Li Auto L7 raqobatchisi: GAC S9 krossoveriga buyurtmalar qabul qilinmoqda

GAC kompaniyasi oʻzining yangi flagman krossoveri — S9 modeli uchun Rossiyada oldindan buyurtma berish jarayonini boshladi. Uzunligi besh metrga teng boʻlgan ushbu avtomobil gibrid kuch qurilmasi bilan jihozlangan boʻlib, hozirda buyurtma bergan mijozlar rasmiy sotuvlar boshlanganda ustuvorlikka ega boʻladilar. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Yangi modelning aniq narxlari va sotuvlar boshlanish sanasi hozircha ochiqlanmagan boʻlsa-da, uning asosiy texnik xususiyatlari maʻlum. GAC S9 jami 340 ot kuchiga ega boʻlgan ikkita elektromotor bilan taʻminlangan. Avtomobil 100 km/soat tezlikka 7,2 soniyada erishadi.
Gibrid tizimi tufayli krossover faqat elektr energiyasining oʻzida 208 km masofani bosib oʻta oladi. Umumiy yurish zaxirasi esa 1019 km ni tashkil etadi, bunda oʻrtacha yoqilgʻi sarfi har 100 km uchun 7,4 litrga teng. Kuch qurilmasi bir nechta rejimda, jumladan, haydash uslubi va iqlim sharoitiga moslashuvchi adaptiv rejimda ishlashi mumkin.
GAC S9 jihozlari qatoridan adaptiv osma (podveska), 21 dyuymli gʻildirak disklari, nappa terisi bilan qoplangan massaj funksiyali oʻrindiqlar va katta ekranli mediasistema oʻrin olgan. Ishlab chiqaruvchi avtomobilga 5 yil yoki 150 ming kilometr, kuch qurilmasi qismlariga esa 8 yillik kafolat taqdim etmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!