16:38 / 31.10.2018
7 545

Tadqiqot: Televizor bola tarbiyasiga qanday ta’sir qiladi?

Tadqiqot: Televizor bola tarbiyasiga qanday ta’sir qiladi?
Olamlarni tarbiyachisi Allohga hamdlar bo‘lsin! Uning Rasuli va ahli baytlariga salovot-u salomlar bo‘lsin!

Hammamizga ma’lumki, XXI asrda dunyoning ikki chekkasidagi odam 1 soniya ichida bir-biri bilan ma’lumot almasha oladi, gaplashadi va hatto bir birini ko‘rib tura oladi. 100 yil oldin bu haqida tasavvur qilish mo‘’jiza tuyilar edi. Hozirda esa insoniyat bunga ko‘nikib ham qoldi, oddiy bir holatga o‘xshab qoldi go‘yo.

Ushbu vositalar orasida internet va televizor insoniyat hayotini tubdan o‘zgartirib yubordi. Avval televizor ixtiro qilinganini hisobga olsak, televizorning insoniyat tarbiyasiga ta’siri beqiyos bo‘ldi. Ayniqsa yosh bolalarning oppoq qog‘ozdek ongini shakllantirish, uni boshqarish uchun qulay vositaga aylandi.

Hozirda ko‘plab ko‘rsatuvlar borki, ular sabab bolajonlar chet tillarini tez va oson o‘rganishlari, dunyo va atrof-muhit haqida qiziqarli tarzda tushuncha hosil qilishlari mumkin. Bular albatta bolajonlarning aqliy tarbiyasi uchun foydali omil hisoblanadi.

Ammo, xuddi pichoq kabi, televizor ham to‘g‘ri foydalanilmasa, qattiq “jarohat” yetkazishi mumkin. Shunday ekan, biz bolalarimizga televizordagi har qanday ko‘rsatuvni ko‘rsatishimiz to‘g‘ri bo‘larmikan?! O‘z bolasining televizor tagidan ketmay o‘tirishiga rozi bo‘lgan ota-onalar bolalarining tarbiyasini ham televizorga topshirib qo‘ygan bo‘lishadi.

Yaxshilab mulohaza qilinsa, bugungi kunda bolalar uchun chiqarilayotgan ko‘rsatuvlar, multfilmlar va badiiy filmlar bundan 20 yil avvalgilaridan tubdan farq qiladi. Axloqiy buzuq holatlarning ochiqdan-ochiq bolalar uchun tayyorlangan multfilmda ko‘rsatilishi, tanasi ochiq ayollar, buzg‘unchi va zo‘ravon odamlarni bolalarga ko‘rsatishdan nima naf? Bu bolajonlarning jinsiy va hissiy tarbiyasini buzadi-ku..!

Zo‘ravonlik va shahvoniyat shaytonning ikki quroli, chunki bu ikkovi kishi ruhiyatiga juda qattiq ta’sir qiladi va bu ikkisi orqali u qalbni oson qoraytira oladi.

Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, AQShda “R” belgili, ya’ni 17 yoshdan kichiklar ko‘rishi ta’qiqlangan filmlarning 80% , taqiqlangan video o‘yinlarining 70% hamda behayo so‘zlari bor musiqalarning 100% 17 yoshdan kichik bo‘lgan bolalarga sotilmoqda. Biz esa shunday film va multfilmlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘zbek tiliga o‘girib bolalarimizga taqdim qilmoqdamiz.

AQSh bo‘yicha o‘rtacha bolalar 18 yoshga yetguncha, 200 000 ta zo‘ravonlik holatlarini va 16 000 ta qotillik holatlarini ko‘rib ulgurishadi. Buning ruhiyatga qanday ta’sir qilayotganini bir o‘ylab ko‘ring. Obrazli qilib aytganda, bolalarimizning ongi zo‘ravon qilib dasturlanmoqda. Mediada namoyish qilinayotgan zo‘ravonliklar yosh bolalarga, ayniqsa 8 yoshdan kichiklariga yanada zararli, chunki ular tasavvuriy olam bilan haqiqiysini oson ajrataverishmaydi.

Amerika Pediatriya Birlashmasi ogohlantiradi: 3 yoshdan kichik bolalar hozirgi kunda hech bir televizor ko‘rsatuvlarini ko‘rmasliklari kerak. Bu bir necha yil oldin berilgan qaror. Uning ta’sirini bilganlari uchun birlashma shu qarorga kelgan. Yana boshqa olimlarning fikrlariga ko‘ra, bolalar miyasi rivojlanayotgan vaqtda hech qanday televizor ko‘rsatuvlarini ko‘rmasliklari kerak ekan.

“Ilmiy Amerika” jurnali keltirgan dalillarga ko‘ra, televizor quyi darajadagi narkomaniyadir. Odamlar unga o‘rganib qoladi. Bolalar ham unga qattiq o‘rganadi. Televizorga bo‘lgan bog‘lanish ham bolada asta-sekin ko‘payib boradi va qattiq e’tibor qilinmasa, bolalar televizorsiz hayotini tasavvur qila olmaydigan darajaga kelib qoladi. Ko‘plarimiz o‘z ishimizni bitirib olish uchun ham bolalarimizni televizor bilan chalg‘itmoqchi bo‘lamiz. Bilmaymizki, bolani biz emas, endi uning qadrdon televizori tarbiyalayotgan bo‘ladi.

AQShda har kuni televizor ko‘rish uchun 5 soatu 11 daqiqa sarflanar ekan! Qora tanli amerikaliklar 7 soatu 12 daqiqa, oq tanlilar 5 soatu 2 daqiqa, ispanlar 4 soatu 35 daqiqa, chunki ular me’yoridan ortiq ishlashadi; osiyoliklar 3 soatdan sal ko‘proq. Chunki ularning qattiqqo‘l onalari bolalariga televizor ko‘rishga ruxsat berishmaydi. Bizning yurtimizda ham taassufki bu holat 3 soatdan kam emas. Chunki kechki ovqatlanish payti, aynan shu payt eng ko‘p televizor ko‘riladigan vaqt bo‘ladi, o‘rtacha hisobda odamlar eng kamida 1 soat televizor ko‘radi. Odatda bu paytda seriallar ko‘rsatiladi. Bu seriallarni bizga qo‘shilib ovqat yeyotgan farzandlarimiz ham ko‘radi.

2 yoshdan yuqori odamlar o‘rtacha hisobda haftasiga 34 soat televizor qarshisida o‘tirib o‘tkazishadi. 2 dan 11 yoshgacha bo‘lganlar haftasiga 24 soat televizor ko‘rishadi.

4 dan 6 yoshgacha bo‘lganlarning 54 % ota-onalari bilan o‘tirish yoki televizor ko‘rishdan qaysi birini tanlashlari so‘ralganda, televizorni tanlashgan… Xulosa chiqarish o‘zingizdan.

O‘rtacha amerikalik yoshlar maktabda 900 soat, televizor qarshisida esa 1200 soat vaqt o‘tkazishyapti. Bu to o‘rta ta’limni yakunlagunlaricha bo‘lgan holat…

Kech soat 8 dan keyin 11 gacha bo‘lgan vaqtlardagi zo‘ravonlik sahnalari 3-5 tani tashkil qilsa, Shanba tongida bu raqam 20-25 taga yetadi. Bolalar tabiatan ko‘rgan narsasiga taqlid qiladi. Agar bir to‘p 8 yoshlik bolalarni o‘tqazib qo‘yib, ularga Kung-fu filmi qo‘yib berilsa, kino tugagandan so‘ng ular bir-birlarini urib, tepa boshlaganini ko‘rasiz. Bu eng sodda hayotiy dalil.

Bizning bu ma’lumotlarni keltirishdan maqsadimiz, televizorning salbiy taraflaridan ota-onalarni ogohlantirishdir. Zero bolalar ota-onaga ALLOH tarafidan berilgan omonatdir. Bolaning qanday unib-o‘sishi ota-onaga bog‘liq va shu sababdan ham ular Qiyomatda bu vazifadan so‘raladilar. ALLOH Ta’olo Qur’oni Kariymda: “Ey, imon keltirganlar! O‘zlaringizni va oila a’zolaringizni yoqilg‘isi odamlar va toshlar bo‘lmish do‘zaxdan saqlangiz…”, degan.

Abu Hurayra (raziyallohu anhu)dan rivoyat qilingan quyidagi hadisda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam marhamat qilib, dedilar: “Har bir go‘dak albatta toza fitratda (ya’ni Islom fitratida) tug‘iladi. Lekin ota – onasi uni yo yahudiy, yo nasroniy, yo majusiy qiladi. Buning misoli shuki, chorva hayvoni barcha a’zolari mukammal bo‘lgan hayvonni tug‘adi. Yoki sizlar quloq-burni kesilgan holda tug‘ilgan hayvonni bilasizlarmi?..”

Yuqoridagi oyat va hadis ota-onalarning bola tarbiyasidagi o‘rni naqadar kattaligini ochiq-ravshan ko‘rsatib turibdi. O‘zining ketidan solih farzand qolishini istagan har bir musulmon bolasining tarbiyasiga yoshlikdan juda qattiq kirishishi va uni har qanday zararli tashqi ta’sirlardan himoya qilishi kerak. Axir bog‘bon ham gulni kichkinaligidan avaylab-asrab o‘stirayotib, hayvonlardan saqlash uchun atrofini to‘siq bilan o‘raydiku. Agar bir gul shuncha e’tibor talab qilsa, mittivoylarning bunday e’tiborga bo‘lgan ehtiyoji naqadar katta ekan.

Biz bolalarni butunlay televizordan mahrum qilish kerak degan fikrdan yiroqmiz, aksincha ba’zi shunday ko‘rsatuvlar borki ular bolalarga dunyoqarashning shakllanishida juda foydali bo‘ladi. Biz bolalarimizga chet el mahsulotlarini hazm qildirishni to‘xtatib, o‘z milliyligimiz, din-diyonatimiz va urf-odatlarimizga to‘g‘ri keladigan mahsulotlarni o‘zimiz ishlab chiqarishimiz kerak demoqchimiz. Buning uchun har qanday imkoniyat bor. To‘g‘ri bu vaqt va harajat talab qilishi haqiqat. Xo‘sh, nima bo‘libdi, kelajagimiz poydevorlari bo‘lgan bolalar uchun har qancha harajat qilsak arziydi. Agar biz avvalgidek Imom Buxoriylar, Imom Termiziylar, Samarqandiy va Xorazmiylar chiqishini chin dildan istasak, bolalarimizni ularning onalari tarbiyalagani kabi tarbiyalashimiz, ulardek sidqi dildan xizmat qilishimiz kerak. Shundagina ko‘zlangan maqsadga yetishishimiz mumkin.

Manba: Islaminstitut.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Tadqiqot: Televizor bola tarbiyasiga qanday ta’sir qiladi?