date

Mach Industries mudofaa startapi bir yilda oʻz qiymatini 4 baravarga oshirdi

Mach Industries mudofaa startapi bir yilda oʻz qiymatini 4 baravarga oshirdi

22 yoshli Itan Tornton tomonidan asos solingan Mach Industries mudofaa texnologiyalari startapi C seriyasidagi investitsiya raundida 300 million dollar jalb qildi. Mazkur moliyalashtirish bosqichidan soʻng kompaniyaning bozor qiymati 1,8 milliard dollarga yetdi. Bu oʻtgan yilgi koʻrsatkichdan qariyb toʻrt baravar koʻpdir — 2025-yil iyun oyida kompaniya 470 million dollarga baholangan edi. Bu haqda Techcrunch.com xabar beradi.

Ushbu investitsiya raundiga Infinite Capital va Ribbit Capital jamgʻarmalari boshchilik qildi. Shuningdek, loyihada Bedrock Capital, Sequoia Capital va Khosla Ventures kabi yirik investorlar ishtirok etgan. Mach Industries asoschisi Itan Torntonning soʻzlariga koʻra, avtonom qurol tizimlarini ishlab chiqarish katta kapital talab qiladi, shu sababli kompaniya dastlab 200 million dollar jalb qilishni rejalashtirgan edi, biroq investorlar qiziqishi yuqoriligi sababli bu miqdor 300 million dollarga oshirildi.

2023-yilda tashkil etilgan Mach Industries hozirda beshta avtonom vosita ustida ish olib bormoqda: Viper (vertikal uchish-qoʻnish xususiyatiga ega reaktiv apparat), Glide (yuqori balandlikdagi planer), Stratos (havo kuzatuv platformasi), Dart (dronlarga qarshi arzon tutuvchi vosita) va Pike (uzoq masofali oʻq-dorilarni uchirish qurilmasi). Kompaniya kelasi yili ushbu tizimlarning kamida uchtasini ishlab chiqarishni boshlashni rejalashtirmoqda.

Bundan tashqari, startap yaqinda AQSH Mudofaa vazirligi (Pentagon) bilan yangi shartnoma imzoladi. Defense Innovation Unit (DIU) bilan tuzilgan kelishuvga koʻra, kompaniya Harbiy-dengiz kuchlari uchun uchish-qoʻnish yoʻlagiga bogʻliq boʻlmagan yirik zarbdor samolyot ishlab chiqadi. Ushbu loyiha kelajakda tijorat maqsadlarida ham qoʻllanilishi mumkin.

Hozirda Mach Industries jamoasi 350 nafardan ortiq xodimni tashkil etadi. Kompaniya Kaliforniyaning Xantington-Bich shahrida 10 ming kvadrat metrdan ortiq maydonni egallagan ishlab chiqarish zavodiga, shuningdek, boshqa hududlarda dizayn va loyihalash markazlariga ega. Itan Tornton 19 yoshida MIT (Massachusets texnologiya instituti)ni tashlab, ushbu startapga asos solgan edi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Texno » Mach Industries mudofaa startapi bir yilda oʻz qiymatini 4 baravarga oshirdi