Tuhmatga qolish, dabdurustdan hamma narsasidan ayrilish, ayniqsa, sharmandalarcha haydalish kishiga alam qilarkan.
Matnazar yuragi ezilgan holda shiyponga kirib keldi. Biroq bu gal qoʻlida hech vaqo yoʻq edi. Doʻkonga borib nimadir sotib olish xayoliga kelmagandi…
Tol tagida oʻtirib nimadir pishirayotgan Marhamat uning ahvolini koʻrib qoʻrqib ketdi.
— Sizga nima boʻldi? — qoʻlidagi choʻmichni qozonga soldi—da, toʻngak ustiga kelib oʻtirgan Matnazardan soʻradi. — Biror gap boʻldimi? Tinchlikmi oʻzi?
Matnazar ogʻir xoʻrsinib qarshisidagi ayolga boqdi.
— Marhamatxon, men tuhmatga qoldim.
— Voy, nega? Qanaqa tuhmat?
— Qishloqda gap tarqalibdi. Goʻyoki biz ikkalamiz er-xotin boʻlib olganmishmiz.
— Voy, tavba qildim! Endi nima boʻladi?
— Marhamat, men… Uyimdan, oilamdan, minib yurgan avtobusimdan ham ayrildim. Qaynotam hammasini tortib oldi…
Marhamat aybdorlarcha bosh egdi:
— Koʻnglim sezgandi, mulla aka. Shunday boʻlishini bilgandim. Men oʻlgur, kelmay qoʻya qolsam boʻlmasmidi, shu yoqlarga? Kelib, mana, sizgayam bir dunyo tashvish orttirib berdim…
— Yoʻq, tashvish orttirganingiz yoʻq, — Matnazar boshini koʻtarib Marhamatning koʻzlariga tikildi. — Oʻzi… anchadan beri shu janjalning isi bor edi. Sizning aybingiz yoʻq.
— Endi nima qilasiz? Avtobusingizni olib qoʻyishgan boʻlsa, tirikchiligingiz qanday oʻtadi?
— Menga qarang, — kutilmaganda oʻrnidan turdi-da, Marhamatning roʻparasiga kelib oʻtirdi Matnazar. — Yesayam, yemasayam, baribir boʻrining ogʻzi qon… Shu qilganlari uchun ham ikkovimiz turmush qurmaymizmi?
— Voy, bu nima deganingiz? Sizning oilangiz boʻlsa… Bugun urishganingiz bilan, ertaga baribir orqangizdan keladi axtarib.
— Men… sizga yoqmaymanmi?
— Men… Yoqmaysiz deyayotganim yoʻq-ku! Xotiningiz bor.
— Nima, oʻsha choʻloq xotin bilan bir umr oʻtib ketishimni istaysizmi? Menam erkakman, axir!
— Siz hali meni yaxshi bilmaysiz-ku! Balki, men undan ham yomon ayoldirman?
— Yomon ayol boʻlganingizda sizni shu yerlarga yetaklab kelmagan boʻlardim. Ilk koʻrganimdayoq koʻnglim sezgan yaxshiligingizni… Keling, narigi mahalladagi masjid yaqin. Qorongʻu tushishi bilan boramiz…
— Yoʻq-yoʻq…
— Men oʻylab koʻrguningizcha hov anovi yerda boʻlaman… Bir qarorga kelishingiz bilan chaqiring…
* * *
— Oting oʻchsin, er boʻlmay! — Matnazarni begona ayolning qoʻynida tasavvur qilgani sayin Hamida ich-etini yeb borardi. — Xotinsiramay oʻl! Qaydanam tegdim shu xotinbozga? Ersiz oʻtirsam oʻlarmidim? Endi nima qilaman? Bu nogiron bolamni kim boqadi? Qachongacha dadamga osilaman? Odamlar nima deydi? Choʻloqligi uchun tashlab ketdi, oʻl-a, deyishmaydimi? Yoʻq, men undan oʻch olaman! Xotin ustiga xotin olish qanaqa boʻlishini koʻrsatib qoʻyaman. Yo meniki boʻladi, yo hech kimniki!
Hamida qizchasining hoʻl boʻlgan yoʻrgaklarini bir amallab almashtirdi-da, qoʻshnisi Xosiyat xolanikiga yoʻl oldi. Ishqilib, bir oʻzi oʻtirgan boʻlsin, degandi. Kutilganidek, Xosiyat xola hovlida yolgʻiz oʻzi oʻtirganicha koʻrpa qaviyotgan ekan.
— Voy, keling, kelin! — shosha-pisha oʻrnidan turib Hamidaning qoʻlidan bolasini oldi u. — Katta boʻp qopti-ku! Ishqilib, umri bilan bergan boʻlsin! Qani, oʻtiring soʻriga!
Hamida koʻz yoshlarini bildirmaygina artib soʻrining bir chekkasiga omonatgina choʻkdi.
— Ha, qizim, yigʻlabsizmi? Nima boʻldi?
— Bilasiz-ku, xola! Uyimda…
— Ha-a, eshitdim… Hammasini eshitdim. E, bu erkaklarning hammasi bir goʻr. Gʻam chekaman, desa-chi, ajalidan besh kun burun oʻlib ketadi odam… Qoʻying, qizingizni oʻylang! Itday akillab-akillab qaytib keladi bir kuni. Meni aytdi dersiz…
— Xolajon, sizdan bir narsa soʻrab chiqqandim, — Xosiyat xolaning gapini boʻldi Hamida.
— Jonim bilan. Nima kerak edi?
— Uyda… Sichqonlar koʻpayib ketibdi… Shunga… Dori-pori bormikan sizda, deb…
— Ha, bor… Qurib ketsin bu sichqonlar. Kechadan beri biznikidayam paydo boʻp qolibdi… Hozir olib beraman, oʻrgilay!
Hamida sichqon dorini qoʻliga olgach, uy bekasi dasturxon yozib qistaganiga ham qaramay, uyiga yoʻl oldi…
* * *
— “Ana endi oʻzingdan koʻr, xotinboz, — ichkariga kirib koʻcha eshikni tambaladi-da, oʻzicha soʻzlanib qoʻydi Hamida.— Choʻloq, qoʻlidan hech ish kelmaydi, deb oʻyladingmi? Bekorlarni aytibsan. Hali mening sovunimga kir yuvmabsan, sen hezalak! Mana shu kecha qiynala-qiynala jon berasan. Keyingina taqdirga tan beraman… Boʻlmasa, chiday olmayman bu koʻrgiliklarga, chiday olmayman! Sen yaramasni oʻsha qanjiqning qoʻynida koʻrgandan koʻra…”
Hamida inqillaganicha kiyimlarini almashtirdi. Qizchasini yaxshilab oʻradi. Keyin shiypon tomon yoʻl oldi…
Bu paytda Matnazar Marhamat bilan allaqachon qoʻshni qishloq masjidiga ketgan, domla peshin namozini oʻqib boʻlib, ularni nikohlash arafasida edi…
Nihoyat barcha amallar qilinib, ikkovlariga nikoh oʻqildi. Faqat… Domla Marhamat tashqariga chiqib ketgach, Matnazarni toʻxtatdi.
— Uka, — dedi u bosiqlik bilan. — Men ayolingizning oldida indamay qoʻya qoldim. Biroq bu ishni bekor qipsiz.
— Nega? — hayron boʻlib soʻradi Matnazar.
— Sizni, otangiz rahmatlini yaxshi bilaman. Shuning uchun bu gapni aytib qoʻyish men uchun farz… Bilasizmi, ikkinchi xotinni toʻqol xotin deyishadi. Toʻqol xotinning toʻqmogʻi judayam qattiq boʻladi. Ehtiyot boʻlib ish koʻring!.. Tagʻin…
Matnazar domlaning gaplariga tushunmadimi, majburan bosh irgʻaganicha tashqariga yoʻl oldi.
— Voy, anovi turgan kim? — shiyponga yaqinlashganlarida, Marhamat birdan toʻxtab, bola koʻtargan ayolni koʻrsatdi.
— Bu oʻsha… choʻloq xotinim. — javob qildi Matnazar. — Hozir boshlanadi… Siz aralashmay qoʻya qolganingiz maʼqul. Oʻzim hal qilaman.
Ular shiyponga yetib kelishgach, Marhamat yerga qaragan koʻyi ichkariga kirib ketdi. Matnazar esa uf torta-torta Hamidaga yaqin bordi.
— Nega kelding? — doʻq aralash soʻradi u Hamidaga sovuq tikilib. — Nima kerak yana?
— Men sizni opketgani keldim, — dedi Hamida yer chizib. — Qizchamiz kechadan beri tinchlik bermayapti. Isitmasi chiqyapti kechalari. Ichikkan, shekilli.
— Buni otangga borib ayt, oʻsha kelib tinchlantirsin!
— Otamni qoʻyaversangiz-chi, dadasi! — Hamida koʻzidan oqib tushgan yoshlarni chaqaloqning yoʻrgagiga artib Matnazarga tik boqdi. — Feʼlini bilasiz-ku! Axir, biz sizsiz nima qilamiz? Mayli, uylanibsiz, boʻlar ish boʻpti. Men sirayam qarshi emasman. Faqat… Bizniyam tashlab qoʻymasangiz boʻlgani… Yuring, hech boʻlmasa kechgacha qizchamizning yonida boʻling! Zora oʻziga kelsa…
Matnazar buni kutmagandi. Oʻylanib qoldi. Nima qilishini bilmay boshi qotdi…
— Boʻpti, sen boraver, — dedi oxiri bir toʻxtamga kelganday. — Orqangdan boraman… Picha ishim bor…
— Rostdan borasizmi?
— Ha, dedim-ku!
— Unda… Borishingizga ovqat qip qoʻyaman!
Hamida ketgach, Matnazar oʻzicha gʻudranib qoʻydi.
— Ovqat qilarmish! Avval oʻzingni eplagin, choʻloq!
* * *
Qosh qoraydi. Qayerdadir eshakning choʻzib hangragani quloqqa chalindi.
— “Demak, vaqt shomga yaqinlashibdi, — koʻnglidan oʻtkazdi Matnazar hovlisiga yaqin kelib qolganda. — Doʻkondor hozir masjidda boʻlsa kerak. Birrov kiraman-u, Marhamatning yoniga qaytaman…”
— Keldingizmi? — u hovliga kirganida, Hamida oʻchoq boshida kuymalanayotgan ekan.
Matnazar bu holatni birinchi marotaba koʻrgani uchunmi, hayron boʻldi: “Bu hech qachon oʻchoq boshida oʻralashmasdi-ku! Qayoqdan kun chiqdiykin?”
— Keling, siz yaxshi koʻrgan tovuq shoʻrva tayyorlab qoʻydim, — dedi Hamida shosha-pisha soʻriga koʻrpacha toʻshab. — Oʻtiring, men hozir ichkaridan kosalarni olib chiqay! Ana, qizingizni qarang, sizni sogʻinganidan yigʻlab-yigʻlab hozirgina uxlab qoldi…
— Otang kelmadimi? — sovuq ohangda soʻradi Matnazar qiziga bir qur koʻz tashlab olib. — Yo endi kelmoqchimi? Shuning uchun meni chaqirib keldingmi?
— Nega unaqa deysiz? Otam bugun umuman kelmaydi. Ishlari koʻp ekan. Chaqirgan boʻlsam, sizni sogʻinganimiz uchungina chaqirdim. Axir, oʻzim bormagunimcha oʻsha xotinchangizning yonidan jilgingiz kelmaydi!
— Bu hayot, Hami, — dedi Matnazar bosiqlik bilan. — Peshanada shu kunlar bor ekan, nima qilay?!. Qoʻrqma, senlarni tashlab qoʻymayman. Faqat anovi otang…
— Qoʻying, hozir otamni gapirmang! — Hamida sekin turib kelib Matnazarning yelkasiga bosh qoʻydi. — U kishi qari odam. Nimaniyam tushunardi?.. Men koʻndim-ku hammasiga! Agar koʻnmasam, oldingizga borarmidim? Taqdirga tan berganim uchun oʻzim bosh egib bordim. Boʻpti, men ovqatni suzay! Hademay qizingiz uygʻonsa, hammasi oʻzingizga qolib ketadi…
Hamida oqsoqlanganicha ichkari uyga kirdi-da, kosalardan birining ichiga tayyorlab qoʻygan zaharni soldi.
— Boʻgʻilib oʻlishingni bir koʻrsaydim, xotinboz! — deya shivirladi u tashqariga oʻgʻrincha koʻz tashlab. — Seni xuddi ana shunaqangi zaharlab, qiynab oʻldirish kerak. Oʻshanda mendaylarning qadriga yetasan…
(davomi bor)
Manba: Hordiq.uz “Zamin” yangiliklarini “Vkontakti”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Bosh kiyimsiz yurishning organizmga qanday ta’siri bor?
O‘zbekistonda onkologik kasallikka chalingan ayollar bepul davolanadi
Endi «Doimiy yashash joyiga ro‘yxatga qo‘yish» qulaylashdi (video)
Medvedev Rossiya NATO harbiy bazalariga zarba yo‘llashi mumkinligini istisno qilmadi
Gretsiyada minglab odamlar NATOga qarshi namoyish o‘tkazdi
Organizmda qaysi turdagi vitamin yetishmayotganini qanday aniqlash mumkin?
Erdo‘g‘on: “Turkiya G‘azo mojarosi tugamaguncha Falastinni qo‘llab-quvvatlaydi”
Slovakiya bosh vaziri Putinning taklifini qabul qildi