xolos.
Shoh JAHON tayyorladi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Poyabzal tanlashda adashmang!