Ro‘zg‘orini qo‘l uchida tebratib turgan Nafisa opaning boshiga kutilmaganda tashvish tushdi: xizmatchilar soni qisqaradigan bo‘lib, uni ishdan bo‘shatishdi. Eri qazo qilgach, maktabga farrosh bo‘lib ishga kirgan, yolg‘izgina qizi Nazirani zoriqtirmay o‘stiray, deya erta-kech yelib-yugurardi. Qiz bola qurmag‘ur tez bo‘y cho‘zadi, mana, Nazira o‘ninchi sinfga qatnayotir.
Avvaliga ishdan bo‘shagani uncha sezilmadi. Bir-ikki oy o‘tib qo‘lining kaltaligi suv yuzagan po‘kakday bilindi-qoldi. Bu orada dabdurustdan Nazira yangi ko‘ylak ko‘tarib keldi, zahardan qimmat — yuz ming so‘m, biroq o‘ziga o‘lchab-bichib tikkanday yarashib turibdi. Qizining iltijoli termilib turganini ko‘rib Nafisa opaning dili cho‘kdi, jaraq-jaraq puli bo‘lsa-yu, qizining ko‘zlariga yosh qo‘ndirmasa…
Nafisa opa tun bo‘yi mijja qoqmadi. Kallai sahar dast o‘rnidan turdi-da, ust-boshini to‘g‘rilab oyoq uchida borib Naziraning xonasiga mo‘raladi. Xayriyat, uxlayapti. Uxlab tursin-chi, shoyad qo‘ni-qo‘shnidan so‘rab-surishtirsa yuz ming so‘m topilib qolar. Qizginasining boshi osmonga yetardi. Kambag‘alning bolasiyam bitta qimmat ko‘ylak kiysa kiyibdi-da. Otasi tirik bo‘lganda-ku, yo‘qni yo‘ndirardi.
Ko‘chaga chiqib Nafisa opa birpas garangsib turdi — kimdan qarz so‘rasa? Bir xayoli Toshtemir temirchinikiga ketdi. Yo‘q, undan qishda qor so‘rasang ham malol keladi. Mansur do‘kondor-chi?.. E, undanam bir nima unishi qiyin. To‘xta, voy, Naziraning sinfdoshi Farida… o‘shaning otasidan so‘rab ko‘radi. Kimsan Sulton tijoratchi, yetti mahallaga nom chiqargan, berar, bermay o‘libdimi… Nazira bilib qolsa-chi, unda nima bo‘ladi?.. Farida ikkovi it-mushuk. Boyning qizi-da, ikki gapning birida piching qilarmish…
Be, qiz bola shaddodroq keladi o‘zi. Hali bola-da, erta bir kun oq-qorani tanigach, bir-birini «siz»lab qolishar…
Shunday xayollar bilan Nafisa opa Sulton tijoratchining darvozasiga yaqinlashib qolganini payqamadi.
Kambag‘al bo‘lsa-da, umri bino bo‘lib yuzining suvini to‘kib birovdan qarz so‘ramagan, jikkakkina, yoshi ellikni yoqalab qolgan, sochlariga oq oralagan bu ayol basavlat, qorindor, ko‘z qarashlari jonni sug‘urib olay deb turgan Sulton tijoratchining qarshisida xiyla cho‘kib qoldi…
Sulton tijoratchi qarzga pul so‘raganini eshitiboq Nafisa opadan ko‘zini olib qochdi
— Singlim, — dedi u ovozini imkon qadar muloyimlatishga tirishib, qimtinib yer chizib turgan ayolga o‘g‘ri qarash qilib, — mayli, qizingiz Faridaning dugonasi. Men yo‘q demayman. Lokigin… Bir oy ichida uza olarmikansiz qarzingizni?.. Ana shundan xavotirdaman… Yozingiz tushunasiz, hozirgi zamonda pul topishning o‘zi bo‘lmaydi. Ustiga ustak ishlamayotgan ekansiz…
— Aytgan vaqtingizga yetkazaman, mullaka, — hamon nigohini yerdan uzmay shivirlab javob qaytardi Nafisa opa. — Ayol bo‘lsam ham bir so‘zliman…
— Shunaqa deng? Hm-m… Bo‘pti, nimayam derdim. Ko‘zday qo‘shni bo‘lsak. Bermasam bo‘lmas…
Shu kuni Naziraning quvonganini ko‘rgan ona terisiga sig‘may ketdi. Qizining qomatiga yarashib turgan ko‘ylakka tikilgan sari yuragi hapriqib ketaverdi.
* * *
Ertasi kuni Farida sinfxonaga kirib keldi-yu, Naziraning ro‘parasida to‘xtadi.
— Nazi, yur, sanda gapim bor! — dedi salomlashishni ham nasiya qilib. — Voy, nimaga yalpayib o‘tiribsan? Turmaysanmi? Man chaqirayapman-a sani!..
Nazira hech narsaga tushunmay, Faridaning ortidan yo‘lakka chiqdi.
— Nima gaping bor?..
— Kecha oying bizdan qarz olib chiqqanini bilasanmi?..
— Nima?..
— Voy-bo‘, o‘zini bilmaslikka olishini!.. Bizning pulimizga olgan ko‘ylaging yarashibdi-ku!..
Naziraning nafasi ichiga tushib ketdi, u yugurib sinfxonaga kirdi-da, qo‘liga sumkasini olib yig‘lagancha tashqariga otildi. Bir zumda uyigayetib kelib, ko‘rpa qavib o‘tirgan Nafisa opaga yopisha ketdi.
— Oyi, nega menga aytmadingiz?
— Voy, nimani? Nega yig‘layapsan?.. Tinchlikmi?
— Faridalardan qarz olganingizni nega menga aytmadingiz?..
Nafisa opa chuqur «uf» tortib, teskari qaradi.
— Senga nima farqi bor? Olsam nima bo‘pti?.. Seni xursand bo‘lsin dedim.
— Eh, oyi, siz ularni bilmaysiz. Endi qanday uzamiz shuncha pulni?.. Yeb tashlaydi-ku meni u!..
— Yeb bo‘pti! — qizini jerkib berdi Nafisa opa. — Qani, bir nima deb ko‘rsin-chi!.. Olgan bo‘lsam otasidan oldim, undan emas. Yana gapirsa gapini yoqasiga yopishtirib qo‘ygin! Bo‘shashaverma! Kimdan tiling qisiq?..
Shu zayl oradan o‘n kun o‘tdi. Nazira maktabga kelsa, Farida temir to‘siqlar ortidagi yarqiragan «Tiko»dan chiqib eshigini yopayapti. «Demak, adasi mashina sovg‘a qilibdi-da, — ko‘nglidan o‘tkazdi Nazira mashinadan ko‘zini uzolmay. — Qanday baxtli odamlar-a!.. Xohlagan narsasini sotib olishadi. Ertaga nimayeyman, nima kiyaman, deb o‘ylab o‘tirishmaydi. Eh, qaniydi, shularday boy bo‘lsak…»
— Ha, ko‘zingni qadab qolding? — Farida viqor bilan yurib kelib bo‘shashib turgan Naziraning qarshisida to‘xtadi. — Mashinamga havasing keldimi?.. E, yuz ming so‘mni uzolmay qochib yuribsanlar-u, mashinaga yo‘l bo‘lsin!
— Menga qara, — kutilmaganda Faridaning yoqasidan oldi Nazira, — namuncha pulingni so‘rayvermasang-a?! Bilib qo‘y, yana bir marta gapirsang, sochingni bittalab yulvolaman!..
— Qo‘yvor! — bir siltanib Naziraning qo‘lidan chiqqan Farida to‘zg‘igan sochlarini tuzatdi. — Hali shunaqami! Yaxshi… Endi mendan ko‘rasan!.. Soch yulish qanaqa bo‘lishini ko‘rsatib qo‘yaman sen qanjiqqa!
* * *
Qizining ichidan ezilayotganiga chiday olmagan Nafisa opa qosh qoraygan mahal Sulton tijoratchining darvozasini taqillatdi.
— Ha, qo‘shni, keling! — deya yuzidagi soxta mulozamatni yashirmay uni qarshi oldi tijoratchi. — Pullarni opchiqibsiz-da.
— Yo‘q, hozir boshqa ish bilan chiqdim! — jiddiyroq ohangda javob qildi Nafisa opa qovog‘ini uyib.
— Iye, shunaqami? Xo‘p, qani, eshitaylik-chi!
— Qizingiz Naziramga kun bermay qo‘ydi-ku. Xudoning bergan kuni qarzingni qachon uzasan deyaverib holi-joniga qo‘ymayotganmish. Shunga…
— To‘g‘ri aytibdi qizim. U mening yakka-yu yolg‘iz farzandim. Topganim o‘shaniki… Ha endi, qarz olgandan keyin uzib qo‘ymaydimi vaqtida?.. Nima, men bilan urishishga keldingizmi? Qanaqa uyati yo‘q ayolsiz o‘zi-a…
— Men hech kim bilan urishmoqchi emasman. Faqat qizingizga aytib qo‘ysangiz… Axir, bir oyga deb olganman. Endi o‘n kun o‘tdi-ku!..
— Ana xolos, — tijoratchi o‘ng qo‘lini paxsa qilib dag‘dag‘aga o‘tdi, — bir oyga deb olganmishlar. Men sizga bir oy ichida opkelasiz, deb berganman. To‘g‘rimi? Iye, qo‘shni deb hurmatingizni qilsam, hali… E, qo‘ying, odam bunaqa bo‘lmaydi. Mayli, menga opkelishingiz shart emas, Faridaga berib qo‘yaveringlar!.. Aytdim-ku, u mening erka qizim…
Nafisa opa tarvuzi qo‘ltig‘idan tushib, o‘zicha nimalardir deb g‘udrangancha uyiga qaytdi.
* * *
Otasining Nafisa opaga muomalasidan xabar topgan Farida quturib ketdi — har kuni Nazirani qiyin-qistovga ola boshladi. Nafisa opaning boshi qotdi. Bir burda nonni amallab topib turgan bo‘lsa, qarzni qanday uzadi? Qarindosh-urug‘lardan so‘rashga yuzi chidamasa.
Tishini-tishiga bosdi, oyning o‘n beshi qorong‘i bo‘lsa, o‘n beshi yorug‘, Yaratgandan o‘ziga sabr-bardosh tiladi.
Farida esa bo‘sh keladiganga o‘xshamasdi.
— Bu yoqqa kel! — deya buyurdi darslar tugab katta ko‘chaga chiqishgach Naziraga u.
Nazira ham shashtidan tushgisi kelmay lablarini burgancha unga yaqin bordi.
— Nima deysan?
— Qarzni berasanmi-yo‘qmi?.. Yozingam juda yuzsiz ekansan-a. Beri bilmagan ekanman…
— Olarsan qarzingni, — dedi Nazira ketishga chog‘lanib. — O‘lmasak qaytaramiz…
— E, yo‘-o‘q, — qizning yo‘lini to‘sdi Farida, — Endi toqatim toq bo‘ldi. Menga qara, hozir mana shu yerning o‘zida mashinamni artasan. Agar yo‘q desang, hammaning oldida sharmandangni chiqaraman. Mashinamni artib tozalaganingga qarzning ming so‘midan kechaman, tushundingmi? Xo‘sh, rozimisan?
— Artmasam-chi!
— Sharmanda qilaman. «Tilanchi!» deb jar solaman. Meni bilasan-ku, gapimdan qaytmayman!.. Ha-a, aytgancha, agar buyurgan ishlarimni bajarib tursang, shu bahona qarzingdan qutulib ketarding…
— Yuzsiz ekansan! — asabiy shivirladi Nazira. — Meni kim deb o‘ylovding?.. Boyman ko‘nglimga siqqanini qilaman, deb o‘ylayyapsanmi?.. Tushingni suvga ayt!
Shunday deb Nazira keskin burildi-da, sumkasini qo‘ltig‘iga mahkam qisgancha uyi tomon yugurib ketdi.
Ortidan Faridaning beo‘xshov kulganini eshitdi…
* * *
Ertasi kuni Nazira maktabga shoshilib ketayotib Faridaga ko‘zi tushdi — u mashinasiga suyangancha tirjayib turar, yonida bir-ikki yil avval maktabni bitirib ketgan Sur’at degan yigit ham bor…
Nazira titrab ketdi…
E’tibor qilmay o‘tib ketavermoqchi bo‘lganida Farida yo‘liga ko‘ndalang bo‘ldi.
— Ha, oyimqiz, salom beray ham demaysan? Tinchlikmi?..
— Kelib-kelib endi senga salom beraymi? — dedi Nazira ham bo‘sh kelmay.
Sur’at eshitib xoxolab kulib yubordi.
— Fari, qalaysan endi? Bopladi-ku! — dedi u kulgidan o‘zini to‘xtatolmay.
Farida bepisandlik bilan Naziraga boshdan-oyoq razm soldi.
— Xo‘sh, qarzni olib chiqdingmi?
— Yo‘q… — dedi Nazira lablari titrab.
— Shunaqami?.. Bo‘lmasa-chi oyimqiz, hoziroq mashinaga o‘tirib biznikiga borasan. Oyna yuvdirishga mardikor olib chiqmoqchiydim bozordan… Oynalarni sen yuvib berasan! Qarzing kamayadi, tushundingmi?
Naziraning qoshlari chimirildi.
— Shunaqayam jonimga tegib ketding-ki!.. — deya u boyvuchchaga yovqarash qildi. — Qaniydi…
— Katta ketma!.. Agar yana tixirlik qilsang, ana, Sur’at esingni kiritib qo‘yadi. Doding xudogayam yetmaydi… Xo‘sh, borasanmi-yo‘qmi?
— Bormayman!
— Unda o‘zingdan ko‘r!.. Seni Sur’atning qo‘liga topshiraman-u, o‘zim milisaga borib oyingning ustidan ariza beraman. Qamatvoraman onangni!.. Qarzni vaqtida to‘lamaslik qanaqa bo‘lishini ko‘rsatib qo‘yaman senlarga!..
— Yo‘q, oyimga tegma! — mashinasi tomon yura boshlagan Faridani beixtiyor bilagidan tutib to‘xtatdi Nazira. — Oyimga tegishga haqqing yo‘q! Bo‘pti, boraman, yuvib beraman o‘sha oynangni!.. Faqat… Oyimga tegma!..
— Mana bu boshqa gap, — g‘olibona qaddini rostladi Farida. — Bormay bo‘psan. Qani, yur, vaqtim ziq, senga ishni ko‘rsataman!..
Nazira mashinaning orqa o‘rindig‘iga o‘tirarkan, umrida birinchi marta o‘zidan nafratlanib ketdi.
Mashina tanish darvoza oldida to‘xtadi, Sur’at pastga tushib epchillik bilan Faridaga eshigini ochdi. Farida viqor bilan mashinadan tushib, Naziraga imo qildi:
— Tush, nega yalpayib o‘tiribsan? Mashinada kataysa qilish yoqib qoldimi yo?..
Nazira bunday kamsitishlarga hali duch kelmagan. Xo‘rlikdan ko‘zlariga yosh quyilib keldi. Oyisini qarz olishga majburlaganiga, yangi ko‘ylak kiyganiga pushaymon bo‘ldi. Biroq iloj qancha! Yuz ming so‘m ular uchun katta pul. Bir oyemay-ichmay ishlaganda ham buncha pulni yig‘olmaydi.
Oyna yuvsa bireri kamayib qolmas. Tez-tez ishini bitiradi-da, Farida bilan orani ochiq qiladi. Bir yo‘la uning ta’na-dashnomlaridan qutuladi.
— Voy, Naziraxon, kel, qizim! — bo‘yniga qator zanjirlarni osib olgan Sobira opaga yuzida soxta tabassum bilan bosh irg‘adi. — Dugonangga yordamlashgani kelibsan-da, a, o‘rgilay! Juda yaxshi. Qani, Farida, hadeb mashina atrofida timirskilanavermay bu yoqqa kel-chi!.. Sur’atjonniyam chaqir!.. Oshni suzaman.
— Qanaqa osh? — onasini jerkib tashladi Farida. — Men buni osh yeyishga chaqiribmanmi? Oyna yuvishga opkelganman!
— Iye, bu nima deganing? — Sobira opa yashirincha qiziga ko‘zini qisib, vaziyatni yumshatishga urinardi. — Mehmonga shunaqa muomala qilinadimi? Ish bo‘lsa qochmas, bolam!..
— Oyi, — Farida qoshlarini chimirib onasiga o‘qraydi, — siz aralashmang! O‘zimizning hisob-kitobimiz bor!.. Nazira, yur!
— Sobira opaning hammasidan xabari bor edi, bilganingni qil, degan ma’noda indamay oshxonaga kirib ketdi.
Farida Nazirani tomorqa etagidagi yangi qurilgan uyga olib kirib, qo‘liga chelak, latta va kir yuvish kukuni to‘la quticha tutqazdi.
— To‘xta, — dedi Nazira bo‘sh kelmay, — biz ochiqchasiga kelishib olmadik-ku!..
— Nimani kelishasan yana?
— Oynangni yuvib bersam, qarzimning qanchasidan qutulishimni bilishim kerakmi?
— Voy-bo‘, ja aqlli bo‘p ketibsanmi? — dedi Farida labini burib. — Bo‘pti, ming so‘midan qutulasan. Demak, sen menga hali bunaqa ishlardan yuztasini qilib berishing kerak.
— Bu insofdanmas. Axir, bozordagilar ham ikki ming-uch mingsiz kelmaydi bu ishga.
— Ular bozordagilar, tushundingmi? Senga o‘xshab katta ketib, birovlardan falon so‘m qarz olgani yo‘q…
— Shunaqami? Mayli, senlardan qutulsam bo‘ldi… Yolib ketlaring, insofsizlar!..
Nazira peshinga qadar qora terga botib oynalarni tozaladi.
— Peshonamiz qursin, — derdi o‘ziga-o‘zi Faridalarnikidan chiqib uyi tomon yo‘l olarkan, — Bu zamonda boylarning gapi gap ekan-da!.. Eh, oyi, nega sizga o‘sha ko‘ylakni obering dedim-a?.. O‘lib qolarmidim ko‘ylak kiymasam?.. Qo‘limiz kaltaligini bilib turib sizni malomatga qo‘ydim…
* * *
Nazira onasiga bildirmay ikki oycha Faridaning uyiga yashirincha kirib, buyurgan yumushlarini bajarib yurdi: kirlarini yuvdi, hovlini saranjom-sarishta qildi, hatto tuflilarini ham artib tozaladi. Dugonasining injiqliklari, haqoratlari har gal boshiga gurzi kabi urilar, biroq sabr qilardi. «Qarzimdan qutulsam, oyimning og‘iriniyengil qilsam bas», derdi u o‘ziga dalda berib.
— Bo‘ldi, — deb qoldi Farida bir kuni Nazira bo‘sag‘ani hatlab ichkariga kirib ulgurmay, — qarzingdan qutulding. To‘rt tomoning qibla. Lekin bilib qo‘y, keyingi safar birovdan qarz oladigan bo‘lsalaring, o‘ylab ko‘ringlar!..
Naziraning qoni qaynadi, xo‘sh unga nima desin?.. Xayr, deb chiqib ketaversinmi?.. Boyvuchcha ustidan boplab kulmaydimi? Kuladi. Tahqir-u, haqorat qilganlari kamday, ustidan «qah-qah» otib kuladi.
Yo‘q, aytadi. Endi qo‘rqadigan yeri yo‘q. Qarzini mehnati bilan bo‘lsayam uzib bo‘ldi. Tili qisiq joyi qolmadi undan!
— Menga qara, Farida, — dedi o‘zini zo‘rg‘a bosib Nazira, — Men-chi, bu kunlarni, sening badfe’lligingni hech qachon unutmayman. Afsus… Sen bilan bir sinfda o‘qiganimga, bir mahallada yashayotganimga achinaman! Bilib qo‘y, bu qaytar dunyo. Mabodo mendek xizmatkorga aylanib qolsang, albatta, Nazirani eslab qo‘ygin!.. Yaxshi qol!..
Nazira bo‘sag‘ani hatlab tashqariga chiqishi bilan ichkaridan Faridaning masxaraomuz kulgisi butun hovlini tutdi…
* * *
— Oyi, men sizdan bir narsani yashirgandim, — dedi Nazira uyga kelgach, Nafisa opaning oldida boshini gunohkorlarcha egib.
— Voy, tinchlikmi?.. Nimani yashirganding?.. Ayta qolsang-chi, nimani yashirganding, qizim?
— Anavi… Qarzimiz boridi-ku Faridalardan!..
— Xo‘sh, nima bo‘ldi? Yana seni qistovga oldimi?
Yo‘q… O‘sha… qarzni uzib bo‘ldim.
— Nima?.. Q-qanday qilib?.. Shuncha pulni-ya?..
— Ha, oyi, shuncha pulni uzib bo‘ldim.
— Qanday?.. Pulni qayerdan topa qolding?..
Nazira jilmayib, oyisini quchdi.
Hech qanaqa pul olganim yo‘q. Bilasizmi, sizga qanday tushuntirsam ekan… O‘shalarnikida ikki oydan oshiqroq ishladim…
— Ishladim?.. Sen-a?.. Voy o‘lib qo‘ya qolay!.. Nimaga?..
— Axir, sizga qiyin bo‘lardi-da, oyi!.. Bilasiz-ku, ular xasis odamlar!.. Har kuni maktabda pulini so‘rayverib holi-jonimga qo‘ymadi. Oxiri, o‘zi aytib qolgandan keyin…
— Voy marazlar-yey!.. Hali mening guldek qizimni xizmatkor qilib ishlatishibdi-da!.. Voy yashshamagurlar-yey!.. Berardim o‘sha qarzini, boshingda qolgur pulini…
— Qanday qilib, oyi?.. Kunimiz zo‘rg‘a o‘tib turgan bo‘lsa. Hamma narsa qimmat… Yuz mingni bir umr ishlasangiz ham orttirolmasdingiz.
— Nega menga aytmading? Shuncha paytdan beri nega yashirib kelding? Aytganingda o‘zim borib xizmatini qilardim-ku!..
— Yo‘q oyi, ular ishlatishmasdi.
— Nimaga? Buning ularga nima farqi bor?..
— Farqi bor-da!.. — Nazira yuzini burib lablarini asabiy tishladi. — Farida mening ustimdan kulishni yaxshi ko‘rardi. Mana, niyatiga yetdi… Oyi, menam bir kun kelib albatta, boy bo‘p ketishim kerak. Yoshanda…
— Ha, qizim, yaxshi niyat yarim davlat deyishadi-ku!.. Ajabmas, qarqunoqdan bulbul chiqib, seniyam kosang oqarsa!..
— Oyi, bozorga chiqsam-chi? — dedi Nazira kutilmaganda ko‘zlari chaqnab. — Axir, ko‘pchilik qizlar bozorda-ku!.. Menam ularning qatorida turib biror narsa sotsam.
— Qo‘y, qizim, sening qo‘lingdan kelmaydi. Buning ustiga o‘qishing bor.
— E, o‘qishni gapirmang!.. Men maktabni tashlayman. Yosha iflos bilan bir sinfda o‘tirib o‘qiganimdan ko‘ra, o‘qimay qo‘ya qolganim yaxshi!
Nafisa opa Naziraning gaplarini shunchaki xom xayolga yo‘ydi-yu, indamay qo‘ya qoldi.
* * *
Ikki oycha boyvuchchanikida xizmatkorlik qilgan Nazira rostakamiga o‘qishini yig‘ishtirib qo‘ydi. U bir qarorga kelib bo‘lgandi. Bozorga chiqadi. Qanday bo‘lmasin, pul ishlab topadi. Bundan o‘zga chora yo‘q. Rejasini miyasida pishitib olgan Nazira onasining ko‘ngliga qo‘l soldi:
— Oyi, anavi, ikki uy narida turadigan kelin bor-ku…
— Shahnozami?.. Temirchining kelini.
Ha, o‘sha. U-chi, oyi, har kuni Eski Jo‘vaga borib somsa sotib kelarkan. O‘zi pishirib sotarkan. Mengayam balki…
— Bozorga qiziqib qoldingmi, qizim? — so‘radi Nafisa opa ikkilanib. — Aytdim-ku, bozor satang, olg‘ir ayollarniki. Seni ular yo‘latarmidi.
— Menam anoyilardan emasman, oyi, — dedi Nazira dadillanib.
— Bo‘pti. Ammo maktabing-chi, o‘qishing nima bo‘ladi?
— Yana o‘sha Farida bilan bir sinfda o‘qiymanmi?.. Ko‘nglim qoldi… Hozir ming chiranib o‘qiganingiz bilan pulingiz bo‘lmasa, institutga kirib bo‘psiz!..
— Eh, o‘zimning qaysar qizim-a! — kuldi Nafisa opa.
Onaning ko‘zi kulib turgani bilan qalbi yig‘lardi. Qizining shafqatsiz hayot hukmiga bo‘y bermay qilayotgan qaysarliklari uning yurak-bag‘rini ezar, ayni damda, boshqa chora yo‘qligini ham u chuqur his etgandi. Shu bois, qiziga ortiq qarshilik qilmadi.
— Hech aytganingdan qolmading-qolmading-da!.. Nimayam derdim! Bo‘lmasa, gap munday. Senga o‘zim har kuni osh pishirib beraman. Birinchi kun birga boramiz. Har holda mening yoshim ulug‘. Bozorda yaxshi bor, yomon bor… Sal o‘rganib olguningcha yoningda turmasam bo‘lmaydi…
— Bo‘pti, unda nimadan boshlaymiz?
— Hozircha oshga yetarli masalliq bor. Unnaylik-chi, tavakkal!..
* * *
Bozor gavjum, sotuvchilarning qo‘li qo‘liga tegmaydi. Peshtaxtalar ortidagi savdogarlarga ovqat tashiydiganlar yelib-yugurib yurishibdi… Ona-bola chog‘roq tog‘ora to‘la oshni bo‘sh peshtaxtalardan biri ustiga qo‘yishdi-da, bir muddat garangsib, nimadan boshlashni bilmay turishdi. «Qurib ketsin, — xayolidan o‘tkazdi Nafisa opa. — Shaharda tug‘ilib, shaharda yashab bozor ko‘rmagan odamga qiyin! Yuravergan ekanman supurgi, latta ko‘tarib. Nima qilsak? Manov ayollarning mijozlari borga o‘xshaydi… Oshimiz tog‘orada qolib ketsa-ya?!»
— Opa, nimangiz bor? — Nafisa opaning xayolini bo‘lib ro‘parasida bir oq xalatli yigit paydo bo‘ldi.
— Biznimi?.. — dedi shosha-pisha tog‘orani ocharkan Nazira opa. — Osh… pishirib chiquvdik… Tatib ko‘ring!..
— Qani, bir qoshiq yeb ko‘raylik-chi! — yigit kulimsirab qoshiqlardan birini qo‘liga oldi-da, bug‘i ko‘tarilib turgan oshdan totindi. — O‘, juda mazali-ku! Menga bir kosa suzing! Salat ham bering.
Kutilmaganda ona-bolaning bozori yurishib ketdi. Biroq ularni zimdan kuzatib turgan bir xomsemiz ayol tog‘orasidagi qolib ketgan oshga biroz alam bilan qarab turgach, ikki qo‘lini beliga tiragancha Nafisa opaning ustiga bostirib keldi.
— Hoy, egachi, qaysi ochiqdan kela qoldingiz? — o‘dag‘ayladi u. — Hech narsadan hech narsa yo‘q nimaga bizning «tochka»ga tog‘orangizni tiqishtirasiz-a?..
Nafisa opa qiziga ma’noli qarab oldi. Ko‘ngli bir mojaro bo‘lishini oldindan sezgandi.
Birovning yuzidan olishga odatlanmaganidanmi, semizligidan nafasini yelkasi osha olayotgan ayolga ensasi qotib boshdan-oyoq razm soldi.
— Ha-a, ammamning buzog‘iga o‘xshab termilib qoldingiz? Yo umringizda odam ko‘rmaganmisiz?..
— Ko‘ramanmi-ko‘rmaymanmi, sizga nima? Nimaga menga yopishib qoldingiz o‘zi?..
— Voy-voy-voy!.. Yig‘ishtir tog‘orangni buyerdan!..
— Sensirama!.. Kim bo‘psan, nega o‘zingcha do‘q urasan?..
Qo‘yib bersa, bozorchi ayolning yulishgudek shaxti bor edi. Tuyqusdan pattachi yigit kelib oraga tushdi.
— Bas qilinglar!.. Bu qanaqasi-ya, kap-katta xotinlar janjallashgani uyalmaysizlarmi?
— Mening mijozlarimga tegmasin! — bozorni boshiga ko‘tarib shang‘illadi bozorchi ayol. — Yana shu yerda ko‘ray-chi, nima qilarkanman!..
— Bekorlarni aytibsiz! — dedi pattachi unga javoban. — Buni bozor deb qo‘yibdi. Hech kim sotib olgan emas bu joylarni!.. Boring, savdongizni qiling!.. Jahlimni chiqarsangiz, hozir soliqchilarni chaqiraman!
Soliqchilarning daragini eshitgan ayolning vajohatidan asar ham qolmadi, shosha-pisha qo‘liga tog‘ora-kosalarini olib bir nimalar deb g‘udranib juftakni rostladi.
— Keling, kennoyi! — dedi pattachi yigit Nafisa opaga yuzlanib. — Bozorga chiqibsiz-da!..
— Ha, o‘rgilay… Ko‘rmaysizmi, kun berishmas ekan buyerda.
— Sal dadilroq bo‘ling-da! — kuldi yigit. — Ko‘rinishingizdan shaharlikka o‘xshaysiz. Bu yer bozor, sal bo‘shashsangiz og‘zingizdagi noningizniyam ilib ketishadi… Bo‘pti, bemalol bozoringizni qilavering! Patta pulini vaqtida to‘lab tursangiz bas.
Shunday deb pattachi yigit bir chetda qimtinib turgan Naziraga o‘g‘rincha ko‘z qirini tashlab oldi:
— Qizingizmi deyman?..
— Ha, qizim, — dedi Nafisa opa kulib, — Shuginani o‘rgatay deb atay o‘zim birga olib chiqqandim.
— Hechqisi yo‘q, — yigit Naziraga ko‘zini qisdi, — qizingizni o‘zimiz o‘rgatamiz. Siz ovora bo‘lib chiqib yurmasangiz ham bo‘ladi. O‘zim xabardor bo‘lib turaman.
— Umringizdan baraka toping, uka! — dedi xursand bo‘lib bo‘shagan tog‘orasini dasturxonga o‘rarkanNafisa opa yigitga minnatdorchilik bildirdi. — Yaxshiyam siz bor ekansiz… Endi… ko‘z-quloq bo‘lib turasiz-da, o‘rgilay! Bizdan qaytmasa Xudodan qaytsin!..
— Aytdim-ku, siz ovora bo‘lib chiqib yurmang! Qizingiz to‘g‘ri shuyerga kelaversin! Men o‘zim birpasda yo‘lga solib qo‘yaman!..
Bu gapdan keyin Nafisa opaning ko‘ngli ko‘tarilib, qizini ergashtirgancha ertangi kun uchun xarajat qilish ilinjida sabzavot bozoriga yo‘l oldi…
* * *
Birinchi tushgan tushimni sanashmaydi, degan gapni Nafisa opa qo‘ni-qo‘shnilardan eshitgan. Shu bois, foydaning boriga bozordan guruch, sabzi, go‘sht xarid qilib qaytdi. Bir tomonda ko‘ngli ham to‘q edi, har qalay, endi Naziraga bozorda birov tirg‘almaydi, pattachi yigit odamshavanda ko‘rinadi, yordamini ayamas, axir!..
Naziraga esa yigit yoqinqiramadi, xuddi ming yillik tanishiday bo‘lar-bo‘lmasga ko‘zini qisaverishi g‘ashini keltirdi. «Jinnimi o‘zi? Men bilan oftobda qatiq yalashibdimi, tikilib qaraydi… Basharang qursin, shilqim!..»
— Oyi, hozircha birga borib turaylik, — dedi Nazira oshni tog‘oraga solib bozorga otlanayotib, — Men negadir o‘zimni noqulay sezayapman.
Nimaga o‘zingni noqulay sezasan? — jerkib berdi Nafisa opa. — O‘zing bozorga chiqay, deb qistading-ku! Endi qo‘rqyapsanmi? Yeb qo‘yisharmidi seni. Baloday sotib kelayapsan-ku! Bozor to‘la odam bo‘lsa. Qolaversa, pattachi yigit qarab turgan bo‘lsa…
Nazira indamadi. Axir, toqqa chiqmasang do‘lona qayda, deb bekorga aytishmaydi-ku. Halitdan pattachidan nolib o‘tirsa.
— Iye, keling, keling! — bozorga kirish joyda pattachi yigit Naziraning yo‘lini to‘sdi. — Xayriyat sizni yana ko‘rdim.
Nazira qovog‘ini uyib yuzini burdi.
— Yaxshi qipsiz kelib! Qani, menga bering-chi qo‘lingizdagini!..
— Yordamga muhtoj emasman! — dedi keskin ohangda Nazira.
— E, qiziqsiz-a! Hurkak ekansiz-ku! Bering!..
Yigit Nazirani majburlab osh to‘la tog‘orani qo‘liga oldi-da, matolar sotiladigan peshtaxtalar tomon yurdi.
— Endi shu joyda savdo qilasiz, — kulimsirab tushuntirdi pattachi yigit. — Sizning oshingizni reklama qilib qo‘yganman!.. Aytgan-cha, ismingiz nima?
— Ismim bilan nima ishingiz bor?
— Axir, tanishib qo‘ysak yomon bo‘lmaydi, hamkorlik qilmoqchimiz-ku. Ismingizni bilmasam… noqulay. Meniki Sodiq.
— Nazira.
— O‘, juda chiroyli ism ekan! Bo‘pti, Naziraxon, oshingizni sotib bo‘lavering, keyin gaplasharmiz.
Bu orada sotuvchlar Naziraga osh buyura boshlashdi-yu, Sodiq o‘zining ishiga kirishdi.
* * *
— Endi bizning xonaga birrov qadam ranjida qilsangiz! — dedi Sodiq pullarini joylab, bo‘shagan tog‘orani dasturxonga o‘ray boshlagan Naziraga odatdagidek kulimsirab qarab.
— Nima qilaman xonangizda?
— Gap bor.
— Gapingiz bo‘lsa shuyerning o‘zida aytavering!
— Ja, qattiq ekansizmi, Naziraxon?.. Yeb qo‘ymayman-ku!..
— Nima qipti? Men siz o‘ylagan yengiltak qizlardan emasman!
— Ko‘rinib turibdi, — birdan jiddiy tortdi Sodiq. — Bu odatingiz yaxshi. Bozordagi qizlarning orasida har xili bor. Ularning ko‘pchiligi, to‘g‘risi, bir tiyinga qimmat. Turmushga chiqsa, qanaqa kelin bo‘lisharkin… Lekin… Bilasizmi, siz menga yoqib qoldingiz!
Nazira hech qachon yigit kishidan bunday gap eshitmagandi, shundanmi bir zum tili kalimaga kelmay qoldi. Ketishini ham, ketmasligini ham bilmay hayron bo‘lib turganda…
* * *
Kutilmagan voqea sodir bo‘ldi…
Ne ko‘z bilan ko‘rsinki, ro‘parasida kalta koftaning tagidan kindigi ko‘rinib turgan Farida turardi. Ko‘zlari piyoladay, baqrayib qolgan.
Naziraning kutilmagan bu uchrashuvdan ko‘ngli xira tortdi. Tog‘ora tugilgan dasturxonini qo‘liga olib ketishga chog‘landi. Ammo Farida uning yo‘lini to‘sdi.
— Voy, o‘lib qolaman! — deya hiringlab kulardi u Naziraning qo‘lidagi tugundan ko‘z uzmay. — Sen… Sotuvchilik qilayapsanmi? Sen-a?.. Endi mardikorlikni kim qiladi?..
— Tilingni tiy! — dedi Nazira qalin qora qoshlari chimirilib. — Kim bo‘psan mening ustimdan kuladigan!
— O‘, odamlar, manavi kuchayib ketibdi! — masxaralab kuldi Farida. — Maktabda senga xizmatkor deb laqab qo‘yishgan. Endi borib aytsam bo‘larkan, oshfurush deb o‘zgartirishsin!..
— Qo‘lingdan kelganini qil, chayqovchining erkasi! — bo‘sh kelmadi Nazira. — Basharangga qara, g‘irt buzuqilarga o‘xshaysan!..
Farida alamiga chiday olmay, Naziraning yuziga tarsaki tortib yubordi. Yaxshiyamki, Sodiq ularni kuzatib turgan ekan, yugurib kelib Nazirani ajratib oldi.
Farida bir tarsaki zarbidan yuzi qizarib ketgan Naziraga, bir Sodiqqa bepisand qarab oldi-da, tomoshaga o‘ch olomonning orasiga o‘zini urdi.
* * *
Shu kuni kechqurun Nafisa opa ko‘chadan yangi gap topib keldi.
— Eshitdingmi, anavi Sulton tijoratchi qo‘lga tushibdi!
— Eshitmadim… Nimaga qo‘lga tushadi?
— E, gap ko‘p. U yaramas nomiga bozorda buyum sotib yurarkan-da!.. Milisalar, qayoqdandir kelayotganda, yonidan besh kilo qoradori topib olishibdi.
— Yo‘g‘-e, rostdan-a?
— Ha-da, ana, uyini ag‘dar-to‘ntar qilib yotishibdi. Yozini qamab qo‘yishibdi.
Nazira og‘ir xo‘rsindi.
— Oyi, to‘g‘ri qilishibdi. Odamlarning dilini og‘ritgandan keyin nima bo‘lardi?! Qizini bugun bozorda ko‘rib qotib qoldim. Rosa urishdi men bilan. Ishonasizmi, g‘irt buzuqilarga o‘xshab kiyinib olibdi.
— Voy, bitta sinfda o‘qib bilmasmiding? U-chi, qiz emasmish. Butun mahalla gapiryapti-ku!..
— Qarang-a!..
— To‘xta! — Nafisa opa beixtiyor hushyor tortib Naziraningelkasidan tutdi. — Senminan nega urishadi u buzuqi?
— Nimaga bo‘lardi, osh sotayotganimni ko‘rib ko‘zlariga ishonmadi. Voy-y, shunaqa alam qildiki unga… Anavi Sodiq degan pattachi yigit bo‘lmaganda, meni yulib tashlamoqchiydi…
— Ha betidan buzilsin!.. Xudoyo og‘zidan qoni kelsin! Menga qara, o‘zim birga chiqaveraymikan?.. Bilib bo‘ladimi…
— Yo‘q, qo‘rqadigan joyim yo‘q. Bozorga ancha o‘rganib qoldim…
— Ishqilib, yo‘lingni bersin!.. Faqat… maktabni tashlaganing yaxshi bo‘lmadi-da.
— Hechqisi yo‘q, oyi!.. Hali o‘zlashtirib olarman. Faridaga o‘xshaganlar bilan birga o‘qigandan ko‘ra…
* * *
Oradan bir yil o‘tdi. Naziraning omadi chopdi — kun sayin, oy sayin puliga pul qo‘shildi. Endi oshni o‘zi pishiradi, bozordagilar uning damlagan oshini kutib o‘tirishardi.
Ona-bola uylarni ham ta’mirlatib olishdi. Derazalarga harir pardalar osildi, mehmonxona chet el divan-o‘rindiqlari bilan shinam qilib jihozlandi.
Sodiq avvaliga Naziraga boshqacha ko‘z bilan qaragan bo‘lsa, endi qizning og‘ir-bosiqligiga ishonch hosil qilib, munosabatini o‘zgartirdi, qizga hurmati oshdi. Shu bir yil ichida ular aka-singildek bo‘lib qolishdi.
Yana bir xonani ta’mirlashgach, Nazira oyisiga maslahat soldi:
— Oyi, derazalarni odam chaqirib yuvdirsakmi?..
— Voy, o‘zim yuvaman! — norozi bo‘lib bosh chayqadi Nafisa opa. — Ortiqcha sarf-xarajatning nima keragi bor, qizim?..
— Uf-f, oyi, yana o‘sha gapmi?.. Xudoga shukr, pulimiz bor! Qo‘ying shu eski gaplaringizni!..
— Bo‘pti, o‘zing bilasan!.. Ishqilib, keyin qiynalib qolmasak bo‘ldi-da!..
Nazira kula-kula kiyimlarini kiydi-da, ko‘chaga chiqib taksi tutdi. Taksida bozorga yetib kelganda soat o‘nlarga yaqinlashib qolgandi. U to‘dalashib turishgan qiz-juvonlar orasidan o‘tib borayotib ko‘zi Faridaga tushgandek bo‘ldi…
Yo‘g‘-e, bo‘lishi mumkinmas.
Haqiqatan ham turqi Faridaga o‘xshash qiz bir chetda xayolga botgan ko‘yi teskari qarab turardi…
Nazira sekin unga yaqin bordi. Adashmagan ekan — Farida!
— Ishga borasizmi?..
Orqa tarafdan eshitilgan tanish ovozni tanidi shekilli, Farida ilkis o‘girilib qaradi. Nazirani ko‘rib, kutmagan ekanmi, rangi oqarib ketdi, oyoq-qo‘llari titrab, merovlanib qoldi…
— Men… Bir dugonamni kutayotgandim… — deya oldi zo‘rg‘a.
Shu asnoda Naziraning egnidagi qimmatbaho ko‘ylakka, jemperga o‘g‘rincha qarab oldi…
— O‘zing bilasan, — dedi Nazira sir boy bermay. — Buni hayot deb qo‘yibdi. Nozlansang ishsiz qolib ketaverasan.
Farida beixtiyor ko‘zlari yoshlanib Naziraga termildi.
— Yuzimga solyapsan-a? — dedi titrab-qaqshab. — Bilardim… Shunday bo‘lishini bilardim…
— Bekorlarni aytibsan! Hech kim yuzingga solgani yo‘q. Shunchaki… ishga chiqqan bo‘lsang, pul begona bo‘lmasin dedim, xolos.
— Ha, ishga chiqqanman, — javob qildi Farida yig‘lamsirab. — Otam qamalib ketdi. Bor-budimizni tortib olishdi. Onam kasalga chalinib qoldi. Qo‘limda hunarim bo‘lmasa, nima qilay? Maktabdanam haydaldim…
— Kechir, yarangni yangilagan bo‘lsam! — shivirladi Nazira. — Senga qiyin bo‘pti… Yur, uyni ta’mirlatgandim. Derazalarni yuvib beradigan odam kerak. Aytgan pulingni beraman.
Farida yalt etib sobiq sinfdoshiga qaradi. Aftidan, bir paytlar o‘zining Nazirani zo‘rlab oyna yuvdirganlari yodiga tushdi…
Biroq nima qila olardi? Qaytar dunyo deganlari shu bo‘lsa kerak-da. Bugun pul topib bormasa, onasining ukoli ham qilinmay qoladi…
Farida gunohkorona bosh eggancha, Naziraning ortidan ergashdi.
Olimjon HAYIT
Manba: Hordiq.uz “Zamin” yangiliklarini “Odnoklassniki”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
100 mln so‘mgacha bo‘lgan kreditlar soddalashtirilgan tartibda ajratiladi
Medvedev Rossiya NATO harbiy bazalariga zarba yo‘llashi mumkinligini istisno qilmadi
Germaniya razvedkasi rahbari: “Rossiya yaqin yillarda NATOga hujum qilishi mumkin”
Organizmda qaysi turdagi vitamin yetishmayotganini qanday aniqlash mumkin?
Eron Isroil bilan keng ko‘lamli urushga tayyorligini ma’lum qildi
Gretsiyada minglab odamlar NATOga qarshi namoyish o‘tkazdi
Endi «Doimiy yashash joyiga ro‘yxatga qo‘yish» qulaylashdi (video)
Erdo‘g‘on: “Turkiya G‘azo mojarosi tugamaguncha Falastinni qo‘llab-quvvatlaydi”