17:26 / 07.07.2018
6 138

Qora qismatdan qochgan yigit

Qora qismatdan qochgan yigit
Issiq etlarimizni kuydirib yuborardi. Havo xuddi bo‘g‘ilib qolgan tomoqqa o‘xshab xirillab, yurgan sari nafasing harorati alangalanadi. Ochlik haqida-ku, hech qanday gapga hojat yo‘q. Bir zumga bo‘lsa-da, to‘xtashning imkoni topilmaydi. Oldingdagi manzilni bilmay, Xudoga tavakkal qilib, ketaverasan, ketaversan. Atrofga alanglaysan. Go‘yo butun dunyoning tutuni boshingda yurganday tumanni ko‘rasan. Tuman orasida esa katta-kichik, cho‘zinchoq, dumaloq, besunaqay boshlar. Ne savdolarga mubtalo bo‘lgan boshlar. Qochqinlik, sen mudhish savdosan!..
* * *
O‘shanda Damashq ko‘chalarida bayram bo‘lgandi. Necha yillardan buyon havo ko‘rmagan uylar shamollatilib, derazalar ochilgan, rangli kiyimlar kiyilgan, bozorlarni, ko‘chalarni odam bosgan kezlar. Gulgun chehralardan umid taralgan, xush kayfiyatda uyg‘ongan bolalarning sho‘x ovozi qalblarga orom bo‘lgan damlar. “Tolibonlar”ni ana shunday kutib olgandik. Xo‘rozqand ko‘targancha, uka-singillarimga ulashib yurganimda, aslida, motamni nishonlayotganim, avom xalqim singari mening ham xayolimga kelmagandi, albatta.

— Endi tinchlik bo‘ladi!

— Ha, endi hammasi yaxshi bo‘ladi!

— Biz kutgan baxtni berishadi!

— Tinchlikning o‘zi katta baxt. Bugun xalqimiz bunga erishdi!

Darhaqiqat, tinchlik — baxt! Ammo bizning xalq qopqondagi pishloqni ko‘riboq, qorinni to‘ydirib qo‘ya qolibdi o‘sha onlar. Oradan bir yil o‘tmay, shundoq ham parokanda vatanimiz endi ko‘z o‘ngimizda yo‘qlikka yuz tuta boshladi. Qat’iy qoidalar, talablar til uchida “biz uchun xayrli” deya nomlangan bo‘lsa-da, aslida, zulmlar qurshovida qolgan edik. Damashq ko‘chalarida endi yurishning o‘zi xavfli edi. Har daqiqa ortingga xipchin kelib tushishiyu kaltaklar omadli ekaningdan darak bo‘lar, chunki endi har soniya seni daydi o‘q narigi dunyoga olib ketishi hech gap emasdi.

— Axir u hali yosh bola edi-ku! Insofing bormi?! U hali go‘dak edi-ku!

— Go‘dakligi qolibdimi? Yoshi o‘n ikkida, nega namoz vaqtida ko‘chada yuribdi? Tag‘inam o‘lmaganiga rahmat degin!

Ana o‘shanda, ko‘chadagi chalajon mushuk bolasini uyga olib kirish uchungina ko‘chaga chiqqan ukam bir qo‘lidan ajralganida, ilk bora “tolibonlar”ga tik qarab baqirdim. Ha, baqirdim, xolos! Ha, men qo‘rqdim. Qo‘rquv! Bu seni ojiz qilib qo‘yadigan, har soniya umidsizlikka g‘arq qiladigan, ovozingni o‘chirib, faqat ko‘zlaringda alam bilan jim qoldira oladigan hissiyot. “Axir yosh bolani qaysi vijdon bilan o‘qqa tutding?! Unga dashnom bersang ham bo‘lar edi-ku! Ko‘zingga ko‘ringan odamni yaralab ketaverish qaysi dinda oqlangan?! Nahotki sen ham taqvodorsan?! Nahotki sen ham insonsan?!” Bu savollar ichingda qolib ketaveradi. Chunki gapga hojat yo‘q, yalinishga hojat yo‘q, adolat so‘rashga hojat yo‘q. Har safar faqat ular haq bo‘lib chiqaverar, alam va iztirobda qolgan odamlar yo‘l chetida yotgan o‘g‘illari, qizlari, onalari, otalarini sudrab ketaverishardi. Bu ham omad. Aks holda, jasading kechasi itlar uchun yaxshigina ziyofatga aylanardi. Oradan ancha yillar o‘tdi. Shu yillar ichida juda ko‘p odamlar oilalari bilan Pokiston, Eron va boshqa davlatlarga jo‘nab ketishdi. Har safar ketish haqida gap boshlanganida onamning nolasi meni to‘xtatib qolardi: “Bu bizning Vatan, ketsak, ro‘shnolik topmaymiz. O‘zga yerlarda xor bo‘lib o‘lishni istamayman, o‘g‘lim…”

Butkul ocharchilik, nochorlikda qolgan Suriya xalqi endi dasturxon atrofida uch mahal ham o‘tirmay qo‘ygandi. Biz saratonning issig‘ida qovurilib, lablarimizni tamshab o‘tirardik. Ko‘chalarda hech kimning soyasi ko‘rinmasdi. Jamol (bir qo‘lidan ayrilgan ukam) va Yusuf allaqanday o‘yin o‘ynashar, ikki singlim — Robiya va Omina sochlarini o‘rish bilan ovora, onam uyda qolgan oxirgi masalliqdan nimadir tayyorlardi. Ochlik sillamizni quritsa ham dadamni kutayotgandik. Dadam oxirgi chinni idishlar, (ularni “tolibonlar” Damashq ko‘chalariga kirib kelishganida o‘zim sotib olgan edim) singlim Robiyaning sarposiga atalgan nikoh ko‘ylagi va onamning nikoh uzugini sotish uchun do‘sti Kamol amakining yoniga ketgandi. Asr vaqtidan o‘tgandan keyin boshimni darchadan chiqarib, uzoqdan kelayotgan otamni ko‘rdim. Past bo‘yli, ozg‘in, qotmadan kelgan nimjongina otamni va charaqlab ketgan nurni. Nur bilan birga quloqlarimga o‘ta kuchli, vizillab o‘tgan tanish ovoz eshitilgandi. Raketa ovozi, so‘ng olovli quyun va mening chinqirig‘im. “Dada-a-a!” dedimu o‘zimni yonayotgan ko‘lanka tomon urdim. O‘sha paytlar ichimda aynan qanday hislar bosh ko‘targanidan bexabarman. Aniqrog‘i, tushunarsiz holatda, mittigina bo‘lsa ham umid shu’lasi bilan yugurgandim, xolos. “Ehtimol, tirikdir, ehtimol, tirikdir, hozir, hozir qutqarib olaman!” degan umid miyamda, yuragimda g‘ujg‘on aylanar, alanga ichiga yosh boladay yig‘lagancha qarab “Dada, dadajon!” deya baqirardim. O‘zimcha kiyimimni yechib, foydasiz harakatlar bilan goh olovni haydasam, goh tutayotgan daraxt shoxlarini ming urinish bilan chetga surardim. Uyimizdan kimlardir yugurib chiqqanida ham, qo‘shnilar mungli o‘tinchlar ila taskin berayotganda ham men tinmasdim. Har kuni, har soatda kimningdir o‘limidan xabardor bo‘lasanu, lekin ayni shu holatga o‘zing tushishing mumkinligi xayolingga ham kelmaydi. Ko‘z oldimda yaqinlaridan ayrilgan qanchadan-qancha tanishlarimning holatini ana o‘shandagina bor bo‘yi bilan ko‘rgan edim. O‘shandagina nima bo‘lsa ham ketishimiz lozimligini tushundim.

— Yo‘q, endi ketmasak bo‘lmaydi, onajon, bu qarg‘ish tekkan mamlakatdan, vahshiyliklardan, ocharchilik, ishsizlikdan qutulishning yagona chorasi — qochish. Aqlimni taniganimdan buyon shu ahvol qaytalanaveradi. Urushlar, bosqinlar, qirg‘inbarot! Nahot bizning qismat shu qadar mudhish bo‘lsa! Nahot biror yo‘l topilmasa?! Ketamiz, yetar endi, ketamiz!

Bechora onam qarshilik bildirmadi va biz uch-to‘rt tugunni yig‘ib, yo‘l tadorigini boshladik. Kamol amakidan otam sotgan buyumlarning pulini oldim va ketishga hozirlik ko‘rayotgan do‘stlarim bilan aloqaga chiqdim. Qo‘limda butun oila uchun yetishi kerak bo‘lgan arzimas tangalardan boshqa hech narsa yo‘q edi…
* * *
Men ketish oldidan katta qiyinchiliklar muqarrarligini bilmagandim. Endilikda biz uchun hatto qochish ham mushkul bo‘lib qolgan ekan. Badavlat, obro‘li qochoqlarning qochishlari oson kechgan bo‘lsa kerak! Har holda, pul bo‘lsa, changalda sho‘rva. Lekin bizga o‘xshagan cho‘ntagi teshiklarning ahvoli kunday ravshan. Ba’zan keng, ba’zan tor maydonlar, goh saraton, goh qahraton, chegaralar, yordamga muhtoj, sargardon, yupun, kir-chir, sarg‘ayib yoki ko‘karib ketgan to‘p-to‘p odamlar. Samolyot, poyezd, avtomobil kabi transportlar bizga o‘xshaganlar uchun sahroning narigi tarafida turgan sarobdek gap. Chunki bizlar xotinidan zerikib sarguzasht xohlagan va buning uchun shunchaki biror kurortga jo‘navoradigan amerikalik emasmiz. Chunki bizlar sayohatga mukkasidan ketgan yevropalik emasmiz. Chunki bizlar qo‘lida olmoslar o‘ynaydigan boyvachcha ham emasmiz. Biz qochoqmiz!

Zulmdan, yo‘qchilikdan, ochlikdan, bombalardan, o‘qlardan, portlashlardan, notinchlikdan qochgan qochoqlarmiz!

Har qadamda o‘lim bilan yuzma-yuz kelayotgan, nurli kelajakni orzu qilayotgan, buning uchun jon-jahdi bilan harakat qilayotgan qochoqlarmiz!

Bir qo‘lida ozgina non, suv, uch-to‘rt kiyim yashirilgan sumkalarini, ikkinchi qo‘lida yalang oyoq, och bolalarini ko‘tarib olgan ayollar, sargardonlikdan sillasi qurib, g‘azabnok bo‘lib qolgan erkaklar va chinqirib yig‘layotgan bolalarmiz. Bilasizmi, ular har qadamda o‘ladi! Har qadamda bir jon osmonga uchadi. Bizlar xuddi Yer yuzasiga tarqalgan virus kabi sahrolar, o‘rmonlar va hatto dengizlarda ham topilamiz. Men o‘zimni aynan shunday nomlashga o‘rganib ham qoldim.

Mana, doimiy g‘ala-g‘ovur, ur-to‘polon orasida uka-singillarim, onam bilan turibmiz. Quyosh endi tikkaga yetib, yondirgandan-yondiryapti. Jamol bir qo‘li bilan hadeb jarohatini ushlar, joni og‘riyotgani yuzidan shundoqqina bilinib turibdi. Yusuf va Ominaning ham ahvoli yaxshi emas. Biroq hammasidan ham Robiyaning ahvoli og‘ir. Liviyaga kirish chog‘ida olomon orasida oyoq-osti bo‘lib qolib ketgani uchun ichki a’zolari qattiq ezilibdi. Buni qochqinlar orasida bizlarga sherik bo‘lib kelayotgan afg‘on doktor aytdi. Baraka topsin, qo‘lidan kelganicha harakat qilyapti, lekin umid yo‘qdek. Qo‘limda ingrayotgan singlim deyarli ko‘zini ochmayapti, faqat alahsiragan kezlari “Dada, uyga ketaqolaylik, qiynalib ketdim”, deb qo‘yadi, xolos. “Dadamiz ketgan, singiljonim, yaqinda sen unga yetasan”. Onamning esa yig‘lashga-da holi qolmagan.

Ba’zan bizni “Vahshiy, hayvonsifat odamlar”, deya ta’riflaganlarga qarab dod solgim keladi. “Urush, nochorlik, quvg‘inlik sizlarni ham bu holatga solib qo‘yishi hech gap emas. Biz ham insonmiz. Bizning ham bir paytlar o‘z uyimiz, oilamiz, issiq ovqatimiz, toza kiyimlarimiz bor edi. Biz ham bir paytlar sizlar kabi tonglari uyg‘onib nonushta qilgach, ishga jo‘nardik, kechasi uyga qaytardik. Bizning ham o‘z vatanimiz bor edi va ana o‘shanda siz kabi madaniyatli edik. Ammo hozir, ha, biz hayvon singari, virus singari bo‘lib qoldik. Chunki biz ochmiz, muhtoj, nochor, ojizmiz”. Dilimdan o‘tayotgan bu og‘riqlar, hozir men bilan yonma-yon ketayotgan har bir qochoqning qalbida aks sado urayotgan bo‘lsa, ajab emas.

Kechga bormay singlim Robiyaning joni uzildi. Biz uni yo‘l chetiga kiyimlari bilan ko‘mdik. Yig‘ladik. Kuyindik. So‘ng yana yo‘lda davom eta boshladik. Men esa o‘zimni ayblashdan nariga o‘tolmasdim, chunki endi qo‘llarimda Yusuf yotardi. Doktor do‘stimning tashxisiga ko‘ra, uni oftob uribdi. Nafaqat bizning oilada, atrofdagi qolgan odamlarda ham bunday dardlar bisyor. Har kuni kamida ikki odamni yerga qo‘yayotgan qochqinlarning bari endi o‘zidan xavotirda. G‘ala-g‘ovur ortgan, nochorlik yana ham avjiga chiqqan qochqinlikning qirq yettinchi kuni. Deyarli ikki oy! Mana shu ikki oy o‘lib qolmaslik uchun, bir amallab yashab qolish uchun qo‘limdan kelgancha harakat qildim. Mehribon Xudo rizqimizni sargardonlikda ham yetkazib turdi. Darhaqiqat, yaxshi odamlar har yerda ham topilar ekan. Dini, irqi, millati, tili boshqa bo‘lsa ham chegaralardan o‘tish paytida ularning bizga yordamlari tegdi. Saxovatpesha insonlar xaltalarni to‘ldirib kiyimlar, oziq-ovqat, o‘yinchoqlar (garchi ularni hozir keragi bo‘lmasa ham) bizga ilinib turishdi.

Va nihoyat, biz O‘rta Yer dengiziga tushib oldik.

— O‘g‘lim, madorim qolmadi, bu yog‘iga uka-singling senga omonat! — dedi onam dengizdan o‘tish paytida qirg‘oq bo‘yiga o‘tirib.

Men esa halloslagan ko‘yi yuklarimizni ham olmay, Yevropa haqida o‘ylardim, xolos.

— Onajon, yana bir qadam va biz Yevropada bo‘lamiz, turing, iltimos, hozir joy qolmaydi! — dedim-da, onamning yonida yerga cho‘zilib yotgan hushsiz ukamni ko‘tarishga chog‘landim.

— Qo‘y, unga tegma. U, baribir, o‘ladi! — dedi onam uzoqdagi mavjlanayotgan, moviy osmon bilan tutashib ketgan dengiz sathiga befarq qarab. — Sizlar ketaveringlar, men shu yerda, o‘g‘lim bilan birga qolaman!

— Onajon…

— Hali urush boshlanmagan yillarda kichkinagina qizcha edim. Sochlarimni mayda o‘rib, yalang oyoq, yamoq tushgan kiyimlarda o‘ynab yurardim. O‘n ikkita opa-akam bilan talashib-tortishib ovqatlanardik. Ha, bular havas qilgudak manzara emas, to‘g‘rimi? — dedi-da, onam menga qarab mungli jilmaydi va pichirlab qo‘ydi. — Lekin hamma yer tinch edi, tinch edi!

— Onajon, hali yaxshi kunlar keladi! Bu ham bir sinov, o‘tadi. Tinch shaharlardan birida tinch hayot boshlaymiz. Men ishlayman. Siz esa bolalarimni erkalatasiz, ovqatlantirasiz. Axir hech kim siz kabi mazali taom pishirmaydi-ku! — dedim onamning bag‘riga bosh qo‘yib yig‘larkanman.

Atrofda esa hamon ur-to‘polon hukm surar, odamlar bir-birini tanimay, bo‘sh qayiqlarga osilishardi, yugurishardi, yoqalashishardi. Men esa dunyo tashvishlarini unutib, onamning bag‘rida ho‘ng-ho‘ng yig‘lardim. Chunki ukam Yusufning o‘lishi, onamning ham uning ortidan ketishi ravshan edi. Shu payt uzoqdan doktor do‘stimning ovozi keldi, u meni ketishga undardi. Volidamning, chalajon ukamning yuzidan alam va iztirob bilan o‘pdimu, qayiq tomon yugurdim. Ha, men ularni tashlab ketdim. Lekin qo‘rqoqlik sabab emas, nochorlikdan tashlab ketdim. Axir hushsizlarni, baribir, kemaga olishmasdi, onam esa ikki dunyoda ham o‘lim yoqasidagi farzandini tashlab ketmasdi. Qayiqqa chiqqanimda singlim Omina ko‘zlarini pirpiratib, onam va Yusufni qidirdi, tipirchilab atrofga alangladi va ularning qirg‘oq bo‘yida qolishganini ko‘rib, o‘zini har tarafga ura boshladi

— Iymonsiz, nega tashlab ketding ularni? Qo‘yib yubor, ketmayman, onamsiz hech qayerga ketmayman! Nega, aka, nega bunday qilding?! Onajon! Yusuf! Onajon!

Oxiri singlim mening qo‘llarimda yig‘lab-yig‘lab tinchib qoldi. Men esa uzoq-uzoqlarda nuqtaday ko‘rinmay ketayotgan, o‘z uyidan ketishni istamagan onam va bu hayotga to‘ymagan ukamga bemajol qarardim. Hayot yo‘llari juda sirli, antiqa ekan. Men shu kungacha kechgan iztiroblarimni jumboqli sandiqchaga o‘xshataman. Bu sandiqcha ichida minglab, millionlab taqdirlar bor. Taraqqiy etgan mamlakatlardagi hayotga, u yerda yashayotgan insonlarga havasim keladi. Agar u yerda kimnidir ari chaqib olsa yoki barmoqlari qonab ketsa ham hammaning e’tiboriga tushishi mumkin. Lekin bizga, ya’ni dunyoning og‘riqli nuqtasiga aylangan mamlakatdan chiqqan, xarobalarda sarg‘aygan, og‘riqlar og‘ushida qolgan, o‘sha sandiqchadagi nochor qochoqlarga e’tiborni orzu qilish mumkin, xolos. Tinchlik hukm surayotgan mamlakatlarga qarab, bugun men Umar ibn Salohiddin shunday qichqiraman “Tinchlikning qadriga yeting, odamlar!”

Biz, nihoyat, Yevropaga kirib keldik. Dengizdan o‘tish chog‘ida esa to‘rt mingga yaqin qochoq nobud bo‘ldi. Ularning orasida esa mening qarindoshlarim, tanishlarim, do‘stlarim, singlim Robiya, ukam Yusuf va volidam ham bor…
Mohigul DIYORXO‘JAYEVA

Manba: Hordiq.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Qora qismatdan qochgan yigit