Merrimak kolleji olimlari inson xotirasining yangi qirrasini ochishdi. Frontiers in Behavioral Neuroscience jurnalida chop etilgan tadqiqotga ko‘ra, ma’lumotni maqsadli ravishda yodlash — hissiy ta’sir orqali yodlashdan ancha samarali ekanligi aniqlandi.
Tadqiqot davomida ishtirokchilarga turli ma’noga ega bo‘lgan so‘zlar ko‘rsatildi. Ulardan ayrimlarini eslab qolish, boshqalarini esa unutish so‘raldi. Keyin esa ishtirokchilar qo‘llaridan kelganicha ko‘proq so‘zni yodda saqlashga urindilar.
Natijada ma’lum bo‘ldiki, insonlar maxsus ravishda yodlashga harakat qilgan so‘zlar — hatto kuchli his-tuyg‘ularni uyg‘otmasa ham — xotirada yaxshiroq saqlanadi.
“Biz aniqladikki, insonning 'eslab qolaman' yoki 'unutib qo‘yaman' degan qarorlari ma’lumotning hissiy mazmunidan ko‘ra ko‘proq ahamiyatga ega. Aslida, biz xotiramiz ustidan o‘ylagandan ko‘ra kattaroq nazoratga egamiz”, — deydi tadqiqot rahbari doktor Kurdzel.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, samarali xotiraning asosi — ongli e’tibor va ichki rag‘bat. Hissiyotlar esa bu jarayonda ikkinchi darajali rol o‘ynaydi.
Doktor Kurdzelning so‘zlariga ko‘ra, “eslab qol” degan ko‘rsatma miyaga ma’lumotning muhimligini anglashga yordam beradi va uni uzoq muddatli xotirada “belgilab qo‘yish” mexanizmlarini faollashtiradi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!