Avstriya terma jamoasi bir kishi kam bo‘lib Tunisni mag‘lub etdi

Dunyo nigohi qadalgan JCH–2026 starti arafasida ishtirokchi terma jamoalar so‘nggi tayyorgarlik o‘yinlarini o‘tkazishda davom etmoqda. Mazmunli o‘yinlar turkumidan o‘rin olgan navbatdagi nazorat bahsida Yevropada o‘z o‘rniga ega bo‘lgan Avstriya milliy terma jamoasi afrikalik noqulay raqib — Tunis vakillari bilan kuch sinashdi.
Qizg‘in va kurashlarga boy o‘tgan uchrashuv yevropaliklarning 1:0 hisobidagi kichik, ammo ishonchli g‘alabasi bilan yakunlandi. O‘yindagi yagona va g‘alaba to‘pini uchrashuvning 63-daqiqasida avstriyaliklar yetakchisi Marsel Zabitser raqib darvozasiga joylab qo‘ydi.
Mazkur uchrashuvda Avstriya terma jamoasi haqiqiy iroda namoyish etganini alohida e’tirof etish lozim. Boisi, birinchi bo‘limning 36-daqiqasidayoq Konrad Laymer qo‘polligi uchun hakam tomonidan maydondan chetlatilgan edi. Shunga qaramay, Ralf Rangnik shogirdlari qolgan katta vaqt davomida bir kishi kam bo‘lib harakat qilsalar-da, tartibli himoya va chiroyli taktika evaziga ustunlikni saqlab qolishdi va yakunda muhim g‘alabani naqd qilishdi.
Quyida ushbu nazorat bahsining qisqacha bayonnomasi bilan tanishishingiz mumkin:
O‘rtoqlik uchrashuvi
Avstriya — Tunis 1:0
Gol: Marsel Zabitser, 63 (1:0).
Chetlatish: Konrad Laymer, 36 (Avstriya).
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!O‘yin tahlili: Mazkur g‘alaba Avstriya terma jamoasining mundial oldidan ichki muhiti va jismoniy holati a’lo darajada ekanini ko‘rsatdi. Kamchilik bo‘lib ham g‘alaba qozonish fenomeni jamoaning bo‘lajak rasmiy uchrashuvlarda har qanday qiyin vaziyatdan chiqib keta olishiga ishoradir. Mundial bahslarida ikkala jamoaga ham chiroyli o‘yinlar tilab qolamiz!