19:26 / 28.05.2018
10 250

Qiyomat kuni soya-salqinda bo‘ladigan 7 toifa odam

Qiyomat kuni soya-salqinda bo‘ladigan 7 toifa odam
Agar kishi bu dunyoda nimagadir qattiq ehtiyojmand bo‘lsa, unga yetishish uchun imkoni boricha harakat qiladi. Och qolsa, qornini to‘yg‘azish dardida bo‘ladi, kiyimi eskirsa yangisini olaman deydi, mashinaga ehtiyoji bo‘lsa, yemay-ichmay mashina uchun pul yig‘adi... Bu ro‘yxatni uzoq davom ettirish mumkin.

Yuqorida sanab o‘tganlarimiz insonning hayotiy dunyodagi ehtiyojlaridir. Ammo o‘tkinchi. Oxiratda tug‘iladigan ehtiyoj eng keraklisi va erishish qiyin bo‘lganidir. Masalan, qiyomat kunida barcha insoniyat quyosh tig‘i ostida bo‘lganida, tillar tanglayga yopishib, chanqoqlik azobi tutganda, holsizlik va jazirama qiynaganda, kishining nimaga ehtiyoji bo‘ladi? Albatta, soya-salqin joyga. Ammo qiyomat kuni bunday joyning o‘zi bo‘lmaydi, biroq... Biroq Alloh taolo ayrim bandalariga o‘sha kuni ham mehribonlik ko‘rsatib, ularni soya ostiga olar ekan. Xo‘sh, ular kimlar?

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam dedilar: "Alloh taolo hech qanday soya bo‘lmagan qiyomat kunida 7 toifa odamga soya beradi. Bular quyidagi toifa odamlardir:

1. Odil hukmron;
Chunki odil hukmron davlatini taraqqiy etishida ulkan hissa qo‘shadi, xalqining farovon yashashiga, uning huquqlari yuqori turishiga sababchi bo‘ladi.

2. Yoshlikdan Allohning itoatida va ibodatida ulg‘ayib o‘sgan odam;
Ayni kuch-g‘ayratga to‘lgan, har qanday gunoh qilishga qodir bo‘lib turgan yoshlik paytida Allohning ibodatida bo‘lgan banda qiyomatda ana shunday baxtga erishadi.

3. Qalbi masjidga bog‘langan odam (ya’ni, farz namozlarini jamoat bilan masjidda o‘qiydigan odam);
Allohning ibodatini Allohning uyida qilish ana shunday saodatga erishishga sababchi bo‘lar ekan.

4. Bir-biri bilan Allohning roziligi uchun (ya’ni, Alloh yo‘lida) do‘stlashgan ikki odam;
Do‘stlik samimiy bo‘lsa, o‘rtaga shayton aralashmasa ikki dunyo yaxshiligiga olib boruvchi baxt hisoblanadi.

5. Go‘zal va obro‘ga ega bo‘lgan ayol zinoga chorlagan paytda, bunga rozi bo‘lmasdan: “Men Allohdan qo‘rqaman”, degan odam;
Zino – ulkan gunoh. Buning ortidan turli baxtsizliklar, musibatlar keladi. Ammo shayton hamma yerda hoziru nozir. Yuqorida keltirilgan holda zino qilmay, Allohning ko‘rib turganini his qilib, bu ishdan qaytsa, unga qiyomat kuni ana shunday mukofot berilar ekan.

6. Alloh yo‘lida xufyona sadaqa qilgan va o‘ng qo‘li bergan narsani chap qo‘li bilmagan (ya’ni, hech kimga bildirmasdan va ko‘z-ko‘z qilmasdan sadaqa qilgan) odam;
Sadaqa qilish juda xayrli amaldir. Sadaqani riyo uchun, odamlar ko‘rsin uchun qilmasdan, Alloh yo‘lida qilsa, uning oxiri yaxshilik bilan tugashi hadisda bayon etilmoqda.

7. Yolg‘izlikda o‘tirib Allohni eslab turib ko‘zlaridan yosh oqqan odam”.
Kishi o‘zi sog‘ingan va sevgan kishisini eslasa, ayniqsa yolg‘iz qolganda, ko‘ziga yosh keladi. Bu – insoniy muhabbat. Ammo Allohni eslab, qilgan gunohlariga tavba qilib, ko‘ziga yosh olish – haqiqiy ilohiy muhabbatdir. Bunday kishilar qiyomat kuni soya ostida bo‘ladilar.

Manba: Kun.uz
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)