Ichkari xonalarning birida Salima bilan Nozima ikkovi unga tayyorlangan ichki va tashqi kiyimlarni koʻzdan kechirardilar.
— Muncha koʻp narsa bermang, e-e, qiziqmisiz? — dedi Salima ikki toʻp kiyimni koʻrib.
— Mayli, shularni bilar, axir?
— Endi bu yogʻi Xudodan, egachi. Insofni oʻziga bersin, — Salima diliga kelgan gaplarni sirtiga chiqara boshladi. — Nozimaxon, endi bu ham peshona, albatta peshonasida borki shoʻrni inson koʻrmay qolmaydi. Bittagina tirnoqni darigʻ tutmaganda bu savdolar kimga keragu, kimga zarur edi? Hech aqlga toʻgʻri keladigan ish tutmayapmiz, deyaveramanda oʻzimga-oʻzim. Hech kim eriga oʻzining uyida, tagʻin toʻshagida birovni qoʻshib bermaydi-da. Endi zamona-zamona deymizu, zamonda ham ayb yoʻqda, — Salima chuqur uf tortdi va indamay yer chizib oʻtirgan Nozimaga rahmi keldi. — Tagʻin yoʻldan uryapti deb oʻylamang-u, gʻalati ish qilyapsiz. Hech qayerda bunaqa boʻlganini eshitgan emasman. Bola kerak, toʻgʻri. Uzingizni pushtikamaringizdan boʻlganiga nima yetsin?! Ayb sizdaligi sizda. Bunga xoʻp deylik. Bir yildan beri menga gapiraverib, holi joningiz qolmadi. Oxiri mana, qilyapmiz ham shu ishni. Axir, shuni uyda emas, boshqa joyda ham qilsa boʻladi-ku? Oʻlsin endi, uyingizda, oʻzingizni halol toʻshagingizda, eringizni qoʻyniga koʻchadagi bitta qishloqini solib qoʻysangiz. Shunisiga hayron boʻlaveraman, shunga aqlim yetmaydi. Esli-hushli juvon boʻlsangiz, chakana mehnat bilan topdingizmi bu uyu mol-dunyoni. Endi esa, yayrab-yashnab yashaydigan vaqtingizda, qayoqdagi yalangoyoq sizning oʻrningizda yotsa.
— Hamma gapingiz toʻgʻri, — atlasning chetini ezgʻilab, yer chizgancha maʼyus gapirdi Nozima, — balki oʻzimga-oʻzim qilayotgandirman, ogʻzimdagi oshni oldirayotgandirman. Bunisiga bir narsa deyish qiyin. Men Mansur akamni yaxshi bilaman. U shu kunlargacha ham, hatto hozir ham koʻngani yoʻq. Hali kelsa, Xudo biladi, nima deydi, nima qoʻyadi? Uning zarracha ixtiyori yoʻq. Bu ishni men qilyapman. Mansur akam uchun qilyapman. Hammasiga oʻzim aybdorman, uning esa toʻrt muchasi sogʻ. Buni oʻzi biladi. Bugun boʻlmasa, ertaga mendan domangir boʻladi. Hali qarish bor, beldan quvvat, koʻzdan nur ketishi bor, hassa tayanish bor. Bu uy, mol-mulk hammasi oʻshaniki axir…
— Qoʻying-ye, gapirmang bu gapni, — jerkib berdi Salima.
— Yoʻq, toʻgʻrisi mening nimam bor, nima qilib qoʻyipman. Xudo oldida bandasi haq gapni aytishi kerak. Toʻgʻri, davlat bor, qonun bor, biz qonuniy nikohdamiz, bular hammasi toʻgʻri. Qonun yarmini meniki hisoblaydi. Lekin, mana bu yerda, — u koʻksini koʻrsatdi, — mana shu yerda imon degan narsa bor. — Uning nafasi tiqilib, oʻksinib, ovozi chiqmay qoldi, burnini tortib, yoshli koʻzlarini yengiga artib davom etdi, — zuryodsiz ayol — qurigan kuduq. Uning qaro yerga ham keragi yoʻq. Men mol-mulkka davogar boʻlamanmi, uni qaysi goʻrimga olib ketaman? Shuning uchun hamma narsaga tayyorman. Hech banda qilmaydigan ishga oʻz ixtiyorim bilan kirishyapman. Bu yogʻi Xudodan. Bu insofsiz boʻlsa, Mansur akamga Xudo insof berib qolar, axir? Iymonli, diyonatli odam, mendan kechib yubormas… Kechsa ham peshonamdagini koʻraman. Yil oʻtgan sayin bu kishi oldida qaltiroq tutadigan boʻlib boryapman. Keyingi paytlarda ogʻzini poylaydigan boʻlib qoldim. Shu uyda omonat yurganga oʻxshayman. Qiynalib ketdim, opa! Oʻzimning opamday boʻlib qolgansiz, sizga yuragimni ochiq-oydin ochyapman. Bu gaplarni zinhor Mansurjon bilmasligi kerak…
Endi nega uyingda shu ishni qilyapsiz deganingizga… Bu shunaqa odamki, bino boʻlib birovnikida byr soatdan ortiq turgan emas. Joʻralarining gapiga borib ham zud uyiga qaytadi. Birovning toʻshagida oʻtirgisi kelmaydi. Ishonavering. Boshqa joylarda, boshqa ishlar bilan shugʻullanadiganlarni jini suymaydi. Ikki-uchta shunaqa oʻrtoqlari bor, oʻshalarniyam koʻrgani koʻzi yoʻq. Bu yerga kelishsa ham jini suyib gaplashmaydi. Boshqa joyni aytasiz-a, yana begona ayol bilan? Shuning uchun oʻylab-oʻylab zoʻrgʻa koʻndirdim. Boshqa iloji yoʻq. Hali buni koʻrib jinnilik qilib bersa-ya, deb oʻylab turippan…
— Erkak kishining koʻzi koʻr boʻladi, egachi, shuni ham unutmang, — gapini boʻldi Salima, — minilgan boʻlsa ham yangi toyni koʻrganda, chopgisi kelib qoladi.
— Bu yogʻi Xudodan. Qildimmi, qildim. Bu yogʻini Xudodan koʻraman. Mening ham axir aytganim bordir?
— Oʻzingiz bilasiz, koʻnglimga kelgan omadi gapni aytdim… Nima boʻlganda ham sizga kuyaman, sizdan yomonlik koʻrganim yoʻq…
— Uzim bilaman, rahmat qoʻshni…
— Koʻp bilan kengash, deydi… Bu shunaqangi ishki, birovga… — Salima jimib, oʻy surib qoldi.
Eshikning jonsiz gʻiyqillagani eshitilib, Salima Nozima tutqazgan kiyimlarni qoʻlga olib, vannaxona tomon ketdi. Nozima oʻtirgan yerida oʻtirib qoldi. Salima bilan kiyinib olgan Kaniza mehmonxonaga kirib ketishdi. Nozima tashqari otlandi. Qozonga shoʻrva solish va oshga tayyorgarlik qilish lozim edi. U oshxonada uymalasharkan, oldiga Salima keldi va:
— Qurib ketgur qishloqi, ayol kishining ham koʻzini oʻynatadigan boʻlib ketdi. Atlasning toʻq qizil joylariga oʻxshab yonyapti… — dedi.
— Mansur akamning baxti borda, — goʻsht maydalarkan luqma qildi Nozima, — Xudo taolo boʻsh joyni toʻldirar ekan-da, mendan boshqani koʻrgan emasdi…
— Qiziq gaplarni topib gapirasiz-da, egachi.
— Yoʻq, toʻgʻri aytyapman.
— Shunchalik yuragingiz kengki…
Nozima bir qoshini kerib, boshini qimirlatdi.
— Mansur akamga telefon qilib qoʻydim, domlani, tanish domlani olib keladi.
— Koʻndimi, ishqilib?…
— Chakana urindimmi? Koʻnikdi, koʻnadi-da.
— Voy-yey, ajoyib ayolsiz-da…
— Shippagini koʻrsatib qoʻydingizmi, tashqari-pashqari chiqsa…
— Tashqarida balo bormi?.. Oʻtirsin…
— Aytaman-da…
— Men uydan xabar olib chiqay, anov qiz ham maktabdan kelgandir. — Salima qoʻzgʻoldi.
— Toʻxtang, — dedi Nozima, — toʻxtang.
U idishga goʻsht, qazi soldi, ustiga ikkita non yopdi, qoʻyarda-qoʻymay Salimaga tutqazdi.
— Tez qaytib chiqing.
Salima chiqqanda Nozima hamon oshxonada uymalanar, ancha-muncha narsalarni tayyorlab tashlagan edi. Shoʻrva va oshning zirvagi miltillab qaynardi.
Salima Kanizaning yoniga kirganda u bir quchoq boʻlib divanda uxlab yotardi. U iziga qaytib chikdi va “pinakka ketibdilar” degan ishora qildi. Nozima bir nuqtaga tikilib qoldi. “Shoʻrlik baxti qaroning koʻnglidan nimalar oʻtayotgan boʻlsaykin”, oʻyladi Salima. Yaxshi koʻrgan, oʻn uch yil bir yostiqqa bosh qoʻygan eri bilan birovning yotishini koʻz oldiga keltiryaptimi? “Voy-yey, nimalar boʻlyapti oʻzi?”
Salima Nozimani ezmaslik uchun endi gap qoʻzgʻamaslikka qaror qilgan boʻlsa-da, tilining uchida turgan gap tashqari chiqdi.
— Shoshilmay, bu betayinni uch-toʻrt kun sinab koʻrmadingiz-da. Ichidagi sirtiga chiqarmidi? Nimagadir juda shoshyapsiz…
— Boʻlgan ish boʻldi endi. Mansur akam aynib qolmasdan… Keling, jon Salima opa, shu gapdan gaplashmaylik.
— Boʻldi, — nuqta qoʻydi Salima.
— Xrzir xoʻjayin ham kelib qoladi, — darvoza tomon qaradi Nozima.
Soat beshga yaqin Mansurjon domlani olib keldi. Uni toʻgʻridagi yakandozlar toʻshalgan, dasturxon tuzogʻliq xonaga olib kirdilar. Mansurjon non ushatib oʻsha yerda oʻtirib qoldi. Odatiga koʻra u Nozima bilan alohida salomlashmogʻi kerak edi. Negadir u oshxonaga, Nozimaning oldiga kirmadi. Salima ularga choy olib kirdi. Chiqib:
— Shoʻrvani quyavering, domlaning vaqti ziq ekan, — dedi, — men kelinposhshoni uygʻotay.
— Oʻsha yerda, narigi uyda oq roʻmol bor, — dedi Nozima sal ovozi qaltiraganday va shoʻrva suzishga kirishdi.
Domla shoʻrvani tez ichdi. Salima kelinposhshoni boshiga katta, uzun roʻmol yopintirib, domla bilan Mansurjon oʻtirgan xonaga boshlab kirdi. Ikkovlon kiraverishga choʻkdilar.
— Xoʻoʻp, — dedi past boʻyli, miqtigina domla, — endi boʻladigan ishni qilib qoʻya qolaylik, ismingiz nima qizim?
— Kaniza, — uning oʻrniga Salima javob qildi.
— Yaxshi ism ekan, — shirinsuxanlik qildi domla, odatiga koʻra oyoqlarini mahkam tortib, almashtirgancha joylashib oʻtirdi, Mansurjon bilan Kanizadan rozi-rizochilik soʻradi va ularni darrov nikohlab qoʻya qoldi, kalimani oʻqib tugatarkan: — shariatda toʻrttagacha buyurilgan, magarkim molli-davlatli boʻlib, zaifalarni hech nimaga muhtoj qilmay, roʻzgʻor tebratish imkoni bor ekan, toʻrttagacha nikoh sharʼiydir. Paygʻambarimiz Muhammad sallalohu alayhi vassallam ham er koʻrgan tul ayollarni boshi ochiq yurmasin, deb oʻz nikohiga olganlar, — deya qisqa maʼruza qildi.
Salima kelinni olib chikdi. Osh olib kirdi. Nozima domlaning turishiga tayyorlab koʻygan toʻn, chorsini Salimaga tutqazdi. Mansurjon domlani tashlagani ketdi. Darvoza tagidan qaytib kelgan Salimaga Nozima qoʻyarda-qoʻymay, bir kiyim toza atlas berdi. Salima uyiga chiqib ketarkan, Nozimaning gʻalati, maʼyusroq boʻlib qolganini sezdi. U Salimani kuzatib, Mansur-jon kelsa, koʻndirib, qaynsinglisi Zeboxonnikiga ketishga qaror qildi. Bir pas oldingi voqeadan keyin hech bu yerda turgisi kelmay qoldi. Ketsa yaxshi boʻladiganga oʻxshayverdi. Mansurjon ham oʻzini yomon sezyapti, bir-ikki kun oʻsha yerda turgani maʼqul, shekilli.
Hademay Mansurjon qaytib keldi, qiziq, uni orziqib kutib turgan Nozimaning yoniga, oshxonaga kirmay nikoh oʻtgan xonaga kirib ketdi. Nozima ancha vaqt kutdi, u chiqavermadi, oʻzi kirishga qaror qildi. Oʻsha tomon yuray desa, yuragi guppillar, qanaqadir yigʻi xalqumini boʻgʻib, toʻlib kelayotganga oʻxshardi. U oshxonada, Mansurjon xonada oʻtiraverdilar. Oxiri Mansurjon chiqib darvozani ochdi, Nozima odatiga koʻra garaj eshigini ochishga shoshildi, eshikni ochib ichkarida yopqichni ushladi. Mashina oʻrniga kirib oʻchdi-yu, Mansurjon qimirlamay oʻtiraverdi. Oʻng tomondan Nozima kirdi, erining yoniga oʻtirdi. Ular bir-birlariga burildilar. Birdan Nozima erining boʻyniga osilib, boʻgʻzida turgan figʻonini qoʻyib yubordi. U ich-ichidan ezilib, xiqillab yigʻlardi. Mansurjon uning sochlarini siladi.
— Nima qilib qoʻydingiz, Nozima?
— Hammasi yaxshi boʻladi, — xiqilladi Nozima.
— Men bunga chiday olmayman, — dedi Mansurjon hamon uning boshini silab, uning ham ovozi qaltirab chiqayotgan edi.
— Chidang, jonim, sizdan oʻtinchim shu. Boshqa ilojimiz yoʻq.
— Yoʻq, — dedi yana Mansurjon, — xuddi tushga oʻxshaydi. Kecha tushimda ham qoʻrqib chikdim, xuddi siz erga tegib ketyapsiz, toʻyingiz boʻlyapti. Men esam dod deyman xolos, ovozim chiqmaydi.
Nozima endi tinchlandi.
— Mansur aka, oʻzingizni qoʻlga oling. Biz hech qachon bir-birimizdan ajralmaymiz. Baribir, bir chora oʻylab topishimiz kerak edi. Mana shunga toʻxtadik. Nima ham qilamiz?
Mansurjon uning sochlari orasiga yuzini tiqib hidlar, Nozimani sira bagʻridan boʻshatgisi kelmasdi.
— Mansur aka, qorongʻi tushib ketdi. Anovi xotin nima balo deb oʻylamasin. Baxt ham oʻzimizniki, baxtsizlik ham. Hammasini birga tortamiz. Men sekin Zeboxonnikiga boray… Bir kun-yarim kun oʻsha yerda turib turaman. U hamma narsani tushunadigan xotin. Xuddi onamiz rahmatlikning oʻzi, umri oʻxshamasin…
— Bir qadam siljimaysiz. Men uning oldiga kirmayman, vassalom. Shu yerda desangiz shu yerda ertalabkacha oʻtiraveraman. Meni haydamang, jonim.
— Endi tentaklik qilmang, asalim. Men chidayman. Siz uchun hamma narsaga tayyorman.
— Yoʻq, kirmayman, tamom.
— Kirasiz, kelajagimiz uchun ham kirasiz. Kirmasan-giz, mendan ham ajrab qolasiz. Fikrim qatʼiy. Oʻjarlikda sizdan kam emasman. Boʻpti, ketmayman. Kirasizmi?
Nozima oʻzini ilgarigidek shoʻx-shodon tutishga harakat qildi. Boʻlar ish boʻlganda, endi bu tentagi ish koʻrsatib turmasin tagʻin.
— Faqat bir iltimos, — Mansurjonning yuzlariga yuz surib erkalandi Nozima va yana gapini qaytardi, — faqat bir iltimos, begim, yon xonani ham spalni qilib qoʻydim, bu yoqdagi karavotlarni olib kirdim. Mening spalniyimdan farqi yoʻq, u mening aziz toʻshagimda yotmasin. Xoʻpmi? Vaʼda berasizmi?
Mansurjon indamadi. Ular garajda tonggacha qolib ketdilar.
— Voy, menga bir piyola choy oʻzi yetarli, — dedi Kaniza chiroyli tovokda turli xil nonushtalar koʻtarib kirgan Nozimaga.
Ikkovlon nonushta qildilar.
— Uyga ketgim kelyapti, — dedi bir vaqt Kaniza.
— Bolalaringiz koʻzingizdan oʻtayotgandir-da, Xudo xohlasa, ular tinch-omon yurishib turadi, — tinchlantirdi uni Nozima.
Kaniza oyogʻi ostiga tikilganicha oʻtirib qoldi. “Xayriyat, shunchalik dedi-yu”. Nozima bu gapdan quvvat oldi, yuragi xotirjam tortdi. “Bu shaharga chidamaydi” — yana koʻnglidan oʻtkazdi u.
— Endi Kanizaxon, egachi, opa-singil boʻlib qoldik, bundan buyon qiyomatli boʻlib ketamiz. Hammasi oʻtib ketadi. Bu tilla bosh nimalarni koʻrmaydi bu dunyoda. Mansur akam unutib yuborsalar ham, men sizni va bizga qilgan yaxshiligingizni u dunyo bu dunyo unutmayman. Uch-toʻrt kun Alloh sizga sabr-qanoat bersin, iloyim.
Kaniza yerga qarab oʻtiraverdi, chuqur uf tortdi.
— Siqilmang-a, jon singiljon. Hozir zoʻr kinolar bor, qoʻyib beraman, — dedi xavotirga tushgan Nozima.
— Opa, — dedi hanuz yerga tikilgancha Kaniza va sukut qildi. Nozima kutib turganini sezdi va gapini qolganini aytdi: — tugʻadigan boʻlsam, bir doʻxtirga…
— Bor, juda yaxshi, oʻzimga qarashli doʻxtir bor. Hozir telefon qilamiz. Nima?.. — Nozima xavotir gapirdi bu gaplarni.
— Yoʻq, oʻzim, endi tugʻmayman deb…
— Ha, tushunarli, — dedi Nozima.
Nozima u yoqni bu yoqni yigʻishtirib, doʻxtirga telefon qildi. Kiyinib olgan Nozima Kanizaga qarab:
— Yeching tovusni, — dedi va ichkaridan yangi, qalin jun jemper bilan uzun, qora ayollar charm plashini olib chiqdi. Ularni kiygizar ekan, — kechasi nomiga qor uchqunladi-yu, tashqari juda sovuq, — dedi.
Keta turib Nozima eriga telefon qildi:
— Mansur aka, biz tashqari chiqyapmiz, tez qaytamiz, — dedi.
Ular ginekologiyaga borib, ishlarini bitkazib qaytishdi. Taksida borib kelishdi. Kelayotib, Kaniza juda-juda bozorga kirgisi, tanish-bilish sheriklariga oʻzini koʻz-koʻz qilgisi keldi.
Soat uchlarda televizor koʻrib oʻtirgan Kanizaning yoniga Nozima kirdi, u kiyinib olgan edi.
— Ovqatlarni tayyor qilib qoʻydim.
— Voy, hozirroqda ovqat yedik-ku.
— Kechqurunga. Men Mansur akamlarning singlisinikiga ketyapman, siz yaxshi oʻtiring, zerikmang, bu kishi ham uzoq yurmaydilar, kelib qolishadi, — dedi u. — Mansur akamga oʻzingiz qararsiz, oshxonada ovqatlar tayyor…
Keng uyning kelinchagi boʻlib qolgan Kaniza uyning xonalarini rosa aylandi, tomosha qildi. “Odamlar buncha narsani, buncha pulni qayerdan topishar ekan-a?” oʻylardi u, son-sanoqsiz gilamlar, uy jihozlari, kiyim-kechaklar, mayda-chuydalarni koʻzdan kechirar ekan. Mehmonxonaga qaytib kirar ekan, eng zoʻr shokolad plitalaridan toʻrttasini xaltasiga joylab qoʻydi.
Kuyov bola ham keldi. Avval tashqarida signal chaldi, soʻng hovliga kirib, u yoq bu yoqqa qaradi-da, darvozani ochib, mashinasini olib kirdi. Garajga yaqin qolganda toʻxtatib oʻchirdi.
Kaniza derazadan uni boshdan-oyoq kuzatdi. Kelishgan erkak ekan. Oʻttiz beshlarda boʻlsa kerak. Rosa kuchga toʻlgan mahali. Xotinini qidiryapti. Unga peshvoz chiqqisi keldi-yu, uyaldi. Shu yerda kutishga qaror qildi. U kirib kela boshladi. Har holda Kanizaning yuragi gupilladi, divanga oʻtirib oldi.
— Yaxshimisiz… — salomlashdi Mansurjon past tovushda, uning ovozi xotirjam emasdi.
Kaniza oʻrnidan turdi, yerga boqib, Mansur Nozimani soʻramasa ham:
— Opamnikiga ketdilar, — dedi.
“Takdirga tan berib, bizga qoʻshilib boʻpti, bemalol «opamnikiga” dedi» oʻyladi Mansurjon.
— U yerda nima qilarkan? — dedi-yu, sal oʻngʻaysiz holatga tushdi u, Kaniza unga gʻalati qarash qilgan edi.
— Mayli, koʻrgisi kelgandir, men hozir, siz bexavotir oʻtiravering, — Mansurjon chiqib ketdi. “Jon ofati-yu” oʻylardi u vannaxonada bet-qoʻlini yuvarkan. Sochiqqa artinayotib, jagʻlarini silab koʻrdi, soqol olishga tutindi. Tishini yuvdi, eng shirin ufordan sepdi. Oʻzini rosa tartibga solib, eng suygan xalatini kiydi-da, kelinposhshoning istiqboliga yurdi. U qandaydir xushchaqchaq edi, kayfiyati koʻtarinki, hazil-mutoyibaga moyil, kechagi kechinmalardan asar ham yoʻq edi. Hozir choyxonada ham oʻrtoqlari nuqul ayollardan gapirishdi. Toʻgʻrida, bu ham bir neʼmat, erkak kishiga berilgan rizq. Hozir istiqboliga kirib borayotgan nozaninning tanasi, beli, koʻksiyu sonlari qanday boʻlsa ekan? Uning gap-soʻzi, totli shivirlashlar, xatti-harakatlari boshqacha boʻlsa kerak… Baxting bor ekan Mansurjon… Hayot qanchalik tilsimot, qandayin goʻzalliklarga, moʻjizalarga toʻla… Eh, Mansur! Bu senga Allohning marhamati. Anovi qozi, aptekachi doʻstlaringga oʻxshab beʼmani-betasir yurmaganingni oqibati, oʻshalarning mukofoti… Endi sur, sen ham!
Tilavoldi Joʻrayev
Manba: Hordiq.uz “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Bosh kiyimsiz yurishning organizmga qanday ta’siri bor?
Slovakiya bosh vaziri Putinning taklifini qabul qildi
Organizmda qaysi turdagi vitamin yetishmayotganini qanday aniqlash mumkin?
Medvedev Rossiya NATO harbiy bazalariga zarba yo‘llashi mumkinligini istisno qilmadi
Erdo‘g‘on: “Turkiya G‘azo mojarosi tugamaguncha Falastinni qo‘llab-quvvatlaydi”
Endi «Doimiy yashash joyiga ro‘yxatga qo‘yish» qulaylashdi (video)
Gretsiyada minglab odamlar NATOga qarshi namoyish o‘tkazdi
O‘zbekistonda onkologik kasallikka chalingan ayollar bepul davolanadi