Mayor Samoylov yumshoq kursida televizor tomosha qilish bilan band edi. Kirib kelganimni ko‘rib shosha-pisha o‘rnidan turdi-da, televizorni o‘chirdi.
— Xo‘sh, Sharipov, o‘ylab ko‘rdingmi deyman? — kulimsirab menga yaqin keldi mayor.
— O‘ylab ko‘rdim, — dedim qat’iyat bilan. — Va bir qarorga keldim.
— Qani, eshitaylik-chi!
— Men roziman.
— Mana bu boshqa gap. — mayor meni o‘tirishga chorladi. — Qani, o‘tiraqol! Sigaretdan chek!
— Lekin bir shartim bor.
— Aytaver! Faqat tezroq bo‘l! Shoshib turibman.
— Menga bir shisha aroq va butun tovuq zarur bo‘lib qoldi.
— Iye, qiziq bo‘ldi-ku! — jiddiy tortdi mayor. — Hali menga biror nafing tegmay turib darrov haq so‘raysanmi? Bu yaxshima-as, Sharipov!
— Unda xayr, nachalnik! — alamim kelib ketishga chog‘landim.
— To‘xta, to‘xta, hali men ruxsat berganim yo‘q! Joyingga o‘tir! Mayli, aytganingni toptirib beraman! Faqat menga shart qo‘yma! Iltimos desang, boshqa gap! Har holda sen aristonsan!
— Buni sizsiz ham yaxshi bilaman.
— Xo‘p, mayli, xafa bo‘lma!.. Faqat bilib qo‘y, ertaga kechgacha birinchi ma’lumotlarni sendan olishim shart.
— Tushundim.
— Unda sen kamerangga boraver! So‘raganingni yarim soat ichida nazoratchi yetkazadi.
— Salomat bo‘ling, nachalnik!
Men ko‘nglim ancha taskin topib tashqariga yo‘l oldim.
Endigi ishim Arsenni kameraga keltirtirish va eski hisob-kitoblarni boshlashdan iborat edi.
* * *
Kameraga boshimni baland ko‘targan holda kirib keldim. Ammo… Meni ko‘rganlari hamono kameradoshlar yuzlarini ters burishdi. hatto, karavotda gazeta o‘qish bilan band qariya ham devor tomon o‘girilib oldi.
Aytmoqchi bo‘lgan gapim og‘zimda qolib yuragim g‘ash tortdi. Aristonlarga bir-bir boqib gap nimada ekanini aniqlashga urindim. Naf chiqmagach, cho‘zib-cho‘zib sigaret tortayotgan Jenyaga yaqinlashdim.
— Kallakesarman deysan, — kinoyali ohangda so‘z qotdi Jenya. — G‘irt yolg‘on ekan-ku hammasi!..
— N-nega? — so‘radim hamon hech narsaga tushunmay. — Va’da berib ustidan chiqa olmadimmi? Nima bo‘ldi o‘zi?
— Men boyagina Arsen bilan gaplashdim. — dedi Jenya.
— Xo‘sh, nima bo‘pti gaplashgan bo‘lsang?
— Uning aytishicha, sen yaxshigina do‘mbirachi emishsan. Rostmi shu gap?
— Nima?.. Men-a?.. Voy iflos-yey!..
Kutilmaganda Jenyaning yoqasidan oldim.
— Agar tartibli ariston bo‘lsang, hoziroq u yaramas bilan uchrashtirasan! Aks holda o‘ldiraman seni!
Meni hayratda qoldirib, Jenya miq etmadi. Sekin qo‘limni yoqasidan olib tashladi.
— Sen kuchanaverma! — dedi u ko‘zlarimga sovuq boqib. — Meni o‘ldira olmaysan! Chunki, men sendan zo‘rroqman!
— Sendaqa zo‘rlarning ko‘pini ko‘rganman. — dedim men ham bo‘sh kelmay. — Bir gapni aytdingmi, javob berishniyam bil!
— Senga javob kerakmi? Xo‘p, beraman o‘sha javobni. Lekin bir narsa esingda bo‘lsin. Biz maloletkadagi Yelena ismli ayolga ilakishganlaringniyam eshitganmiz. Sen o‘sha ayolni deb aristonlarning dilini og‘ritgan ekansan. Bu yaxshi emas. Sen ham o‘sha ayblaring uchun javob berishingga to‘g‘ri keladi.
— Tuhmat qilma menga, Jenya! — baqirdim unga. — Ayol tufayli do‘stlarni do‘pposlamayman.
— Bu haqiqat! — tirjaydi Jenya. — Kallakesarman deb kerilgandan ko‘ra, hezalaklarning ishini qilmaslik kerak.
— Nima?.. Sen hali…
Azbaroyi achchiqlanganimdan Jenyaga shu qadar qattiq kalla solibmanki, u uchib borib hojatxona ro‘parasiga quladi. Hali o‘zini o‘nglashga ulgurmay, ustidan bosib oldim va bo‘g‘a boshladim.
— O‘ldiraman!.. Ko‘rsatib qo‘yaman senga! Xunasa!..
Qolgan aristonlar orqamdan mahkam quchoqlab, meni nari tortishdi.
Jenya esa xirillay-xirillay o‘rnidan bazo‘r turdi-da, gandiraklab borib kranda yuz-qo‘lini chaydi. So‘ngra hech narsa bo‘lmagandek, yonimga borib o‘tirdi.
— Baribir yoshligingga borasan-da! — dedi Jenya kalla tushgan joyini silab-silab. — Sal bo‘lmasa o‘ldirib qo‘yayozding-a, zang‘ar!
— Xo‘sh, davom ettiramizmi? — atayin so‘radim undan. — Yo biroz nafas rostlaymizmi?
— Qo‘y-e, — Jenya zo‘rma-zo‘raki jilmayib bosh chayqadi. — Senga tenglashib bo‘larkanmi?!. Undan ko‘ra, ayt, ziyofat qachon bo‘ladi?
— Ziyofatdan oldin hammang bilib qo‘y, — o‘rnimdan turib aristonlarga qarata qichqirdim. — Agar yana bugungi gap-so‘zlar takrorlanadigan bo‘lsa, hech biringni ayab o‘tirmayman! Shu paytgacha yettitasini tinchitdimmi, sakkizinchisiga o‘tsam hech narsa qilmaydi. Kim tushunmadi?
— Tushundik, — hamma uchun javob qildi Jenya. — Bugundan boshlab sen kamerani nazorat qilasan. Tan berdik. Bo‘ldimi?..
Bu gaplar garchi kinoyaga to‘la bo‘lsa-da, e’tibor qilmay, sekin borib Jenyaning ko‘rpalarini karavotdan olib tashladim-u, birinchi qavatga — pardali karavotga o‘zim joylashdim.
* * *
Shu kecha so‘zimda turib kameradoshlarni aroq va tovuq go‘shti bilan siyladim. Asosiysi, kayfi oshib qolgan Jenyadan mayor Maratovning o‘limi to‘g‘risidagi ba’zi ma’lumotlarni bilib oldim. Menda xusumati borligi ko‘z qarashlaridan sezilib tursa-da, har gapida kinoya yashirinligi oshkor bo‘lib qolayotgan bo‘lsa-da, baribir kayf ustun kelib ko‘nglini ochib qo‘ydi. Aytishicha, unga prokuraturadagilar yordam berib yuborishgan ekan. Mayorning o‘limida aynan kimning qo‘li borliginiyam bilarkan. Biroq aytmadi. Shunisigayam shukr qilib, erta tongda mayorning qabuliga shoshildim.
Unga eshitganlarimni oqizmay-tomizmay so‘zlab berdim. Shundan so‘ng u meni qora filtrli sigaret bilan siyladi. Kechqurun «syurpriz» qilishini aytib ko‘nglimni ko‘tardi. Qanday syurprizligini bilmasam-da, xursand bo‘lib ortga qaytdim.
Kamera eshigiga yetay deganimizda nazoratchi to‘xtashimni buyurdi. O‘zi bizning kameralarga o‘tish joyidagi eshik yoniga o‘rnatilgan telefon orqali kim bilandir gaplashgan bo‘ldi.
— Orqaga qaytamiz. — dedi sovuqqonlik bilan. — Seni elliginchi kameraga chaqirishibdi.
— Qanaqa kamera u? — so‘radim nazoratchiga umidvor termulib.
— Umi?.. — nazoratchi masxaraomuz tirjaydi. — Elliginchi kamerada senlarning bratvang turadi. Ismi Tolya. Qolganini borganingda bilasan. Tezroq yur!
* * *
Elliginchi kamera turmaning butkul boshqa tarafida ekan. Tor yo‘laklar bo‘ylab yuz ellik metrcha yo‘l bosdik. Manzilga yetguncha to‘rtta eshikdan o‘tdik. Nazoratchi nihoyat yo‘lak oxiridagi kamera eshigini taqillatdi. Daricha ochilib kimningdir boshi ko‘rindi.
— «Ha-a, bu turma paxani shekilli. — o‘yladim o‘zimcha. — Uyoqdayam ko‘rgandim. Ozodlikdagi o‘g‘riboshi bu. Nima ishi bor ekan menda? Yo imtihon qilmoqchimi o‘zicha?..»
Xayolim bo‘lindi. Nazoratchi meni turtkilab ichkariga kirishga undadi.
Kirdim. Kamera poliga gilam to‘shalgan. Bir yonda divan, ikkinchi tomonda katta rangli televizor. Yoniga telefon qo‘yilgan. O‘rtada plastik matodan yasalgan stol va kursilar.
Uzun bo‘yli, ikki bilagiga turli tatuirovkalar chizib tashlangan, qaytarma lab, qalin qosh, chamasi mendan sal kattaroq yigit divan biqinidagi oromkursida o‘tirib qahva ichardi.
— Xo‘sh, nega qotib qolding, Murod? — menga mensimagan ko‘yi tikilib so‘radi u. — Qani, o‘tir!
Ko‘rsatilgan joyga cho‘kib, yigitga savol nazari bilan boqdim.
— Tanishib qo‘yaylik, — dedi u menga qo‘l cho‘zib. — Ismim Aleksandr… Sen o‘zingni tanishtirmasang ham bo‘ladi. Taniyman… Aytib berishgan seni haqingda.
— Nega chaqirtirdingiz? — so‘radim toqatsizlanib.
— Senimi?.. Bilasanmi, turmadagi qilib yurgan ishlaringdan xabar topgach, menda bir fikr tug‘ildi.
— Qanday fikr? Odam o‘ldirishmi?
— Basharti odam o‘ldirish bo‘lsa-chi?..
— Qo‘limdan keladi. Ammo endi tekinga qilmayman bu ishni.
— O‘, zo‘rsan-ku!.. — kuldi Aleksandr. — Menga hali hech bir ariston bunday shart qo‘ymagandi… Mayli, baribir g‘ururing balandligiga qoyil qoldim. Haqiqiy erkaklar shunday bo‘lishi kerak. Xo‘sh, qancha so‘raysan?
— Meni sinab ko‘rmoqchimisan? O‘g‘riboshiligingni, turmada, ozodlikda obro‘ying kattaligini yaxshi bilaman. Men ham seni boshqalardan kam hurmat qilmayman. Shunday ekan, sen bilan savdolashib o‘tirishga haqim yo‘q.
— Ana endi o‘zingga kelding, Murod! — Aleksandr dast o‘rnidan turib yelkamga qoqdi. — Senga o‘xshagan «ponyatka»li aristonlarni men ham qadrlayman. Ishon, agar mening iltimosimni bajarsang, va’da beraman, shaharda shaxsiy kvartirang bo‘ladi. Bilaman, sening uying yo‘q. Shundaymi?
Shu ikki og‘iz gap yuragimni timdalab o‘tdi. Bir necha soniya ichida yaqin o‘tmish ko‘z o‘ngimda gavdalanib, vujudim muzlab ketdi.
— Bevatanligimni sen ham yuzimga solmoqchimisan? — dedim Aleksandrga sovuq tikilib.
— Nega unaqa deysan? — Aleksandr jahlini yashira olmay, kutilmaganda yoqamdan oldi. Biroq shu zahoti qo‘yib yubordi. — Mening o‘zim ham farishta emasman. G‘irt yetim o‘sganman. Ko‘p qavatli uylarning yerto‘lalarida uxlab umr kechirganman.
— Kechir, — xijolatdan bosh egib teskari qaradim. — Bu haqda o‘ylab ko‘rmabman.
— Xo‘p, endi buyog‘ini eshit, — Aleksandr biroz past tushib davom etdi. — Eng yaqin do‘stimni suyuqoyoqlardan biri mentlarga sotib, qamatib qo‘yibdi. Men suyuqoyoqning kimligini bilaman. Undan qasd olishimiz kerak.
— Qasd olsak olaveramiz. Lekin qanday qilib?.. Turmada bo‘lsak…
— E, Murod, — Aleksandr kaftlarini bir-biriga ishqalagancha stol ustidagi konyakdan ikkita qadahga quyib birini menga uzatdi.
— Sen bilmaysan. Turmada o‘tirib ham kerak bo‘lganda dunyoni ostin-ustun qilib yuborsa bo‘ladi. Faqat buning uchun kalla kerak. Kallangni ishlatsang, hamma ishni qoyillataverasan. Endi eslab qol. Men seni o‘sha suyuqoyoq bilan uchrashtiraman. Turmadagi mentlarga tayinlab qo‘yganman. Oldiniga yaxshilab «xursand» qilasan. Faqat bilib qo‘y, ayol menga aloqadorligingni zinhor sezmasligi kerak… Undan keyin esa…
Aleksandr menga yarim soatga yaqin suyuqoyoqni tinchitish yo‘llarini o‘rgatdi. Ochig‘i, uni hurmat yuzasidan tinglab o‘tirdim xolos. Chunki, bu «ssenariy»ni Aleksandrdan oldinroq xayolan tuzib chiqishga ulgurgandim…
«Ish» pishgach, ikkalamiz yana bir qadahdan konyak ichdik va men o‘rnimdan turib ketishga chog‘landim.
— Aytgancha, — meni to‘xtatdi Aleksandr. — bugun ishga chiqmaysan. Anavi (u turma kattalarini nazarda tutgandi) lardan iltimos qilganman. Bugun damingni ol!
* * *
Paxanning turmada qanday qudratga ega ekaniga bugungi manzarani ko‘rgach, yana bir karra amin bo‘ldim.
Nazoratchilar ham, ofitserlar ham meni bezovta qilishmadi.
Kamerada yolg‘iz qoldim. Sokinlik. Ahyon-ahyonda tashqaridan «ballanda»da qolgan aristonlarning quvnoq kulgisi, baqir-chaqirlari quloqqa chalinardi.
— Ozodlikda bo‘lsam nima qilarkanman? — o‘zimcha mulohaza qilardim. — Qayerda ishlardim? Qanday pul topardim? Qayerda yashardim? Kim biladi. Balki o‘g‘riga aylanib ketarmidim. Ha, tayinli kasbim bo‘lmasa, atrofimni faqat ichuvchi, battollar qurshab olsa, albatta o‘g‘irlik qilaman-da!.. Lekin… Kimnidir sevib qolarmidim? Kimni?.. Qaysidir rus qizinimi? Nega o‘zbek qizini emas? Qishloq!.. Ona qishlog‘im! Ota yurtim! Boshiga ro‘mol o‘rab, ko‘ylak-lozim kiygan, tortinchoq, hurkak qizlar! Nega o‘shalardan birini sevish, mehr ko‘rsatish menga nasib etmadi? Nima uchun o‘sha qishloqda unib-o‘smadim, otamning, onamning chirog‘ini yoqib o‘tirmadim? Endi bir umr daydining hayotini kechiramanmi? Yo‘q, afsuslanishdan, o‘pkalanishdan naf chiqarmidi. Peshonamga bitilgani shu bo‘lsa qayerga ham borardim…
Ammam!.. Keksayibgina, munkayibgina qolgan mushtipar ayol! Ha, u mening ammam! Bolaligimda juda tetik va harakatchan edi. Meni doimo piyonista pochchamning g‘azablaridan himoya qilardi. Shunday qondoshimga biror sovg‘a ham bera olmadim. Ojizlik qildim. Hech bo‘lmasa, bir qalin paypoq tortiq eta bilmadim. Na iloj? Aristonning qismati shunday. O‘zi o‘zgalarning qo‘liga qarashga mahkum. Qachon «peredachka» kelishini, yaqinlari bilan uchrashuv kuni belgilashlarini kutib yashaydi. Yo‘q, ammamning bu yerlarga kelishini xohlamasdim. Menga hech narsa kerak emas. Agar Aleksandr so‘zining ustidan chiqib, shahardan kvartira olib bersa, o‘shanda yorug‘ yuz bilan o‘zim kirib boraman qishloqqa. O‘shanda yodimda qolgan yaqinlarimga sovg‘a-salomlar olib borishga haqqim bo‘ladi. Lekin… Qachon? Qachon keladi o‘sha baxtli kunlar? Necha yillar turmada o‘tirishim, turli azoblarni boshimdan kechirishim lozim hali. Balki kasalim zo‘rayib, o‘lib ketarman. Yo‘q, o‘ladigan ahmoq yo‘q. Ota-onamning qabrini ziyorat qilib qaytishim shart. Ana undan keyin nima bo‘lsa bo‘lar…
Yelena!.. Nimalar qilib qo‘yding, Yelena?.. Ko‘rib qo‘y, xiyonatingga, yuzsizligingga qaramay, baribir yolg‘iz qoldim deguncha seni eslashga majburman. Busiz ilojim yo‘q. Jigarimdan shu qadar qattiq urgan ekansanki, qalban seni kechirishga, qaytadan seni ko‘rishga, moviy, jodu to‘la ko‘zlaringga tikilib o‘tirishga rozi bo‘lyapman. Ayt, mayor Samoylovdan iltimos qilsam, kelarmiding meni ko‘rishga? Yo o‘sha sassiq podpolkovnikning quchog‘ida qolarmiding? Bilib qo‘y, xohlasam, o‘shani ham har qanday yo‘l bilan o‘ldirib yuborishim mumkin. Biroq o‘ldirsam, umrim tugaydi. Mentlar meni yo‘q qilib yuborishadi. Turmaning qonunlari shunday. Nachalniklarga qo‘l ko‘tardingmi, tamom! O‘lib ketaverasan. Seni hech kim qidirmaydi, so‘roqlamaydi. Baxtsiz hodisa deb qo‘ya qolishadi… Ha, gap orasida mayordan so‘rab ko‘raman. Mayli, seni ko‘rib qalbim nafratga to‘lsin, senday xiyonatkorni ko‘rishga ko‘zim qolmasin. Ishon, bularning hammasi o‘tib ketadi. Birpasdan keyin unutaman. Yana senga boqib zavqlana boshlayman…
O‘ylar ummoniga shu qadar g‘arq bo‘libmanki, kamera eshigi ochilganini payqamay qolibman.
Taqirlagan ovozdan seskanib o‘rnimdan turdim. Ne ko‘z bilan ko‘rayki, qarshimda Arsen ma’yus jilmaygancha qarab turardi.
— Salom, bratva! — dedi u nazoratchi eshikni tashqaridan yopgach. — Kutmaganmiding?
Men u bilan ko‘rishishga shoshilmadim. Bir necha soniya ichida yaqin o‘tmishdagi voqealar xayolimdan o‘tdi.
— Senimi? — so‘radim ko‘rpasini bo‘sh karavotlardan biriga tashlab, men tomon qaytgan Arsendan ko‘z uzmay.
— Kel, do‘stim, unutaylik o‘tmishda bo‘lgan ishlarni! — dedi Arsen yelkamga qo‘lini qo‘yib. — Hammamiz ham xom sut emgan bandamiz. Bilib-bilmay xato ishlarni qilib qo‘yamiz. Qara, biz tag‘in uchrashib turibmiz. Xo‘sh, xursandmisan?
— Albatta xursandman! — javob qildim jahlimni oshkor etmaslikka tirishib. — Bir kamerada yasharkanmiz. Bu yaxshi-ku!
— Lekin… Meni boplading. — dedi Arsen bosh chayqab. — O‘n kungacha komada yotibman. Zo‘rg‘a qaytarib qolishdi.
— Buni hozircha gapirmay tursang ham bo‘ladi. — Arsenni tinchlantirgan bo‘ldim. — Hali bratvalar kelsin, tanishgin, undan keyin yakkama-yakka gaplashib olamiz.
— Demak… Kechirmabsan-da!? — ko‘zlarimga umidvor boqib so‘radi Arsen. — Shunchalik iching qorami?
— O‘shanda bilasan, Arsen! — gapni kalta qilib o‘rnimdan qo‘zg‘aldim. — Hozir damingni ol! Charchagan ko‘rinasan!
U norozi bosh silkitgancha karavotiga chiqib yonboshladi-da, devor tomon o‘girilib oldi.
(davomi bor)
Manba: Hordiq.uz
“Zamin” yangiliklarini “Twitter”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
O‘zbekistonda onkologik kasallikka chalingan ayollar bepul davolanadi
Slovakiya bosh vaziri Putinning taklifini qabul qildi
Bosh kiyimsiz yurishning organizmga qanday ta’siri bor?
Medvedev Rossiya NATO harbiy bazalariga zarba yo‘llashi mumkinligini istisno qilmadi
Endi «Doimiy yashash joyiga ro‘yxatga qo‘yish» qulaylashdi (video)
Organizmda qaysi turdagi vitamin yetishmayotganini qanday aniqlash mumkin?
Gretsiyada minglab odamlar NATOga qarshi namoyish o‘tkazdi
Erdo‘g‘on: “Turkiya G‘azo mojarosi tugamaguncha Falastinni qo‘llab-quvvatlaydi”