Yengiltak ayol bilan bir yostiqqa qoʻyganidan bexabar Matnazar keyingi kunlarda qimorga mukkasidan ketgandi. Ortida nimalar boʻlayotgani uni qiziqtirmas, faqat Qulmat ora-sirada qoʻliga tutqazayotgan choʻtallardan mast edi. Xudoning bergan kuni qimorxonaga qatnar, har bir oʻyinni berilib tomosha qilar, oʻzicha oshiq tepishning eng sirli tomonlarini oʻrganardi. Kunduz kunlari boʻlsa, birrov Hamida va qizchasidan xabar olgan boʻlib, soʻngra yana yengiltabiat Marhamatning bagʻriga oshiqardi…
— Mana endi davraga qoʻshiladigan vaqting yetdi. — dedi kunlarning birida Qulmat. — Buyogʻiga choʻtal berish yoʻq, oshna! Ekkaningni oʻraverasan. Xoʻsh, tikadigan biror nima yigʻib qoʻydingmi bir oy ichida?
— Albatta. — sal kerilgannamo javob qildi Matnazar. — Senday doʻstim tufayli picha yigʻdim.
— Boʻlmasa, oʻshani tikasan. Qancha oʻzi yiqqaning?
— Ha endi… Bola-chaqadan orttirganim yuz ming chiqar-ov!..
— Juda yaxshi. Qani, Qodir, munday qilamiz. Oramizga yangi oʻyinchi qoʻshilgani sabab ham nomardlik qilmaylik-a? Birinchi safarga hech narsa tikmasdan oʻynayveradi. Bizga oʻrganganlarini bir koʻrsatsin-chi!.. Oshiqlarni buyoqqa ol!..
Qodir oshiqlarni olib Qulmatning qoʻliga tutqazdi.
Birinchi boʻlib Qodir tepdi. Tushmadi. Undan keyin Qulmat tepdi. Yana tushmadi. Navbat Matnazarga yetdi.
U ichida Xudoga nola qilib tavakkal tepdi.
— Voh!.. — besh qimorboz baravariga qichqirib yubordi.
— Bekorga qatnamabsan, Matnazar! — qarsak chalib uni qutlagan boʻldi Qulmat. — Bekorga oramizda oʻtirmabsan. Qara, hamma pullarimizni yutib qoʻyding-ku!.. Ana endi haligi yuz mingingniyam qoʻshib tikasan. Boshla!..
Matnazar quvonchi ichiga sigʻmay qoʻynidagi bir dasta pulni dasturxonda sochilib yotgan pullar orasiga tashladi va oshiqlarni bir joyga joylab oyoq yubordi.
— Yo Jamshid!..
Afsuski, bu gal omadi chopmadi. Keyin oshiqqa yopishganlar ham hech natijaga erisha olishmadi. Faqat Qulmatgina xursand. Dasturxon toʻla pullarni yutib olgach, shoshilmasdan qoʻyniga tiqardi.
— Bas qilamizmi? — xavotir aralash soʻradi undan Qodir. — Hali erta-ku!..
— Tikadiganlaring bormi oʻzi? — hiringlab kuldi Qulmat. — Qurigan boʻlsang, nimangni tikasanlar?..
— Biz quribmizmi? — besh qimorboz baravariga choʻntaklaridan dasta-dasta pul chiqarib oʻrtaga qoʻyishdi. — Mana, ikki baravar tikamiz!..
— Sen-chi, oshna? — Matnazarga yuzlandi Qulmat. — Nimani tikasan?
— Men bir safar oʻyindan chiqib turaman. — teskari oʻgirilib javob qildi Matnazar. — Sizlar bir qoʻl oʻynanglar, keyin bir gap boʻlar.
— E, yoʻ-oʻq, — Qulmat uning yelkasidan tutib oʻziga qaratdi. — Bu oʻyinga bir kirdingmi, chiqib boʻpsan!.. Tikadiganing boʻlmasa, ayt, qarz berib turay!..
— Bilmadim. Negadir… Noqulay…
— Vey, qiyomatli doʻstimsan, axir!.. Ma, yuz ming! Mana shuni tikaver!.. Qarz boʻlsa uzilar, xotin yonga qolar deb bekorga aytishmagan-ku!
— Oʻzi… Shundogʻam sendan ikki yuz qarzman. — dedi Matnazar pullarni olishga ikkilanib. — Koʻpayib boraversa…
— E, qoʻysang-chi shu gaplarni! Men seni qimorga hazillashish uchun yetaklab kelmadim. Harakat qilgin-da mundoq!.. Boʻl!..
Shu kecha Matnazar boʻlganicha boʻldi. Qulmat uch oʻyindayoq boʻyniga naqd besh yuz ming soʻmni ilib qoʻydi…
* * *
Ana endi Qulmat niyatiga yeta boshlagandek seza boshladi oʻzini. Matnazarni tuzoqqa ilintirdi. Faqat ishni tobora kuchaytirish qoldi, xolos.
— Xoʻsh, qarzlarni bugun uzvorarmikansan? — ertasi kuni kechqurun oshiq tepishdan avval soʻradi u. — Bugun omading kelar?..
— Harakat qilaman…
Koʻz ochib yumguncha qimor ham boshlandi. Qulmat Matnazarga yana ikki yuz ming qarz berdi…
Yigitdan omad yuz oʻgirsa qiyin ekan. Matnazar bor pullarni bir oʻyindayoq boy berib tumshaygancha yer chizib qoldi.
— Mayli, yur, senda gapim bor. — uni tashqariga boshladi Qulmat. — Bir gaplashvolaylik!..
Yozning soʻlim kechasi. Olislardan itlarning choʻzib-choʻzib uvillagan tovushlari, qurbaqalarning qurillashlari odamning koʻngliga huzur baxsh etardi…
Ammo Matnazarning ikki qulogʻi Qulmatda. Nima deyishini, qanday yangi gap aytishini intiqib kutar, qarzini orqaga surishidan umidvor edi.
— Qarzingni hali-veri uzishingga ishonmay qoldim. — shoshilmasdan gap boshladi Qulmat. — Xoʻsh, endi nima qilamiz?
— Sabr qilib turgin, bugun boʻlmasa ertaga yutib qolarman. — dedi Matnazar.
— Tikadigan narsang qolmadi-ku!.. Nimani yutasan? Qarz oshib boraveradi… Uni toʻlash ham bor-da!.. Oʻzing bilasan, menam ja unaqangi oshib-toshib ketganim yoʻq…
— Xoʻp, nima qil deysan? Qanday maslahat berasan?..
— Aytsam xafa boʻlmaysanmi?
— Yoʻq, aytaver!
— Marhamatni garovga olib turaman.
— Nima?..
— Eshitganing, oshna! Boʻyningda yetti yuz ming qarz turibdi. Qoʻrqma, unga tegmayman. Shunday qilsam, harakatingni qilasan…
— Toʻxta, toʻxta… — Matnazar bir muddat bosh chayqab, aylangan boʻldi. — Axir… U xotinim!.. Unga til tekkizma!..
— Oʻv, haddingdan oshma, bola!.. — Qulmat yaqin kelib Matnazarning iyagidan koʻtardi. — Buni qimor deb qoʻyibdi. Hali sen uchdan biriniyam koʻrganing yoʻq. Senga oʻxshab qarzga botganlar xotinigacha tikib qarzdan qutulishgan. Boʻlmasa, oʻlib ketaverasan. Qimorning qoidasi shunaqa…
— Shunday degin?.. Yaxshi… Faqat… Garovga olmaysan… Men bunga chiday olmayman…
— Nima qilay boʻlmasa? Ayting, ja aqlli boʻp ketdingiz-ku!..
— Menam oʻsha sen aytgan yutqazganlarga oʻxshab Marhamatni tikaman. Yutsang, seniki, yutqazsang, qarzingdan kechasan…
— Oʻ, shart zoʻr-ku!.. Mayli, biz rozi! Qani, ichkariga kirib beshta-beshta anavi zormandadan olamiz-da, oʻyinni boshlaymiz unda!..
* * *
Matnazar uchun Qulmatning tuyqus taklifi kutilmagan zarba edi. Garchi, ilgarilari u bilan ulfatchilik qilib koʻrmagan, yaqindan munosabat yuritmagan boʻlsa-da, qimorni oʻrgata boshlaganidan soʻng, ayniqsa, uyini ochib bergani sababli unga koʻproq ishonib qolgandi. Dunyoda shunday mehribon doʻsti borligidan faxrlanardi. Afsuski, Qulmatning niyati buzuq ekan. U Marhamatga koʻz olaytirdi. Matnazarning yigitlik gʻururini sindirdi. Qaddini egib qoʻydi…
“Yoʻq, — dedi Matnazar ichida. — Bu yoʻl bilan meni sindira olmaysan. Yuragim urib turibdimi, sendan, albatta, oʻch olaman!.. Toʻxta, nega u Marhamatga yopishib qoldi? Nahotki, bu ayolning oʻzi ham koʻz suzgan boʻlsa? Ha, agar koʻz suzmaganida, tomdan tarasha tushganday bu gapni gapirmasdi. Qani, bir yuragiga qoʻl solib koʻray-chi!..”
Matnazar erta tongda qimorxonadan chiqib, qabristonga ketmoqchi edi. Kechqurungi gap-soʻzlar, boʻlib oʻtgan ishlardan soʻng Marhamatni koʻrarga koʻzi qolmagandi. Ayniqsa, yuragida shubha uygʻona boshlagandan soʻng unga nisbatan nafrati oshib borardi. Ammo yana bir tekshirib, ayolning tilidan haqiqatni eshitish uchun Qulmatning yangi hovlisiga yoʻl oldi…
Shu tobda Qulmat bu uydan endigina chiqib ketgan, Marhamat esa, oʻzicha kulimsirab, shirin xayollarga botgancha hamon toʻshakda edi. Matnazarning kirib kelganini koʻrib birdan rangi oqardi. Dast oʻrnidan turib eshitilar-eshitilmas salom berdi. Koʻzlari birinchi kunlardagidek tik boqa olmadi…
— Sen menga toʻgʻrisini ayt, — ostonada tik turgancha gap boshladi Matnazar. — Qulmat bilan qanday yaqinliging bor?
— Nima?.. — Marhamat lablari titrab orqaga tislandi. — Bu nima deganingiz?
— Qulmat bilan munosabatingni aytyapman.
— Hech qanaqa… Nimaydi?..
— Bilmadim, — bosh chayqadi Matnazar. — Negadir koʻnglim gʻash. Men yengiltabiat ayolga roʻpara boʻldim, shekilli?..
— Nima?.. Kim yengiltabiat?
— Sen yengiltabiat, tushundingmi, sen!.. Qulmat qarzlari evaziga seni garovga oldi. Endi sen uning ixtiyorida boʻlasan. Mabodo qimorda qoʻlim kelib seni yutib ololsamgina menga qaytishing mumkin. Yoʻqsa… Lekin baribir koʻnglim sezib turibdi. Ikkovingning orangda bir gap bor. Buni vaqt koʻrsatadi. Baribir qingʻir ishning qiyigʻi chiqadi… Bilib qoʻy, men bugundan boshlab bu uyga qadam bosmayman. Agar meni yaxshi koʻrsang, Qulmatni insofga chaqirasan. Oʻzingga yaqin keltirmaysan uni. Yaxshi koʻrmasang…
— Oʻchiring ovozingizni!.. — beixtiyor baqirib yubordi Marhamat. — Keting! Keting!..
— Haliyam ketaman. Hech qaysingni koʻrishga koʻzim yoʻq!.. Ifloslar!..
* * *
Qabristonda odatdagidek sukunat hukmron edi. Faqat qushlarning onda-sonda chirqillashlarigina bu makonda ham hayot mavjud ekanidan darak berib turardi.
Matnazar onasining qabri tepasiga kelib bir muddat turib qoldi. Anchadan beri kelmay qoʻygandi. Qabr atrofini begona oʻt bosibdi. U marmartoshlar oʻrnatilib, yon-atroflari supurib-tozalangan, gullar ochilib turgan qabrlarga qarab ogʻir xoʻrsindi.
— Ona, men sizni sogʻinib ketdim, — tizzalab oʻtirib marhumning haqiga duo oʻqigach, shivirladi Matnazar. — Bilaman, sizdan ancha payt xabar ololmadim. Tashvishlarim bilan oʻralashib sizniyam unutayozibman, kechiring, ona!.. Nima qilay? Boshimga balolar quzgʻunday yopirilib keldi. Siz tirik boʻlganingizda bu ishlar boʻlmasdi. Choʻloqni olib bermagan boʻlardingiz. Buzuq ayollarga ilakishib qolmasdim. Endi nima qilishni bilmay arosatdaman, ona!.. Yolgʻiz boshimni qayerga urishni bilmayman. Aylana atrofim dushman. Hammasi ber, deydi. Nimamni beraman?..
Mardondan xavotir olmang! U ishonchli qoʻllarda. Katta boʻlsa, oʻzim yaxshi joylardan kelin topib uylantirib qoʻyaman. Tashlab qoʻymayman jigarimni. Mana, hozir bu yerdan chiqib toʻppa-toʻgʻri Mardonni koʻrishga boraman. Sizdan salom deyman. Xursand boʻladi ukam ham. Mayli, ona, tinch yoting! Ruhingiz meni qoʻllab tursin!.. Ajabmas, shu balolardan qutulib, yoʻlimni topsam… Xayr, endi tez-tez kelib turaman…
Matnazar koʻz yoshlarini yengiga artgancha qabr ustini oʻt-oʻlandan tozaladi va istar-istamas koʻcha tomonga yurdi…
(davomi bor)
Manba: Hordiq.uz “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Bosh kiyimsiz yurishning organizmga qanday ta’siri bor?
O‘zbekistonda onkologik kasallikka chalingan ayollar bepul davolanadi
Endi «Doimiy yashash joyiga ro‘yxatga qo‘yish» qulaylashdi (video)
Medvedev Rossiya NATO harbiy bazalariga zarba yo‘llashi mumkinligini istisno qilmadi
Gretsiyada minglab odamlar NATOga qarshi namoyish o‘tkazdi
Organizmda qaysi turdagi vitamin yetishmayotganini qanday aniqlash mumkin?
Erdo‘g‘on: “Turkiya G‘azo mojarosi tugamaguncha Falastinni qo‘llab-quvvatlaydi”
Slovakiya bosh vaziri Putinning taklifini qabul qildi