15:57 / 24.06.2018
8 278

Jonivorlar haqlari

Jonivorlar haqlari
Hayotda shunday insonlar borki, har xil jonivorlarni saqlash, boqish ular hayotining bir qismiga aylangan. Ba’zilar parrandalarga oshiq. Kaptar boqadi, sayroqi qushlar shaydosi bo‘ladi, turli zotdor xo‘rozlarsiz yashay olmaydiganlar ham yo‘q emas. Yana kimdir ot, it, mushuk kabi hayvonlarni parvarishlab zavqlanadi.

Alloh yer yuzidagi barcha jonivorlarni insoniyat manfaati uchun yaratganiga shubha yo‘q. Shunday ekan, inson shariat doirasida o‘zi uchun lozim topgan jonivorlarni saqlab zavqlanishi, boqishiga monelik yo‘q. Lekin insoniyat hayotini O‘zining ilohiy qonunlari bilan hadlab qo‘ygan Rabbimiz – Alloh qo‘l ostimizdagi jonivorlar uchun ham bizning zimmamizda bir qancha haq-huquqlarni belgilab, unga rioya etish mas’uliyatini biz bandalariga yuklab qo‘ygan.

Imom Abu Dovud va Imom Termiziylar Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhuning Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamdan rivoyat qilgan hadisida keltirilishicha Rasululloh jonivorlarni bir-biriga gij-gijlab urishtirishdan qaytargan ekanlar. Shu mazmunli hadisga Muhammad Xodimiy izoh berar ekan aytadi: ona tarafdan bobom Zaynuddin Iroqiy qo‘chqor urishtirish, xo‘roz urishtirish kabi ishlar shu hadisga doxil bo‘ladi, deganlar.

Shuningdek, jonivorlarni qafas yo katakka qamab qo‘yib qiynab o‘ldirishdan, ayniqsa, o‘qotar qurollarga nishon sifatidan bog‘lab qo‘yib o‘ldirishdan ham shar’an qaytarilganmiz. Imom Buxoriy va Imom Muslimlar Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilishlaricha Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam joni bor hayvonni qurolga nishon qilib o‘ldirganlarni la’natlagan ekanlar.

Imom Birgiviy “Tariqa”da aytishicha, fuqaholar jonivorlarga ozor berish insonga ozor berishdan ko‘ra og‘irroq gunoh ekanini ta’kidlaganlar. Chunki jonivorga ozor bergan insonning qiyomatda azob tortishi muqarrar ekan. Imom Birgiviyning so‘zlarini Xodimiy rahmatullohi alayh quyidagicha izohlaydi: Qiyomat kuni insonlarning o‘zaro haq-huqulari uch xil uslubdan biri bilan hisob-kitob qilinadi:

1. Ozor ko‘rgan jabrdiydaga zolimning yaxshi amallaridan olib, uning haqqi undirib beriladi;
2. Agar zolimning amal daftarida yaxshi amallar umuman topilmasa, yoki ozroq boru biroq, u mazlumning haqqini to‘lashga yetarli bo‘lmasa, bu vaziyatda mazlumning gunohlaridan olib zolimga yuklab qo‘yiladi;
3. Agar yuqoridagi ikki tariqdan biri bilan hisob kitob qilish imkoni bo‘lmagan taqdirda mazlumga zolimnikidan ko‘ra yuksakroq darajalar berilib, uni rozi qilinadi.

Endi, insonlar bilan jonivorlar orasidagi haq-huqular masalasini hal qilishda yuqoridagi uch xil ko‘rinishning birortasi ish bermaydi. Chunki, dunyo hayotida jonivorlarga ozor bergan insonlarning savoblaridan olib hayvonlarni rozi qilish uchun jonivorlarga qiyomatda savobning ahamiyati bo‘lishi kerak. Ular jannat yo do‘zahga kiritilmagani uchun ularga savobning zarracha qiymati yo‘q. Shunday ekan, ularni savobimizdan berish bilan rozi qila olmaymiz.

Ikkinchi usul ham foydasiz. Ya’ni, jonivorlarning dunyoda qilgan gunohlarini o‘z bo‘ynimizga olib ularni rozi qilamiz desak, ularda gunohning o‘zi yo‘q. Chunki gunoh shar’iy majburiyatlarga mukallaf bo‘lgan inson va jinlarda bo‘ladi. Hayvon va parrandalar esa mukallaf emas. Shunday ekan ularda gunoh nima qilsin?!

Uchinchisini ham tasavvur qilib bo‘lmaydi, dunyoda bizdan ozor topib haqdor bo‘lib qolgan hayvonlarni rozi qilish uchun larga jannatda oliyroq maqom berib, biz insonlarni ulardan pastda qoldirib rozi qilish uchun hayvonlar ham jannatiy bo‘lishi kerak. Vaholanki, yuqorida aytganimizdek jonivorlarga jannat-do‘zax degan tushunchani o‘zi yo‘q.

Endi insondan ozorlangan hayvon yo parrandani rozi qilishning yagona yo‘li bu—o‘sha jonivor to rozi bo‘lguniga qadar insonga azob berishdir. Boshqa yo‘l yo‘q. Oxiratdagi azobning dunyodagiga nisbatan nechog‘li ziyoda ekanini tushuntirib o‘tirishning hojati bo‘lmasa kerak. Shunday ekan, insonga ozor berishdan ko‘ra, jonivorlarga ozor berish og‘irroq hisoblanadi.

Jonivorlarni har xil qiynoqlar bilan o‘ldirish, yem-hashak, don-dun va suvlarini vaqtida bermaslik, kasalga chalinganda davolatmay o‘z holiga tashlab qo‘yish, bir-birlari bilan shunchaki zavqlanish maqsadida urushtirib o‘ynash kabi ishlar jonivorlarga nohaq ozor berish turlaridandir.

Manba: vakillik.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Jonivorlar haqlari