Petrushka — inson organizmi uchun serqirra foydalarga ega bo‘lgan eng qadimiy va tabiat ne’matlaridan biridir. Uning vitamin va minerallarga boy tarkibi, tabiiy antioksidant xususiyatlari orqali ko‘plab kasalliklarning oldini olish va organizm faoliyatini qo‘llab-quvvatlash mumkin.
Petrushkaning eng muhim foydalaridan biri — immun tizimini mustahkamlashidir. Ayniqsa, tarkibidagi C vitamini organizmni virus va infeksiyalardan himoya qiladi, shamollash va yallig‘lanishlarga qarshi kurashadi.
Shuningdek, u antioksidant ta’sirga ega bo‘lib, erkin radikallarga qarshi kurashadi. Bu esa tanadagi qarish jarayonini sekinlashtirish, teri sog‘ligini saqlashda alohida ahamiyatga ega.
Petrushka yurak-qon aylanish tizimi uchun ham foydalidir. Undagi kaliy yurak mushaklarini mustahkamlab, qon bosimini me’yorda ushlab turishga yordam beradi.
Ushbu ko‘kat qon aylanishini yaxshilaydi, yurak faoliyatini kuchaytiradi va infarkt, insult xavfini kamaytirishda muhim rol o‘ynaydi.
Hazm qilish tizimida ham petrushkaning o‘rni katta. Oshqozon shirasining ajralishini faollashtirib, ishtahani ochadi, ovqat hazm qilishni yengillashtiradi.
Ich qotishida yordam beradi, ichaklarni zararli moddalardan tozalaydi, ovqat hazm qilish tizimini me’yorlashtiradi.
Petrushka buyraklar uchun ham foydali o‘simlik hisoblanadi. Uning siydik haydovchi xususiyati ortiqcha suyuqlikni chiqarib, organizmdagi shishlarni kamaytiradi.
Buyrak faoliyatini faollashtiradi, og‘riq va og‘irlik hissini yengillashtiradi. Shuningdek, qum yoki tosh to‘planishining oldini olishda ham foydalidir.
Ayollar salomatligida petrushka alohida o‘rin egallaydi. U hayz davrining tartibga tushishiga yordam beradi, og‘riqlarni kamaytiradi, gormonal muvozanatni saqlashga ko‘maklashadi.
Ayniqsa, gormonal muammolar, yallig‘lanish jarayonlari yoki teri muammolari bo‘lgan ayollar uchun petrushka tabiiy va xavfsiz vosita bo‘la oladi.
Shuningdek, petrushka og‘iz gigiyenasini yaxshilovchi vosita sifatida ham qo‘llaniladi. U og‘izdagi yoqimsiz hidni bartaraf etadi, milklarni mustahkamlaydi, tish go‘shtidagi yallig‘lanishlarga qarshi kurashadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!