Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolar Navoiy shahrida katta tortishuvlarga sabab bo‘ldi. Ularda Olimpiada chempioni deb taxmin qilingan shaxsning restoran xodimini urib, tan jarohati yetkazgani aks etgani haqida xabarlar tarqaldi. Voqea keng muhokamalarga sabab bo‘lgach, viloyat IIB rasmiy izoh berdi.
Ma’lum bo‘lishicha, voqea joriy yilning 22 avgust kuni tonggi soat 2:00 larda Navoiy shahridagi “Ziyokor” mahallasi hududida yuz bergan. Karmana tumanida yashovchi 1994 yilda tug‘ilgan S.A. tanishlari bilan restoranga kirib, ovqatlanib chiqqan. Hisob-kitob vaqtida u to‘lovni amalga oshirgan, ammo yetishmagan qismni olib kelish uchun mashinasiga chiqqan.
Aynan shu paytda restoranda ishlovchi 2004 yilda tug‘ilgan M.U. S.A. oldiga borib, qolgan pulini ham to‘lashni so‘ragan. Ammo spirtli ichimlik ta’sirida bo‘lgan S.A. u bilan og‘zaki tortishib, jamoatchilikdagi odob-axloq qoidalarini inkor etgan holda, M.U.ga qo‘li bilan yuziga urgan va unga tan jarohati yetkazgan.
Tergov davomida aniqlanishicha, u videolarda aytilayotganidek Olimpiada chempioni emas. U o‘sha kuni restoranga 1995 yilda tug‘ilgan ikki karra paralimpiada chempioni, disk uloqtirish bo‘yicha mashhur sportchi E.S. bilan kelgan. Mojaro vaqtida E.S. mashina salonida bo‘lgan va keyinchalik vaziyatga aralashib, S.A.ni tinchlantirishga urinish bilan birga, jabrlanuvchiga yordam ko‘rsatgan.
Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 277-moddasi 1-qismi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. S.A.ga nisbatan qonuniy tartibda gumonlanuvchi sifatida chora qo‘llanilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda va voqeaning barcha jihatlari o‘rganilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!