11:55 / 13.09.2018
7 103

Nomahram... (25-qism)

Nomahram... (25-qism)
— Qani, tur oʻrningdan! — erta tongda kamera eshigi ochilib ichkariga qoʻlida avtomat bilan kirib kelgan soqchi Matnazarga buyurdi. — Narsalaringni yigʻishtirib, oldimga tush!

— Tinchlikmi? — soʻragan boʻldi Matnazar hayron boʻlib.

— Tinchlik… Seni turma boshligʻi soʻrayapti.

— Qiziq…

Matnazar shoshilmasdan oʻziga kerakli narsalarini yigʻishtirdi. Soʻngra Shodiyor otaga yuzlandi:

— Ota, meni boshqa turmaga olib ketishmoqchi shekilli… Agar koʻrisholmasak, omon boʻling! Men sizni unutmayman!

— Ishqilib, oʻzingni ehtiyot qil, yigit! Yaxshi bor…

Matnazar soqchining oldiga tushib tashqariga chiqdi…

Turma boshligʻi baland boʻyli, keng yelkali, yoshi qirqlardan oshgan, sersoqol odam edi. Astoydil sigaret tutatish bilan band. Ostonada soqchini koʻrib, oʻrnidan turdi.

— Olib keldim! — hisobot berdi soqchi tashqariga ishora qilib.

— Ichkariga olib kir! — buyurdi turma boshligʻi. — Nega ammamning buzogʻiga oʻxshab boʻshashasan? Tez boʻl!

— Xoʻp boʻladi!

Koʻz ochib yumguncha Matnazar boshliqning kabinetida hozir boʻldi. Boshliq unga bir muddat tikilib turdi-da, bosh chayqab qoʻydi.

— Omading bor ekan, yigit! — dedi nihoyat Matnazarga yaqin kelib. — Mana, nechanchi marta turmaga tushishing! Har gal qutulib ketyapsan. Bunaqasi kam boʻladi.

— Tushunmadim, — yelka qisdi Matnazar.

— Sen ozodsan. Lekin hech qanaqa qogʻozga imzo qoʻyishing shart emas. Sababini oʻzing bilsang kerak… Seni ukang Mardonbek qutqarib olyapti. Shuni yodingda tut! Haqiqiy erkak ekan ukang!

— Mardon? U qayerda?

— Tashqarida… Bor, koʻzimdan yoʻqol! Bilib qoʻy, yana mening turmamda paydo boʻlsang, oʻzingdan koʻr! Juda yomon boʻladi senga…

— Tushundim, — Matnazar yugurgancha tashqariga chiqib ketdi…

* * *

Turmadan chiqib u yoq-bu yoqqa alanglagan boʻldi. Ancha naridagi tollar ostida tanish mashina koʻrindi. Oʻsha yoqqa qarab yurdi.

Haqiqatan, mashinadan ukasi Mardon quchoq ochgancha peshvoz chiqdi. Yuzlarida tabassum, koʻzlari chaqnardi.

— Akajon, sogʻ-salomat bormisiz? — deya koʻzlariga yosh oldi u Matnazarni mahkam bagʻriga bosib.

Matnazarning ham koʻngli boʻshab ketgandi. Ukasining yelkasiga boshini qoʻygancha silkinib-silkinib yigʻladi. Xayolida xuddi yonlarida onasi rahmatli turgandek, ikkovini astoydil duo qilayotgandek tuyulib ketdi.

— Ukajon, nihoyat bir-birimizni tushunib yetdik, — dedi u koʻz yoshlarini artib. — Shu paytgacha yovlashib keldik, doʻst-dushman orasida sharmanda boʻlganimizniyam payqamadik.

— Qoʻying, aka, oʻsha kunlarni esga olmang! Hammasi ortda qoldi. Men oq-qorani taniganga oʻxshayman. Hammasini kecha uyingizda yotib obdon oʻyladim. Gʻirt ahmoq ekanman. Meni opichib katta qilgan akam bilan yovlashib yursam, unga xiyonat qilsam… Kechiring, akajon! Men ahmoqni kechiring!

— Qoʻy, kechirim soʻrab, yuragimni kuydirma! Mening ukam hamisha gʻururi baland yigit boʻp qolishi lozim. Sen hech qachon kechirim soʻrama! Hammasi Xudoning bizga yuborgan sinovi. Xudoga shukur, oʻsha sinovlardan oʻtib, mana yana koʻrishib turibmiz…

— Albatta, akajon! Bu yogʻiga birga birlashmasak boʻlmaydi. Hali qiladigan qancha ishlar turibdi. Oʻzingiz bosh boʻlasiz…

— Boʻpti, ketdik! Aytgancha, Marjona kelmadimi?

Mardon ohista bosh egdi.

— Nega indamay qolding? — qaytadan soʻradi Matnazar. — Tinchlikmi oʻzi?

— E, aka, oʻshanga bekor uylanibsiz, — tilga kirdi Mardon.

— Nima boʻldi oʻzi?

— Uning parvoyigayam kelgani yoʻq. Pul yigʻish bilan ovora. Birga borib kelamizmi, deb soʻrasam, lab burishdan nariga oʻtmadi.

— Shunaqa degin? Boshida sezgandim oʻzi… Bek akaning raʼyini qaytargim kelmagandi…

— Tagʻin nima deydi, deng?.. Men uning qoʻlida ishlab qora dori sotarmishman.

— Bekorlarni aytibdi. Endi bu ishlarni yigʻishtirmasak boʻlmaydi, uka! Yaxshilikka olib bormaydi.

— Aka, oʻshanda… Mening oʻrnimga kimni tinchitgandilaring?

Matnazar kulib qoʻydi.

— Ha, endi… Boʻpti, yur, uyga boraylik. Qolgan gaplarni oʻsha yerda gaplashaveramiz! Hali turmadan chiqqanimni eshitsa, Bek aka…

— Aka, iltimos, oʻshaning nomini tilga olmang! Necha marta turmaga tushgan boʻlsangiz, hammasini oʻsha yaramas uyushtirgan. Siz uning qoʻlida qoʻgʻirchoq boʻp kelgansiz, xolos…

* * *

— Xoʻsh, oldin qayerga boramiz? — soʻradi Matnazar mashinaga oʻtirarkan. — Marjonani “ziyorat” qilamizmi boshlanishiga?

— Qoʻysangiz-chi, oʻshani! — aftini burishtirdi Mardon. — Koʻrishga koʻzim yoʻq. Yaxshisi, qabristonga boramiz. Onamni ziyorat qilamiz.

— Ha, sen biror martayam u kishining tepasiga bormagansan, — dedi Matnazar. — Aqling kirgani rost boʻlsin! Aytgancha, menga qara, kelin uydami?

— Qanaqa kelin, aka? Men Qozogʻistonga ketishim bilan joʻnavoribdi onasinikiga. Keldim-u, uyining oʻzida javobini bervordim.

— Toʻgʻri qipsan. Mengayam yoqinqiramagandi…

Mashinada bir soatlar chamasi yoʻl bosishgach, qishloqqa yaqinlashib borishdi.

— Toʻxtat mashinani! — buyurdi Matnazar qishloqqa kiraverishdagi tanish toʻngak ustida oʻtirgan qariyaga koʻzi tushib. — Anovi chol negadir koʻzimga issiq koʻrinyapti.

— Botir doʻkondor-ku, aka! Tilanchilikka oʻtvolgan.

— Yoʻgʻ-e, nahotki shunday odam tilanchilik qilib oʻtirsa?

— Nima boʻpti? Bir paytlar oʻzingiz ham…

Mardon qolganini aytmadi. Chamasi, oʻsha paytlarda oʻzi qilgan ishlar esiga tushib tilini tishladi.

— Qani, men bir hol-ahvol soʻrab qoʻyay-chi!

Matnazar pastga tushib, doʻkondorga yaqin bordi. Qariya uni koʻrdi-yu, birdan rangi boʻzarib boshini egib oldi.

— Assalomu alaykum, otaginam! — qoʻl uzatdi unga Matnazar.

— Vaalaykum… — Botir doʻkondor yerga qaragan koʻyi bosh silkidi.

— Bu yerda nima qilib oʻtiribsiz? — atayin soʻradi Matnazar. — Tinchlikmi?

Doʻkondor lom-mim demadi. Koʻzlaridan oqib tusha boshlagan yoshlarni qoʻlidagi chit roʻmolga artgancha indamay oʻtiraverdi.

— Hm-m… Manovini olib qoʻying! Duo qilarsiz!

Matnazar unga bitta mingtalik pulni uzatdi. Ammo qoʻllari havoda muallaq qoldi. Doʻkondor pulni uning qoʻlidan olishni istamagandi.

— Nimayam qilardik? — Matnazar shunday dedi-yu, pulni toʻngakning bir chetiga qistirib mashinaga qaytdi.

Aka-uka qishloq oralab qabriston tomon yoʻl olishdi.

* * *

Hali tong yorishib ulgurmay, Bek akaning darvozasi ochilib, hovliga Husan aka kirib keldi.

— Hoy, Bek, qaydasan? Chiq! Tashqariga chiq tez! — baqirdi u hovlining oʻrtasiga yetganda. — E, chiqa qolsang-chi!

Bek aka gʻaflat olgan ekanmi, koʻzlarini ishqalagancha tashqariga chiqib keldi.

— Ha-a, namuncha baqir-chaqir qilmasang azonlab? Nima boʻldi?

— Bek, uyimiz kuyadiganga oʻxshaydi! — xirilladi Husan aka. — Tezda bu yerdan daf boʻlmasak boʻlmaydi.

— Nega? Nima boʻldi? Tushuntiribroq gapirsang-chi!

Husan aka sal oʻzini bosib krandan suv ichgan boʻldi-da, davom etdi.

— Orqamizdan melisa tushgan. Hali zamon kep qolishadi. Agar vaqt borida qochib qolmasak, adoyi tamom boʻlamiz. Qamashadi bizni!

— Kim qamaydi? Nega qamaydi?

— Negaligini oʻzing yaxshi bilasan. Shaxsan Arslonovning oʻzi yigitlarini olib yoʻlga tushganmish!

— Arslonov?.. Axir u…

— Ha, bizning pullarni yeb-yeb, endi tuzoqqa ilintirmoqchi oʻsha ablah!

— Gaplashib koʻrmadingmi? Balki, hammasi quruq gapdir?

— Qanaqasiga quruq gap boʻladi, Bek? Shunday buyruq kepti, deyishyapti.

— Voy ablahlar-ey! Menga qara, biz shu paytgacha nega unga haq berib keldik? Himoya qilish qoʻlidan keladi-ku!

— Bilmadim. Xullas, koʻch-koʻroningni yigʻishtirib, tezroq quyon boʻlaver! Men ketdim!

— Qayoqqa? Toʻxta, birga ketamiz!

Husan aka toʻxtab orqasiga qayrildi-da, kulib qoʻydi:

— Yoʻq, Bek, endi yoʻlimiz boshqa-boshqa. Har kim oʻz jonini saqlash harakatida boʻlaversin! Xayr!

— Shunaqami? Obbo sotqin-ey! Hali senam meni sotib ketmoqchimisan?

— Men unaqalardan emasman. Xavotir olma! Mabodo qoʻlga tushgan taqdirimdayam, nomingni tilga olmayman.

— Qizim…

— Qizing allaqachon qoʻlga tushibdi. Menga shunday xabar keldi. Ana oʻshandan xavotir olsang arziydi… Boʻpti…

Shu tobda darvoza ortida militsiya mashinasining sirena tovushlari eshitiladi. Husan aka jonholatda oʻzini tomorqa tomonga urdi. Bek aka esa allaqachon cherdakka chiqib berkinishga ulgurgandi.

* * *

Xuftonga yaqin Mardon akasining uyiga yetib keldi va kiriboq aytgan gapi shu boʻldi.

— Aka, Bek akalarning orqasidan melisa tushganmish! Hozir eshitib qoldim.

— Ie, nega? Ular ja kuchli odamlar-ku!

— Koʻza kundamas, kunida sinadi, deganlari shu boʻlsa kerak. Qizi allaqachon qoʻlga tushibdi.

Matnazar bu xabarlarni eshitib, dafʼtan hushyor tortdi.

— Mardon, uka… — dedi u boshini qashib. — Biz-chi? Tagʻin kechasi bizniyam itday tutib ketishmasin!

— Bu yogʻidan koʻnglingiz toʻq boʻlsin, aka! — koʻz qisdi Mardon. — Bizni onamiz rahmatlining ruhi qoʻllaydi.

— Y-yoʻq… Baribir ehtiyotimizni qilmasak boʻlmaydi.

Mardon Matnazarning yelkasiga qoʻlini tashladi.

— Menam koʻp qiyinchiliklarni, har xil odamlarni koʻrdim hayotda. Xudoga shukur, bir kuni oʻsha Arslonov degan aygʻir bilan tanishib qoʻygan ekanman.

— Yoʻgʻ-e?

— Ha, choyxonada birga osh yegandik. “Sen menga yoqib qolding, bola, nima xizmat boʻlsa, tortinmay aytaver”, degandi. Koʻnglim sezgan ekanmi, kuni kecha huzuriga kirib bir salomlashay debman. Oʻzi shipshitib qoldi.

— Nima dedi?

— Harakatingni qillaring, yaqin kunlarda bosqin boʻladi, deb tayinladi.

— Xoʻsh, keyin-chi?

— Keyinmi? Qoʻliga bitta “limon”ni tutqazdim. Bizni tinch qoʻyishga vaʼda berdi.

— Xayriyat-ey! — ogʻir xoʻrsinib qoʻydi Matnazar va ukasini bagʻriga bosdi. — Yaxshiyam sen bor ekansan… Menga qara, Bek akalarni yoʻldan chiqarishsa, kim shaharga egalik qiladi? Kel, ikkovimiz egallab qoʻya qolamiz! Harqalay, koʻpchilik tanib qolgan…

— Qoʻysangiz-chi, — qoʻl siltadi Mardon. — Oʻsha kunlar qaytishini sira xohlamayman. Undan koʻra, mana, doʻkondordan tortib olingan supermarket bor. Ikkalamiz seki-in qimirlataveramiz… Rizqimizga yarasha Xudo beradi. Men bir paytlar Bek akani avrab hujjatlarini oʻzimning nomimga rasmiylashtirib olgandim.

— Shunday uy qolib ketadigan boʻldi-da, uka! — afsus aralash shivirladi Matnazar. — Oʻzing koʻrgandirsan?

— U uydan ham umidingizni uzavering! Uyni-chi, allaqachon davlat musodara qilib boʻlgan. Aniq bilaman. Shunday ekan, supermarketdan qoʻymasin, akaginam!

Matnazar bu gapni eshitib, ovozining boricha kulib yubordi. Mardon esa uni mahkam quchib, oʻz hovlisiga boshladi.

— Yuring, aka, bi-ir otamlashaylik!

— Ha, bilasanmi, — Matnazar yoʻl-yoʻlakay Mardonga uqtirib borardi, — Doʻkondorning oʻzini supermarketga qorovul qilib olamiz. Nima boʻlgandayam, qari odam. Koʻchada tilanchilik qilib yurmasin…

Aka-ukalar katta koʻchaga chiqib bir-birlarini quchoqlagancha qorongʻilik qaʼrida gʻoyib boʻldi.
(Tamom)

Manba: hordiq.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Nomahram... (25-qism)