10:27 / 31.07.2018
4 101

Men kutmagan muhabbat

Men kutmagan muhabbat
— Oyi!

— Ha, asalim, nima deysan?

— Oyi, nega Jonas amakim Joy xolamni birovga berib yubormoqchi? Xolam endi bizga kerak emasmi?..

Kassandra o‘zi chizib o‘tirgan suratni bir chetga surib asta boshini ko‘tardi. Qizi nima deyapti o‘zi?..

Ha, bugun Betoni buvisinikiga choy ichishga borgandi. O‘shayerdayam ayyorlik qilib kattalarning gapini poylaganga o‘xshaydi. Eh, hozir bu qilig‘i uchun adabini berib qo‘yardi-yu, ammo gap nimada ekanini o‘zining ham bilgisi kelib ketdi…

Qara-ya, qizchasi endigina to‘rt yoshga kirdi. Biroq kattalarday mulohaza qiladi. Hamma narsani darrov eslab qoladi…

— Bu nima deganing, qizim?.. — Betonini bag‘riga bosdi Kassandra. — Xolang bizga kerak. Nega bunaqa deyapsan?

— Buvim aytdiki…

— Xo‘sh, nima dedi buving?

— Bugun choy ichib o‘tirganimizda, buvim aytdiki, Joy xolamning yaqinda to‘yi bo‘larmish… Demak, Joy xolam bizga kerak emas ekan-da-a?..

Kassandra jilmayib qo‘ydi.

— Oyi, nega kulyapsiz? Shu gapim kulgilimi?

Betoni nimaniyam tushunardi. Kassandra hozir kulmasa, albatta yig‘lab yuborardi. O‘zini majburladi kulishga… Uf-f… Roppa-rosa ikki haftadan so‘ng Rojdestvo. Boshqa payt bo‘lganda-ku, onasiga shartta qo‘ng‘iroq qilib ichidagilarni aytib olardi. Afsuski, Rojdestvo oldidan hech kimning, shu jumladan, o‘zining ham kayfiyatini buzgisi kelmaydi. Axir, eri Charlzning o‘limidan so‘nggi birinchi bayram bu!.. Bunday mahalda janjal chiqarish odobdan emas.

Yo onasini ko‘ndirsinmikan?.. Jonasni singlimnikiga bordirmang, desinmikan?.. E, ko‘nib bo‘pti. Endi Jonasning o‘zidan hamma umid. Ajabmaski, o‘zi istamay qolsa…

Kassandra o‘ychan nigohlar bilan qiziga boqdi. Yaxshiyam Betoni bor. Bo‘lmasa, bevalik azobi allaqachon sindirib tashlagan bo‘lardi. Shu qiziga qarab ovunadi, uning kulgisini eshitganda ko‘ngli ko‘tariladi.

— Yo‘q , qizim, bu kulgili emas, — dedi u Betonining boshini silab…

Atigi shu gapni ayta oldi. Yana xayollar uni o‘tmishga yetakladi. Ko‘z oldiga baland bo‘yli, kelishgan, mehribon Charlz keldi. Yigirma to‘rt yoshida beva bo‘lib qolgani tag‘in esiga tushib ko‘zlariga yosh oldi. Nimayam qilsin? Onasiyam, singlisiyam uni tushunishmaydi. Iloji boricha o‘zlaridan nari itarishga intilishadi…

Yo‘q , balki, o‘zi aybdordir?.. Balki, o‘zi ulardan uzoqlashishga harakat qilayotgandir?..

Ana, yana o‘ziga achina boshladi. Necha marta o‘ziga o‘zi so‘z bergan. Jonas bilsaydi bularning hammasini…

Kassandra ikkovlarining ilk uchrashuvini esladi. O‘shanda Jonas unga mensimaygina qaragan. Muomalasi ham juda sovuq edi. Shundan beri ular ko‘p marta uchrashishdi. Ammo birinchi uchrashuv bir umr xayolida muhrlanib qoldi…

Ha, Jonas o‘n ikki yil Amerikada yashab keldi. Eri o‘lganda kechikib kelgandi. Turli bahonalar o‘ylab topgandi. Oradan bir oy o‘tib ularni vasiyatnomani hal qilishga chaqirishdi. Kassandra hali o‘ziga kelib ulgurmagandi o‘shandayam. Lekin juda yaxshi eslaydi. Advokat Jonasni ham taklif etgan. Albatta, oila a’zosi sifatida. Qizig‘i, u vasiyatnoma daragini eshitgandan keyin vaqt topgan. Kechikmagan sirayam…

Eh, o‘sha birinchi uchrashuv… Jonasni eriga o‘xshasa kerak deb tasavvur qilgan ekan. Qayoqda?!. Butkul boshqacha. Turqi sovuqligi yetmay Kassandraga yeb qo‘ygudek qaragan. Gapirgan gapi-chi!..

— Yupatishga zor bevasan-a adashmasam?..

Kassandraning yuzidan qoni qochdi. Chunki, hech qachon bu qadar haqoratni eshitmagandi.

— Ha, o‘sha bevaman, — dedi istar-istamas o‘rnidan turib. — Biz manavinaqangi sharoitda uchrashib turganimizdan judayam afsusdaman…

— Ha-a, agar shunday sharoit bo‘lmasa, menminan uchrashishga senga yo‘l bo‘lsin edi… Bilasanmi, nega meni taklif etishdi bu yerga?

— Bilmayman. Balki, vasiyatnomaga sizning ham familiyangiz kiritilgandir.

— Xuddi shunday. Lekin menga xat orqali aytilsayam bo‘lardi. Men, axir judayam band odamman. Ishlarim boshimdan oshib yotibdi… Ha, mayli, buni hali aniqlaymiz.

Aniqlashdiyam. Jonas uning qatorida Charlzdan qolgan kompaniyaga sheriklik qiladigan bo‘ldi. Alam qiladigani, kompaniyaning o‘n foizi Betoniga, qolgan yigirma foizi Jonasga vasiyat qilingandi. Axir, Charlz hayotligida ukasi Jonas bilan uzoq vaqt yuzko‘rmas bo‘lib yurgan. Nahotki, hammasini bilib-ko‘rib turib asosiy merosxo‘r sifatida uni tanladi?.. Ustiga ustak, Jonas marhum eriga o‘gay uka bo‘lsa.

Lekin Kassandra ichidagini Jonasga bildirmadi.

— Nimayam qilamiz? — dedi u boshini egib. — Bu pullar Charlzga tegishli. Pullarni qanday taqsimlash uning ishi.

— To‘ppa-to‘g‘ri, — ko‘zini lo‘q qildi Jonas. — Unga tekkaningning o‘zi sen uchun katta boylik. Senam oladiganingni olding.

Kassandraning ko‘zlari olayib ketdi.

— Men Charlzga sevib tekkanman, bildingizmi?

— Gapir, gapir!.. U sendan naq yigirma besh yosh katta edi.

— Yigirma uch, — uning so‘zini bo‘ldi Kassandra. — Lekin bu bizning munosabatimizga zarrachayam ta’sir qilganmas.

— E, buyog‘idan kelsak, Charlz otang bilan yaqin sheriklik qilgan. Mabodo qirq yosh katta bo‘lsayam baribir tegarding.

— Yo‘qol meni uyimdan! — kutilmaganda qichqirib yubordi Kassandra.

Shu gapni aytishga-aytdi-yu, boshi aylanib, sal qursa yuztuban yiqilayozdi. Zo‘rg‘a karavot chetini ushlab qoldi.

— Mayli, Kassandra, ketaman, — kuldi Jonas. — Amerikaga uchib ketishim lozim shundog‘am. Biroq men qaytaman, albatta qaytaman…

Kassandra qizini yoniga chaqirdi-da, xolasi hech kimga tegmasligini, Jonasni shunchaki bir ish bo‘yicha yordamga chaqirganini tushuntirdi. Betoni tixirlik qilavergach, vannani esiga soldi. Qizcha cho‘milishni juda yaxshi ko‘rar, shuning uchun ham uydagi katta vanna faqat uning ixtiyorida edi.

Qizining berilib cho‘milayotganidan foydalanib Kassandra shkafdan kiyimlarini oldi…

«Yo‘q , onamminan ovqatlanib o‘tirmayman. — ko‘nglidan o‘tkazdi u. — Birrov kiraman-u, aytadigan gapimni gapirib orqamga qaytaman. Faqat Jonas o‘shayerda bo‘lmasa bas… Yana boshlaydi eski ashulasini… Ajabmas, qizim katta bo‘lgach, hammasi o‘z yo‘liga tushib ketsa…»

— Oyi, sariq ko‘ylagingizni kiying! — vannadan turib qichqirdi Betoni. — Dadam o‘sha ko‘ylagingizni yaxshi ko‘rardi.

Ko‘ylakni olarkan, Kassandraning qo‘llari titrab ketdi. Ha, Charlz doim shu ko‘ylakda yursa maqtardi.

— Xuddi shu ko‘ylakni kiy!.. — shu tobda orqa tarafdan masxaromuz ovoz eshitilgandek tuyuldi-yu, Kassandra seskanib ortiga o‘girildi. Ne ko‘z bilan ko‘rsinki, ro‘parasida Jonas tirjayib turardi. — Kiyaver, shu ko‘ylakda sen g‘irt buzuqi ayollarni eslatasan!..

* * *
— Jonas amaki, Jonas amakim keldilar!.. — vannaxonadan chopib chiqqan Betoni erkakning bo‘yniga osildi. Jonas ham uning yuzlaridan o‘pib erkalay ketdi.

Ularni ko‘rgan Kassandraning ich-etiga muz yugurdi. Qara-ya, qizaloq uni qanchalar yaxshi ko‘radi. Ko‘rdi deguncha, o‘zini yo‘qotadi-qo‘yadi. To‘g‘ri-da, atrofida birontayam erkak bo‘lmasa. Faqat ayollarni ko‘rsa har kuni. Sevinadi-da!..

— Kostyumingiz ho‘l bo‘ladi, — Kassandra ichki bir sevinch bilan tog‘a-jiyanlarga boqdi. — Hozirgina vannadan chiqdi.

— Hechqisi yo‘q. — Betonini tinimsiz o‘parkan, bosh silkidi Jonas. — Kostyumni yangilash mumkin. Lekin mening jiyanimdek malikani topib bo‘lmaydi.

— Nega keldingiz? — gapni boshqa yoqqa burdi Kassandra. — Firmada biror ko‘ngilsizlik yuz berdimi?

— Buni senga qizig‘i bormi?

— Albatta bor. Axir, menam o‘sha firmaning ma’lum qismiga egalik qilishim lozim…

Ammo ular suhbatni davom ettira olishmadi. Yana oraga Betoni qo‘shildi.

— Amaki, siz Qorboboning sovg‘alar berishiga ishonasizmi?

— Nega so‘rayapsan, asal qiz? — kuldi Jonas.

— Chunki, menam ko‘pgina sovg‘alar olishni istayman undan…

— Agar sizam Rojdestvo kechasida bizminan birga bo‘lsangiz, sizgayam Qorbobo ko‘-o‘p sovg‘alar opkeladi.

— Rostdanmi?

— Rostdan. Amaki, biz bilan qoli-ing!.. Uyimizda xonalar ko‘p… Voy, men judayam orzu qilaman qolishingizni!

— Rahmat, Betoni, — Kassandraga nigoh tashladi Jonas. — Oying ikkovlaring meni taklif etganlaring uchun rahmat!.. Ammo men Qorboboga maktub yozganman. Agar o‘sha kecha uyda bo‘lmasam, u xafa bo‘ladi.

— Unda yana bitta xat yozib yuborish kerak. Xatda qayerdaligimizni yozamiz. Biz ham oyim ikkalamiz o‘tgan yili buvimnikiga ketayotib shunday qilganmiz.

Betoni umid bilan oyisiga termuldi.

— Oyi, amakimnikiga boraylik!..

Jonas kulimsiradi.

— Asal qiz, biz senminan buvingning uyida uchrashamiz. Rojdestvoni xuddi o‘sha yerda kutib olamiz, xo‘pmi?!.

Bu gapni eshitib Kassandraning eti uvishib ketdi. Axir, oyisi nimalar qilyapti o‘zi? Jonas yaqin qarindosh bo‘lmasa. Faqat ko‘ngilsizlik keltirishdan boshqasiga yaramasa. Endi Rojdestvoga taklif etishiga balo bormi?!.

— Senga shu gapim yoqmadi-a? — Jonas jiddiy tortib Kassandraga boqdi.

— Nimayam derdim? — sovuqqon ohangda javob qildi u. — Qizim shuni istayapti. Demak, men hech narsa deyolmayman… Umuman, Betoni siz kelsangiz suyunib ketadi har safar. U xursand bo‘lsa, meniyam ko‘nglim ko‘tarilib ketadi.

— To‘ppa-to‘g‘ri. Bugun ham atayin uni ko‘rish uchun keldim.

— Qiziq… Ilgari bu gapni sira aytmagandingiz…

— Xo‘p, mayli. Men keta qolay, ishlarim boshimdan oshib yotibdi.

Jonas shosha-pisha soatiga qaradi-yu, Betonining yuzlaridan o‘pib eshikka yo‘naldi. Ostonaga yetganda, birdan to‘xtadi. Kassandra uning nimadir demoqchi ekanini payqab, Jonasga savol nazari bilan boqdi.

— Tinchlikmi?

— Bilasanmi, Kassandra. — dedi Jonas biroz chaynalgan ko‘yi. — Men haqimda nima deb o‘ylasang, o‘ylashing mumkin… Ammo men anchadan beri aytolmayotgan gapimni bugun aytishni istardim… Ishonasanmi, aytmasam yorilib ketaman…

— Qanday gap ekan? Shunchalik muhimmi?

Jonas javob berish o‘rniga sekin kelib Kassandraning qo‘lidan tutdi. Ayol buni kutmagan edi. Anchadan beri erkak kishining taftini his qilmay qo‘ygan ayolning yuzlari qizardi… Shu lahzalarda qo‘lini tortib olmoqchiyam bo‘ldi… Xayolidan o‘tayotgan o‘ylar chalkashib ketgandek… Boshi, butun uy aylanayotgandek… G‘alati bir holatga tushib qoldi… Axir… O‘ziga dushman deb bilgan bu odam nega to‘satdan qo‘lidan tutyapti?.. Maqsadi nima?..

Kassandra baribir chiday olmadi. Badanida qanchalar shirin taftni tuymasin, baribir qo‘lini tortib oldi.

Jonas esa, aksiga olgandek, Kassandra o‘zini orqaga tashlagan sari tobora yaqinlashib kelardi.

— M-men… Seni sevaman, tushunyapsanmi?..

Erkakning kutilmagan bu gapi Kassandrani dovdiratib qo‘ydi.

— Nima?.. O‘ylab gapiryapsizmi?.. Siz, axir…

— Faqat o‘tmishni yodimga solma, o‘tinaman!.. — Jonas shartta Kassandraning belidan quchdi.

— Ilgari akamga hasadim kelardi… Senday go‘zal ayolni xotin qilib olganidan o‘zimni qo‘yarga joy topolmasdim… Ishon, shu sababliyam bu uyga kelgim kelmasdi… Imkoni boricha unga yomonlik qilgim kelardi…

— Axir, siz marhum erimning ukasisiz!.. — dedi o‘zidan Jonasni itarishga intilib.

— O‘gay ukasiman, shuniyam unutma!.. Kel, hammasini unutaylik!.. Axir, Betoniga ota kerak. U meni… Faqat meni yaxshi ko‘radi…

Jonas ayolning qarshiliklariga e’tibor qilmay, uni dast ko‘tarib yotoqxonaga olib kirdi va karavotga bosdi.

— Nima qilyapsiz?.. Betoni ko‘rib qoladi… S-sizni ko‘rishga ko‘zim yo‘q!.. Qo‘yvoring!..

— Yo‘q , jonim, aldama!.. O‘zingni o‘zing aldama!.. Senam sevasan meni… Ko‘zlaring, manavi yonayotgan lablaring aytib turibdi…

Hammasi alg‘ov-dalg‘ov bo‘lib ketdi. Ikki yo‘l orasida qolib ketgan Kassandra bu erkakning qo‘lidan chiqishga kuch topolmadi. Balki, topardi ham. Ammo ehtiros… Ancha yillik qiynalishlar ustun keldi…

Boshqa erkak bo‘lsa, balki… Shu tobda dod solardi… Balki, urishib-urishib tashlardi… Afsuski, Jonasga nisbatan bunday yo‘l tuta olmadi… Aniq sezdi… Yuragi bilan sezib turdi… Bu erkakda o‘zining ham ko‘ngli bor ekan… Yo’qsa, qo‘lini ushlagan lahzalardayoq qizarib-bo‘zarmasdi. Hozir quchog‘ida yotib qaynoq nafaslarning quliga aylanmasdi. Demak, o‘zining ham ko‘ngli bor ekan. Lekin nimaga?.. Yo’q… Bu savolga o‘rin yo‘q… Qanchalik kutilmagan bo‘lmasin, bir og‘iz qarshi gap ayta olmaydi. O‘zidan itarib tashlay olmaydi uni…

Kassandra bo‘shashgancha yoniga yonboshlagan Jonasni beixtiyor o‘ziga qaratdi.

— Siz ablahsiz!.. — dedi u mayin jilmayib. — Nega shu dardingizni ilgari aytmagansiz? Nega men bilan teskari bo‘lib yurgansiz shu kungacha?..

— Men payt poylaganman. Ha, qo‘pol bo‘lsayam, ablahlik bo‘lsayam, aytaman. Men eringning o‘limini kutganman… Xudodan unga faqat o‘lim tilaganman… Chunki, men faqat senigina sevganman…

— O‘zimning ablah sevgilim!.. — Jonasni sekin chimchilab qo‘ydi Kassandra. — Mana shu gapingiz uchun ham endi mendan qutulib bo‘psiz!..

Ostonada to‘satdan paydo bo‘lgan Betoni ularni ko‘rdi-yu, bildirmaygina kulib qo‘ydi.
Kerol MORTIMER
Rus tilidan Olimjon HAYIT tarjimasi

Manba: Hordiq.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Men kutmagan muhabbat