Har bir jamiyatda rahbar bo‘lishi kerak bo‘lganidek, oila deb nomlangan kichik jamiyatda ham rahbar bo‘lishi lozim. Bu masalani boshqalar qanday yechganiga nazar soladigan bo‘lsak, turli xalqlar turlicha munosabatda bo‘lganlarini ko‘ramiz. Ko‘pchilik insonlar oila rahbari erkak bo‘lishi kerakligini ta’kidlashgan. Tarixda, ozchilik bo‘lsa ham, oilada ayol kishi rahbar bo‘lishi kerak, deganlar bo‘lgan. Bugungi kunimizda tenghuquqlilik ko‘proq ilgari surilmoqda.
Islomda esa, oila rahbarligi, mas’uliyat sifatida, aynan erkakka yuklatilgan. Bu, albatta, Alloh taoloning amri ila bo‘lgan.
Alloh taolo «Niso» surasida shunday deb marhamat qiladi: «Alloh ba’zilarini ba’zilaridan ustun qilgani va mollaridan sarflaganlari uchun, erkaklar ayollarga rahbardirlar» (34-oyat).
Har bir jamiyatga rahbar lozim. Rahbari bo‘lmagan jamiyatda tartib-intizom, tinchlik-omonlik va xayr-baraka bo‘lmaydi. Islom ta’limoti bo‘yicha, oila eng muhim jamiyat bo‘lib, katta jamiyatning asosiy g‘ishti hisoblanadi. Fishtlari pishiq imorat mustahkam bo‘lganidek, oilalari ahil, mustahkam bo‘lgan jamiyat ham baquvvat bo‘ladi. Shunday muhim muassasa bo‘lgan oilaning rahbari bo‘lmasligi mumkin emas. Nima uchun Islomda oila rahbarligi erkakka berilgan? Bu savolga ushbu oyati karimada shunday javob beriladi: «Alloh ba’zilarini ba’zilaridan ustun qilgani va mollaridan sarflaganlari uchun erkaklar ayollarga rahbardirlar».
Demak, oila rahbarligi bobida Alloh taolo erkakni ayoldan afzal qilib yaratibdi. Darhaqiqat, erkak kishi o‘zining jismoniy tuzilishi, ichki va tashqi qiyofasi, asabiy, ruhiy nafsoniy va boshqa jihatlaridan oila rahbari bo‘lishga mos qilib yaratilgan. Buning ustiga, oilani qurish va uni tutib turish, bu yo‘ldagi barcha sarf-xarajatlar ham erkak kishi zimmasida. U katta mehnat evaziga topilgan molu mulkining behuda ketmasligi lozimligini o‘ylaydi, oilani mustahkam holda tutib turishning chora-tadbirlarini ko‘rishga majbur bo‘ladi.
Alloh taolo hech bir ishni behikmat qilmaydi. Jumladan, erkak kishi oila rahbari bo‘lsa va u o‘z rahbarligini shariatda ko‘rsatilgandek ado etsa, bunday oilalar baxt-saodatga sohib bo‘lmoqda.
Afsuski, ko‘p odamlar oyati karimada ko‘zda tutilgan rahbarlikni qahr, jabr va zulm o‘tkazishning imkoni deb tushunadilar. Aslida, bu rahbarlik mas’ uliyatdir. Mas’uliyat bo‘lganida ham, ulkan mas’uliyatdir. Ushbu mas’uliyatga binoan, erkak kishi oilaning, jumladan, ayolga homiylikni, uni boqishni, muhofaza qilishni ado etmog‘i lozim.
Erkak aynan erkak bo‘lganligi uchun ham oila rahbari qilingan. U oilaning himoyasi yo‘lida kerak bo‘lsa, o‘zini qurbon ham qiladi, erkaklarga xos bo‘lgan barcha og‘irliklarni ko‘taradi, oilani nafaqa bilan ta’minlaydi, oila a’zolariga mehr va rahm-shafqat ko‘rsatadi. Ularga jabr-sitam va zulm qilishga haqqi yo‘q.
Taqqoslash uchun misol keltirib o‘tishga ijozat bergaysiz. Yevropada ham erkak oila rahbari hisoblangan. Uning oila a’zolari ustidagi haqqi shu darajaga yetganki, u rahbar sifatida xotini va bolalarini sotib yuborish haqqiga ham ega bo‘lgan. Angliyada xotinini sotish haqqi faqatgina 1805 yilda bekor qilingan. Ammo, inglizlar bu qonunga amal qilmay, xotinlarini sotishni davom ettiraverganlar. Masalan, 1931 yili bir ingliz o‘z xotinini 500 funtga sotgan. Ushbu va shunga o‘xshash hodisalar ta’siri ostida BMT 1948 yili 14 dekabr kuni inson huquqlari bayonotini e’lon qildi. Bu gaplar havodan olingani yo‘q, istaganlar V.L.Dyurantning «Dunyo tarixi» nomli kitobining 21-betiga nazar solishi mumkin.
Yevropada erkak bilan teng ishlagan ayol erkaklar oladigan ish haqqining yarmini olardi. Ayol kishi o‘zi topgan mablag‘ni o‘z ixtiyori bilan sarflash haqqiga ega emas edi. Faqatgina 1942 yilga kelib, Fransiyada ayol erining haqqi aralashmagan molini o‘zi ishlatishi mumkinligi haqida qonun chiqdi.
Shuning uchun ham o‘sha yerlarda teng huquqlilik haqida talablar kuchaydi. Bu talablar Amerikaga ham yetib borgandagina ayolga erkak oladigan ish haqqining 57% ini olish haqqi berildi.
Shundan keyin teng huquqlilik haqidagi talablar ayolning ziddiga aylanib ketdi. AQSh kongressi davlat dasturiga «Erkak va ayol barcha narsada barobar» degan o‘zgartirish kiritishni talab qilib chiqdi. Bunda mirshablik, askarlik va qamoq kabi masalalarda ham ayollar erkaklar bilan teng bo‘lishi kerakligini bilgan ayollar jamiyatlari namoyishlar uyushtirganidan keyingina bu ish to‘xtatildi.
Islomda esa, teng huquqlilik kerak bo‘lgan joyda teng huquqlilik joriy qilingan. Erkakka erkaklarga mos huquqlar berilgan va majburiyatlar yuklatilgan, ayolga ayollarga mos huquqlar berilgan va majburiyatlar yuklatilgan.
Shayx Muhammad Sodiq MUHAMMAD YuSUF
Manba: Azon.uz
“Zamin” yangiliklarini “Odnoklassniki”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Gavining qilig‘i Flikka yoqmadi: “Aql o‘rgatishni senga kim qo‘yibdi?”
Qashqadaryoda erkak ayoli va chaqalog‘ini o‘ldirib, so‘ng o‘z joniga qasd qildi
27 noyabr kuni kuzatiladigan ob-havo to‘g‘risida ma’lumot
Bayden hozircha Ukrainani NATOga taklif etishga chaqirmaslikka qaror qildi
Oq uy Ukrainaga Rossiya hududiga ATACMS raketalarini qo‘llashga ruxsat berganini tasdiqladi
Sharmandali mag‘lubiyatdan keyin murabbiy futbolchilarni qamab qo‘ydi
AQSHda amaldorlar Tramp tufayli ommaviy ravishda xususiy sektorga ketib qolmoqda
Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi raisi lavozimiga saylandi