18:30 / 29.10.2018
10 699

Bir kechalik kelinchak… (10-qism. Birinchi fasl)

Bir kechalik kelinchak… (10-qism. Birinchi fasl)
Hammasi yaxshi edi…

Nasibaning ishlari kundan-kun yurishib, banklardagi pullari ko‘payib borardi. Shahardan chiqaverishdagi qasrlar kabi hovlisiga charchab kirib kelganda, butun dardlari, tashvishlari esidan chiqadi. Charchoqlari yo‘qoladi. Negaki, onasining qavat-qavat ko‘rpachalarda o‘tirgan ko‘yi quchoq ochib qarshi olishlari Nasibani quvontiradi…

Ammo baribir yolg‘iz qolgan paytlarida, ayniqsa kechalari yaqin o‘tmish yodiga tushar, hammasidan ham Furqatning haqoratli gaplari, masxaraomuz qarab turganlari ko‘z o‘ngida gavdalanib yuragi zardobga to‘lardi. Baxtsizligidan xo‘rligi kelardi…

— Ha mayli, — derdi o‘zini o‘zi yupatib. — Xudo peshonamga shunday qismatni yozgan ekan, qo‘limdan nimayam kelardi?!. Ming chiranganim, kuyinganimminan foydasi yo‘q… Xudoga shukr, yonimda onajonim bor. Sevimli ishim… Xo‘sh, o‘sha boyvachchalardan qayerim kam?.. Nimadan kamchiligim bor?.. Nega endi o‘shalarni deb ich-etimni yeyishim kerak?.. Nega?.. Uyi kuysin undaylarning!..

— Qizim, — deb qoldi Nafosat aya bir kuni endigina ishdan charchab kelib xonasiga yo‘l olayotganda. — Senga aytadigan bir gapim boridi…

— Nima gap, oyi?.. Shunchalik sirlimi?.. Nega xomushsiz?..

— Bilasanmi… Anavi Furqating tag‘in kepti…

— Nima?.. Nega keladi?.. Qachon?..

Ona aybdorona bosh egdi.

— Ana… Ichkari uyda o‘tirishibdi… Otasiyam yonida…

— Uyatsizlar!.. Benomuslar!.. Shuncha ishlardan keyin…

Nasiba uyoq-buyog‘ini to‘g‘rilagan bo‘ldi-da, shoshilmasdan mehmonxonaga yo‘l oldi…

Ichkarida Qudrat Karimovich uyoqdan-buyoqqa asabiy borib kelar, Furqat esa… Juda ozib ketgan. Avvalgi holatidan asar ham yo‘qdek…

Boshini changallagancha yerga qarab o‘tirardi…

Qudrat Karimovich ostonada Nasibani ko‘rdi-yu, birdan hushyor tortib, zo‘rma-zo‘raki jilmaydi.

— Assalomu alaykum, qizim!..

Nasiba salomga alik olish o‘rniga onasiga ma’noli tikilib oldi.

— Kelinglar, nega turib olibsiz, Qudrat Karimovich?.. Marhamat, o‘tiringlar!..

Qaynotaning rangi biroz o‘zgardi. Buni ko‘zlarining javdirashidan ham bilib olsa bo‘lardi. Lekin sezdirmaslikka harakat qilib qo‘lini ko‘ksiga qo‘ydi.

— Qizim, otajon deyishingni shunchalar sog‘inganmanki… Qo‘yaylik, araz-ginalarni bas qilaylik, jon qizim!.. Hoy, tur o‘rningdan! Salomlashmaysanmi kelin bilan?..

Furqat otaning gapidan keyingina asta o‘rnidan qo‘zg‘aldi…

Ko‘zlari yoshga to‘la edi…

Lekin Nasiba hayron bo‘lmadi. Shunday bo‘lishini bilardi. Sud unga naqd yuz million so‘m tovon puli undirib bergandan so‘ng ishlari orqaga ketganini, ilgarigi yurishlari, kerilishlaridan asar ham qolmaganini eshitgandi…

«Ha, haliyam narkotigini tashlamabdi bu! — ko‘nglidan o‘tkazdi u. — Chamasi, adoyi tamom bo‘libdi shekilli… Bu kuningdan battar bo‘lgin, iloyim!.. Xudo ko‘rsatibdi-ku!..»

Nafosat aya sobiq quda hurmati bo‘lsa kerak, dasturxonga mayda-chuydalar qo‘yib, «mehmonlar»ni o‘tirishga taklif etdi va choy quyib uzatdi…

Nasiba esa, hamon qovog‘ini uygancha o‘tirar, gapni nimadan boshlashni bilmay hayron edi…

Qudrat Karimovich erinmasdan devorlarga solingan naqshlarni, cho‘g‘day gilamlarni ko‘zdan kechirib chiqdi. Har qaraganda bosh chayqab, Nasibaga zimdan qarab olishni ham unutmadi…

— Xo‘sh, Qudrat Karimovich, — nihoyat Nasiba o‘rtadagi jimlikni buzdi. — Qaysi shamollar uchirdi bizning kulbamizga?..

Qaynota bu kinoyaga javoban kulib qo‘ydi.

— Qizim, senga tan berdim. Malades, irodangga qoyilman!.. Qisqa vaqt ichida shuncha ishlarni qilib yuboribsanki, tan bermay ilojim yo‘q!

— Shuni aytish uchun keldingizmi? — Qudrat Karimovichga yer ostidan tikilib so‘radi Nasiba.

Qudrat Karimovich birdan jiddiy tortib o‘g‘liga ishora qildi.

— Jon qizim, bu yaramas meni adoyi tamom qildi… Haliyam odam qila olmadim buni!.. Iltimos, kechirgin uni! Harqalay jigarim! Bilganman… Eshitganman hammasini… Seni chuv tushirmoqchi bo‘lganidanam xabar topdim. Bu ko‘rnamak mendan yashirgan ekan… Lokigin… Hammasini seni deb, seni qaytarish uchun qilgan… Seni deb meniyam rasvoi olam qip qo‘ydi bu… Hozir birgina mini bankdan keladigan arzimas pulga qarab qoldik, ishonasanmi, qizim?!. Bu o‘g‘ilmas, boshga bitgan balo bo‘ldi… Urishib, qattiq tegsam, qachon Nasiba meni kechirsa, qaytib kelsa, keyin odam bo‘laman, deb turaversa… Qayerga boray? Qaysi devorga bosh uray?.. Sendan bo‘lagi odam qila olmaydi bu ko‘rnamakni. Ishon, seni yaxshi ko‘radi bu!.. O‘shanda… Ahmoqlik qilib qo‘ydi-da o‘zboshimcha!.. Jon qizim, axir, Xudo ham kechirimli!.. Oldingga bosh egib keldim!.. Hech bo‘lmasa, men keksa odamga rahming kelsin! Seni qizim deganman. Senga mehrim tushib qolgan…

Qaynota shu gaplarni aytishga aytdi-yu, ko‘zlari yoshlanib paypaslay-paypaslay cho‘ntagidan ro‘molcha chiqardi.

Nasiba bir onasiga qarab olgach, asabiy lab tishladi.

— Nahotki?.. Men kim edimki shunday o‘g‘lingizni odam qilsam?.. Qo‘ying, Qudrat Karimovich, bu gaplar endi sig‘maydi!.. To‘g‘ri, o‘g‘lingizni…

Nasiba sevardim demoqchi bo‘ldi-yu, ammo tiliga chiqara olmadi. — Men Xudo emasman!.. Qolaversa, boshimdan ne kunlar o‘tmadi. O‘zim o‘lib, o‘zim tirildim. Xudoga shukr, niyatimga yetyapman asta-sekin… Endi menga xalal bermanglar! Sizlar boshqa dunyo, men boshqa dunyo. Biz hech qachon bir-birimizga munosib bo‘la olmaymiz. Afsuski, yoshlik qilib qo‘ydim. Onamga quloq solmadim… Men… Mustaqil hayotga o‘rgandim. Hech kimga qaram bo‘lib yashashni istamayman! Tinch qo‘yinglar!..

Bu gaplarni qanday aytdi, qayerdan kuch oldi, o‘zi bilmay qoldi…

Dast o‘rnidan turdi-da, indamay tashqariga chiqib ketdi…

Oradan chamasi yarim soatcha vaqt o‘tdi…

Xonasi derazasidan qon yig‘lab tashqariga boqib turgan Nasiba ota-bolaning qay ahvolda ko‘chaga chiqib ketishayotganini ko‘rdi…

Ularning boshi egik edi.

***
Furqatning dardi og‘ir edi. Qo‘lini qayerga uzatsa yetar darajada bo‘lsa-da, Nasibaning mushtdekkina ko‘ngli baribir ojizlik qilardi. Yillar, oylar davomida toma-toma go‘yo katta ko‘lga aylangan dardlar, alamlar ko‘ksini siltab yuqoriga intilardi. Muhabbatning zaharli nishidan abgor-u, notavonga aylanayozgan yuragi potirlab unga sira tinchlik bera qolmasdi. Alam-u, nafrat o‘tida kuyib jizg‘anagi chiqib bo‘lgan qiz xonasi eshiklarini ichkaridan tambaladi-yu, ho‘ngrab yig‘lab yubordi. Yig‘lagani sayin Furqatning siymosi ko‘z o‘ngida yorqinroq namoyon bo‘la boshlar, o‘ksik tuyg‘ular junbushga kelib yig‘isiga yig‘i, hasratiga hasrat qo‘shardi.

— Xudoyim, — daf’atan cho‘g‘dek qip-qizil gilam ustiga tiz cho‘kib yosh to‘la ko‘zlarini shiftga tikdi Nasiba. — Nega meni baxtsiz qilib qo‘yding? Senga nima yomonlik qilgandim? Har kuni yodimdasan, kun-u tun o‘zingga yolvoraman! O‘zingdan so‘rayman. Ikki marotaba baxt yubording, ammo aldading! Meni sharmandalar qilding, o‘zim bir umr orzulagan baxtimdan mosuvolar qilding! Nega? Nahotki, men bir chimdigina hadyangga, inoyatingga nomunosib bo‘lsam? Bor yo‘g‘i shuni so‘radim xolos-ku!..

Afsuski, nolalari oxiriga yetmay qoldi. Xona eshigi bezovta taqillab, tashqaridan Nafosat ayaning xavotirli tovushi jarangladi.

— Ahmoq bo‘lma, qizim! Eshigingni och! Meni ado qilma, jon bola-am!..

Nasiba kutilmaganda sakrab o‘rnidan turdi-da, shosha-pisha ko‘z yoshlarini dastro‘molchasiga artib, ko‘zguga boqdi. Qovoqlari shishibdi. Qo‘l siltagancha yugurib borib eshikni ochdi. Ochgani hamono ichkariga Nafosat aya hovliqib kirdi-yu, qizini mahkam quchoqlab oldi.

— Meni qo‘rqitvording-ku, ahmoqqina qizim, — dedi u yig‘i aralash. — O‘zingni bir narsa qip qo‘yasanmi deb jon-ponim chiqib ketayozdi! Kel, yur, anavi yerga o‘tiraylik-chi! Yuraqol, jonim!..

Nasiba onaning yoqimlidan-da yoqimliroq, juda ham qadrdon isini dimog‘ida tuydi deguncha ko‘ngli battar bo‘shashib ketgandi. Lekin Nafosat ayaning diliga ortiq ozor yetkazgisi kelmay, bazo‘r o‘zini yig‘lashdan tiydi va majburan jilmaygancha borib divanga o‘tirdi.

— Jon qizim, — Nafosat aya bir necha daqiqa sukut saqlab, qizi xo‘rsiniqlardan tiyilgach, shoshilmasdan so‘z boshladi. — O‘sha maraz Furqatni endi unut! U sening tenging emas! Mana, ko‘rding, sinading, amin bo‘lding! Bir pulga qimmat yigit ekanini o‘z ko‘zlaring bilan ko‘rding! U sening bir tomchi ko‘z yoshingga arzimaydi, qizi-im! Hali ko‘rasan, otasi olamdan o‘tib ketsa-chi, itday xor bo‘ladi, ha! Ko‘zim tirik bo‘lsa, o‘sha kuni o‘zingga ko‘rsataman xudo xoxlasa! Buyog‘iga ishingni o‘yla! Meni aytdi deysan, hali shunday bir yigit uchrasinki, bir og‘iz gapini sutga qo‘shib ichadigan, izlarini tavob qiladigan bo‘lsin! Xudoyimning o‘zi ko‘rib turibdi. Ming shukr, oyoqqa turding, do‘st-dushmanning oldida yuzing yorug‘, qo‘lingni qayerga uzatsang, yetadi. Bir kun baxtniyam beradi xudoyim. Qo‘y, esdan chiqar hammasini!..

***
Nasiba erta tongda uyg‘onib, asta ikkinchi qavatdagi balkonga chiqdi. Bu yerdan shahar kaftdek ko‘rinib turadi. Qavat-qavat uylar, bir-biridan bo‘ydor chinorlar, qaysidir ko‘chalar bo‘ylab g‘iz-g‘iz qatnayotgan mashinalarga boqdi. Bu ham odamga o‘zgacha rohat baxsh etarkan. Ayniqsa, tong nasimining avaylabgina yuzlariga urilib o‘tishi Nasibani yanada sergaklantirdi. Tungi to‘lg‘onishlari, alamlari nari chekingandek bo‘ldi. Ha, hayot davom etmoqda. Demak, xudoning bandalari faqat oldinga intilishi kerak. Shunda Yaratgan rizqdan, xotirjamlikdan qismaydi.

Nasiba birinchi bo‘lib shahar markazidagi supermarketlarini aylanmoqni, ishchilardan xabar olmoqni ixtiyor etdi va ko‘z ochib yumguncha mashinasida birinchi supermarketga yetib keldi. Bu supermarketga Noilaxon degan ko‘hlikkina ayolni bosh qilib qo‘ygan. Juda halol, mehnatkash juvon ekan. Ishni uddalab ketdi. Hatto qisqa fursatda boshqa do‘konlarga nisbatan ko‘proq daromad qiladigan bo‘ldi.

— Voy, Nasibaxon, kechiring, — Noilaxon sal narida hisobchi qizga nimalarnidir uqtirayotgan ekan. Nasiba kirib kelganini ko‘rib, pildiragancha qarshisida hozir bo‘ldi. — Sizni payqamay qolibman! Yaxshi keldingizmi? Sog‘lig‘ingiz yaxshimi?

— Xudoga shukr, nolimayman, — dedi Nasiba ichkari to‘la xaridorlarni ko‘rgach, qalbi quvonchga to‘lib. — Xaridor ko‘pligiga qaraganda, ishlaringiz beshga o‘xshaydi!

— Shundaylikka shundayku-ya, — dedi Noilaxon birdan mahzun tortib. — Ammo sizga bir xunuk xabarim bor.

— Xunuk xabar? Nima bo‘ldi?

— Anavi o‘zingiz bilgan tepakal soliqchi keldi, — dedi Noilaxon yer chizib. — Hozir sizning kabinetingizga kirvolib hujjatlarni tekshiryapti.

— Shunaqami? Mayda-chuyda berib qorasini o‘chirmabsiz-da! Balo bormikan mening kabinetimda unga?

— Voy, dag‘dag‘asini ko‘rsangiz… Hammamizning o‘takamizni yordi u. Aytgancha…

Noilaxon supermarket ostonasiga qadam qo‘ygan ikki ajnabiy ayolni ko‘rdi-yu, qo‘rqa-pisa Nasibani turtdi. — Anavilarni qarang! Ular SES dan keldi. Ularniyam o‘sha tepakal chaqirtiribdi.

— Chaqirgan bo‘lsa, ularniyam kabinetimga taklif qiling! Har holda davlatning odamlari!

— Xo‘p bo‘ladi!

Hash-pash deguncha Nasiba kabinetiga kirib bordi. Ne ko‘z bilan ko‘rsinki, xuddi o‘sha soliqchi, bir paytlar uning nomusiga ko‘z olaytirgan, uni suyuqoyoqlar bilan tenglashtirgan, ko‘p bora bozordan quvib solishga uringan tepakal erkak kabinetning to‘rida oyoqlarini chalishtirgancha kerilib o‘tirardi. Nasibani ko‘rdi-yu, o‘ng‘aysizlandimi, asta o‘rnidan qo‘zg‘alib, qarshisidagi qovoqlari uyilgan, jiddiy, nigohlari sovuqqon ayolga masxaraomuz boqdi.

— Xush keptilar, soliqchi aka, — dedi Nasiba hech narsa bo‘lmagandek rasmiy ohangda. — Aytmabsiz-da, kabobmi, ishqilib mazali taomlar bilan siylashardi xizmatchilarim!

Hali soliqchi Nasibaga javob qaytarib ulgurmay, eshik taqillab ichkariga SES da ishlaydigan ikki ajnabiy ayol kirib keldi. Nasiba ularni stol qarshisiga o‘tqazib, o‘zi ham kursilardan biriga cho‘kdi.

— Ja ishlar besh-ku, — dedi soliqchi ro‘parasidagi ayollarga ko‘z qisib. — Shunday katta ishlarga qo‘l uribsiz qo‘rqmay. Rostmi, yo men adashdimmi?

— Siz adashsangiz, qiyomat bo‘ladi-ku, — dedi Nasiba sovuq jilmayish qilib. — Hech qachon adashmagansiz. Hoynahoy, bu opalarniyam siz chaqirtirgan bo‘lsangiz kerak-a?

— Ha-da, — yanada jonlandi soliqchi. — Shunday katta do‘konni ishga tushiribsiz. Ammo orastalikka amal qilishni unutibsiz-da, yaxshi qiz!

— Birinchidan, — dedi Nasiba asabiy lab tishlab. — Men yaxshi qizmas, Nasiba Turobovnaman! Iltimos, chegaradan chiqmasangiz! Ikkinchidan, mening do‘konlarimda hamisha orastalik. Istasalar, marhamat, tekshirib ko‘rsinlar!..

— Tekshirib bo‘lganmiz, — deya Nasibaga yuzlandi ajnabiy ayollardan biri. — Mana, bu hujjatda yo‘l qo‘yilgan qoidabuzarliklar ko‘rsatilgan. Omboringizdan muddati o‘tgan sut va go‘sht mahsulotlari topildi. To‘g‘ri, ular ko‘p emaskan, biroq muddati o‘tgan. Xudo ko‘rsatmasin, ularni xaridor sotib olsa, zaharlanib bir narsa bo‘lib qolsa, gunohi sizga bo‘ladi, singlim! Yo gapim noto‘g‘rimi?

Nasiba bu gapdan so‘ng boshqaruvchisiga sovuq tikildi.

— Kechiring, opa, — dedi aybdorona bosh egib boshqaruvchi. — Shuni payqamabman. Lekin omborchi jazosini oldi!

— Siz boshqaruvchisiz-ku, — dedi Nasiba. — Nega hammasini ipidan ignasigacha tekshirmaysiz har kuni? Bas, kechirish yo‘q, maoshingizning yarmi berilmaydi. Agar yana bir marta shunday qo‘pol xatoga yo‘l qo‘ysangiz, ishdan ketdim deyavering! Boring, ishni boshqaring!

— Xo‘p bo‘ladi!

Boshqaruvchi yig‘lagudek bo‘lib o‘tirganlarga yer ostidan bildirmaygina qarab oldi-yu, chiqib ketdi.

— Xo‘sh, ikkinchi hujjatingizda nima yozilgan? — ajnabiy ayolga yuzlandi Nasiba. — Yana aybimiz bor ekanmi?

— Yo‘q, — javob qildi ayol. — Boshqasi joyida. Bu hujjatga to‘lashingiz kerak bo‘lgan jarima miqdori yozilgan. Marhamat!

Nasiba hujjatni qo‘liga olib ko‘z yugurtirdi. Bir million so‘m jarima yozilibdi. Darhol uni ayolga qaytarib berdi.

— Xo‘sh, naqd pulda to‘laysizmi? — gapga aralashdi soliqchi. — Yoki…

— Siz, amaki, — deya dast o‘rnidan turdi Nasiba. — SES ning ishiga aralashmasangiz yaxshi bo‘lardi. Qolaversa, bizda hech qachon naqd pul bo‘lmaydi. Pullarimizni bankda saqlaymiz. Demak, jarimani ham pul o‘tkazish yo‘li bilan to‘laymiz! Agar menga boshqa savollar bo‘lmasa, ruxsat berasiz, ishim ko‘p!..

Do‘kon egasidan bu qadar qo‘pol muomalani kutmagan soliqchi gezargancha istar-istamas o‘rnidan turdi. Ammo ketishga shoshilmadi.

— Soliq hujjatlarida judayam qo‘pol xatoliklar bor ekan, — dedi u. — Singil… Ha… Nimaydi… Amaki dedingizmi boya?.. Qizim, soliqqayam anchagina jarima to‘lashingizga to‘g‘ri keladi.

— To‘lash kerak bo‘lsa, xatoga yo‘l qo‘ygan bo‘lsak, to‘laymiz. Faqat bizning ishlashimizga xalal bermasalaring bas!..

— Vey, boyvuchcha, — endi soliqchi daf’atan Nasibaga yaqin kelib battar gezardi. — Sal pastroq tushgin endi! Nima, puling ko‘p, qo‘sha-qo‘sha do‘kon ochib tashlagan bo‘lsang, biz qulluq qilishimiz kerakmi senga? Vey, xohlasam-chi, bir “puf”lab uchirvoraman sendaqalarni!..

— Uchirganingizda ko‘rarmiz! — Nasiba atayin xotirjamlikka berilib, majburan jilmaydi. — Oldin uchiring, ana undan keyin gapirsangiz yarashadi.

— Hali shoshmay tur!..

Soliqchi zarda aralash stolga bir mushtladi-yu, chiqib ketdi. Ajnabiy ayollar esa harqalay xayr-ma’zur qilgandan keyingina ruxsat so‘ragan holda, odob bilan uzr so‘ragachgina tashqariga chiqishdi.

Nasiba… Asablari qaqshab, yuragi siqilib, a’zoyi badani muzlagan ko‘yi o‘z kursisiga borib o‘tirdi-yu, ikki kafti bilan boshini changallagancha yig‘lab yubordi.
(davomi bor)

Manba: Hordiq.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Bir kechalik kelinchak… (10-qism. Birinchi fasl)