date

Alkogol hatto kichik miqdorda ham aql uchun xavfli

Alkogol hatto kichik miqdorda ham aql uchun xavfli

Alkogol haqida jamiyatda turli qarashlar mavjud: ba’zilar “ozgina ichish foydadan xoli emas”, desa, olimlar natijalar bilan bu fikrni rad etishda davom etmoqda. “BMJ Evidence-Based Medicine” jurnalida chop etilgan yangi tadqiqot shuni ko‘rsatdiki, spirtli ichimliklar iste’moli qanday miqdorda bo‘lishidan qat’i nazar, demensiya – ya’ni aqliy zaiflik va xotira muammolari rivojlanishi xavfini jiddiy ravishda oshiradi.

Tahlilchilarning qayd etishicha, inson ko‘proq ichsa, uning ruhiy va nevrologik kasallikka chalinish ehtimoli ham shunchalik yuqori bo‘ladi. Bu holat odamlarda genetik moyillik bor-yo‘qligiga bog‘liq emas, ya’ni aqliy zaiflikka tabiatan moyil bo‘lmagan shaxs ham ortiqcha ichimlikdan jabr ko‘rishi mumkin.

Kembrij universiteti tadqiqotchisi Stiven Byorjess bu haqda shunday deydi: “Ichishni tanlagan har qanday shaxs uchun tadqiqotimiz ochiq natija berdi – qancha ko‘p alkogol qabul qilinsa, demensiya xavfi shunchalik oshadi. Hatto o‘rtacha, kichik miqdorda ham xavfdan holi emas”.

Tadqiqot doirasida Buyuk Britaniya va AQSHda 560 ming nafarga yaqin inson bir necha yil davomida kuzatilgan. Birinchi bosqichda ulardan qancha miqdorda ichishlari so‘ralgan, keyin esa spirtli ichimliklar bilan demensiya o‘rtasidagi bog‘liqlik chuqur tahlil qilingan. Olimlar shuningdek, genetik xususiyatlarni ham hisobga olib, odam umri davomida bu omil qanday ta’sir ko‘rsatishini o‘rganishdi.

Natijalar shuni ko‘rsatdiki, genetik jihatdan alkogolizmga moyil insonlarda xavf yanada yuqori bo‘ladi. Masalan, haftada uch marta ichimlik iste’mol qiladigan shaxsda demensiya rivojlanishi ehtimoli haftada bir marta ichadigan odamga nisbatan 15 foizga ko‘p ekani qayd etilgan.

Mutaxassislar fikricha, jamiyatda “ozgina ichsa zarar qilmaydi” degan fikrga ishonmaslik kerak. Hatto kam miqdordagi alkogol ham inson miyasida buzilishlarni keltirib chiqarishi va vaqt o‘tishi bilan xotira, diqqat hamda fikrlash qobiliyatini izdan chiqarishi mumkin.

Shifokorlar aholini xususan yoshlar orasidan spirtli ichimliklardan ehtiyot bo‘lishga chaqirmoqda. Ular ta’kidlashicha, ichimlikdan voz kechish nafaqat demensiyaning oldini oladi, balki umumiy sog‘liq va umr sifatini ham yaxshilaydi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Foydali » Alkogol hatto kichik miqdorda ham aql uchun xavfli