17:27 / 14.09.2018
6 509

Hasadgoʻylar oʻqisin: Boshqalarni koʻrolmaydiganlar falokati

Hasadgoʻylar oʻqisin: Boshqalarni koʻrolmaydiganlar falokati
Birinchi voqea: “Nega boshimdan tashvish arimaydi?”

Egnidagi koʻylagi biroz uniqqan, rangi zahil, koʻzlariga mung choʻkkan, 55 yoshlardagi bir ayol eshikdan iymanibgina moʻraladi. Ichkariga taklif qildim. “Dardimni kimgadir aytmasam, yuragim tars yorilib ketishi mumkin, iltimos, menga yarim soat vaqt ajrating”, — dedi haligi ayol.

Ishlarimni bir chekkaga surib, ayolning koʻzlariga termildim:

— Nimadan bunchalik qiynalyapsiz?

— E-e, siz soʻramang, men gapirmay, hayotim algʻov-dalgʻov boʻlib ketgan, — deya gap boshladi u. — Ikki oʻgʻilning kattasiga turmushga chiqqan edim. Qaynonam menga unchalik koʻp sarpo qilmagan ham. Boriga shukr qilib, toʻydan keyin xizmatlarini qilaverdim. Xoʻjayinimdan keyin uch qiz, undan soʻng yana bir oʻgʻil oilada. Qizlarni uzatdik. Ana undan keyin qaynimni uylantirdik. Uning toʻyiga taraddud koʻrilayotgan paytda ichimga oʻt tushgandek boʻldi. Qaynonam ovsinim uchun ham, qudalari uchun ham eng asl matolardan oldi. Nima yaxshi narsa topsa, yangi kelinimga deydigan boʻldi. Taqinchoqlarni aytmaysizmi?.. Men bechorani bitta uzuk-zirakka munosib koʻrmagandi, kichik kelinga esa qoʻsha-qoʻsha tilla taqinchoqlar. “Bizga bunaqa narsalar qilmagansiz”, desam, “Noshukr boʻlmang, yeganiz oldizda, yemaganiz ortizda, quda boʻlgan joyimiz tagli-taxtli odamlar ekan, ularning obroʻsiga yarasha muomala qilishimiz kerak”, deb jerkib berdi. Boʻgʻzimga bir nima tiqilgandek boʻldi.

Ovsinim kelin boʻlib uyimizga kelmasidanoq uni yomon koʻrib qolgandim. Toʻy oʻtgach, uning gap-soʻzlariga toqat qilishim qiyinlashdi. Bir qarasangiz, uyidan ikki quloch mato koʻtarib chiqib: “Opajon, shuni koʻylak qilib tiktirib kiying, sizga yarashadi”, deydi, bir qarasangiz, “Opajon, toʻyga mening taqinchoqlarimdan taqib boring”, deb saxiyligini koʻrsatmoqchi boʻladi. Nazarimda u: “Sen kambagʻalning bolasi, men bilan tenglashmagin-da, bergan xayr-saxovatimga suyunib oʻtiraver”, deyayogandek.

“Nimaga men oʻrtaxol oilada katta boʻldim?”, “Nimaga ovsinimning hamma narsasi bor, meniki yoʻq”, deb kuyaman… Ustiga-ustak qaynonam uning aytgan gapidan bir qadam chiqmaydi deng… “Shu ovsinim hammamizni issiq-sovuq qilayotgan boʻlsa-chi”, deb oʻylab folbinga ham bordim. Gumonim rost chiqdi. “Tezda qaytariq qildiring, boʻlmasa, hademay eringiz bilan sizning ham til-jagʻingizni bogʻlab qoʻyadi”, dedi u. Xoʻjayinimning topgan pullaridan yashirib olib, hali folbinga, hali azayimxonga, hali mullaga chopaman deng… Miyamni esa “Nimaga u bunchalik baxtli?!” degan oʻy parmalaydi. Bolalarimga qarashga vaqtim yoʻq. Erimning kiyim-kechagigayam eʼtibor bermay qoʻydim. Qaynonam meni latta-landovurlikda, epsizlikla ayblaydi, ovsinim pishirgan ovqatni maqtab-maqtab yeydi.

Uning ustamonligi, “irim-sirim qilishi”ga erimni ham ishontirdim. Bolalarimni ham bir amallab yoʻrigʻimga soldim. Ular ovsinimning qoʻlidan ovqat yeyishmaydi. Qoʻshnilariga, tanish-bilishlariga ovsinimning “kirdikorlari”ni soʻzlaganimda hamma yoqa ushlab, “Qoʻysangiz-chi, shunday xushmuomala juvon shunchalik yomon boʻlishi mumkinmi?” deyishadi. Qaytaga hamma meni kuykanaklikda ayblaydi… Shu zaylda yillar oʻtdi. Alohida uy-joy qildik. Qizlarim boʻyga yetdi. Ularni uzatdik.

Hovli-joyimizni boʻyab-bezashga ham qurbimiz yetmadi. Ovsinim boʻlsa, qaynim ikkovi bizdan keyin uylarni boshqatdan qoʻshqavatli qilib koʻtarishdi. Oʻgʻil-qizlari institutda oʻqiydi. Bolalari “Voy boshim”, degan kuni atrofida girdikapalak boʻlishadi. Menikilar esa… Qizlarim hali unisi, hali bunisi qaynonasining, qaynsingillarining zugʻumlari-yu, ovsinlarining kerikligidan gap topib kelishadi. Hali qurilishga, hali ustaxonalaru, toʻyxonalarga oʻzini urib tirikchiligimiz uchun pul topayotgan oʻgʻlimni uylantiray desam, sovchilikka borgan joylarimiz qizini bergisi kelmaydi. Siqilgan yuragim battar siqiladi…

Uyimizda kunda-kunora janjal. Tez-tez yuragim sanchadigan, boshim ogʻriydigan boʻlib qolgan. Oxiri chiday olmadim. Keksayib qolgan qaynonamning oldiga borib, “Siz odam ajratasiz, ovsinimniyam, qaynimniyam bizdan koʻproq yaxshi koʻrasiz. Mening bolalarimga yaxshi gap aytmasdingiz, ovsinimning erkatoylarini allada aziz qilasiz, chunki u issiq-sovuq qilib tili-jagʻingizni bogʻlab olgan, tirjayib hamma ishini xamirdan qil sugʻurgandek bitiradi. Biz esa qiynalib yuraveramiz”, dedim. Bilasizmi qaynonam nima dedi?

Hamma ayb oʻzimdamish… Men ovsinimga hasad qilarkanman. “Hasad qilgan odamning yuzi koʻkaradi-yu, oʻzi koʻkarmaydi”, dedi. Rosti gap, ovsinim yangi koʻylak kiysa ichimga oʻt tushgandek boʻladi. Mashina olganida, yangi imorat qilganidayam ikki kun ichimga chiroq yoqsa yorishmagan. Axir bunday holat hammadayam boʻladi-ku?.. Qoʻshnilarim dangʻillama uchastka qurganidayam bir-ikki oy dilim xufton boʻlib yurgan. Nimaga hammaning hayoti yaxshi, bizning boshimiz muammodan chiqmaydi? Toʻgʻrisi, shu kunlarda uyga sigʻmay ketyapman. Ovsinim meni uyda oʻtirolmaydigan qilib qoʻyganmikin-a, nima deysiz?

Ayolning gapini shu yerda toʻxtatishga majbur boʻldim. Uning qalbini hasad kemirayotgan edi. Avval ovsiniga hasad qilgan boʻlsa, endi boshqalarning yaxshi yashayotganiga ham gʻayirlik qilayotgandi u. Dardi dunyosi qorongʻi ekani shundan.

Kundalik hayotimizda bunday hikoyalarni tez-tez eshitamiz. “Nimaga uning ishlari doim oʻngidan keladi?”, “Qanday qilib istagan narsasiga osonlikcha erishadi?”, “Nega uning hamma narsasi bor, meniki yoʻq?”, “Nega u juda boy, mening esa birim ikki boʻlmaydi?”, “Nima uchun birovlarning mansabi tezda oshadi-yu, boshqalar yillab mehnat qilsayam oʻtirgan joyidan bir qadam yuqoriga koʻtarilolmaydi?” kabi savollarga tez-tez duch kelamiz.

Ana shu savollar zamirida hasad yashiringanini elas-elas ilgʻaymiz. Aslida, inson oʻzidan boshqalarda mavjud boʻlgan narsalarni koʻra olmasligidan, hamma yaxshi narsalarga oʻzi egalik qilishni istashidan hasad tugʻiladi.

Unutmang, hasadning xavfli illat ekani shundaki, u Alloh taolo bandalari orasida taqsimlagan rizq va neʼmatlarga rozi boʻlmaslikdan kelib chiqadi. Natijada inson qalbining qorayishiga olib keladi. Ichiga hasad in qurgan odamlarning koʻngli sira yorishmaydi. Olimlar hasadni qalb kasalliklari ichida eng zararli va yomoni, deya baholashgan.

Aslida, hasad qiluvchining yomonliklaridan boshqalar zarar koʻrmaydi. Chunki birovning hasadi tufayli Alloh taollo bergan neʼmat tugab qolmaydi. Yaratganning oʻzi istagan vaqtgacha bardavom boʻladi. Biroq hasadchining zulmi, gʻiybatlari va yomonliklari tufayli ozorlangani va bunga sabr qilgani uchun savobga ham ega boʻladi. Hasad qiluvchi esa toki aybiga iqror boʻlib, yomonlikdan qaytmas, Allohga tavba qilmas ekan, ikki dunyoda ham kuyib-yonishi shubhasiz.

Ikkinchi voqea: “Nima uchun mening ishim yurishmaydi?”

“Oʻn besh yildan beri oddiy muxbirman, — deydi bir jurnalist. — Ish faoliyatim davomida har xil odamlarni koʻrdim. Kimlardir men kabi oddiy muxbir boʻlib kelib, tez fursatda boʻlim muharriri, keyin esa muharrir oʻrinbosari lavozimiga koʻtarildi. Bosh muharrirlikka erishganlari ham bor ularning orasida. Baʼzilari nufuzli gazetalarda boʻlim muharriri boʻlib ishlayotgan boʻlsa ham davlat mukofotlarini qoʻlga kiritishdi. Ularning kamchiligi, nuqsonlari bir dunyo. Bu haqda boshqalarga aytganim bilan hech kim quloq solmaydi. Qaytanga meni aybdor, gʻiybatchi deyishadi. Shunaqa qilib oʻtiribman haliyam bitta joyda. Shu yerda chirib ketsam kerak”…

Agar odamlar oʻzida boriga shukr, yoʻgʻiga sabr qilmasa hasad shu tarzda koʻngillarga in quraveradi. Shuhratparastlik, molparastlik kabi illatlar esa hasadning doyasidir. Hasadchining koʻnglidagi qurumi esa gʻiybat orqali jamiyatga sochiladi. Shu asno hasad oʻzi in qurgan qalb sohibini ikkinchi katta illat GʻIYBATga yetaklaydi. U nima qilib boʻlsa-da, oʻzidan oʻzib ketgan shaxsni obroʻsizlantirishga, atrofidagi odamlar ongini zaharlab, yutuqqa erishayotgan odamni yolgʻiz, chorasiz qoldirishga urinadi. Biroq bilmaydiki, birovga tilayotgan yomonligi oʻzining hayotini zaharlashi mumkin.

Olimlar bir kunlik hasad inson organizmiga uch kunlik och yashashdek noxush taʼsir koʻrsatishini aniqlashgan. Shuningdek, hasad qiluvchining yuzidan nur ketib, rangi zahillashib, hatto oshqozon yarasini, asab va yurak-qon tomiri kasalliklarini orttirib olar ekan.

Alloh taolo bir qancha oyatlarida hasadni qoralagan va hasadchining hasadidan panoh soʻrashga chaqirgan. Qurʼonu Karimning “Niso” surasida: “Yoki Alloh odamlarga Oʻz fazlidan bergan narsalarga hasad qilmoqdalarmi?”, deyilgan boʻlsa, “Falaq” surasida: “Va hasad qilgan hasadchining yomonligidan panoh soʻrayman”, deb aytgin», deb marhamat qilinadi.

Agar odam boshqa bir kishining yutugʻidan xursand boʻlsa, unga yetgan neʼmatdan sevinib, oʻsha neʼmatni oʻz egasida barqaror boʻlishini istagani holda, oʻziga ham shunday neʼmat berilishini tilasa, havas qilgan boʻladi. Havas gunoh sanalmaydi.

Hadisi shariflarda ham bu mavzuga urgʻu berilgan. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sallollohu alayhi vasallam: «Hasaddan saqlaning! Chunki hasad yaxshiliklarni xuddi olov oʻtinni yegandek yeb yuboradi”, dedilar».

Hayotda nurli, fayzli insonlar juda koʻp. Ulardan baxtli-saodatli hayotning siri nimada, deb soʻrasangiz, “Boshqalarning yutugʻidan quvondim, yaxshilarga havas qilib, ularga berilgan neʼmatlardan menga ham ato etgin, deya Allohga iltijo qildim”, deyishadi. Hammamizga ham ana shunday saodat nasib etsin, azizlar.
Hamroxon MUSURMONOVA

Manba: Hordiq.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Hasadgoʻylar oʻqisin: Boshqalarni koʻrolmaydiganlar falokati