Butun dunyodagi smartfon ishlab chiqaruvchi kompaniyalar yangi va zamonaviy qurilmalar narxini oshirishga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Bu haqda ma’lumot DigiTimes nashri orqali tarqatildi.
Nashr manbalari smartfonlar narxi oshishini asosan ishlab chiqarish qiymati va tannarxi bilan izohladi. Bunga Tayvanning zamonaviy protsessorlar ishlab chiqaruvchi yirik korporatsiyasi TSMC (Taiwan Semiconductor Manufacturing Company) mahsulotlari narxini 5-10 foizga oshirish rejasi haqida hamkorlarga oldindan xabar bergani ham sabab bo‘lgan. Bu esa, o‘z navbatida, yangi smartfonlar bozoridagi qurilmalar qiymatiga sezilarli ta’sir ko‘rsatishi kutilmoqda.
Shuningdek, TSMC tomonidan ishlab chiqariladigan protsessorlar sentyabr oyida taqdim etiladigan yangi iPhone modellarida qo‘llaniladi. Samsung Galaxy S26 flagman qurilmalari ham TSMC tomonidan ishlab chiqarilgan Qualcomm Snapdragon 8 Elite Gen 2 chiplari bilan taqdim etilishi rejalashtirilgan. Shu bilan birga, eng zamonaviy Android smartfonlari ham Qualcomm protsessorlari bilan chiqariladi. Yangi narxlardagi smartfonlar esa ehtimol, 2025-yil oxirigacha bozorga kirib kelishi mumkin.
Manbalarning ta’kidlashicha, smartfon ishlab chiqaruvchilari TSMCga qaramligini kamaytirish yo‘llarini izlamoqda. Masalan, Samsung o‘zining Exynos protsessorlaridan foydalanib, Qualcomm chiplari bilan raqobatlashadigan modellarni ishlab chiqarishga qaytishi mumkin. Bu qadam esa, kompaniyalarga narx va texnologiya ustunligini saqlab qolishda yordam berishi mumkin.
Shu tariqa, smartfonlar ishlab chiqaruvchilari narxlarni oshirishga va yangi modellar bilan bozorda o‘z o‘rnini mustahkamlashga intilmoqda. Bu esa foydalanuvchilar uchun yangi qurilmalarni xarid qilishda rejalarini qayta ko‘rib chiqish zarurligini ko‘rsatmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!