Mini brendi yangi dizayn davri ostonasida: Facelift va ofrouderlar

Mini brendi dizayn boʻlimi rahbari Holger Hampf boshchiligida oʻz modellar qatorini sezilarli darajada yangilash ishlarini deyarli yakunladi. 2024-yil oktyabr oyida BMW guruhining Kaliforniyadagi Designworks konsalting firmasidan kelgan Hampf, brendning yangi dizayn falsafasini shakllantirishga kirishdi. Hozirda Cooper, Countryman va Aceman modellari nisbatan yangi boʻlsa-da, tez orada ularning LCI (Life Cycle Impulse) deb ataluvchi restayling versiyalari taqdim etilishi kutilmoqda. Bu haqda Autocar.co.uk xabar beradi.
Hampfning soʻzlariga koʻra, boʻlajak yangilanishlar mijozlarning amaldagi avlod haqidagi fikr-mulohazalari asosida amalga oshiriladi. Taxminlarga koʻra, yangilangan Cooper va Countryman kelasi yilning oxirida, Aceman krossoveri esa 2028-yilda sotuvga chiqadi. Bu oʻzgarishlar brend uchun muhim burilish nuqtasi boʻlib, Mini avtomobillarining tashqi koʻrinishi va texnologik imkoniyatlarini yangi bosqichga olib chiqadi.
Shuningdek, dizayn rahbari Mini modellaridan birining ofroud (yoʻltanlamas) yoʻnalishidagi maxsus varianti ustida ish ketayotganiga shama qildi. "Biz shahar tashqarisida va tabiat qoʻynida vaqt oʻtkazish trendini kuzatmoqdamiz. Bizning avtomobillar bunga qodirmi? Albatta, shuning uchun bu yoʻnalishda yangilik kuting", — dedi u. Katta ehtimol bilan, ushbu loyiha toʻliq uzatmali (4WD) tizimiga ega boʻlgan Countryman modeliga asoslanadi.
Hampf Mini brendining kelajagi haqida gapirar ekan, uch eshikli xatchbek formati saqlab qolinishini taʼkidladi. Koʻplab raqobatchilar ushbu formatdan voz kechgan boʻlsa-da, Mini uchun uch eshikli Cooper brendning asosi boʻlib qolaveradi. Garchi xavfsizlik qoidalari va sensor texnologiyalari sababli avtomobil oʻlchamlari biroz kattalashgan boʻlsa-da, uning klassik proporsiyalari oʻzgarishsiz qolishi vaʼda qilinmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!