Bu voqea iroqlik taksi haydovchisining hayotida ro‘y berdi. Yaxshisi, voqeani uning o‘zi so‘zlab bersin:
– Oddiy kunlarimdan biri edi o‘sha kun. Mijozlarimdan birini aytilgan manzilga olib borib qo‘ydim. Mashinamni ortga qaytarayotganimda ko‘p qavatli uydagi balkonlardan birida turgan yoshgina juvonning menga shoshib qo‘l siltayotganiga ko‘zim tushdi. Ayol menga «kutib turing» deyayotganday ishora qilardi. Birozdan keyin hovliqib yetib keldi. Ust-boshi xarob, rang-ro‘yi bir ahvolda. Lekin ajablanmadim. Hozir butun Iroq aholisining deyarli yarmi shu ahvolda...
– Meni tilanchi deb o‘ylamang, – dedi juvon salom bergach. –Uyda uch go‘dagim ochdan o‘lyapti!..
Uning ovozidagi dard yuragimni zirqiratib yubordi.
– Erimni bosqinchi askarlar o‘ldirishgan. Hozirgacha bor-budimni sotib kun ko‘rib keldim. Ammo endi qo‘lga ilingulik hech narsam qolmadi. Bolalarim uch kundan buyon tuz totishgani yo‘q. O‘zim nima bo‘lsam bo‘larman, lekin go‘daklarimning non so‘rab yolvorishlariga chidolmayapman. Xudo yo‘lida, yetimlarimga yordam qiling!..
Shartta cho‘ntagimga qo‘l soldim. Bir dasta pulimni changallaganimda, shayton g‘alayon qildi: «Nima qilyapsan o‘zi?! Bunaqalarni endi ko‘rishingmi? Axir bu pullarni ne mashaqqat bilan yiqqansan-ku! Bolalaringning rizqini qiyib yiqqansan!»
Chindanam shunday. Mashinamning g‘ildiraklarini almashtirish uchun necha oylardan buyon pul yig‘ayotgandim. Xotinim yemoq-ichmog‘imizni ozaytirish hisobiga yig‘ib bergandi bu pullarni. Har kecha ishdan qaytishimni xavotir bilan kutib o‘tiradi, yemirilgan g‘ildiraklar bilan biror halokatga uchramasaydi deb qo‘rqib o‘tiradi. Bugun ustaxonaga borishim kerak...
Juvon o‘ylanib qolganimni ko‘rib, yig‘lab yubordi.
– Tilanchilik qilib o‘rganmaganman. Jon qardoshim, non dardida nomusimni sotishga majbur qolmayin. Imkoningiz bo‘lsa, go‘daklarimning jonini, mening nomusimni saqlab qolishga yordam bering...
Yuragim yonib ketdi! Yonimdagi bor pulni oldim-da, juvonga tutqazdim:
– Hech qachon nomusingni sotma, singlim! Bu pullar bir kuningga yarar. Qolganini Alloh beradi. Mening qo‘limdan kelgani shu...
Juvon hayajondan qaltirab ketdi. Keyin ingichka qo‘llarini ko‘tarib, duo qildi:
– Allohim bu yaxshiligingizning munosib mukofotini bersin! Sizni O‘zi yarlaqasin! O‘zi qo‘llasin!..
O‘sha kuni arang non puli topib, uyga qaytdim.
– Ustaxonaga bormadingizmi? – deya xavotir bilan tikilib turgan xotinimga yolg‘on gapirishga majbur bo‘ldim:
- Bordim. Ammo hozir mening mashinamga mos g‘ildiraklar yo‘q ekan. Keltirgach, o‘zlari xabar berishadi...
Oradan uch kun o‘tdi. Kechqurun uyga qaytsam, xotinim qo‘limga bir parcha qog‘oz tutqazdi.
– G‘ildiraklarni o‘rnatishga borarkansiz. Ustaxonadan xabar yuborishibdi, – dedi suyunib.
Angrayib qoldim. Axir bu qanaqasi! Hech qanaqa ustaxonaga bormaganman-ku!
Shoshib qog‘ozga qaradim. Ism-sharifim, manzilim to‘g‘ri yozilgan. Ustaxona manziliyam bor.
Xotinimga sir boy bermadim, ammo ertalabgacha uxlolmay chiqdim. Balki yanglishishgandir? Boshqasiga adashtirishgandir?
Ertasiga ertalab aytilgan manzilga bordim. Shogird bola qo‘limdagi qog‘ozni oldi-yu, menga hayratlanib qaradi va ichkariga yugurib ketdi. Birozdan keyin hayajondan titragan ovozi eshitildi:
– Keldi, usta! U keldi!
Hayratim ming chandon oshib turganida, ichkaridan to‘ladan kelgan, ellik yoshlardagi usta shoshib chiqib keldi. Menga birpas tikilib turdi-da, ho‘ngrab yig‘laganicha bag‘riga bosdi:
– Demak, sen ekansan-da! Demak, bu sen ekansan!
Hech narsaga tushunmasdim. Lol edim. Oxiri o‘zimni qo‘lga olib, ustaning qo‘llaridan mahkam tutdim.
– Nimalar bo‘lyapti o‘zi? Tushuntirib bering menga, usta!
Usta qaltiroq qo‘llari bilan ko‘z yoshlarini artarkan, dediki:
– Mana uch kechadirki, tushimga Rasululloh sollallohu alayhi vasallam kiryaptilar. Menga deydilarki, «Falon manzildagi falonchini chaqirginda, mashinasining g‘ildiraklarini almashtirib ber. Faqat undan haq olma. Haqini men to‘layman. Qiyomatda shafoatimga noil bo‘lasan!»... Alloh uchun so‘zla, qardoshim, qanday yaxshilik qilgandingki, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning o‘zlari sening mushkulingni oson qilish harakatidalar? Qanday...
Men ortiq ustaning so‘zlarini eshitmasdim. Ko‘z yoshlaridan bo‘g‘ilib qolgandim, yuragim qinidan chiqqudek potirlardi...
Manba: Azon.uz “Zamin” yangiliklarini “Twitter”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Medvedev: Maxsus harbiy operatsiya uchun qurollarning aksariyati Rossiyada ishlab chiqariladi
AQSHda 10 yoshli bola politsiyaga qo‘ng‘iroq qilib, matematikadan uy vazifasini bajarishda yordam so‘radi
Rossiya Davlat dumasiga rus tilini bilmaydigan migrant bolalarni maktablarga kiritishni taqiqlash loyihasi kiritildi
Migren, klaster sefalgiya, zo‘riqish... Bosh og‘rig‘ining necha turi mavjud?
Sayxunobodda qarzdor otadan salkam 75 mln so‘m aliment pullari undirildi
Xonanda Munisa Rizayeva ilk marta ona bo‘ldi
Kipr hukumati rossiyalik va ukrainalik milliarderlarning «oltin» pasportlarini olib qo‘ydi
Eron oliy rahnamosi Netanyaxuni qatl qilishga chaqirdi