date

Namanganda shahar hokimi korrupsiya ayblovi bilan ushlandi

Namanganda shahar hokimi korrupsiya ayblovi bilan ushlandi

Namangan shahrida katta siyosiy va huquqiy shov-shuvga sabab bo‘lgan voqea ro‘y berdi. Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) ma’lumotiga ko‘ra, shahar hokimi va mahalliy poyabzal ishlab chiqarish korxonasi rahbari korrupsiyaga oid jinoyatda gumon qilinib, ularga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, hokim va MCHJ rahbari o‘zaro til biriktirib, tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lgan fuqarodan 60 ming AQSH dollari talab qilishgan. Ular fuqaroga shahar markazidagi 35 sotix yer maydonida joylashgan eski turar-joy binolarini buzib, o‘rniga ko‘p qavatli uy qurish huquqini olib berish va moliyalashtirishni va’da qilishgan.

DXX tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida dastlab mazkur MCHJ rahbari qo‘lga olindi. U talab qilingan pul mablag‘ini qabul qilib olgan paytda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Shundan so‘ng, tadbirning keyingi bosqichida shahar hokimi ham fosh etildi. U o‘zining ishonchli shaxsi — hokimlik devonxona mudiri orqali MCHJ rahbaridan 60 ming dollarni qabul qilib olmoqchi bo‘lgan vaqtda uning noqonuniy harakatlariga chek qo‘yildi.

Hozirgi paytda shahar hokimi deputatlik daxlsizligidan mahrum qilingan. Unga nisbatan Jinoyat kodeksining 210-moddasi 3-qismi “a” bandiga muvofiq ayblov qo‘yildi. Shuningdek, devonxona mudiriga va MCHJ rahbariga nisbatan ham tegishli moddalar asosida jinoyat ishi ochildi.

Rasmiy ma’lumotlarda qayd etilishicha, shahar hokimiga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Ayni paytda tergov jarayoni davom etmoqda va hokimning boshqa noqonuniy harakatlariga ham huquqiy baho beriladi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Namanganda shahar hokimi korrupsiya ayblovi bilan ushlandi