date

Toqayev futbol klublarini xususiylashtirish jarayonini jadallashtirishga chaqirdi

Toqayev futbol klublarini xususiylashtirish jarayonini jadallashtirishga chaqirdi

Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev mamlakatda futbol sohasini yanada rivojlantirish uchun klublarni xususiylashtirish jarayonini tezlashtirish zarurligini ta’kidladi. Davlat rahbarining fikricha, bu yo‘l bilan mamlakatda futbolning professional darajasi oshadi va soha iqtisodiy jihatdan barqarorlikka erishadi.

«Futbol klublarini xususiylashtirish ishlarini tezlashtirish kerak. Bugungi kunda 4 ta qozog‘istonlik klub allaqachon taniqli tadbirkorlar qo‘lida boshqarilmoqda. Bu ish uchun ularga minnatdorchilik bildirmoqchiman. Ammo bu yetarli emas, futbolni tijorat yo‘nalishiga olib kirish va biznes tarzida boshqarish zarur. Dunyo amaliyoti shuni ko‘rsatmoqdaki, bundan tashqari yo‘l yo‘q», – dedi Toqayev o‘z chiqishida.

Prezident ta’kidlashicha, professional sportni nafaqat musobaqalardagi natijalar, balki to‘liq biznes sanoati sifatida ham qabul qilish kerak. Bu tarmoq, agar to‘g‘ri boshqarilsa, katta daromad keltirishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning mart oyida ham Qasim-Jomart Toqayev tadbirkorlarni klub futboliga investitsiya sifatida qarashga chorlagan edi. «Klublar faqat viloyat byudjetlariga suyanmasligi shart. Dunyodagi kabi o‘zlari mablag‘ topish va o‘zini-o‘zi ta’minlashni o‘rganishlari zarur. Agar klublar xususiy tuzilmaga aylansa, ular xorijdan iqtidorli futbolchilarni jalb qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi», – degandi u.

Ma’lumotlarga ko‘ra, shu yilning mart oyida Qozog‘istonda 461 ta subyekt raqobatbardosh bozor muhitiga o‘tkazish uchun tanlab olingan. Ushbu ro‘yxatdagi yetti tashkilot futbol klublari hisoblanadi.

Mutasaddilarning aytishicha, xususiylashtirish jarayoni tufayli klublar moliyaviy jihatdan mustaqillikka erishishi, yangi sarmoyalar jalb qilinishi va futbol infratuzilmasi sezilarli darajada yaxshilanishi kutilmoqda.

Shu tariqa, Qozog‘iston rahbariyati sportni iqtisodiy taraqqiyotning muhim yo‘nalishi sifatida ko‘rib, uning kelajagini xususiy sektor bilan bog‘lashga katta ahamiyat qaratayotgani ko‘rinib turibdi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Toqayev futbol klublarini xususiylashtirish jarayonini jadallashtirishga chaqirdi