To‘y bahona Nodirlarning xonadoni ham shovqin-suronga, kulgi-hayqiriqlarga to‘ldi. Eshik oldidagi karnay-surnaylarning g‘at-g‘uti bir bo‘lsa, Fazilat opaning tishi kovagida asrab yurgan qimmatbaho ko‘ylagini kiyib uyoqdan-buyoqqa hayajon ichida chopishi, eri Nozim akaning quvonchiga chidamaymi, erta kundanoq to‘yib ichib olgani bir bo‘ldi. Qarindosh-urug‘, qo‘ni-qo‘shnilar ularni tinimsiz tabriklashar, kelin bo‘lmishning sohibjamolligini gapirib havas bilan bosh chayqab qo‘yishardi.
Birgina Nodirning ichiga chiroq yoqsa yorishmasdi. Chunki hech kim uning bedavo dard iskanjasida ekanini bilmaydi.
Ha, u hanuz umid qiladi. Narkomanligi to‘g‘risida qayg‘urmasa ham, jinsiy ojizligini o‘ylab eziladi. Nasiba yonimga yotsa-yu, birdan hammasi yaxshi bo‘p ketsa deb umid qiladi… Juda bo‘lmaganda xotini yordam berishidan umidvor bo‘ladi… Qolaversa…
Marosimlar tugab, nihoyat boshiga kuyovlar sallasi-yu, zarbof chopon kiygan Nodir oq harir ko‘ylakda lov-lov yonib turgan kelinni chimildiqqa olib kirdi. Odatga ko‘ra, shu zahoti eshikni ichkaridan tambaladi…
Buyog‘iga Nodir nima qilishni, gapni nimadan boshlashni bilmasdi. Nasiba ham bir chetda qotib turar, ko‘zlari jiqqa yoshga to‘la. Nodirga shu narsa turtki bo‘ldi. Sekin kelinning yoniga borib yelkasidan ushladi.
— Nega yig‘layapsan? — shivirlab so‘radi u. — Bu… Axir… Taqdir!.. Sen… Kel, manavi yerga o‘tirgin! Men hozir…
Nodirning ichi qaltirab ketayotgandi. Buning sababini o‘zidan bo‘lak hech kim bilmaydi. U sal o‘zini bosib olish ilinjida bir chetga yashirib tashlagan narkotikni olib bir chimdimini teskari o‘girilib turib burniga tiqdi. Shu tobda Nasiba ko‘z yoshlarini arta-arta beixtiyor Nodir tomonga o‘girilgandi. Nima qilayotganini ko‘rdi-yu… Jon-poni chiqib ketayozdi. Bilardi. Bir vaqtlar qo‘shnilari ham tomorqalariga to‘planib shunaqangi narsani burnilariga tiqishgani, keyin biroz vaqt o‘tib bekordan-bekorga kulishayotganlarini eshitgan. Ular bir kuni hatto bir-birlari bilan pichoqlashishgan ham edi… Ha, unaqalarni narkoman deyishadi. Ular hech narsadan qaytishmaydi…
— Siz hali… Shunaqamisiz?..
Nodir uning payqab qolganini ko‘rib shoshilinch kaftlarini bir-biriga ishqalagancha kulimsirab Nasibaga yaqinlashdi.
— Bilasanmi… Sal shamollabman… Shunga… Aptekadan dori olgandim…
Nasiba indamadi. Aksincha, battar nafrati qo‘zg‘aldi. Onasining so‘ramay-netmay berib yuborgani, berganda ham narkomanga berganidan koyidi, o‘ksindi. Ammo… Endi kech… Bo‘lar ish bo‘lib o‘tdi… Dardini kimga aytadi… Chimildiqqa kirdimi, tamom, qizlik davri o‘tdi…
Nodir aksa urishdan to‘xtab, asta Nasibaning yelkasidan ushlab o‘ziga qaratdi.
— Menga tegmang! — kutilmaganda Nasiba uning qo‘llarini olib tashlab o‘zini orqaga oldi. — Tegmang menga!.. M-men… Bilmagan ekanman. Narkoman!..
— Nima?.. Bu nima deganing?.. Qayerdan olding bu gaplarni?..
— Meni go‘l deb o‘ylovdingizmi?..
Nasiba qo‘rquvdanmi, asabiylashganidanmi, nuqul titrardi.
— Hammasini ko‘rdim!..
— Shunaqa degin?.. — Nodir kulimsirab kayf elta boshlagan ko‘zlarini ishqaladi. — Xo‘sh, nima bo‘pti? Ko‘rgan bo‘lsang, demak, endi bilib olibsan… Axir… Sen nimaniyam tushunarding?.. Bo‘pti, kel, jonim, quchog‘imga kir!.. Sen… Menga yordam berishing kerak, tushunyapsanmi?.. Butun umidim sendan… Iltimos, meni to‘g‘ri tushun!.. Men… Men tamom bo‘lgan odamman… Menga yordam ber, Nasi!..
Bu gaplarni Nasiba boshqacha ma’noda tushundi. Narkomanlik joniga tekkan, shuning uchun yordam so‘rayapti, deb o‘yladi. Beixtiyor Nodirga yer ostidan tikildi. Uning ko‘zlari qizarib, rangi oqarib ketgandi…
Rahmi keldi. Nega rahmi keldi?.. Buni o‘zi ham tushunmadi. Lekin yumshadi… Qanday yordam berish haqida bosh qotira boshladi…
“Axir, men qanday yordam berishni bilmayman-ku! — ko‘nglidan o‘tkazdi u chimildiqning bir chetiga cho‘karkan. — Qo‘limdan faqat o‘sha zormandasini topib yashirib tashlash, yo yoqib yuborish keladi, xolos… Boshqa nima qila olardim?!.”
Nodir bu orada yechinib, birgina maykada qolgandi. Nasiba uni ko‘rib allanechuk bo‘lib ketdi. Hozir nimalar bo‘lishini ko‘z oldiga keltirgan sari yuragini vahm bosdi.
Lekin… Qo‘lidan hech narsa kelmaydi. Onasi aytmoqchi, qiz bola turmushga chiqdimi, erining xasmi. Hammaning oldida yuzi yorug‘ bo‘lib, vaqti yetganda farzand tug‘mas ekan, uyatga qoladi…
— Kel, Nasiba, — Nodir uni chimildiq sari yetaklab ehtiyotkorlik bilan ustidagi ko‘ylakni yechib oldi. Shu ko‘yi birpas Nasibaning bilaklarini, siynalarini o‘pib turdi. Baribir o‘zida hech qanday o‘zgarish sezmadi.
“Nima qilsam ekan? — qiynalib ketgan Nodir Nasibani qo‘yib yubordi-da, karavotning bir chetiga borib o‘tirib boshini changalladi. — Do‘xtirlarning gapi bilan nimalar qilmadim… Behayo kinolarniyam tomosha qilib ko‘rdim. Eh, nimaga bitta men shundayman?.. Qaysi aybim uchun?.. Endi Nasibaga qanday tushuntiraman?.. U nimaniyam tushunardi?..”
Nasiba esa, o‘zicha xayol surardi. Nodirning qo‘llarini badanida his qilgan mahal, ehtirosli nafaslarini eshitgan tobda Furqat ilk marta quchgan kun ko‘z oldiga kelardi. Yo‘q, beixtiyor ijirg‘anib ketdi… Furqatga o‘xshata olmadi Nodirni…
— Nasiba, kel, menga yordam ber!.. — ko‘zlari jiqqa yoshga to‘lgan Nodirni ko‘rib Nasiba hayron bo‘ldi. — Men shu kecha sening yuzingni yorug‘ qilishim lozim. Nega jim turibsan?.. Nahotki, menga rahming kelmasa?..
Nodir kuch bilan uni ko‘tarib oldi-da, karavotga yotqizdi.
— Voy, nima qilib yordam beraman? — Sonlariga kanadek yopishgan qo‘llarni itarib tashlashga urinayotgan Nasiba zarda aralash so‘radi.
— M-men senga ochig‘ini aytaman… — birdan o‘tirib oldi Nodir. — Aytaman. Umid qilamanki, sen meni to‘g‘ri tushunasan. Axir, xotinimsan-ku!.. Bilasanmi, men… Yigit bo‘lib… Yigitlik vazifamni bajara olmayapman… Men… Kasalman!.. Ayt, nima qilay?..
— Kasalman? — Nasiba to‘satdan o‘rnidan turib ketdi. — Narkotikni aytyapsizmi?
— Yo‘q, uni emas… Nega shu choqqacha ham tushunib yetmading?.. Boshqacha kasalman!.. Men… Senga erlik qila olmayapman!..
Nodir shunday dedi-yu, o‘kirib yig‘lab yubordi. Nasiba shoshib qoldi. Nima qilishni, uni qanday ovutishni bilolmay, yugurganicha dahlizga chiqdi. Nodirning yig‘layotganini onasi Farzinisa opa ham eshitgan shekilli, ostonada ranglari oqargancha garangsib turgan Nasibani ko‘rib ikki yelkasidan mahkam ushlagan ko‘yi siltay boshladi.
— Nima bo‘ldi?.. Nega Nodir yig‘layapti?..
Nasiba javob beradigan ahvolda emasdi. Zo‘rg‘a qo‘li bilan «kiring» ishorasini qila oldi. Farzinisa aya, uning ketidan otasi Nozim aka, amma-xolalari ichkariga o‘zlarini urishdi. Nasiba tosh qotgancha ostonada qolib ketdi…
* * *
— Ha, bolam, senga nima bo‘ldi? Nima jin urdi o‘zi?..
Nodir kutmagandi. Xonada paydo bo‘lgan ota-onasi, qarindosh-urug‘larini ko‘rib shosha-pisha ro‘molchasi bilan ko‘z yoshlarini artib oldi. Ko‘zlari qizarib ketgandi.
— Nega muncha shovqin ko‘tarasizlar? — u o‘zini bosishga urinib, karavotga o‘tirib oldi. — Menga hech narsa bo‘lgani yo‘q. Shunchaki…
— Ha, bu yana narkotik chekib olibdi, onasi! — birdan tutoqib o‘g‘liga o‘qraydi Nozim aka oqargan sochlarini asabiy silab qo‘yarkan. — O‘shaning dastidan yig‘lagan-da!.. Vey, qachon tashlaysan-a shu yaramas narsani?.. Axir, hech bo‘lmasa uylanganingdan keyin chekmasang-chi!.. Kelinning yuragini yorvoribsan-ku, ahmoq!.. Vey, qachon odam bo‘lasan o‘zi-a?..
Nodir indamay o‘tiraverdi. Bir yoqdan onasi, ikkinchi tomondan otasi uzoq vaqt tergashdi. Shunda ham g‘iq etmadi. Ochig‘ini aytishga qo‘rqdi. Sharmanda bo‘lishni istamadi…
Tergey-tergay, hammalari chiqib ketishgach, yana o‘zi yashirib qo‘ygan narkotikni qo‘liga olib, uy eshigini ichkarisidan berkitib oldi…
Ko‘p o‘tmay, u yana qayerlardadir uzoqda parvoz qila boshladi…
* * *
— O‘g‘ling odam bo‘lmaydiganga o‘xshaydi, — dedi Nozim aka ertasiga nonushtadan so‘ng kelinining ortidan nazar tashlab olarkan. — Kechagina kelgan kelinning ahvolini qara!.. Axir, bu sho‘rlik qayoqdan bilibdi?.. Yo‘q, o‘zing o‘yla, bolaligidan ustachilikka berib, hunar o‘rgattirdim. Qo‘li gul usta bo‘ldi… Mana, uylab ham qo‘ydim. Endi nima yetmaydi bunga-a?.. Nimaga chekadi shu savilni?.. Eh, boshida bilib qolmaganimga achinaman. Burnidan sim o‘tkazib tashlattirardim o‘shani…
— Adasi, bu yerda boshqa gap borga o‘xshaydi. — uyoq-buyoqqa ko‘z tashlab olgach, asta shivirladi Farzinisa aya. — Men onaman, axir, ko‘nglim boshqa narsani sezganday bo‘lyapti…
— Xo‘p, nimani sezibdi o‘sha ko‘ngling?..
— E, qurib ketsin… Aytishgayam uyaladi odam…
— Aytavermaysanmi, namuncha odamni xit qilmasang sen ham?!.
— O‘g‘limizning biron bir kasali yo‘qmikan ishqilib?..
— E, o‘g‘lingni mana shu og‘u xarob qilyapti, xolos, unda kasal nima qilsin?
— Yo‘-o‘q, adasi, bu o‘zboshimcha o‘g‘lingiz bizga bildirmay yuraverganga o‘xshaydi… Kelinimizning yangalikka qolgan xolasiyam negadir tilini tishlab yuribdi… Hech bir yangilik aytmadi… Ko‘nglim g‘ash, adasi, ko‘nglim g‘ash…
— Astag‘firillo!.. — Nozim aka birdan o‘rnidan turib ketdi. — Nimaga shu choqqacha aytmading menga?..
— Voy, men qayoqdan bilay?..
— Bor, tez chiqib yangasi bilan yana bir gaplash!.. Aniqlasin. Issig‘ida chorasini topish kerak… Balki, yoshlik qilib sal hayajonlangandir?..
Farzinisa aya chiqib ketdi. Nozim aka bo‘lsa, boshini changallagancha gilamga o‘tirib qoldi.
— Nahotki, mening o‘g‘lim kasal bo‘lsa?.. — derdi u o‘ziga-o‘zi. — Bo‘lishi mumkinmas… To‘xta, balki…
Nozim aka nimadir esiga tushgandek birdan hushyor tortdi.
— M-men aybdor bo‘lib chiqmay tag‘in… O‘shanda… Ishqilib, hammasi yaxshi bo‘lsin!..
Ota hamon nimadandir umid qilar, xotinining qaytib kirishini, kirganda ham yaxshi gap topib kirishini sabrsizlik bilan kutardi…
Oradan yarim soatlar vaqt o‘tib Farzinisa aya kirib keldi. Rangida rang qolmagan, ko‘zlari yoshli edi.
— Xo‘sh, gaplashdingmi? Nima ekan? — deya savolga tuta ketdi Nozim aka xotinining ahvoliga nazar tashlashni ham unutib. — Gapirsang-chi, nima?..
Farzinisa aya javob berish o‘rniga piqillab yig‘lay boshladi.
— Uf-f, xotinlarning yig‘isini eshitsam, sochlarim tikka bo‘lib ketadi-da! —Nozim aka xunobi oshib uy ichini aylana boshladi. — Bo‘ldi qil diydiyoingni!.. Xuddi birov o‘lganday yig‘lashing nimasi?..
— Adasi, sharmanda bo‘ldik! — dedi nihoyat Farzinisa aya. — O‘g‘limiz… Kelinning yuzini yorug‘ qila olmabdi…
— Nima?.. Yo alhazar!..
— Hamma ayb o‘zingizda! — dedi Farzinisa aya. — Esingizdami, bir paytlar ja ichkilikka berilib ketgandingiz?
— Qachon, onasi? — Nozim aka bo‘shashib xotiniga yuzlandi.
— O‘shanda zavodda omborchi edingiz. Nodir endi bir yarim yashar bo‘lgandi. Ichib kelib men bilan urishib qoldingiz-u, Nodirni shartta tortib olib o‘zimni haydab soldingiz…
— Xo‘sh, nima bo‘pti o‘shanga?
— O‘shanda men qo‘shnilarnikida yarim kechasigacha mijja qoqmay o‘tirdim… Qish kirib qolayozgandi. Bir mahal xabar olay-chi bolamdan deb chiqsam, Nodir sho‘rlik qip-yalang‘och holda so‘rida big‘illab yotibdi… Siz bo‘lsangiz, parvoyingiz falak so‘rining narigi burchagida xurrak otyapsiz. Jonholatda kelib ko‘rsam…
Farzinisa aya beixtiyor yig‘lab yubordi. — Bolamning a’zoyi badani muzlab ketibdi… O‘shanda qattiq shamollagandi Nodirim… Hazilakam qiynalmagandi bechora bolam… Do‘xtirlarga olib borganimizdayam bu shamollashning asorati qolishi mumkin deyishgandi-ku!.. Mana o‘sha asorati, bildingizmi?.. Yaramas ichkilikni deb bittagina bolamni baxtsiz qilib qo‘ydingiz-ku!..
— To‘g‘ri, xotin, — deya bosh egdi Nozim aka. — Men senga ko‘p jabr yetkazdim… O‘sha paytlarda aytganding. O‘g‘limiz kasalmand bo‘lib qolmasin-da, deb qayg‘urarding… Nima qilayki, xom sut emgan banda ekanman… Oxirini o‘ylamadim… Menga qara, mayli, bo‘lar ish bo‘ldi… Endi keliningga yaxshi gapirib, ko‘nglini olgin. Tag‘in uyiga jo‘navormasin!.. Nodirni bo‘lsa, maslahatlashib do‘xtirga qaratamiz… Axir, tuzalmaydigan kacal bor ekanmi…
Farzinisa aya hech narsa demadi. Ko‘z yoshlarini arta-arta, tashqariga — qarindosh-urug‘larning oldiga chiqib ketdi.
* * *
Nodir yana bir-ikki marotaba harakat qilib ko‘rdi. Natija chiqmadi. Shundan so‘ng hammasiga qo‘l siltadi… Nasibaning oldida yotmay, dahlizda uxlaydigan odat chiqardi. Chunki bu er-xotinlik uzoqqa bormasligini ko‘ngli sezdi… Lekin… Noumid shayton deganlaridek, tag‘in yo‘l qidira boshladi… Kechalari boshiga mushtlab, uyoqdan-buyoqqa yurib chiqdi… Narkotikdan ham, Nasibadan ham voz kecholmasligini o‘ylagani sayin yorug‘ dunyoga sig‘may o‘rtandi…
— Yo‘q, men kim bilandir ochiqchasiga gaplashishim, maslahatlashishim kerak! — dedi o‘ziga o‘zi. — Men Nasibadan ayrilib qolishni istamayman… Yo‘li bordir, axir, bironta!.. Mayli, kerak bo‘lsa, mana shu og‘uni tashlayman. Qo‘limdan keladi… Ammo Nasibani nima qilib bo‘lmasin, shu uyda opqolishim kerak… Boshqaning qo‘yniga kirib ketishini istamayman… Toshtemirga uchrashaman… Yo, indamay qo‘ya qolsammikan?.. Mabodo boshqacha tushunsa… Yo‘-o‘q, Toshtemir unaqa yigitmas… Erkak u, erkak…
Ertasiga o‘rtog‘i Toshtemirga uchrashdi. Mahallada eng yaqin do‘sti shu edi. Zerikkanda ulfatchilik qilib turishardi… Otasi To‘xta aka baqqol. Ko‘pincha pulni o‘sha Toshtemir topardi. Buning ustiga uylangan.
— «Toshtemirga tavakkal aytaman, — ko‘nglidan o‘tkazdi Nodir apil-tapil kiyinib tashqariga yo‘l olarkan. — Balki biror jo‘yali maslahat berar…» Men tajribasizlik qilayotgan bo‘lmay yana…
Toshtemir kechagi kayfdan so‘ng sal o‘zini yomon his qilar, ko‘zlari ichiga kirib, garangsigancha hovli aylanib yurgan ekan. Nodir ko‘rdiki, uyida do‘stidan bo‘lak hech kim yo‘q.
— E, og‘ayni, bormisan? — unga peshvoz chiqdi Toshtemir. — Vey, tez anavi yerga borib kel!.. Men pulini beraman. Savildan olib kel, bir kayf qilmasak, ahvol chatoq!..
— O‘zing-chi?.. — dedi Nodir norozi ohangda. — Yaqin-ku orasi!.. Borib kela qolmadingmi?
— Sen kep qolding, bo‘lmasa bormoqchi bo‘lib turuvdim!.. Kel endi, tarang qilma, o‘rtoq!..
— Aroq ichib qo‘ya qolsak-chi?
— E, aroqni boshingga urasanmi? Biz alkashmidik aroq ichib?.. Ma, pulni ol!.. Ikki kishilik olib kel!..
Nodir noiloj qoldi. O‘zi ham jon deb turgandi. Toshtemirning velosipedini oldi-da, qo‘shni mahallaga jo‘nadi…
Oradan yarim soatcha o‘tib qaytib keldi. Cho‘ntagidagi qog‘oz, ustidan sellofanga o‘ralgan narkotikni uzatarkan, Toshtemirga ma’noli tirjayib qo‘ydi. Ikkovlari omborxonaga kirib og‘uni tinchitishdi. Toshtemir sal o‘ziga kelgandek ko‘zlarini yumgancha polga cho‘zilib yuborgan Nodirning tizzasiga shapatiladi.
— Vey, chimildiqda ishlar qalay? Mundoq gapirmaysan-am-a!..
Nodir to‘satdan o‘rnidan turdi. Qisilgan ko‘zlari kattaroq ochildi.
— Bilasanmi, — dedi Toshtemirning yelkasiga qo‘lini qo‘yib. — Aslida senga bir muhim gapni aytishga kelgandim.
— Xo‘p, ayt, nima gap?..
— Faqat… Birovga gullab qo‘ymasang aytaman.
— Nima, shunchalik muhimmi?.. Yo manavindan ham kuchlirog‘ini topdingmi?
— Yo‘q… Boshqa gap… Xullas, og‘ayni, m-men kasal bo‘lib qoldim…
— Kasal?.. Otdaysan-ku!.. Ana, ko‘zlaring o‘ynab turibdi.
— E, og‘ayni, kasal bo‘lib bir yerim og‘risa alam qilmasdi… Men… Xotinimni eplolmadim…
— Nima?.. — Toshtemir birdan o‘rnidan turib ketdi. — Nima deding? Jinnimisan?..
— Jinnimasman. Bor gapni aytdim… Qo‘limdan kelmadi, vassalom!..
Toshtemir avvaliga xoxolab kulib yubordi. Ulfatining bir tuki o‘zgarmaganini ko‘rgach, boshini eggancha yer chiza boshlagan Nodirning yelkasidan ushlab o‘ziga qaratdi.
— Menga qara, tushkunlikka tushma, balki sal hayajonlangandirsan!.. O‘tib ketadi. O‘zingni qo‘lga ol!.. Hammadayam bo‘lishi mumkin bu narsa.
— Yo‘q, mening kasalim og‘ir, og‘ayni!.. Bilasanmi, shu kasalning orqasidan necha martalab do‘xtirga qatnaganman. Ammo foydasi bo‘lmadi…
Nodir kutilmaganda yig‘lab yubordi.
— Men tamom bo‘ldim, Toshtemir!.. Tamom bo‘ldim!..
Toshtemir uni qo‘ltig‘idan olib turg‘azdi-da, tashqariga boshladi.
— Yur, siqilma! Biror chorasi topilib qolar!..
— Hech kimga aytmaysan-a?.. Aytmaysan-a?.. — yalingan ohangda qayta-qayta so‘rardi Nodir. — Meni sharmanda qilmaysan-a sinfdoshlarning oldida?
— Jinni bo‘lganmisan?.. O‘libmanmi aytib? Bunaqa gaplarni birovga aytib bo‘lmaydi… Yur, o‘zim bi-ir seni bugun mehmon qilay!..
Shu kuni Toshtemirning xotini ota uyiga ketgan, onasi qayerdadir mehmonda, otasi bozorda edi. U shosha-pisha darvozani qulflab, Nodirni yetaklgancha narigi mahallaga jo‘nadi…
(davomi bor)
Olimjon HAYIT
Olimjon HAYIT
Manba: Hordiq.uz “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
O‘zbekistonda onkologik kasallikka chalingan ayollar bepul davolanadi
Erdo‘g‘on: “Turkiya G‘azo mojarosi tugamaguncha Falastinni qo‘llab-quvvatlaydi”
Eron Isroil bilan keng ko‘lamli urushga tayyorligini ma’lum qildi
Medvedev Rossiya NATO harbiy bazalariga zarba yo‘llashi mumkinligini istisno qilmadi
Organizmda qaysi turdagi vitamin yetishmayotganini qanday aniqlash mumkin?
Bosh kiyimsiz yurishning organizmga qanday ta’siri bor?
Gretsiyada minglab odamlar NATOga qarshi namoyish o‘tkazdi
Slovakiya bosh vaziri Putinning taklifini qabul qildi