13:53 / 10.11.2018
4 922

Alisher Navoiy “Qutbi tariqat” deb e’tirof etgan valiy zot kim bo‘lgan?

Alisher Navoiy “Qutbi tariqat” deb e’tirof etgan valiy zot kim bo‘lgan?
Hoja Ahror Valiy (1404-1490). Ma’nbalarda yozilishicha, Hoja Ubaydullo – Hoja Ahror 1404 yil mart oyida (hijriy 906 yil ramazon) Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumaniga qarashli Bog‘iston qishlog‘ida tavallud topgan. Hoja Ubaydullo Hoja Ahrorning nasabnomasida (shajara) u ota tomonidan chohoryorlarning birinchisi Abu Bakr Siddiqqa (632-634), ona tarafdan chohoryorlarning ikkinchisi Umar ibn al-Hattobga (634-644) borib tutashadi deyilgan. Hoja Ubaydullo Ahrorning otasi Hoja Mahmuddir, Hoja Mahmud Hoja Shahobiddinning o‘g‘li bo‘lib, Hoja Shahobiddin uch yo to‘rt avlod bilan Hoja Nomiyga tutashadi. Rivoyat qilinishicha, Hoja Muhammad Nomiy asli Bog‘dodlik bo‘lib toshkentlik alloma hazrat Shayx Abu Bakr Muhammad ibn Ali ibn Ismoil Qaffoli Shoshiyning muridi bo‘lgan. Hazratning mulozamati tufayli Toshkentga (Shosh) kelib, bu yerda turg‘un bo‘lib qolgan. Hoja Ahrorning onalari Hoja Dovudning qizi bo‘lib, Hoja Dovud esa Hazrat shayx Xovand Tohurning o‘g‘illaridir.

Hoja Ubaydullohning bolalik va yoshlik davri Toshkentda o‘tadi. U maktabda o‘qib saboq olgan va turli kitoblarni mutolaa qilgan. U toshkentlik marhum allomalardan Abu Bakr Qaffol Shoshiy, Shayx Havandi Tohur va shayx Zayniddinning hayoti va faoliyati bilan qiziqib, ularning marqadlarini ziyorat qilib turgan. U tug‘ilib o‘sib voyaga yetgan oila a’zolari o‘z zamonasining o‘qimishli, ma’rifatli, kishilaridan bo‘lgan.

Hoja Ahrorning tog‘asi Hoja Ibrohim keng ma’lumotli kishi bo‘lib, u jiyani Hoja Ubaydulloning ham o‘qishini davom ettirishini istardi. Nihoyat, 1427 yili Xoja Ibrohim jiyani Hoja Ubaydulloni Toshkentdan Samarqandga olib kelib, mavlono Qutbiddin madrasasiga joylashtiradi.

XV asrning ikkinchi yarimiga kelib Movarounnahr va Xurosondagi ijtimoiy-iqtisodiy va ma’naviy hayotda Hoja Ahror yuksak mavqega ega bo‘ladi va nihoyatda mo‘’tabar siymolardan biriga aylanadi. Abu Tohir Xoja o‘zining “Samariya” asarida yozishicha, Hoja Ahror ilm ahlini e’zozlar, anjumani hamisha olimlar bilan to‘la bo‘lgan. Binobarin, u ilm ahli uchun Samarqandda bir madrasa qurdirdi. Bu madrasa “Madrasai safed (oq)” nomi bilan mashhurdir. Bundan tashqari Toshkent va Qobulda ham madrasalar qurdirgan.

Bul zotning asl ismlari Ubaydullo bo‘lib, Ahror iborasi hur, olijanob ma’nosidagi laqabdir. Musulmon dunyosi tarixida o‘tgan 356 nafar avliyolardan faqat uchtasigina “qutb ul-aqtob” sifatida e’tirof etilgan. Mazkur uch avliyoning biri – Hoja Ahror bo‘lgan ekan.

Tarixdan ma’lumki, Hoja Ahrorni bir necha faxrli nomlar bilan atashgan. Zotan, Hazrat Alisher Navoiy bu zotni “Qutbi tariqat” deb, e’tirof etgan bo‘lsa, Abdurahmon Jomiy “Ka’bai maqsud” – deb bilgan. Zahriddin Muhammad Bobur esa, “Hazrat Hoja Ubaydullo” – deb, hurmat bilan tilga olgan. Bundan ma’lum bo‘ladiki, ular o‘rtasida yaqinlik va o‘zaro hamfikrlik ham bo‘lgan.

Hoja Ahror uzoq va mazmunli umr ko‘radi. U kishi 1490 yil 20 fevral, shanba kuni tongda Samarqandning Kamongaron dahasida olamdan o‘tadilar.
O‘tkir SOBIROV

Manba: Islaminstitut.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Alisher Navoiy “Qutbi tariqat” deb e’tirof etgan valiy zot kim bo‘lgan?